3.Qonunlarning ustuvorligi. Butun yangilanish va taraqqiyot jarayoni qonunlarga asoslanmog’i zarur. Iqtisodiy o’zgarishlar sinalgan, amaliy kuchga ega bo’lgan qonunlarga tayangandagina muqarrar bo’lishi, sezilarli natijalar berishi mumkin. Qonun hamma narsadan ustun bo’lishi kerak. Bu tamoyil qonun oldida barchaning baravarligini ko’rsatadi. Jamiyatning har bir a’zosi kim bo’lishi, qanday lavozimda ishlashidan qat’i nazar, qonunlarga rioya qilishi shart. «O’zbekiston modeli»da bozor iqtisodiyoti qonunchilikka tayanib, unga xos bo’l-gan faoliyat, iqtisodiy munosabatlar qabul qilingan qonunlar asosida olib borilishiga alohida ahamiyat beriladi. Buning uchun esa avvalo ko’zlangan maqsadni amalga oshirishni ta’minlovchi, har jihatdan puxta qonunlar qabul qilinishi lozim. Respublikada amalga oshirilayotgan huquqiy islohot O’zbekistonda amalga oshirilayotgan umumiy islohotlarning tarkibiy qismidir. Ma’lumki, huquqiy islohot faqat huquqiy doira bilan chegaralanmaydi, chunki huquqiy islohotning o’zgartiruvchi kuchi ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab oladi. Xuquqiy islohot bo’lmas ekan, siyosiy tizimni, iqtisodiy hayotni isloh qilishga, uni samarali amalga oshirishga umid bog’lab bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |