Oʻzbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, Ijtimoiy-siyosiy voqealarga doir maʼlumotlar
USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHGʻULOTLARINI OʻTKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR
Download 272.47 Kb.
|
28-hafta
USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHGʻULOTLARINI OʻTKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR
BIZ “OMMAVIY MADANIYAT”GA QARSHIMIZ!XXI asrning dastlabki oʻn yilligida siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan va madaniyat sohasida insoniyat tomonidan ulkan taraqqiyot natijalariga erishilgan boʻlsa-da, afsuski, global tinchlik va barqarorlikka tahdid solib turgan jiddiy xavf-xatarlar ham saqlanib qolmoqda. Mafkuraviy xavf-xatar va tazyiqlarni kelib chiqish oʻrni, maqsad-muddaosi, kurash usullariga koʻra shartli tarzda ikkiga ajratish mumkin: 1. Gʻarbdan kirib kelayotgan tahdidlar: oʻzga dinlarni musulmon xalqlari orasida targʻib-tashviq qilish orqali jamiyatda parokandalikni keltirib chiqarishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan missionerlik, buyuk davlatchilik shovinizmi, vesternizatsiya (gʻarblashtirish), demokratiya eksporti, “ommaviy madaniyat” shaklidagi axloqiy buzuqlik, estetik va maʼnaviy aynishga olib keluvchi turfa oqimlar, millatchilik va irqchilikni targʻib etuvchi mafkuraviy markazlar faoliyati. 2. Sharqdan kirib kelayotgan tahdidlar: Islom dini niqobi ostida, uning tushuncha va gʻoyalarini buzib talqin etish yoʻli bilan oʻzini niqoblashga urinayotgan diniy ekstremizm, diniy fundamentalizm, diniy fanatizm yoʻnalishidagi oqimlar – “Vahhoboylik”, “Akromiylik”, “Hizb ut-tahrirchilik”, “Nurchilik” va boshqalar. “Ommaviy madaniyat” tushunchasi Mutaxassislar tomonidan “Ommaviy madaniyat” tushunchasi har xil maʼnoda talqin qilinadi. Jumladan: “Ommaviy madaniyat” chuqur ijtimoiy va madaniy ildizlarga ega. “Ommaviy madaniyat” paydo boʻlishining ijtimoiy-iqtisodiy ildizlari yirik sanoat ishlab chiqarishining paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Ijtimoiy qadriyatlarni sodda, barcha uchun tushunarli boʻlgan tilga koʻchirish, ommaviy savodxonlikning oʻsishi, kitob nashr qilishning vujudga kelishi “ommaviy madaniyat”ning rivojlanishiga taʼsir koʻrsatgan. XX asrda radio, kino, TV, video, kompyuterlar tizimining paydo boʻlishi natijasida esa “ommaviy madaniyat” rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Aytganimizdek, dunyoda demokratik va erkinlik, oshkoralikni zoʻr berib targʻib qilayotgan buzgʻunchi kuchlar insonlar ongiga taʼsir koʻrsatishning turli yoʻllaridan foydalanishga harakat qilmoqdalar. Jumladan, “ommaviy madaniyat” mafkuraviy tazyiqning eng xavfli qurollaridan biriga aylandi. “Isteʼmolchilik kayfiyati oʻzagini tashkil etgan “ommaviy madaniyat” asl kishilik madaniyatiga zid, uni poymol etadigan, mohiyatini buzadigan va oxir-oqibat insonni jon saqlashdan oʻzga maqsadi boʻlmagan jonzot, hayvon darajasiga tushiradigan, xalqni esa olomonga aylantiradigan hodisadir”1. “Ommaviy madaniyat”ni targʻib qilayotgan kuchlarga aslida hech qanday madaniyat va inson maʼnaviyati, axloqiy qoida-yu qadriyatlarning keragi yoʻq. Bu harakat ularning strategik reja va siyosiy maqsadlariga erishish, ayrim mamlakatlarning yer osti va yer usti boyliklariga ega boʻlish, oʻz izmiga solishi uchun bu bir vosita, xolos. Barcha narsaga erkinlik nuqtayi nazaridan qaraydigan “ommaviy madaniyat”ning asosiy maqsadi odamning irodasini susaytirish va oxir-oqibatda erkinligidan judo qilish, yaʼni qulga aylantirishdir. “Ommaviy madaniyat” inson maʼnaviyatini yoʻqotish orqali uni boʻysundirishga xizmat qiladi. Ayrim mutaxassislar “ommaviy madaniyat”ni kasallik keltirib chiqaruvchi virusga oʻxshatishadi. U inson ongiga oʻrnashib oladi va uni yemira boshlaydi. Yemirilish natijasida esa butun bir boshli xalqning madaniyati va qadriyatlarining yoʻq boʻlib ketishi xavfi vujudga keladi. Frankfurt falsafa maktabining asoschisi va professori Antonio Gramshining “u yoki bu mamlakatda siyosiy hokimiyatni olish uchun ommaviy axborot vositalarini qoʻlga kiritib, mavjud madaniyatni buzib yuborish, dinini qadrsizlantirish amalga oshirilsa bas, hokimiyat kurashsiz, daraxt mevasi singari qoʻlga kelib tushadi”, degan fikrlari XIX asrda Oʻrta Osiyoni bosib olishda ishtirok etgan Chor Rossiyasi zobiti Skobelevning fikrlariga naqadar oʻxshash. Farqi shuki, Antonio Gramshi XX asrda kurashni ommaviy axborot vositalarini egallash orqali amalga oshirishni taklif qiladi, bu esa samarali va tez taʼsir qiladigan vositadir. Oʻtgan asrlarda biror mamlakatni bosib olish, biror xalqni boʻysundirish uchun qanchadan-qancha qurol-aslaha, harbiy texnika, minglab askarlar va vaqt kerak boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda ommaviy axborot vositalarining oʻzi kifoya qilmoqda. OAV elektron texnika va yoʻldosh aloqalardan foydalanib, kishilarni ijtimoiy hodisalar va madaniy boyliklarni bir vaqtda idrok qilishga undaydi. G.E.Makmoen taʼkidlaganidek, “Hammabop va omma yoqtiradigan yangi dunyoviy elektron madaniyat” shakllandi. “Ommaviy madaniyat” Gʻarb dunyosida oʻtgan asrning ikkinchi yarmida shakllandi. Uni Gʻarbda “populyar” yoki qisqartirilgan holda, “pop-kultura” (yaʼni “ommaviy madaniyat”) deb atashadi. Garchi “madaniyat” deb atalsa-da, aslida, tub mazmun-maʼnosiga, maqsad-niyatiga koʻra “ommaviy madaniyat” chinakam madaniyatning kushandasidir. Mutaxassislar (faylasuf va sotsiolog olimlar)ning fikricha, hali ilm-fanda “antikultura” (“gʻayri madaniyatʼ) degan ilmiy tushuncha shakllanmaganligi uchun “Pop (ommaviy) madaniyat” tushunchasi, nochorlikdan qoʻllanilmoqda. Chunki, “ommaviy madaniyat”, aslida madaniyatsizlik, yaʼni maʼnaviyatsizlik va axloqsizlik sinonimidir. “Ommaviy madaniyat” shu boisdan, eng avvalo, yuksak isteʼdod va oʻlmas maʼnaviy-axloqiy gʻoyalar bayroqdori boʻlgan mumtoz madaniyatga, sanʼatga, uning boyliklariga qarshi tish-tirnogʻi bilan kurashib, uni inkor etib kelyapti. Gʻarb dunyosining oʻzidagi faylasuflar, sotsiolog olimlar, “Bizga “Toʻqqizinchi simfoniya” (Betxoven) kerak emas!” yoki “Mona Liza”ni loyga qorishtiramiz!” kabi jaholatparastlikka asoslangan xitoblar “ommaviy madaniyat” tarafdorlari va muxlislarining dasturiy qarashlari negizini tashkil etadi, deb yozadilar. Taassufli jihati shundaki, gohida gʻoyatda isteʼdodli insonlar ham “ommaviy madaniyat” targʻibotchilarining qutqusiga uchrab, uning tegirmoniga suv quymoqda. Tadqiqotchilarning fikricha, mana shunday “achchiq istehzoli, qora mazmunli kulgi” — “ommaviy madaniyat” faoliyatining eng yetakchi belgilaridan biridir. “Ommaviy madaniyat” namoyandalari qora, zaharxanda, behayo kulgini “isyon ifodasi” deb bilishadi. “Nimaga qarshi isyon” degan savol tugʻiladi. Agar “pop-madaniyat” dunyoga “ehson” etayotgan “pop-art” (“tasviriy sanʼat” desa ham boʻladi), “pop-muzika”, “pop-adabiyot” natijalariga qarab hukm yuritadigan boʻlsak, ular insoniyat yaratgan barcha qadriyatlarni isyonkorlik bilan inkor etadi: yuksak madaniyatni, maʼnaviyatni, axloqni, yuksak orzu-maqsadlarni mensimaydi. Ular uchun ezgulikning oʻzi yoʻq. Jumladan, sanʼat – alohida isteʼdodlar tomonidan yaratiladigan maʼnaviy boylik, moʻjiza ekanligi kabi ijodning oliy mezonlari “pop-madaniyat” tarafdorlarining oʻta darajada gʻashini keltiradi. Ularcha, hamma sanʼatkor boʻlishi mumkin. Hamma narsa sanʼat atalishi mumkin. “Pop-art” ommaviy sanʼat shu xulosa manbaida vujudga kelgan. “Ommaviy madaniyat” bozordagi tovarga aylanib, muayyan xususiyatlar kasb etadi. Bugungi kunda “ommaviy madaniyat” iqtisodiyotni eng daromadli tarmogʻiga aylanib bormoqda. Uni hozir “qiziqishlar industriyasi”, “tijoriy madaniyat”, “pop madaniyat”, “boʻsh vaqtdan foydalanish industriyasi” deb ham atashmoqda. Ommaviy madaniyat kishilarni hayotning befarq kuzatuvchisi, tomoshabiniga aylantiradi. Shaxsning ijodkorlik qobiliyati yoʻqolib, tayyor “madaniy mahsulotlar” isteʼmolchisiga aylanib qoladi. Omma shaxsga, oʻziga oʻxshamay qoladi, oʻzligini yoʻqotadi. Robotga oʻxshab bir xil fikrlaydigan oʻrtamiyona insonlar shakllanadi. Barcha yirik imperiyalar va ularga xizmat qilgan mafkuralarning tanazzuli shuni koʻrsatadiki, har qanday, maʼlum vaqtda hattoki muvaffaqiyatli koʻringan andozaviy, barcha uchun maqbul tartib va turmush tarzini tiqishtirishga urinishlar, oxir-oqibat, magʻlubiyatga mahkum boʻladi. Tarixning buyuk saboqlarini nazarga olmaganlargina XXI asrni “Amerika asri” deb nomlashga shoshiladi hamda oʻzi bilmagan holda globallashuv gʻoyasiga putur etkazadi. Shu bois ayrim tadqiqotchilar dunyoning yagonaligi va yaxlitligi haqidagi gʻoyani ilgari surishda, globallashuvni asosan ekologiya va iqtisodiyot sohasi bilan bogʻlaydilar. Siyosat va madaniyat sohalariga kelganda esa ularda ehtiyotkorlik kuzatilib, globallashuv bu sohalarda ham oʻzini namoyon qilayotgan boʻlsa-da, xilma-xillik va farqlar bu sohalarning toʻlaqonli mavjud boʻlishi va rivojlanishining tamoyili ekanini uqtiradilar2. Shu nuqtayi nazardan, siyosiy va madaniy hayotdagi xilma-xil tajovuzlarga javoban oʻzini oʻzi himoya qilishning progressiv va reaksion tusdagi koʻrinishlari (konservatizm, traditsionalizm, millatchilik, fundamentalizm qiyofasida) tugʻiladi. Bu ― globallashuvning tuzoqlaridan boʻlib, ularning xavfini eʼtiborga olmaslik mumkin emas. Tan olish kerak, dunyoning talaygina qismi amerikacha kitoblarni mutolaa qiladi, Amerika televideniyesini tomosha qiladi, amerikacha ust-bosh kiyadi, gamburger tanovul qiladi – bu hodisani amerikalik siyosatshunos S.Xantington “koka-kolonizatsiya”3 deb ataydi. Amerikacha “madaniy imperializm”ga taʼrif berar ekanmiz, taniqli amerikalik tadqiqotchi R.Stil shunday yozadi: “Sovet Ittifoqi emas, Amerika Qoʻshma Shtatlari hamisha inqilobiy davlat boʻlgan. Biz ommaviy koʻngilxushlik va oʻzidan qoniqishga tayanadigan madaniyat yaratdik. Madaniy xabar-signallar Hollivud va “Macdonalds” orqali butun dunyoga yoyiladi va ular boshqa jamiyatlarning poydevorini qoʻporadi. Oddiy istilochilardan farqli oʻlaroq, biz boshqalarni qaram qilish bilan qanoatlanmaymiz, balki bizlarga taqlid qilishlarini qattiq turib talab qilamiz”4. Maʼlumki, ijtimoiy aloqalarning globallashuvi tufayli inson muayyan madaniy muhitdan chiqib, boshqa madaniyat andozalari bilan tanishadi, ularga amal qila boshlaydi. Bu jarayonda qudrati va shiddati tobora ortib borayotgan global axborot va kommunikatsiya tizimi, ayniqsa, katta rol oʻynaydi. “Ommaviy madaniyat” deb nom olayotgan isteʼmol, hordiq chiqarish bilan bogʻliq koʻngilochar soha butun dunyoda tobora yaxlit, gomogen (bir xil) tabiat kasb etmoqda, turli madaniyat va sivilizatsiyalarga tegishli jamiyatlarda uning qiyofasi kam farq qilmoqda. Globallashuvning kundalik hayotda kuzatilayotgan ana shunday jihatlari dunyoni universallashtirish, gʻarblashtirish nazariyasi uchun zamin boʻlib xizmat qilyapti5. Shuning uchun ayrim mualliflar tomonidan yangi global madaniyatning shakllanishi haqidagi fikrlar ilgari surilmoqda. “Ommaviy madaniyat” targʻibotchilarining asl niyati globallashuv shiori ostida millatlarning oʻziga xosligini “tekislab” yoʻqotib yuborish, dunyodagi madaniy xilma-xillikka barham berish, maʼnaviyatni qoliplashtirishdan iborat. Bunda Gʻarb oʻzini dunyoga taqlid uchun andoza sifatida taklif etmoqda. Gʻarb madaniyatini umuminsoniy madaniyat, universal madaniyat sifatida joriy etishga urinish mavjudligini 2004-yil Berlinda “Yevropalashtirish, amerikalashtirish va globallashuv sharoitida milliy davlatlar” mavzuyidagi ilmiy anjumanning oʻtkazilgani ham tasqidlaydi. Bu hol globallashuv jarayonini madaniy imperializmning yangi koʻrinishi sifatida talqin qilayotgan aksilglobalistlar haqiqatdan yiroq emasliklarini koʻrsatadi6. Vaholanki, bu jarayonni oʻz holiga tashlab qoʻymay, globallashuvni madaniyatlararo muloqot vositasiga, milliy oʻziga xoslikni boyituvchi omilga, dunyodagi rang-baranglikning muhim manbaiga aylantirish mumkin va lozim. “Hozirgi davrda Oʻzbekistonda, bir tomondan, globallashuv jarayonining afzalliklaridan (jumladan, iqtisodiyotning barcha sohalarini zamonaviy texnika va texnologiyalar asosida jihozlash, investitsiyalarni keng jalb etish, jahon bozoriga integratsiyalashuv va hokazo) oqilona foydalanish, ikkinchi tomondan, uning salbiy taʼsirini (dunyoning yetakchi davlatlari va transmilliy korporatsiyalarning tabiiy zaxiralarga egalik qilishga intilishi, demokratiyani siljitish strategiyasining amalga oshirilishi, ommaviy madaniyat namunalarining keng tarqalishi, terrorizm va ekstremizmning global tus olishi va hokazo) bartaraf etish borasida pishiq-puxta oʻylangan izchil siyosat olib borilmoqda”7. Biroq hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar ham yetarlidir. Qolaversa, mafkuraviy jarayonlar, mafkuraviy kurashlar davom etar ekan, bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar muntazamlik, tadrijiylik kasb etishi, kecha-yu kunduz toʻxtamasligi talab etiladi. Zero, birgina “ommaviy madaniyat”ning koʻzni oʻynatuvchi xurujlari bizning milliyligimiz, oʻzligimiz, madaniy-maʼrifiy anʼanalarimizga juda katta va keyinchalik oʻnglab boʻlmas talafot yetkazishi, kelgusi nasllarimiz dunyoqarashi, eʼtiqodi, didi va hayotiy moʻljallarini duragaylashtirib yuborishi mumkin. Hozirning oʻzidayoq “ommaviy madaniyat” taʼsiriga berilgan yoshlarning xulq-atvori, jamoa orasida oʻzini tutishi, tili va muomalasi, kiyinishi va estetik didida boʻy koʻrsatayotgan salbiy oʻzgarishlarni koʻrmaslik, sezmaslik mumkin emas. Ulardagi har turli yangiliklarga nisbatan koʻr-koʻrona taqlidga oʻchlik, hayotning jiddiy sinovlari qarshisida dovdirab oʻzini yoʻqotib qoʻyish yoxud bu sinovlarni aylanib oʻtishga urinish, mamlakat va millat orzu-umidlari, muammolariga bepisandlik, tariximiz va kelajagimizga nisbatan beparvolik holatlari aynan “ommaviy madaniyat” taʼsiridan darak beradi. Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iborasi bilan aytganda, “Har bir harakatida Gʻarbga taqlid sezilib turadigan, ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni koʻrib, nahotki shular ham bizning farzandlarimiz, bizning millatimiz vakillari boʻlsa, deb oʻylab qolasan kishi”. Bunday yoshlar oʻzi tugʻilib oʻsgan, unga onabagʻirlik qilgan Vatan, xalq, millat taqdiri bilan oʻz taqdirini yaxlit – bir butun holda tasavvur qilmaydi, yurtida va dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik hissini tuymaydi, tabiatida jamoaviy emas, balki egoistik, egotsentristik intilish-istaklar kuchayib boradi. Qayerda qorni toʻysa, qayerda usti but boʻlsa, oʻsha yerni Vatan hisoblab ketaveradigan nafs bandalarini – faqat va faqat moddiy-maishiy oʻzlashtirish kayfiyati bilan yashovchi buyumparast, lazzatparast kimsalar toʻdasini vujudga keltirish esa “ommaviy madaniyat”ning bosh maqsadlaridandir. Bunday toʻdani oʻz xalqi va millatiga qarshi qayrash ham, mingyilliklar davomida yaratilgan milliy madaniyat, qadriyat va urf-odatlarni oyoqosti qilishga yoʻnaltirish ham, davlati va xalqi boyliklarining oʻzgalar tomonidan bemalol oʻzlashtirilishiga koʻmaklashuvchi sotqinlarga aylantirish ham oson kechadi. “Agar “ommaviy madaniyat” tahdidi faqat chetdan – Gʻarbdan kirib keladi, desak, qattiq adashamiz. Bu balo, afsuski, oʻzimizdan, oʻz oramizdan ham chiqishi mumkin. Men bu gaplarni osmondan olib aytayotganim yoʻq. Yurtimizda nashr etilayotgan ayrim gazeta-jurnallar, kitoblarni, suratga olinayotgan baʼzi klip va kinolarni, efirga berilayotgan qoʻshiq va raqslarni kuzatib, sogʻlom fikrlaydigan har qanday odam shunday xulosaga kelishi tabiiy. Eng yomoni, badiiy ijod sohasida jaholat koʻrinishlari kuchayib bormoqda”8. Taniqli oʻzbek adibi Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek shunday degan ekan: “Oʻzbek xalqi azaldan buyon madaniyat bulogʻining boshida boʻlgan.” Bugun yozuvchimiz А.Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” asarida tasvirlagan oila, muhabbat, burch, hayo, iffat, masʼuliyat, eʼtiqod, hurmat, mehr-oqibat kabi har bir millatdoshimiz uchun ibrat boʻla oladigan qadriyatlarning hayotdagi aksini toʻlaqonli uchratishimiz qiyin ekanligiga koʻpchiligimiz guvoh boʻlib turibmiz. Buyuk yozuvchimiz ularni millatdoshlarimizning ongi va qalbiga singdirish, uni ommalashtirish uchun oʻz jonini qurbon qilgan edi. Uning millatimiz maʼnaviyatini saqlab qolish yoʻlidagi fidoyiligi hammani qolipga solish, yagona maʼnaviyatni shakllantirishni maqsad qilgan, shu yoʻl bilan sobiq ittifoqdagi barcha millat va elatlarning maʼnaviyati oʻrniga oʻzga xalq maʼnaviyatining hukmronligini taʼminlash yoʻlida kamarbasta boʻlgan maʼnaviy qashshoq siyosatchilar va shovinistlarni dahshatga solgan edi. Masalan, millatimizda asrlar osha qon-qonimizga singib ketgan ota-onamizni ulugʻlash, oila muqaddasligini himoya qilish, farzandning ota-ona oldidagi burchi, ularning gapiga quloq solish, qilinadigan katta ishlarni bamaslahat amalga oshirish, aka-ukalar opa va singillar, kelin qaynota, qaynonalar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik, mehr-oqibat, ustoz va shogird hurmati kabi muqaddas qadriyatlarni qayta tiklash milliy tarbiyamiz oldida turgan eng dolzarb vazifadir. Bugun Yevropaga xos boʻlgan individualizm, ota-ona holidan xabar olmaslik, aka-uka, opa-singillar oʻrtasidagi yaqinlikning boʻlmasligi va ularning bir-birlarini qoʻllab-quvvatlamasliklar va boshqa bir qator holatlar millatimiz hayotiga kirib bormoqda. Bunday salbiy jarayonlarning oldini olish uchun ham milliy tarbiyamizning bosh yoʻnalishi globallashuv jarayonida sodir boʻlayotgan ana shu salbiy holatlarni bartaraf etish taraqqiyotimiz talabi hisoblanadi. Bu xususda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev: “Barchangizga ayon, hozirgi kunda dunyo miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar keskin tus olmoqda. Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzod asrlar davomida amal qilib kelgan eʼtiqodlar, oilaviy qadriyatlarga putur yetkazmoqda. Mana shunday va boshqa koʻplab tahdidlar insoniyat hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani ayni haqiqat va buni hech kim inkor eta olmaydi,” degan edilar. Shu nuqtayi nazardan qaraganda biz uchun ommaviy madaniyat – bu bir guruh boylikka oʻch odamlar tomonidan zamonaviy axborot-texnologiyalarining imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda axloqiy buzuqlik, zoʻravonlik, oʻz manfaatini oʻzgalar manfaatidan ustun qoʻyish, “Men”ni ulugʻlash kabilarni aks ettiruvchi har xil oʻta sayoz madaniyat asarlarini moddiy va maʼnaviy hayot maydonlariga tashlab, koʻngilochish bahonasida tijoratga asoslangan isteʼmolchilikni yoʻlga qoʻyib xalqlarni oʻz milliy qadriyatlariga asoslangan madaniyatidan judo qilish evaziga katta daromad topishga qaratilgan aksilmadaniyatdir. Darhaqiqat, “Ommaviy madaniyat” tahdidlarining inson ongiga salbiy taʼsirlari quyidagilardan iboratdir: “ommaviy madaniyat” inson ongini real hayotdan uzoqlashtiradi va soxta yaratilgan obrazlarga yoʻnaltiradi; aldovga oson ishonadigan shaxslarni paydo qiladi; insonni ishlab chiqaruvchiga emas, faqat isteʼmolchiga aylantiradi; insonni milliylikka borib taqaluvchi ildizlarini kesadi va maʼnaviy jihatdan qashshoqlashtiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ayni holatlardan nafaqat bizni, balki butun dunyo afkor ommasini quyidagicha ogohlantiradi: Maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya masalalari oʻziboʻlarchilikka tashlab qoʻyilgan ayrim mamlakatlardagi xunukdan-xunuk holatlar, inson zotiga isnod keltiradigan voqea-hodisalar, odamlar orasidagi maʼnaviy aynish illatlari bizni nihoyatda sergak torttirishi, bu voqealar koʻlankasi yurtimizga ham soya solishi mumkinligidan ogoh etishi darkor. Demak, millionlab yurtdoshlarimiz orasida olib borilayotgan maʼnaviy, maʼrifiy, axloqiy, estetik, madaniy tarbiyaning taʼsirchanligi, samaradorligi muntazam ortib borishi kerak. Bu ishda koʻzboʻyamachilik, hisobot va raqamlar ortidan quvish, yuzakichilik singari illatlardan tezroq xalos boʻlishimiz lozim. Yurtini, xalqini sevgan har bir yosh-qari milliy maʼnaviy qadriyatlarni oʻziniki deb his qilmogʻi, ularga qarshi qaratilgan har qanday harakatning oldini olmogʻi, milliy maʼnaviyatni xuddi oʻz jonini asragandek asramogʻi qanchalar muhim. Shundagina bizning muxoliflarimiz, jumladan, “ommaviy madaniyat” nomli oʻtaketgan madaniyatsizlikning targʻibotchilari sal hushyor tortishadi, bu yurt egasiz va posbonsiz emasligini his qilishadi. 1 Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar izohli lugʻati. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2013, 245-bet. 2 Grani globalizatsii: Trudnыe voprosы sovremennogo razvitiya. ― M.: Alpina Pablisher, 2003, s. 382. 3 Huntington S. The Erosion of American National Interests (“Foreign Affairs”, Sept/Oct. 1997. 4 “Foreign Affairs”, May/Yune 2000. r.121. 5 Grani globalizatsii: Trudnыe voprosы sovremennogo razvitiya. ― M.: Alpina Pablisher, 2003, s. 349. 6 Udovik S.L. Globalizatsiya. Semioticheskiye podxodы. M., Refl-buk, 2002, s. 317. 7 Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar izohli lugʻati. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009, 120-121-betlar. 8 Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi maʼruzasi. 3 avgust 2017. Download 272.47 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling