342-modda. Soliqni hisobga olish
(1-q.)
Chet davlatning qonunchiligiga va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro
shartnomasiga muvofiq haqiqatda toʻlangan (ushlab qolingan) foyda soligʻining summasi yoki
ushbu chet davlatda olingan daromadlardan olinadigan aynan oʻxshash turdagi soliq Oʻzbekiston
Respublikasida foyda soligʻini toʻlash hisobidan soliq toʻlovchida ushbu moddada belgilangan
tartibda va miqdorlarda hisobga olinishi lozim.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni
tahriridagi qism)
(2-q.)
Foyda soligʻi summasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi
manbalardan olingan daromadlardan olinadigan aynan oʻxshash turdagi soliqni hisobga olish bir
vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:
1) Oʻzbekiston Respublikasida soliq solinishi lozim boʻlgan daromad boʻyicha;
2) Oʻzbekiston Respublikasi bilan xalqaro shartnoma mavjud boʻlganda;
3) bunday soliq toʻlanganligini (ushlab qolinganligini) tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlganda.
(3-q.)
Foyda soligʻining yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida toʻlangan (ushlab
qolingan), aynan oʻxshash turdagi soliq hisobga olinadigan summasining miqdori soliq toʻlovchi
koʻrsatilgan daromad olinishi lozim boʻlgan (olingan) soliq davri uchun toʻlashi lozim boʻlgan
foyda soligʻi summasidan oshib ketishi mumkin emas.
(4-q.)
Chet davlat vakolatli organining maʼlumotnomasi yoki soliq Oʻzbekiston
Respublikasi hududidan tashqarida toʻlanganligi faktini tasdiqlovchi boshqa hujjat Oʻzbekiston
Respublikasi hududidan tashqarida foyda soligʻi yoki aynan oʻxshash turdagi soliq toʻlanganligini
(ushlab qolinganligini) tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
(5-q.)
Agar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar chet tilida tuzilgan
boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilidagi tarjimasi mavjud boʻlishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |