88-modda. Budjet mablag‘larini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi
Budjet mablag‘larini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan uch yildan kam bo‘lmagan davr uchun tuziladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
budjet mablag‘larini taqsimlovchi faoliyatining barcha sohalari bo‘yicha rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari, maqsadlari va vazifalarini;
maqsadlarga erishish va vazifalarni bajarishga qaratilgan o‘zaro bog‘liq huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy va texnik tadbirlar majmuini;
maqsadlarga erishish va vazifalarni bajarishni ta’minlaydigan, muddatlari va turlari bo‘yicha kelishilgan kutilayotgan natijalar ko‘rsatkichlari tizimini.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilangan maqsad va vazifalarga asoslanadi.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan yuqori turuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
89-modda. Budjet buyurtmasi
Budjet buyurtmasi budjet tashkiloti, budjet mablag‘lari oluvchi va budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan tuziladi.
Budjet tashkiloti yoxud budjet mablag‘lari oluvchi tomonidan tuzilgan budjet buyurtmasi tegishli budjet mablag‘larini taqsimlovchiga budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan belgilangan muddatda, biroq tegishli moliya organi va davlat maqsadli jamg‘armasini taqsimlovchi organga budjet so‘rovini taqdim etish muddatidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.
Budjet buyurtmasida o‘tgan va joriy yillar uchun hamda kelgusi uch yil uchun budjet tizimi budjetlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar budjet tasnifiga muvofiq aks ettiriladi.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchi o‘z tasarrufidagi budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning budjet buyurtmalari asosida jamlanma budjet buyurtmasini tuzadi.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchining jamlanma budjet buyurtmasi budjet mablag‘larini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi bilan uzviy bog‘liq holda tuziladi.
Budjet buyurtmasida xarajatlar hajmlarini o‘tgan yillarga nisbatan ko‘paytirishga faqat asoslovchi qonun hujjati bo‘lgan taqdirda va mazkur ko‘paytirish budjet mablag‘larini taqsimlovchining rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 32-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisi, 85-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |