O’zbekiston respulikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi farg’ona davlat universiteti tarix fakulteti


Diniy va milliy qadriyatlarning tiklanishi


Download 3.87 Mb.
bet57/202
Sana28.10.2023
Hajmi3.87 Mb.
#1728891
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   202
Bog'liq
O\'zbekiston tarixi o\'quv uslubiy majmuasi

Diniy va milliy qadriyatlarning tiklanishi. Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlar, diniy e’tiqod qayta tiklandi. Ramozon hayiti, Qurbon hayiti, qadimiy xalq bayrami Navro’z qayta tiklandi, bu kunlar Prezident Farmoni bilan dam olish, bayram kuni bo’lib qoldi. Musulmonlar O’zbekiston xalqi tarixida birinchi-marta bevosita hukumat homiyligida har yili Haj va Umra amallarini ado etish imkoniyatlariga ega bo’ldilar. Prezident Farmoni bilan tuzilgan «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi, «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg’armasi jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy ravnaqi yo’lida xizmat qilmoqda.
Respublikada 17 diniy konfessiya ro’yxatga olingan va rasman faoliyat ko’rstamoqda. 170 dan ortiq diniy tashkilotlar ishlab turibdi va ularda O’zbekistonda yashovchi 130 millat va elat vakillari o’zlarining diniy ehtiyojlarini qondirmoqdalar. 1,7 mingdan ortiq masjidlar, xristian ibodatxonalari, sinagogalar va boshqa diniy markazlar ta’mirlandi va yangidan qurildi. 10 ta diniy ta’lim muassasasi faoliyat ko’rsatmoqda. 1999-yilda Toshkentda Islom Universiteti ochildi.
O’zbekiston hududida xalqning ulug’vor va shonli tarixiga oid 2000 dan ortiq yodgorliklar ta’mirlandi.
O’zbek xalqining ming yillar davomida shakllangan, mustamlakachilik davrida oyoq-osti qilingan, insonparvar urf-odatlari va an’analari, madaniy qadriyatlari ehtiyotlab tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan boyitildi. Maqomchilar, to’y-marosim qo’shiqlari, shoir-baxshilar va folklor-etnografik dastalarning o’nlab ko’rik-tanlovlari o’tkazildi. Pianinochi va skripkachilarning simfonik va kamer musiqalari, zamonaviy estrada guruhlarining festival va tanlovlari bo’lib o’tmoqda.
Mamlakatimizda o’zbek tilining xalq va davlat turmushidagi o’rni va ahamiyati qayta tiklandi. Davlat tili haqidagi qonunda o’zbek tili o’zbek xalqining ma’naviy mulki ekanligi, uning ravnaqi, qo’llanilishi va muhofazasi davlat tomonidan ta’minlanishi belgilab qo’yildi. Oliy davlat hokimiyati, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish yuritish asosan o’zbek tilida olib borilmoqda. Respublikamizning ma’muriy-hududiy birliklari, ko’chalari, geografik o’rinlarning nomlariga yagona milliy shakl berildi va o’zbek tilida yozib qo’yildi. Natijada o’zbek xalqining milliy qadr-qimmati qayta tiklandi va mustahkamlandi. Shuningdek, O’zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tillari, qadr-qimmati ham o’z o’rniga qo’yilgan.
Ta’lim ravnaqi. Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi yutuqlarimiz ta’lim tizimidagi tub o’zgarishlarda yaqqol namayon bo’lmoqda. Xalq ta’limini isloh qilish, kadrlar tayyorlash tizimini mustahkamlash sohasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yangi oliy o’quv yurtlari tashkil etilib bilimlarning yangi tarmoqlari bo’yicha kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yildi Oliy ta’lim tizimidagi 16 universitetning 12 tasi mustaqillik yillarida tashkil etildi. Mustaqillik yillarida eng zarur zamonaviy mutaxassisliklar bo’yicha o’nlab yangi oliy o’quv yurtlari – Mudofaa vazirligi qoshida Harbiy akademiya, Ichki ishlar vazirligi qoshida Ichki ishlar akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent aviatsiya universiteti, Navoiy tog’-konchilik universiteti, Toshkent Moliya universiteti va boshqalar tashkil etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’limni tubdan isloh qilish yo’llari ishlab chiqildi. 1997-yil 27-avgustda Oliy Majlisning IX sessiyasida O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida» Qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi. Milliy dasturning maqsadi ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o’FDUshdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to’la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishdan iboratdir.
Milliy dastur ro’yobga chiqmoqda. Yoshlar umumiy o’rta ta’limni 9-yillik maktablarda oladilar, yana uch yil davomida yangidan tashkil etilgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o’rta maxsus bilim va kasb-hunar o’rganadilar.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni bajarish umumxalq, umummillat ishiga aylandi. 2001-yilda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishning birinchi bosqichi yakunlandi.
2001-yilda Respublikamizda 6742 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida 608500 nafar o’g’il-qizlar tarbiyalandi. Ularda 65862 nafar pedagog, tarbiyachi va boshqa xodimlar xizmat qildi. 9727 ta umumta’lim maktablarida 440762 nafar o’qituvchi 6,3 mln. o’quvchiga ta’lim bermoqda. Umumiy o’rta ta’lim bo’yicha barcha o’quv fanlaridan Davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi va ular 346 ta maktabda tajribadan o’tkazildi, ta’lim jarayoniga joriy etildi. Davlat ta’lim standartlariga mos o’quv dasturlari va darsliklari yaratildi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini eng muhim, O’zbekistonga xos xususiyati yangi turdagi 3-yillik o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini yaratishdir. 1998-2004-yillar davomida zamonaviy o’quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan 54 ta akademik litsey va 533 ta kasb-hunar kolleji barpo etildi. Bu maqsadlar uchun 135 mlrd. so’m mablag’ sarflandi. O’rta maxsus o’quv yurtlariga zarur bo’lgan jihozlar sotib olish uchun jalb qilingan chet el investitsiyalarining miqdori 150 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Davlat ta’lim standartlari, o’quv dasturlari ishlab chiqildi, amaliyotga kiritildi va darsliklar yaratildi. 2003-2004 o’quv yilida akademik litseylarda 26,2 ming, kasb-hunar kollejlarida 531,6 ming o’quvchi ta’lim oldi.
Oliy ta’lim tizimida katta o’zgarishlar qilindi. Oliy ta’lim ikki bosqichdan – bakalavriat va magistraturadan iborat etib qayta tashkil etildi. 62 ta oliy o’quv yurtlarida ta’lim olayotgan bo’lajak bakalavr va magistrantlar soni 2003-2004 o’quv yilida 254400 nafarni tashkil etdi. 18486 nafar professor-o’qituvchilar mehnat qilmoqdalar, ularning 1462 nafari fan doktori, 7201 nafari fan nomzodidir. O’tgan 4-yil davomida barcha yo’nalishlar bo’yicha bakalavr va magistrlar uchun qo’yiladigan talablarni o’zida mujassamlashtirgan Davlat ta’lim standartlari, o’quv dasturlari yaratildi. Oliy ta’lim uchun 1129 nomdagi darslik va o’quv adabiyotlari nashr etildi va Oliy o’quv yurtlari kutubxonlariga tarqatildi.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga ko’maklashish, qo’llab-quvvatlash bo’yicha davlat siyosati sobit qadamlik bilan olib borilmoqda. Iste’dodli yoshlarni moddiy va ma’naviy rag’batlantirish, chet elda o’qishini qo’llab-quvvatlash maqsadida “Respublika bolalar fondi”, “Sog’lom avlod uchun”, “Iste’dod” jamg’armalari tashkil topdi. Ta’lim sohasida AKSELS, AYREKS, AQSh kollejlari konsortsiumi, SARE, Tinchlik korpusi (AQSh), Konrad Adenauer fondi, Britaniya kengashi, SAUD Al-Baptin fondi (Misr) kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo’lga qo’yildi. 2000 dan ortiq talaba va mutaxassislar chet elda o’qib keldi.
O’zbekiston ta’lim tizimi dunyo miqyosida kaеta qiziqish uyg’otmoqda. Moskvadagi Oliy ta’lim Xalqaro Fanlar akademiyasi prezidenti V.Shukshunov O’zbekistonda ishlab chiqilgan bu Milliy dasturni mazmun-mohiyati jihatidan tengi yo’q hujjat, deb ta’rifladi. O’zbekistonda yaratilayotgan ta’lim tizimi «Ta’limning o’zbek modeli» deb e’tirof etildi.
Badiiy adabiyot. Mustaqillik yillarida badiiy adabiyotda milliylik, ming yillik tarixiy ijodiy an’analar, umuminsoniy qadriyatlar, erkin fikr yuritish tamoyillari tiklandi. Badiiy adabiyot sinfiylik, partiyaviylik, kommunistik mafkuraviylik kabi aqidalar hukmronligi illatlaridan ozod bo’ldi.
Badiiy adabiyotda mustaqillikni asrab-avaylash, ozod va obod Vatan qurish, barkamol insonni tarbiyalash, milliy o’zlikni anglash kabi masalalar bosh mavzu bo’lib qoldi. Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Primqul Qodirov, Xurshid Davron kabi ijodkorlaming tarixiy roman, pyesa va qissalarida ulug’ bobokalonlarimiz Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Z.M.Bobur va boshqalarning siymolari umuminsoniy va milliy qadriyatlarga mos tarzda yangicha talqinda yoritildi. Xalqaro Sholoxov mukofoti laureati To’lepbergen Qayipbergenovning «U dunyoga, bobomga xat» asari, Shukrulloning «Kafansiz ko’milganlar» romanida, Nazar Eshonqulovning «Qora kitob» povestida, O’tkir Hoshimovning «Tushda kechgan umrlar», Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» singari asarlarda mustabid sovet davrida xalq boshiga solingan behad kulfatlar, g’am-alamlar haqqoniy tasvirlangan.
Tohir Malikning «Shaytanat» (4 kitob), Hojiakbar Shayxovning «Tutqin odamlar» asarlarida insonni iymon va vijdondan ozdirishga, razolat va qabohat ummoniga botirishga urinuvchi yomonlik dunyosi, mafiya olami shaytonlari fosh qilinadi, ularga nisbatan nafrat tuyg’ulari tarannum etiladi.
Omon Muxtorning «To’rt tomon qibla» nomli trilogiyasi, Barat Boyqobulovning «O’zbeknoma» tarixiy-falsafiy dostoni, Abduqhhor Ibrohimovning «Biz kim, o’zbeklar ... » badiiy-tarixiy asari, Azim Suyunning «Oq va qora», A.Qutbiddinning «Izohsiz lug’at» she’riy asarlari zamonaviy o’zbek adabiyotining yorqin ifodasidir.
Me’morchilik va amaliy san’at. O’zbek xalqi me’morchiligi mohiyat e’tibori jihatidan buyuk bunyodkorlik san’atidir. Mustaqillik yillarida me’morchilik san’ati yanada rivojlanib, takomillashib bormoqda. Me’morchilikda ikki asosiy tamoyil ko’zga tashlanadi. Ulardan biri sharqona me’moriyatning an’anaviy qonun-qoidalariga rioya etishdir. Bu tamoyil Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Turkiston saroyi, Oliy Majlis, Senat, Toshkent shahar hokimiyati binolari timsolida o’z aksini topgandir.
Me’morchilikdagi ikkinchi tamoyil esa O’zbekistonning jahon hamjamiyatidan munosib o’rin olish sari intilishini namoyish etuvchi jahon me’morchiligining eng yaxshi yutuqlaridan foydalanishda namoyon bo’lmoqda. Bunday binolar jumlasiga «Meridian», «Afrosiyob» (Samarqand), «Buxoro» «Interkontinental», «Sheraton» mehmonxonalari, «O’zekspomarkaz», Milliy bank, Markaziy bank, «Toshkentplaza» savdo markazi, Respublika birja markazi, banklararo moliyaviy xizmatlar Markazi, O’zbekiston Davlat konservatoriyasi va boshqa binolarni kiritish mumkin.
Toshkent shahri ko’rkiga ko’rk qo’shib turgan «Oloy», «Chorsu», «Otchopar», «Yunusobod», «Mirobod», «Parkent», «Qo’yliq» va boshqa bozor binolari, shuningdek, «Yunusobod» tennis markazi, «Jar» sport markazi, “Bunyodkor” stadioni singari zamonaviy inshootlar barpo etildi.
O’zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy binolarni tiklash ishlari jadallik bilan olib borildi. Bunga Toshkent, Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Xiva shaharlarida qayta tiklangan o’nlab binolar, obidalar misol bo’la oladi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga tadbiq etish jarayonida yuzlab akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun mahobatli binolar bunyod etildi.
Mustaqillik yillarida haykaltaroshlik san’ati jadal o’sdi. Haykaltarosh I.Jabborov va K.Jabborovlar tomonidan Toshkentda Amir Temurning otliq haykali, Samarqand va Shahrisabzda Amir Temur haykallari, Farg’ona va Quvada al-Farg’oniy (1998), Xorazmda Jaloliddin Manguberdi haykallari (1999) yaratildi. Haykaltarosh R.Mirboshiyev ijodiga mansub «Z.M.Bobur» (1993, Andijon), «Abdulla Qodiriy» (1994, Toshkent), «Cho’lpon» (1997, Andijon), «Ona» (1999, Jizzax shahri) kabi bir qator haykal va yodgorliklar yaratildi. 1999-yilda Termizda «Alpomish» haykali va majmua-kompozitsiyasi (A.Rahmatullayev va boshqalar) bunyod etildi.
O’zbekistonda qadimdan amaliy san’at o’ziga xos tarzda rivojlanib kelgan. Mustaqillik yillarida badiiy kulolchilik, pichoqchilik, zargarlik, ganchkorlik, yog’och o’ymakorligi, naqqoshlik, kashtachilik, zardo’zlik, gilamdo’zlik, bezakchilik kabi amaliy san’at turlari tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan rivojlanib bormoqda. Mustaqillik sharofati bilan dizayn san’ati ham jadal rivojlanmoqda. Tasviriy san’at, rassomchilik san’atining rivojida 1997-yilda tashkil etilgan O’zbekiston Badiiy akademiyasi va «Tasviriy oyina» respublika ijodiy uyushmasi muhim rol o’ynadi. O’zbekiston xalq rassomlari Malik Nabiyev, Bahodir Jalolov va boshqalar xalqimiz ongida milliy g’urur, Vatanga sadoqat tuyg’ularini uyg’otuvchi qator san’at asarlari yaratdilar. Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Bobur Mirzo portretlari shular jumlasidandir. Tasviriy va miniatura san’ati yangi ma’no-mazmun bilan boyidi. Shahar ko’chalariga bugungi hayotimizni tasvirlovchi rasmlar o’rnatildi, binolarning devorlari odamlarga huzur-halovat, zavq bag’ishlaydigan naqshlar bilan bezatildi.

Download 3.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   202




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling