16-bob. Sud xabarnomalari va chaqiruvlari
156-modda. Sud xabarnomalari va chaqiruv qog‘ozlari
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va guvohlar sud chaqiruv qog‘ozlari, zarur hollarda esa buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishini ta’minlaydigan boshqa aloqa vositalari orqali sudga chaqiriladi hamda sudning ayrim protsessual harakatlari to‘g‘risida xabardor qilinadi.
Sudya chaqiruv qog‘ozi bilan bir vaqtda javobgarga da’vo arizasining (arizaning) ko‘chirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuboradi.
Agar javobgarning yozma tushuntirishi sudga kelib tushgan bo‘lsa, sudya sudga murojaat qilgan shaxsga chaqiruv qog‘ozi yuborayotganda ushbu tushuntirish xatining ko‘chirma nusxasini jo‘natadi.
Sud xabarnomalari va chaqiruv qog‘ozlari ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 57-moddasi birinchi qismi, 60-moddasi birinchi qismi, 62-moddasi ikkinchi qismi, 157, 162, 213, 220 — 223-moddalari.
157-modda. Sud chaqiruv qog‘ozining mazmuni
Sudga chaqirish to‘g‘risidagi sud chaqiruv qog‘ozida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) sudning nomi, manzili, telefon raqami, elektron pochta manzili;
2) kelish joyi va vaqti;
3) shaxs qanday ish yuzasidan chaqirilayotganligi;
4) shaxsning kim tariqasida chaqirilayotganligi;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ish bo‘yicha o‘zlari ega bo‘lgan hamma dalillarni taqdim etish to‘g‘risidagi taklif;
6) chaqiriluvchi yo‘qligi sababli chaqiruv qog‘ozini qabul qilib olgan shaxsning imkoniyat bo‘lishi bilanoq uni darhol chaqiriluvchiga topshirishga majburligi;
7) sudga kelmaganlikning ushbu Kodeksning 220, 221 va 222-moddalarida nazarda tutilgan oqibatlari.
Sudga chaqirish to‘g‘risida elektron hujjat tarzida yuborilayotgan sud chaqiruv qog‘ozida ushbu modda birinchi qismining 1 — 5, 7-bandlarida sanab o‘tilgan ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 156-moddasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |