O'zbekistonda diniy ta'lim olish imkoniyatlari
O‘ZBEKISTONDA E’TIQOD ERKINLIGINI TA’MINLASHDA DIN ISHLARI BO‘YICHA QO‘MITANING FAOLIYATI
Download 53.05 Kb.
|
Diniy ta\'lim olish imkoniyatlari
- Bu sahifa navigatsiya:
- VIJDON ERKINLIGI VA DINIY TASHKILOTLAR.
O‘ZBEKISTONDA E’TIQOD ERKINLIGINI TA’MINLASHDA DIN ISHLARI BO‘YICHA QO‘MITANING FAOLIYATIMamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab vijdon erkinligini ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat berildi. Ma’lumki, Sobiq Sovet Ittifoqining Konstitutsiyasida e’tiqod erkinligi e’tirof etilgan bo‘lsada, amalda jamiyatga dahriylik mafkurasi zo‘rlab singdirilib, dindorlarning huquqlari poymol etilar edi. Dahriylik siyosati diniy tashkilotlarning faoliyatiga sun’iy to‘siqlar yaratish, fuqarolarning hatto maishiy darajada diniy amallarni bajarishlarini keskin qoralash kabi shakllarda kechib, amalda vijdon erkinligi jiddiy cheklangan edi. Ateistik siyosat avj olgan 1980-yillarning o‘rtalarida aholisi soni 18 milliondan ziyod bo‘lgan va ularning aksariyat qismini musulmon diniga e’tiqod qiluvchilar tashkil etgan respublikamizda atigi 80 ta masjid bo‘lgan. Mustabid tuzum tomonidan xalqni tarixiy va diniy-ma’rifiy ildizlaridan uzish maqsadida Imom Buxoriy, Xakim Termiziy, Imom Termiziy, Dorus-saodat kabi obida va ziyoratgohlar atayin tashlandiq va harob ahvolga solingan edi. Bahouddin Naqshband ziyoratgohi xonaqosida kimyoviy o‘g‘itlar saqlangan. Toshkent shahridagi “Ko‘kaldosh” madrasasi, Buxoro shahridagi “Kalon” masjidi, Namangan shahridagi “Shayx eshon”, Qarshi shahridagi “Ko‘k gumbaz” kabi yuzlab masjidlarning binolari omborxonaga aylantirilgan. Qarshi shahridagi “Odina” masjidi esa qamoqxona sifatida foydalanilgan. Biroq, mustabid tuzumning dahriy siyosati o‘zbek xalqining matonatini yenga olmadi, iymon-e’tiqodidan ayira olmadi. Ayniqsa, hali mustaqillikka erishishimizdan avval birinchi Prezidentimiz Islom Karimov respublikamizga rahbar bo‘lgan ilk davrdan diniy qadriyatlarimizni tiklash, vijdon erkinligini ta’minlash yo‘lida dadil qadamlar tashlandi. Ateistik siyosat hali davom etib turgan 1990 yilda yurtboshimiz tomonidan musulmonlarning bayrami sifatida Qurbon hayitini birinchi kunini dam olish kuni sifatida e’lon qilinishi, shaxsan qo‘llab-quvvatlashlari bilan islom dining muqaddas manbai – Qur’oni karimning o‘zbek tiliga ilk tarjimasini chop etilishi buyuk jasorat namunasi hisoblanadi. Vatanimiz mustaqillikka erishgan ilk yillaridan diniy sohaga o‘zbek xalqining milliy ma’naviyatining ajralmas qismi sifatida alohida e’tibor qaratildi. Mustaqillik yillari dinning huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatida tutadigan o‘rni va mavqei aniq belgilanib, bu sohada mustahkam qonunchilik poydevori yaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar”, degan demokratik tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, Bosh qomusimizda fuqarolar millati, irqi va dinidan qat’i nazar, teng huquqli ekanligi belgilanib, ularning vijdon erkinligi, urf-odatlari, milliy an’analari hurmat qilinishi kafolatlangan. Ushbu konstitutsiyaviy qoida 1998 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida ham o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, hech bir dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 7 mart kunidagi Farmoni bilan har bir shaxsning vijdon va diniy e’tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’iy nazar tengligini ta’minlash vazifalarini hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashkil etilgan. Bugungi kunda Konstitutsiyamiz, amaldagi qonunlarimiz va milliy-diniy qadriyatlarimizga monand ravishda istiqlolning ilk pallasidan mamlakatimizda davlat va din munosabatlari quyidagi tamoyillar asosida olib borilmoqda: - dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish; - diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish; - diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik; - ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy tashkilotlarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish; -dindan buzg‘unchilik maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari istiqomat qilib, 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2241 ta diniy tashkilot, shu jumladan, Imom Buxoriy xalqaro markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab Oliy madrasasi, 9 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat olib bormoqda. Istiqlol tufayli masjid va madrasalar, cherkov va ibodatxonalarning binolari, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar dindorlarga qaytarib berildi. Respublikamizning turli hududlarida qad ko‘targan biri-biridan go‘zal masjidlar musulmonlarimiz uchun ajoyib va betakror tuhfa bo‘ldi. Ular qatorida poytaxtdagi “Minor”, “Islom ota”, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi “Termiziy” masjidlarini qayd etishimiz mumkin. Urganch, Nukus kabi shaharlarda musulmonlarimizni o‘ziga chorlovchi masjidlarning qurilishi yakuniga yetmoqda. “Hazrati Imom”, “Imom Buxoriy”, “Bahouddin Naqshbandiy”, “Imom Moturidiy”, “Hakim Termiziy”, “Imom Termiziy” kabi buyuk ajdodlarimizning majmualari”, Rus pravoslav cherkovi “Svyato-Uspensk” kafedral sobori, Rim-katolik cherkovi kosteli, Yevangel-lyuteranlar kirxasi va boshqa diniy ob’ektlar to‘liq qayta ta’mirdan chiqarilib, keng faoliyat yurita boshladi. Mustaqillik yillari diniy ta’lim tizimini yaratish va rivojlantirish yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirildi. So‘nggi yil ichida diniy ta’lim sohada olib borilayotgan islohotlarning uzviy davomi sifatida so‘nggi davrda islom dining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftihor ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini o‘rganish, islom ta’limotining turli yo‘nalishlarida chuqur ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish borasida sermahsul ishlar tashkil etilmoqda. Muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan Samarqandda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi qoshida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoroda Mir Arab Oliy madrasasi, Toshkent shahrida O‘zbekistondagi islom madaniyati markazi faoliyatini tashkil etilish yuqoridagi egu maqsadlarga, shuningdek, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro ahillik va totuvlik muhitini kuzaytirishga xizmat qiladi. Oliy saviyadagi imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston musulomonlari idorasi huzurida Islom Akademiyasi, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘ona viloyatida islom huquqi, Buxoro viloyati Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryo viloyatida aqida ilmiy maktablarini tashkil etish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda soha mutaxassislari, ulamolar va diniy tashkilotlar tomonidan mingdan ziyod nomlanishdagi diniy mazmundagi adabiyotlar, disklar chop etildi. Ular nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham muhim diniy manba sifatida xizmat qilmoqda. Istibdod davrida sobiq Ittifoq bo‘yicha muqaddas haj safariga borish 10-15 nafar kishiga, shu jumladan, O‘zbekistondan 3-4 nafar odamga nasib etar edi. Istiqlol yillari 115 mingdan ziyod fuqaro «haj» amallarini, 93 mingdan ziyodi esa «umra» ziyoratini ado etdilar. Fuqarolarning haj va umra safarlarini tashkil etish 2006 yilda birinchi Prezidentimizning Farmoniga asosan tuzilgan «Haj» va «umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshirilmoqda. Har yili haj mavsumi yakunida Saudiya Arabistoni Haj ishlari vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan O‘zbekistonning ishchi guruhi maxsus yorliklar bilan taqdirlanayotganini yuqoridagi ezgu ishlarning natijasi sifatida e’tirof etsak bo‘ladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yil 7 iyun kuni “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 367-sonli Qarori tasdiqlandi. Qaror asosida “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom” huquqiy-me’yoriy hujjat sifatida qabul qilindi. Mazkur hujjat ziyoratga borish jarayonida ijtimoiy adolatni yanada to‘laroq ta’minlash, muqaddas ziyoratlarni tashkil etish manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlarning vazifalarini aniq belgilashga xizmat qiladi. Xususan, ushbu Nizom asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi veb-saytida ziyoratchilar ro‘yxatining yagona onlayn elektron bazalari shakllantirilmoqda. Bu fuqarolarimizga ziyoratga borish navbatini kuzatib borish imkonini beradi. Ayni vaqtda minglab xristian va yahudiy dinlariga mansub fuqarolar Rossiya, Isroil, Gretsiya kabi mamlakatlarda joylashgan muqaddas qadamjolarga ziyoratga borib kelishlariga zarur sharoitlar yaratilmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston qadim davrlardan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgan. Bu ko‘p asrlik tarixiy an’ana bugungi kunda ham davom etib, umumiy, tinch va osoyishta uyimizda diniy bag‘rikenglik ruhi yanada mustahkamlanmoqda va rivojlanmoqda. Albatta, bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha ulkan yaratuvchan ishlarimiz mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikka asoslanadi. Taassufki, bugungi kunda jahonda ro‘y berayotgan voqealar yovuz kuchlar va buzg‘unchi mafkuralar umuminsoniy xavfsizlikka, xalqlarning erkin va tinch hayot kechirishlariga tahdid solayotganidan dalolat bermoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida ta’kidlaganlaridek: “Islom faqat nurli hayotga, ilm-ma’rifatga, yaxshilikka undaydi. Hech qachon xunrezlik, qotillik, zo‘ravonlikka chaqirmaydi. Ana shu haqiqatni tan olmasdan, soxta g‘oyalarga aldanib, zararli oqimlarga kirish, terrorchi bo‘lish – bu O‘zbekiston xalqiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi”. Bugungi kunda din ishlari bo‘yicha qo‘mita davlat, jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlikda jamiyatda diniy ekstremizm g‘oyalari tarqalishini oldini olishga qaratilgan ishlarni tizimli amalga oshirib kelmoqda. Ushbu ishlar OAVda chiqishlar, qo‘llanma va bukletlar tayyorlab, jamoatchilikka yetkazish, aholining barcha ijtimoiy qatlamlari bilan turli formatlarda uchrashuvlar uyushtirish, diniy-ma’rifiy saytlarda aqidaparast oqimlarning axborot xurujiga qarshi munosib javob berish shakllarida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda diniy ulamolar faol ishtirok etmoqdalar. Media yo‘nalishidagi yangi diniy-ma’rifiy tadbirlar qatorida O‘MI saytining “Feysbuk” ijtimoiy sahifasida diniy sohadagi dolzarb mavzularda mashg‘ulotlar tashkil etilganini, yirik masjidlarda juma ma’ruzalarining onlayn namoyish yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatishimiz mumkin. Respublikamizning barcha hududlarida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan “O‘z bolangni o‘zing asra” degan tamoyil asosida o‘sib kelayotgan avlodni ilm va hunar egallashga chorlash, ularni mutaassib g‘oyalardan himoya qilishga alohida e’tibor qaratilib, mazkur jarayonga keng jamoatchilik jalb etilmoqda. Alohida qayd etishimiz bo‘lgan natijador ishlar sifatida so‘nggi yilda adashib yot oqimlar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarimizni soxta g‘oyalar ta’siiriga tushib qolganliklarini tushuntirish, asoydil pushaymon bo‘lganlarga ishonch bildirib, jamiyat uchun foydali tinch hayot yo‘liga qaytarish, zarur yordam ko‘rsatish to‘g‘ri yo‘lga qaytarish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etishimiz lozim. Dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lish, Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shmog‘i, el-yurt taqdiri, kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini his etmog‘i lozim. Bu ta’limotni yoshlarimiz, farzandu nabiralarimizning ongu shuuri, qalbiga jo etish, ularni ogoh, xushyor, sezgir va ma’naviy uyg‘oq inson sifatida shakllantirib, mustaqil, ozod va obod Vatanimizning himoyachisi etib tarbiyalash barchamizning faxrli va ma’suliyatli vazifamiz hisoblanadi. VIJDON ERKINLIGI VA DINIY TASHKILOTLAR.Download 53.05 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling