O’zini-o’zi tekshirish uchun savollar


Download 64.5 Kb.
Sana19.10.2020
Hajmi64.5 Kb.
#134528
Bog'liq
Javoblar -1-Nazorat savollari


O’zini-o’zi tekshirish uchun savollar

  1. Menejmentning shakllanish tarixi haqida nima bilasiz?

Javob: Menejment – boshqaruv tamoyillari va vazifalarining ildizlari eng qadimgi davlatlarning vujudga kelishi bilan bog’langan. Jamiyat rivojining ichki qonuniyatlari (ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning yuqori darajasi, hunardmanchilik, tovar ayrboshlash va savdoning tez rivojlanishi, sug’orma dehqonchilik va boshqalar), tashqi omillar – ( kuchayib borayotgan siyosiy qarama-qarshiliklar va harbiy to’qnashuvlar) ta’sirida dastlabki davlatlar qadimgi sug’orma dehqonchilik vohalarida paydo bo’lgan. Bunday vohalar aholisi uchun tashqi harbiy bosqinlardan himoyalanish, makonlar va manzilgohlar hududini mudovaa qilish, sug’orish va dehqonchilik ishlarini tashkil etish, jamoaning ichki va tashqi aloqalarini boshqarib turish masalalarini  hal etish muhim va hayotiy zaruriyat hisoblangan. Bu vazifalarni hal etish maqsadida jamoa a’zolari u yoki bu ko’rinishdagi ishlar (keng ko’lamdagi qurilish va sug’orish ishlari, yerni sug’orish va suvni taqsimlash ustidan nazorat, jamoadagi diniy urf – odatlarning bajarilishi, bahsli masalalarni hal qilish va boshqalar)ni tashkil etish uchun o’z ichlaridan yo’lboshchilarni tanladilar. SHu tariqa, ijtimoiy – iqtisodiy munosabatlar taraqqiyoti jamiyatda alohida hurmat – e’tiborga loyiq bo’lgan kishilarning ajralib chiqishiga olib keldi. Ular ishlab chiqarish jarayonida doimiy band bo’lmasdan, faqatgina ijtimoiy va xo’jalik hayoti ustidan nazorat va rahbarlikni amalga oshiradilar.

Ilk davlatlar bundan 5 ming yil avval qadimgi Misr va Ikki daryo (Dajla va Frot) oralig’ida paydo bo’lgan. So’ng davlatchilik tizimi birin-ketin 4 -3,5 ming yil avval Yunoniston, Kichik Osiyo, Eron, Kavkazorti, Hindiston, Xitoy va O’rta Osiyo hududlarida shakllanadi.




  1. Boshqaruvning paydo bo’lish asoslari nimalardan iborat?

Javob: Boshqaruvning paydo bo’lish asoslari quyidagilardan iborat:

- ishlab chiqarish va ijtimoiy mehnat taqsimoti;

- tashqi harbiy bosqinlardan himoyalanish zaruriyati;

- jamoadagi urf – odatlarni bajarish;

- jamiyatning ijtimoiy – amaliy vazifalar jihatdan bo’linishi.



  1. Eng qadimgi davrlardan boshlab boshqaruvning qaysi funktsiyalari ustuvor bo’lib kelmoqda?

Javob: Eng qadimgi davrlardan boshlab, quyidagi boshqaruv funktsiyalari ustuvor bo’lib kelmoqda:

- tashkil qilish;

- tartibga solish;

- nazorat;

- jamoatning ichki va tashqi munosabatlarini boshqarib turish.


  1. Iqtisodiy, ijtimoiy va harbiy-siyosiy funktsiyalarni ta’riflab bering?

Javob : Iqtisodiy funktsiyalar tizimida ishlab chiqarish, ijtimoiy mehnat taqsimoti muhim o’rin tutgan, jumladan, dehqonchilik ishlarini, ishlab chiqarishni tashkil etish, jamoa xo’jaliklarida yer-suvni taqsimlash, qurilish va sug’orish – irrigatsiya ishlarini tashkil etish, qishloq xo’jalik va hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, tovar ayirboshlash, savdo – sotiq aloqalari muhim hisoblangan. Ishlab chiqarishning turli bosqichlarida rejalashtirish, tashkil qilish, tartibga solish va nazorat qilish kabi vazifalar paydo bo’lgan.

Ijtimoiy funktsiyalar jamoalardagi o’zaro aloqalarni tartibga solish va muvofiqlashtirish, bahsli masalalarni hal qilish, jamoaning ichki va tashqi munosabatlarini boshqarib turishga asoslangan.

Harbiy – siyosiy funktsiyalar tashqi harbiy bosqinlardan himoyalanish, harbiy qurollarni ishlab chiqarish, qurollangan qo’shinlarni tashkil etish, makonlar va tumanlar hududlarida mudofaa ishlarini amalga oshirish, davlatlar o’rtasidagi o’zaro aloqalarni o’rnatish va bahsli masalalarni hal qilish kabi vazifalar asosida rivoj topgan.

Yuqorida ko’rsatilgan omillar bilan bog’liq tarzda boshqarishning hududiy funktsiyalari ham vujudga kelgan. Ushbu funktsiyalar tuman, viloyat hududlarida joylashgan qishloq jamoalari, tuman aholisi (bir necha qishloq jamoalari), viloyat (bir necha tuman) aholisining munosabatlarini nazorat qilish, boshqarib turish zaruratidan kelib chiqqan.




  1. Boshqaruv asoslarining shakllanishini ketma-ketlikda ko’rsatib bering.

Javob: Boshqaruv asoslarining shakllanishi

Jamiyatning ijtimoiy – amaliy vazifalar jihatdan bo’linishi

Iqtisodiy, harbiy va diniy omillarga asoslangan diniy boshqaruvning ajralib chiqishi

Boshqaruvning dastlabki ijtimoiy foydali faoliyatdan kasbiy boshqaruvchilikka aylanishi

Boshqaruvchi lavozimini bajaruvchi shahslarni moddiy rag’batlantirish

Hokimiyatni huquqiy jihatdan rasmiylashtirish Davlatning turli vazifalarini huquqiy tartibga solish




  1. Qadimgi davrda ijtimoiy mansablar va boshqaruvning paydo bo’lish asoslarini chizmada ko’rsatib bering.

Javob: O’zbekiston tarixida boshqaruv asoslari va tamoyillarining shakllanishi chuqur ildizga ega.Uning dastlabki bosqichlari qadimgi davr va o’rta asrlarga oiddir. CHor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida va totalitar ma’muriy – buyruqbozlik tizimi yillarida menejmentning o’ziga xos xususiyatlari rivoj topgan.

IX – XII asrlarda O’zbekiston va O’rta Osiyoda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohdar sulolalari boshqargan yirik davlatlar vujudga keldi.

Davlatchilikning yangi bosqichi XIV asr oxiri -  XV asrni o’z ichiga olib, Amir Temur va temuriylar sulolasi hukmronligi davri bilan uzviy bog’liqdir.

XVIII asrning o’rtalariga kelib O’rta Osiyo hududida uchta davlat (Buxoro amirligi, Xiva va Qo’qon xonliklari) paydo bo’ldi




  1. O’rta asrlardagi boshqaruv haqida nimalarni bilasiz?

Javob: O’rta asrlarda boshqaruvning asosiy funktsiyalari davlatlarning iqtisodiy– siyosiy va ijtimoiy hayotini tashkil etish va nazorat qilishdan kelib chiqqan. Hokimiyat markaziy (umumdavlat) va mahalliy idoralar faoliyatiga tayangan. Mahalliy- hududiy idoralar markaziy boshqaruv idoralari tomonidan nazorat qilingan.


  1. "Tizimli" yoki zamonaviy menejmentning moxiyati nimada?

Javob: XX asrning 60-80-yillarida g’arbda zamonaviy menejment rivojlana boshlandi.

g’arb nazariyotchilari boshqaruvning ijtimoiy tizimlar maktabini tashkil qilish

maqsadida:

 tizimli yondoshuv asoslarini ishlab chiqishdi;

 yaxlit tizim bilan uning qismlari munosabatlari masalalarini ko’rib chiqishdi;

 bir qancha o’zgaruvchi omillarning boshqaruvga ta'sirini o’rganishdi.




  1. O’zbekistonda menejment nazariyasi qachon shakllana boshlagan?

Javob : Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar boshqaruv va menejmentning rahbar kadrlarni tarbiyalashdagi o’rnini tadqiq qilishni taqozo etmoqda. Ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik, erkin jamiyat qurishga qaratilgan tub islohotlarning natijalari esa, ana shu sohadagi faoliyatni qanday tashkil etilganiga ko’p jihatdan bog’liq. Bu, o’z navbatida, mazkur yo’nalishda ham turli tarzda namoyon bo’layotgan maqsad, manfaat va intilishlarni ro’yobga chiqarish uchun jamiyatni demokratlashtirish, yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etish, uning iqtisodiy, siyosiy mustaqilligini mustahkamlash tamoyillariga tayanish lozimligini ko’rsatadi. Bu haqda O’zbekiston Prezidenti: “ mustaqillikni mustahkamlash, jamiyatni demokratlashtirish va yangilash biz uchun hamisha birinchi darajali ustuvor maqsad va vazifa bo’lib qolaveradi”[1], deya bejiz ta’qidlamagan.

            Mamlakatda shakllanayotgan boshqaruv va menejmentning tushuncha va tamoyillari Prezident Islom Karimov asarlarida asoslab berilgan. Bu borada “O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li”, “O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura”,  “O’zbekistonning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari”, “Hozirgi bosqichda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning muhim vazifalari”, “Bunyodkorlik yo’lidan”, “O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari”, “Adolat, Vatan va xalq manfaati: har narsadan ulug’”, “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q”, “O’zbekiston buyuk kelajak sari”, “O’zbekiston XXI asrga intilmoqda”, “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot – pirovard maqsadimiz”, “Jamiyatimiz mafkurasi xalqni – xalq, millatni – millat qilishga xizmat etsin”, “O’zbek xalqi hech qachon, hech kimga qaram bo’lmaydi”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kabi asarlarni alohida ko’rsatish mumkin.

            O’zbekiston Demokratik huquqiy  davlatni  barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo’lidan dadil qadamlar bosib bormoqda. SHu maqsadlar sari mamlakatimizda adolat mezonlarini qaror toptirish va buning uchun qonun ustuvorligini ta’minlash talabi aniq va ravshan belgilab olingan.


  1. Amir Temur davlatni boshqarishda qanday printsiplarni asos qilib olgan?

Amir Temur o’z davlatini barpo qilishda o’tmishda mavjud bo’lgan siyosiy boshqaruv tajribalaridan keng foydalandi. Biroq, uning davlat boshqaruv tizimi qo’l ostidagi butun hududda yagona, markazlashgan siyosiy tartib asosiga qurilgan bo’lib, bu sohadagi tajribalar idora usullari bilan boyitilgan edi. “Temur tuzuklari” da davlatchilikning quyidagi muhim asoslariga amal qilish haqida xabar keltiriladi:

* davlatning siyosiy jihatdan mustaqil bo’lishi;

* davlat va jamiyat siyosiy yaxlitligining buzilmasligi;

* davlat va jamiyatning muayyan qonunlar, tartiblar, mafkura asosida boshqarilmog’i;

* boshqaruv tizimini muvofiqlashtirib turuvchi qoidalar shakllangan bo’lishi;

* jamiyatdagi ijtimoiy – iqtisodiy munosabatlarning ahvoli davlat e’tiborida bo’lishi.




  1. "Ilmiy menejment" maktabi va F. Teylor ta’limotining mohi­yati nimada?

Javob: Ilmiy menejment. Sanoat korxonalarida past samaradorlik sabablarini o’rgangan yosh amerikalik olim Frederik Uinslou Teylor ishchilar mehnat unumdorligining o’sishiga asosiy to’siq bo’lib turgan omil – menejment darajasining pastligidir, degan xulosaga keladi. Tadqiqotchi boshqarish tamoyillarini o’zgartirishni, eng muhimi, bu ishni ilmiy tavsiyalarga qat’iy rioya etgan holda amalga oshirishni taklif etadi. F.Teylor ilmiy menejmentning asoschisi bo’lib qoldi. Bu sohada asosiy e’tibor boshqarish jarayoniga ilmiy asoslangan o’zgarishlar kiritish yo’li bilan mehnat unumdorligini o’stirish muammolariga qaratildi. F.Teylor amaliyot va an’analarga asoslangan qarorlar o’rnini voqea-vaziyatni aniq o’rganish xulosalariga asoslangan qarorlar olishi lozimligini ko’rsatdi. F.Teylor tomonidan taklif etilgan yondashuv Betlexem SHtele kompaniyasi zavodlaridan birida 1898 yilda sinovdan o’tkazildi. Tadqiqotchi oldiga temir rudasi ortilgan temir yo’l vagonlarini bo’shatish va ularga tayyor mahsulotlarni ortishda  mehnat unumdorligini oshirishga erishish vazifasi qo’yilgan edi. F.Teylor o’tkazgan dastlabki tahlil shuni ko’rsatdiki, mehnat jarayonida keraksiz, ortiqcha harakatlarni bartaraf etish, mukammalroq asboblardan foydalanish va ish tartibini o’zgartirish har bir ishchining mehnat unumdorligini odatdagi 12,5 tonna po’latdan 47,5 tonnagacha oshirish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, olim mehnatga haq to’lashning rag’batlantiruvchi tizimini joriy etishni taklif etdi, ya’ni normani bajargan ishchi har smenadagi ishi uchun 1,85 dollar (odatda 0,70 dollar) olishi m\umkin edi. Natijada kompaniyada mehnat unumdorligi deyarli 24 soatda keskin o’zgardi.

“Ilmiy menejment”ning otasi F.Teylorning izlanishlari boshqa tadqiqotchilar tomonidan ham qo’llab-quvvatlandi. Genri Gantt  taklif etgan Gantt grafigi ancha shuhrat qozondi. Bu grafik ishlab chiqarish jarayonining hamma bosqichlarida rejadagi va haqiqiy hajmlarni aks ettirar edi. Ilmiy menejmentga er-xotin Lilian va Frenk Gilbertlar ham katta hissa qo’shdilar. F.Gilbert (1869-1924) mehnatni oqilona tashkil etishga alohida e’tibor berdi va u yoki bu ishni bajarishning “eng yaxshi usulini topish”ga  intilishi bilan shuhrat  qozondi.





  1. "Ilmiy menejment"ning namoyandasi G. Emerson kaysi printsiplarni olg’a suradi?

G. Emerson ilmiy boshqaruv printsipini mohiyatiga ko'ra quyidagi ketma-

ketlikda bayon qilgan.

1. Aniq qo'yilgan maqsad va g'oyalar.

2. Oqil, sog'lom fikr.

3. Jozibali, e'tiborli mahsulot.

4. Intizom.

5. Xodimga nisbatan adolatli bo'lish.

6. Tezkor, ishonchli, to'liq, aniq va muntazam hisob-kitob.

7. Dispetcherlash.

8. Me'yorlar va jadvallar.

9. SHaroit bilan ta'minlash.

10. Operatsiyalarni me'yorlash.

11. Standart yo'riqnomalarni tayyorlash.

12. Unumdorlikni rag'batlantirish.




  1. "Mumtoz menejment"ning moxiyati nimada?

Javob: Mumtoz menejment yo’naltiriladigan yana bir ilmiy maktabni yevropalik Maks Veber (1864-1920) yaratgan. Bu maktab tashkilotni bir butun yagona byurokratik tashkilotlar kontseptsiyasi nuqtai nazaridan tahlil qiladi. XIX asr oxirida Yevropadagi ko’pgina kompaniyalar “shaxsiy”, oilaviy asosda boshqarilar edi, ya’ni xodimlar tashkilotga emas, balki muayyan bir kishiga ishlar edi. Bunday amaliyot bir qancha salbiy tomonlarga ega edi; tashkiliy resurslardan kompaniya maqsadlari xaridorlarga xizmat ko’rsatishdan ko’ra ko’proq yakka (shaxsiy) xodimlar ehtiyojlarini qondirishda foydalanilar edi. M.Veber kompaniyalar shaxssiz, oqilona asosda boshqarilishi kerak, degan fikrni olg’a surdi va bu tashkiliy shaklni byurokratiya tarzida belgiladi.

SHunday qilib, byurokratik tashkilot kontseptsiyasi mumtoz menejmetning sohalaridan biri bo’lib, unda asosiy e’tibor xodimlarning lavozim (xizmat) vazifalarini va javobgarligini aniq belgilab qo’yish, rasmiy hisobotni joriy etish, mulk egaligi va boshqarishni bir-biridan ajratish vositasida oqilona shaxssiz boshqarishga  qaratiladi.




  1. "Mumtoz menejment"ning namoyandasi A. Fayol kaysi printsiplarni olga surgan?

Javob : Anri Fayol (1841-1925) asosan o’zining boshqarish tajribalari asosida ma’muriy tamoyillar kontseptsiyasi doirasida o’z qarashlarini umumlashtirdi.

U o’zining  eng mashhur “Umumiy va salbiy boshqaruv” asarida menejmentning 14 ta asosiy tamoyillarini ko’rsatib berdi. Ularning ayrimlari hozirgi kunda ham boshqarish nazariyasida muhim ahamiyatga ega, xususan:

yakka hokimlik. Har bir bo’ysunuvchi buyruqni faqat bir boshliqdan oladi;

mehnat taqsimoti. Boshqarish va texnik mehnatning ixtisoslashuvi xuddi shunday intilishlar doirasida yuqoriroq natijalarga erishishga imkon beradi;

yagona yo’nalish va yakka ish rejasi. Tashkilot doirasidagi faoliyat turlari bir menejer rahbarligi ostida birlashtirilishi lozim;

boshqarishning skalyar zanjiri. Tashkilot ierarxiyasining cho’qqisidan boshlanadigan hokimiyat vakolatlari zanjiri jami xodimlarni qamragan holda quyi tomonga yetib keladi.




  1. "Inson munosabatlari" maktabining moxiyati nimada?

 Javob: Insoniy munosabatlar maktabi namoyondasi D. Mak Gregorning X va Y nazariyasi

"Ilmiy menejment" va "mumtoz menejment" namoyandalari mehnatni ilmiy tashkil qilish usullarini ishlab chiqishdi va mehnatni texnokratik boshqarilishiga asos solishdi. Bu usulga ko’ra:

  • rahbarning xodimga bo’lgan munosabatlari alohidalashtiriladi;


  • mehnatni rag’batlantirish qat'iy normalashtirildi;


  • mehnatni rejalashtirish va nazorat qilish qat'iylashtirildi;


  • mehnatni "jismonan majburlash" joriy qilindi;


  • yollanma ishchidan "fikrsiz robot" sifatida foydalanish usuli qat'iy o’rnatildi.


Mehnatni texnokratik boshqarish usuli yollanma ishchilarning mehnat unumdorligini oshirishda g’oyatda samarador va maqbul usul sifatida ko’p yillar davomida xizmat qildi. Ayniqsa, bu usul G. Ford zavodlarida yuqori rivojlanishga erishdi. Uning boshqa izdoshlari ishlab chiqarishni uzluksiz-konveyner usulida tashkil etish orqali boshqarishni markazlashtirishga, mehnatni ilmiy tashkil etishga, unumdorlikni keskin oshirishga erishdilar.

1850-1860 yillarda fan-texnika omilining kuchayishi mehnatni tashkil qilish va uni boshqarishda qo’llanilayotgan texnokratik usulning takomillashtirilishini taqozo etdi. Fan texnika taraqqiyoti yangi texnologiyalarning kirib kelishini jadallashtiradi. Endi ishchi kuchiga bo’lgan munosabat tundan o’zgaradi.

Shunday bir sharoitla 1820-1830 yillari AQShda ilmiy va mumtoz menejmentlarga muqobil harakat sifatida "teylorizm"ga qandaydir darajada qarshi yangi nazariya -"insoniy munosabatlar" maktabi paydo bo’ldi. Bu maktabga amerikalik jamiyatshunos va ruhshunos E. Meyo (1880-1949) asos soldi.

Bu maktab nuqtai nazaridan:

  • ishchi - bu fikrsiz robot emas, balki obro’-e'tiborga, o’z-o’zini hurmat qilishga, o’z qadr-qimmatini his etishga;


  • boshqa kishilar tomonidan ma'qullanishga, shaxsiy maqsadlar va manfaatlarga erishishga intilishda muayyan ijtimoiy ehtiyojlarga ega bo’lgan individdir.


Ayni individlar kompaniya va firmalarning manbai ekanligidan kelib chiqib, insoniy munosabatlar maktabi boshqaruvining:




  • tashabbuskorlikdan;


  • ishchilar bilan hamkorlikdan;


  • kompaniyadan "birdamlik ruhi" va "mushtaraklik tuyg’usi"ni shakllantirishdan foydalanish hamda ularni rag’batlantirishga asoslangan tegishli usullarni ishlab chiqdi.


Amerikalik olim D. Mak-Gregor (1906-1964) "inson munosabatlari" maktabining atoqli namoyandalaridan hisoblanadi. U inson xulq-atvorining ikki modeli, xodimning o’z mehnatiga ikki xil munosabatda bo’lishi mumkinligini inobatga olib X (iks) va U (igrik) nazariyasini yaratdi.

X (iks) nazariyasiga ko’ra, namunaviy yollanma ishga - tabiatdan yalqov bo’lgan kishi, shu sababli u topshirilgan ishdan bo’yin tovlashga urinadi, unda izzattalablik, mas'uliyat sezish, fahm-farosat etishmaydi. Bunday holatda xodimni doimo majburlash, nazorat qilish, jazolash va jarima solish qo’rqitib turish zarur.

Y (igrik) nazariyasi birinchisiga qarama-qarshi: yollanma ishchilar tabiatan faol, ularga tashabbuskorlik va uddaburonlik, o’z zimmasiga mas'uliyat olish salohiyati xosdir. Bunday holda menejerning vazifasi kishilar o’z maqsad va manfaatlariga g’oyat maqbul tarzda erishadigan shart-sharoitni yaratishdan iborat bo’lgan. Kompaniyaning siyosati va istiqboli esa xodimlarning xulq-atvoriga asoslangan holda tashkil etilishi kerak. Bu nazariyaga muvofiq keluuchi ishchini rag’batlantirish va unga qulay muhit yaratib berishgina kifoya qiladi.



Albatta, har ikkala nazariya ham faqat nazariyadir. Amaliyotda ular sof ko’rinishda uchramaydi. Inson murakkab va ziddiyatli mavjudot. U o’zida ham birinchi, har ikkinchi modellar sifatini mujassamlashtiradi. Boshqarishning yuksak san'at ekanligi ham ana shu ikki jihatni uyg’unlashtirishdir.
Download 64.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling