O‘qishga kiritib qo‘yish uchun 22,5 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi Shaxrizabzda 21 nafar fuqarolarni texnikumga kiritish uchun har biridan 5 ming AQSH dollari olgan shaxslar aniqlandi. Bundan tashqari, ular Qarshi davlat universitetiga ham o‘qishga kiritish va Toshkent shahridan uy olib berishni va’da qilib yana bir fuqarodan 17 ming 500 AQSH dollarini olgani ma’lum bo‘ldi.
9 fevral 2021, 09:55 Jamiyat
Qashqadaryo viloyati Shaxrizabz shahrida fuqarolar M.F. va I.Sh.lar 21 nafar fuqaroni tanishlari orqali «Abu Ali Ibn Sino» nomidagi jamoat salomatligi texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.
Ular fuqarolardan 5 ming AQSH dollari va 5,2 mln so‘mni olgani aniqlandi.
Bundan tashqari, ular fuqaro S.ni Qarshi davlat universitetiga o‘qishga kiritish va Toshkent shahridan uy olib berishni va’da qilib, 17 ming 500 AQSH dollarini qo‘lga kiritganligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat yuzasidan M.F. va I.Sh.larga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi (ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28, 211 moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirmoqchi bo‘lib, undan 4 000 AQSH dollari so‘ragan shaxs aniqlangan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |