O‘zbekiston tarixi


XIII asr II-yarmi va XIV asr I-yarmidagi madaniy hayot


Download 1.88 Mb.
bet38/100
Sana23.11.2023
Hajmi1.88 Mb.
#1794963
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   100
Bog'liq
Murtazaeva R - O\'zbekiston tarixi. 2005

XIII asr II-yarmi va XIV asr I-yarmidagi madaniy hayot
XIII asr II-yarmida XIV asr I-yarmida xo‘jalik, iqtisodiy hayotdagi siljishlar, savdo-sotiqning rivojlanishi, qolaversa Chig‘atoy mo‘g‘ullarining tobora o‘troq hayotga moslasha borishi, bosqinchilik vaqtida tanazzulga yuz tutgan madaniy hayotning nisbatan jonlanishiga olib keldi. Avvalo shaharsozlik bilan bog‘liq binokorlik va me’morchilik yo‘lga qo‘yila boshlandi. Mahalliy diniy ulamolar va dunyoviy zodagonlar, gohida mo‘g‘ul zodagonlarining ba’zilari qurilish ishlariga homiylik qila boshlashdi. Me’morchilikda alohida o‘rin tutgan ganchkorlik, g‘isht o‘ymakorligi, koshinpazlik, me’moriy xattotlik qayta tiklandi. Movarounnahr, Xorazmda mahalliy binokorlar ishtirokida xonaqo, maqbara, masjid, madrasa, saroy, minoralar qad ko‘tara boshladi. Shu davrlarda barpo etilgan ko‘pgina me’moriy obidalar u yoki bu ko‘rinishda hozirgi kunlargacha yetib kelgan.
Jumladan, Buxorodagi Sayfiddin Boharziy maqbarasini birinchilardan barpo etilgan me’moriy bino sifatida ko‘rish mumkin. Taniqli buxorolik shayx Sayfiddin Boharziy nufuzli diniy ulamolardan biri bo‘lib, u 1258 yili olamdan o‘tgan edi. Uning qabri ustida tez orada katta maqbara va honaqo barpo etildi. 1333 yili Buxoroda bo‘lgan arab sayyohi ibn Battuta ushbu maqbaraga yuqori baho bergan edi. Shuningdek, mana shu davrlarda barpo etilgan Buxorodagi Qusam ibn Abbos maqbarasi ziyoratxonasi, Xo‘ja Ahmad maqbarasi, Qo‘hna Urganchdagi Najmiddin Qubro va To‘rabekxonim maqbarasi, masjid va 2 ta baland minoralar (minoraning hozirgacha saqlangan qismi 62 metrni tashkil etadi, minoralarning bittasi XX asr boshlarida qulab tushgan), Xo‘janddagi Duvaxon maqbarasi (keyinchalik vayron bo‘lgan) va boshqalarni tilga olib o‘tish mumkin. Qarshidagi buzilib ketgan saroy, Ma’sudbek hukmronligi davrida (1238-1289) Buxoroda barpo etilib, 1000 tacha talabaga mo‘ljallangan “Ma’sudiya”, “Xoniya” madrasalari va boshqalar to‘g‘risida manbalarda ma’lumot berib o‘tiladi.
Ko‘rilayotgan davr binokorligi va me’morchiligida pishiq g‘isht, koshin, parchin, me’moriy o‘ymakor g‘ishtlar hamda ganch va ohak, pista ko‘mir, qumlardan tayyorlangan maxsus qorishmalar kabi qurilish mahsulotlaridan ham binolarni qurishda hamda ularni me’moriy jihatdan bezashda keng foydalaniladi. Monumental binolarning aksariyati esa bir yoki ikki gumbazli, toqu ravoqli va peshtoqli bo‘lgan. Naqshinkor g‘isht, koshinlar, kitoba (lavha) bilan naqsh berish an’analari davom ettirilgan. Shuningdek naqshlarning turli-tuman, guldor bo‘lishi, o‘ymakor amaliy san’at qayta tiklanganligidan ham darak berar edi. Kulolchilik, misgarlik, zargarlikda ham naqsh bilan ishlov berish holati avj oladi.
Shubhasiz, Chingiz O‘rdalarining bosqini Movarounnahr va Xuroson ilm fan, adabiyot o‘choqlariga katta zarba bo‘lib tushadi. XIII asr-XIV asr oxirlariga qadar mo‘g‘ullar qadami yetmagan yoxud ularning ta’siri kam bo‘lgan Dehli sultonligi, janubiy Yeron, Kichik Osiyo, qisman Suriya va Misrda ilm-fan, ma’rifat, adabiyot taraqqiy eta boshlagan edi. Faqatgina XIV asr oxiri- XV asr boshlariga kelibgina ma’rifat, madaniyat o`choqlari yana Movarounnahr va Xurosonga ko`chadi.
XIII asr-XIV asrning 2-yarmida fors-tojik adabiyotida ayniqsa Jaloliddin Rumiy (1207-1272), Muslihiddin Sa’diy Sheroziy (1219-1293), Amir Xusrav Dehlaviylarning (1253-1325) o`rni va mavqei ko`tarilib, ular jahon adabiyoti olamiga taniladilar. Asli Balx shahridan bo`lgan Rumiy 14 yoshligida o`z oilasi bilan mo`g‘ul bosqinidan qochib Kichik Osiyoning Ko`niya sultonligiga borib qoladi. Ko`niya, Halab, Damashqda tahsil olib, buyuk tasavvuf ilmi shoiri va faylasufi bo`lib taniladi. U she’riyatda so`fiy-falsafiy janrni rivojlantirib, o`zining 36 ming baytdan iborat “Masnaviyi-ma’naviy” degan dostonini yaratadi. Sa’diy esa islom olamida o`zining “Guliston” va “Bo`ston” asarlari, g‘azallari, ahloqiy fikrlari bilan keng shuhrat qozonadi. Uning asarlarida Ona-Vatanga muhabbat, insonparvarlik, mehr-muhabbat g‘oyalari hamisha barq urib turadi. U o`z asarlarida kishilarni o`zaro hamjihatlik va totuvlikka, hukmdorlarni adolat va insofga chaqirib, salbiy xususiyatlarni qoralab chiqadi. Sa’diy o`z umrini ona shahri Sherozda tugatgan.
Xusrav Dehlaviy Hindiston shimoliga mo`g‘ul bosqinidan qochib borgan asli Kesh (Shahrisabz) lik kishilar xonadonida dunyoga keladi. U Dehlida sulton saroyida yashab, o`zining ajoyib “Xamsa” dostonini, Hindistonda hozirgacha mashhur “Xizrxon va Duvalra”ni, “Miftah al-futuh” (G‘oliblik kaliti) “Nuh sipehr” (Falakning to`qqiz gumbazi) kabi asarlarni yozadi. XIII asrning 2-yarmidan boshlab tarixnavislik ham rivoj topa boshlaydi. Bu davrda asli G‘ur viloyatidan bo`lgan Abu Umar Minhojiddin Juzjoniyning 1260 yil yozilgan “Tabaqoti Nosiriy” (Nosirga atalgan tabaqalar), Oloviddin Ota Malik Juvayniyning “Tarixi jahongo`shaiy” (Jahon fotihi tarixi), Fayzulloh Rashididdin Hamadoniyning “Jomý at-tavorix” (Tarixlarning jamlanishi) Shahobiddin an-Nasaviyning “Siyrat as-sulton Jaloliddin Mankburni” (sulton Jaloliddin Mankburning hayot faoliyati) kabi nodir tarixiy asarlari ham jahon yuzini ko`rdi.
Bu asarlar o`z vaqtida mo`g‘ullar istilosi va undan keyingi davrni o`rganish bobida birinchi darajali manbalar hisoblanadi. Bu paytda shuningdek, islom ahloq-odob va taqvodorligi asosida turkiy tildagi adabiyot ham rivoj topa boshladi. Xorazmdagi bu adabiyotning bir vakili mashhur faylasuf shoir va mutafakkir Pahlavon Mahmud (1247-1326) hisoblanadi. U nafaqat shoir, mutafakkir bo‘libgina qolmay, Hindiston, Sheroz, Rumda ham beli yerga tegmagan kurashchi polvon ham edi. Xuddi shu ma’noda “Pahlavon” taxallusi unga haqli ravishda berilgan. Xalq ichida esa uni yana behad saxovatli, bag‘rikeng, adolatli inson sifatida hurmati katta edi. U g‘oliblikdan tushgan mukofotlarni yetim-esir, nogironlarga hadya etar, po‘stindo‘zlik hunaridan kelgan daromadini atrofidagi kambag‘allar bilan baham ko‘rar edi. O‘z yonidan hatto Xiva yaqinida maqbara ham barpo etadi. Uning mardligi, tantiligi, haqparvarligi to‘g‘risida bizning kunlarimizga qadar turli hikoyat, rivoyatlar ham yetib kelgandir. Uning insonga xos bo‘lgan ajoyib fazilatlarni ulug‘lovchi ruboiylari xalq orasida keng tarqalgan bo‘lgan. U inson aql-zakovati, ahloqiy kamolati va ahloqiy pokligini qadrlaydi. Turkiy tilda ijod qilgan yana bir shaxs, bu nomi bizga hali yaxshi tanish bo‘lmagan Nosiriddin Burhonuddin Rabg‘uziydir. U XIII asr oxiri- XIV asr boshlarida yashab, ijod qilgan. Bizgacha uning birgina “Qissayi Rabg‘uziy” (Qissasul anbiyo) asari yetib kelgan. Bu asarda muallif o‘zini “Rabot o‘g‘uzining qozisi Burhon o‘g‘li Nosiriddin” deb tanishtiradi. Ushbu asar islom dinini qabul qilgan mo‘g‘ul beklaridan biri bo‘lmish Nosiriddin To‘qbug‘aning iltimosiga ko‘ra hijriy 709 (milodiy 1309-1310) yilda yozilgan. Ushbu asar 72 qismdan iborat bo‘lib, payg‘ambarlar (Dovud, Sulaymon, Muhammad) haqidagi qissalar, diniy rivoyat va hikoyatlar, xalq og‘zaki ijodi, tarixiy asarlar, diniy kitoblar asosida bayon etilgan diniy-falsafiy, tarixiy, ahloqiy asardir. Ushbu asar xalq orasida, baxshi va oqinlar orasida hamisha mashhur bo‘lib kelgan. Asarda bayon etilgan ahloqiy fazilatlar, ta’lim-tarbiya, ma’rifat xususida fikrlar hozirgi kunga qadar o‘zining dolzarb ahamiyatini yo‘qotmagan.
Bu paytga kelib turkiy adabiyot rivoji bilan bir qatorda, tasavvuf, din ilmlarining ham rivojlanishi ko‘zga tashlanadi. Tasavvuf ilmining mashhur namoyondasi, naqshbandiylik tariqatining asoschisi Bahovuddin Naqshband (Sayid Muhammad ibn Jaloliddin) (1318-1389)-avvalo o‘z mehnati bilan halol kun ko‘rish g‘oyasini yoqlaydi. Uning “dil ba yoru, dast ba kor” (ya’ni diling xudoda bo‘lsinu, qo‘ling mehnatda bo‘lsin) degan shiori keyinchalik juda mashhur bo‘lib ketdi. Uning nomi xalq orasida ma’lum va mashhur bo‘lib ketib, Buxoro yaqinidagi qabri musulmonlar ziyoratgohlaridan biriga aylanib qolgan edi. Mustaqillik inoyati bilan bu ajdodimizning nomlari qayta tiklanib, uning qabri joylashgan yer obod va ko‘rkam ziyoratgoh tusini oldi.

Download 1.88 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   100




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling