Ҳозирги замон достонларида тарихий воқелик ва шахс талқини


Malakaviy ishning tuzilishi va hajmi


Download 220 Kb.
bet3/7
Sana30.04.2023
Hajmi220 Kb.
#1413841
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Hozirdiiy mahorat

Malakaviy ishning tuzilishi va hajmi: Ushbu bitiruv malakaviy ishi ikki bob, to‘rt fasldan iborat bo‘lib xulosa va foydalanilgan adabiyotlarni tashkil etadi. Ish sahifada o‘z aksini topgan.
I. Боб. DOSTON JANRI VA UNING TARAQQIYOT BOSQICHLARI
1.1. Doston janri taraqqiyoti haqida
XX asr o‘zbek adabiyotida doston janriga mansub asarlar muhim o‘rin egallaydi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Mirtemir, Sulton Jo‘ra singari shoirlar ijodida shakllangan mazkur jarayon M.Shayxzoda, Zulfiya, Saida Zunnunova, Asqad Muxtor, Shukrullo, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Husniddin Sharipov, Azim Suyun, Oydin Hojiyeva singari turli avlod va bo‘g‘inga mansub shoirlar ijodida yanada to‘lishdi va taraqqiy etdi. Natijada o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyot va jahon poemachiligining hayotbaxsh an’analaridan oziqlangan lirik va liro-epik dostonlarning o‘ziga xos badiiy tizimi vujudga keldi.
“Doston” so‘zi asli forscha bo‘lib makr, firib, hiyla, navo, maqom, afsona, doston ma’nolarini bildiradi. Adabiyotshunos D.Qurbonovning hozirda ommaviylik kasb etgan “Adabiyotshunoslik lug‘ati” (T., 2010) kitobida u “turkiy xalqlar og‘zaki ijodidagi epik janr. Xalq og‘zaki ijodidagi dostonlar voqeaband sujet asosiga qurilgan yirik hajmli asarlar bo‘lib, ular baxshi jurligida ijro qilingan, og‘izdan-og‘izga o‘tib bizgacha yetib kelgan. Mumtoz adabiyotimizdagi dostonlarning aksariyati yaxlit voqea asosidagi sujetga qurilgan (mas. “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”) epik asarlar tashkil qiladi” (94-bet) deyiladi.
Biroq, poema atamasining izohini ham doston atmasi izohiga havola etadi. Lekin hozirgi adabiy jarayondagi bu asarlarni bir xil ma’noda ishlatish o‘zini oqlamaydi.
Istiqlol yillarida dostonchilik o‘ziga xos tamoyillar asosida taraqqiy etdi. Zulfiyaning “Xotiram siniqlari”, A.Oripovning “Ranjkom” dostonlari bilan boshlangan mazkur jarayon o‘tgan davr mobaynida ancha to‘lishdi. I.Otamurodning “Sopol siniqlari”, “Ichkari...Tashqari”, “Tag‘azzul”, T.Nizomning “Avvalu oxir”, “Girya”, “Suhbat”, “Poyga”, H.Sharipovning “Ming ikkinchi kecha”, O.Hojiyevaning “Ziyorat”, A.Suyunning “O‘zbek davlati”, Y.Eshbekning “Ona Turkiston”, M.Toirning “Otamning o‘kinchi”, “Ogoh bo‘l, dunyo”, A.Yo‘ldoshevning “Qiyshiq poydevor qurbonlari”, Faxriyorning “Ayolg‘u”, E.Shukurning “Naqshband”, K.Avazning “Ogahiy” singari turli mavzu va yo‘nalishdagi dostonlar dunyo yuzini ko‘rdi. Bu asarlarda shoirlarimiz, yurtboshimiz o‘rinli ta’kidlaganiday: “xalqimiz qalbini, uning oliy maqsadlari, bugungi hayoti, taqdiri va kelajagini yaqindan biladigan insonlar sifatida” ko‘rinadi.1
Demak, XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek dostonchiligining rivojlanish xususiyatlaridan biri liro-epik asarlar badiiy tizimiga, ichki tarkibiga rivoyat, afsona, ertak va naqllar syujetlarining singdirilishidir. Bunda dostonlar badiiy qurilishida ijtimoiy-falsafiy, estetik-ma’rifiy vazifalarni bajarib keladi. Ko‘pincha ulardan kompozitsion ko‘rinish, kompozitsion vosita sifatida ko‘proq foydalanilganligi kuzatiladi. Binobarin, rivoyat, afsona va naqllarning dostonlar tarkibiga olib kirilishi turli badiiy vazifalarni ado etadi.
Demak, doston mazmuni ifoda etilgan shakl yoxud poema tarkibiga kiritilgan folklor materialining epik mazmundorligi hisobiga badiiylikni, estetik ta’sirchanlikni oshirishga, axloqiy-ta’limiy mazmunni o‘ziga xos shaklda kuchaytirib ifodalashga xizmat kiladi. Keyingi yillar o‘zbek dostonchiligi badiiy qurinishidagi kompozitsion yangilanish ko‘proq shu bilan belgilanadi.
Afsonalar poemalar tarkibiga kiritilganda nafaqat ijodkorning g‘oyaviy-badiiy niyatini yuzaga chiqarishga, balki asarning tasvir usulini belgilashga ham xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, u orqali asarning milliy ruhi yanada ortadi.
Chunonchi, Omon Matjonning "Haqqush qichqirig‘i" dostonida qirq afsonadan foydalanib, asar mustaqil kichik-kichik qismlarga, syujet yo‘nalishlariga solingan. Shuning uchun shoir bu asarini “Qirq afsona” deb ham ataydi.
Ma’lumki, afsona xalq og‘zaki ijodining qadimiy janrlaridan biri bo‘lib, epik bayon shaklida yaratiladi. Ularda yurt mustaqilligi, ozodligi, erki uchun kurashgan xalq qahramonlarining jasorati haqida hikoya qilinadi. Bugungi dostonchilik sahifalariga nazar tashlansa, shoirlar afsonaga tez-tez murojaaat etayotganliklarini kuzatish mumkin. Buning sabablari nimada? Avvalo, ijtimoiy voqelik shunday ma’naviy ehtiyojni vujudga keltirdi. Qolaversa, sobiq tuzum davrida poetik fikrni oshkora aytish imkoniyati bo‘lmagan. Ijodkorlar esa xalqning dilidagi ijtimoiy dardlarni, ularning tuyg‘u-kechinmalarini o‘z asarlarida aks ettirishlari kerak edi. Mana shunday sharoitda afsona ularga ko‘makka keldi. Shoirlar xalqimiz qalbida yashirinib yotgan dardlar­ni shu yo‘l bilan ifoda etdilar.
Muallif shaxsiyatining doston markazida mustahkam o‘rnashishi janrning barcha tizimlarini, jumladan, uning qurilish xarakterini ham belgilaydi. Muallif shaxsiyatning asar markazini tashkil etishi esa lirikaning asosiy belgisi ekanligi ko‘plab tadqiqotlarda isbotlangan.
Lirika unsurlari, epik parchalar va dialog ko‘rinishidagi dramatik manzaralar bilan yaxlit bir butunlikda zamonaviy dostonlarning murakkab gavdalantirmoqda. Obyektiv olamni tasvirlashda lirikaning imkoniyatlari katta
Jamiyat va shaxs ichki dunyosidagi ziddiyatlar, manzaralar, umuman davrning eng muhim masalalari epik lirika, ya’ni dostoniy lirikada individual dunyoqarashiga ega bo‘lgan shaxs nuqtai-nazaridan yoritiladi. Hamda bu xususiyat zamonaviy dostonlarda lirik tur belgilarining ustivor o‘rniga ko‘tarilganligini ko‘rsatib turibdi. G‘arbiy Yevropa dostonchiligida lirik tur xususiyatlarining ustivorligi XIX asrning birinchi yarmidan boshlab kuzatiladi. O‘zbek dostonchiligida ang’anaviylik xususiyatlarining ustivorligi XX asrning 20-30 yillar orasidagi namunalarida boshlangan bo‘lsa-da, bu yo‘nalish 60-yillariga kelib o‘zining kamolot bosqichlariga ko‘tarildi. Omon Matjonning “Haqqush qichqirig‘i” H.Xudoyberdiyevaning “Qasam”, S. Zunnunovaning “Ruh bilan suhbat” kabi asarlarida an’anaviylik xususiyatlarining yetakchi ko‘tarilganligi yaqqol namoyon bo‘ladi.
XX asrning 60-70 yillarida sobiq ittifoq matbuotida dostonchilik borasidagi ko‘p bahslar bo‘lib o‘tdi. (Bu haqda “Literaturnaya gazeta” ning 1965 yilgi sonlarini, “Literaturnaya obozreniya” jurnalining 1973-1974 yillardagi nashrlarini kuzatish kifoya). Bu kuzatishlarda har xil fikrlar bilan dostonning sintetik tabiatidagi u yoki bu jihat turli tarixiy davrlarda muayyan darajada yetakchilik qilishi mukinligi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etildi.
Bunday xususiyat zamonaviy o‘zbek dostonchiligiga ham xosdir. Ularda lirik, epik va dramatik tasvir usullari tobora faollashib bormoqdaki, muayyan asarni ma’lum bir tur va janrga mansubligini aniqlash murakkablashmoqda. Shuning uchun dostonlarni tahlil etishda u yoki bu tur qurilishiga xos belgilardan qaysi birining ustivorligiga e’tibor qaratmoq lozim ko‘rinadi. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashganda XX asrning 60-yillaridan keyingi o‘zbek dostonchiligida lirika qurilishiga xos xususiyatlar yetakchilik qilib kelayotganligini kuzatish mumkin.
Voqealar tizimini hikoya qilishga asoslangan epik qurilishdagi dostonlar bugungi kunda ham yaratilmoqda. Ammo so‘nggi yillarida epik qurilishga asoslangan bunday dostonlarning yaxshi namunalari yaratilayapti, deb aytish mushkul. Davrning qon tomirlarida kechayotgan botiniy jarayonlar, zamondoshlar ruhiyatidagi murakkab o‘zgarishlar dostonnavislardan teran psixologik tahlillarni, qalbning sir-sinoatiga to‘la jumboqlariga javob izlashni talab etmoqdaki, bu talab lirik qurilish andozalariga mos shakllarda ro‘yobga chiqadi.
Omon matjonning “Nega men?” dostoni 1987 yilda, sobiq markaz tarafidan uyushtirilgan “O‘zbeklar ishi” ning shov-shuvi davom etayotgan paytlarda yozilgan. Asarning “Bolalarga bir nima bering” bobida shunday bir voqea tafsiloti aks etgan. O. Matjon O‘zbekistonga mehmon bo‘lib kelgan rusning yetuk shoiri Yevgeniy Yevtushenkoni Buxoroga kuzatib borar ekan, yo‘lda bir manzaraga duch kelishadi.
“Mana bu-paxtazor! Kelinglar, ko‘ring!
Ehtiyot! Yaqinda dori sepilgan!...”
Salkam odam bo‘yi g‘o‘zalar aro
Bolalar g‘imirlab yurar edilar...
“Zahar?! Unda nega bolalar kirgan?
Bolalar?!”
Shoirim junbushga keldi.
Uch-to‘rtta jujuqni yoniga to‘plab,
Bir nelar so‘radi, bir nelar dedi
Mazkur misralarda dramatik ohangdagi epik manzara lirik ifodaga tortilgan. Ta’kid (so‘roq va undovlar vositasida), serqatlamlilik (uch nuqtalar vositasida), g‘oyaviy mazmun talabiga ko‘ra so‘zga ijtimoiy salmoq yuklash (“Ehtiyot!”, “Zahar?!”, “Bolalar?!” kabi), poetik sintaksisni yuzaga chiqaruvchi siqiqlik, ritm (bo‘g‘inlar miqdorining muayyan tartibda takrorlanishi), qofiyalanishi tartibining birgina fe’l turkumiga oid so‘zlardan tarkib topishi (“sepilgan” “kirgan”, “keldi”, “dedi”), antiteza (dori sepilgan paxtazorda bolalarning g‘imirlab yurishi) singari qator belgilar dramatik xarakterdagi epik lavhaning lirik qurilishidan darak beradi.
O.Matjonning “Erkin havolarda” to‘plamiga yozgan so‘ngi so‘zida adabiyotshunos Suvon Meli ham shoir she’riyatining ana shu jihatlariga alohida e’tibor qaratadi. “Epiklik Omon Matjon ijodini yetakchi xususiyati bo‘lib, hatto uning lirik she’rlarida ham bu xususiyat bo‘rtib ko‘zga tashlanadi. Shoir asarlarining gap qurilishi-poetik-sintaksisi ham o‘ziga xos va bu ijodkor badiiy tafakkuridagi voqeabandlik an’anaviylikdan tug‘ilgan ezgu hosila deyish mumkin”
Badiiy tasvir vositalari asar tilining shirali, bo‘yoqdor, rang-barang bo‘lishiga yordam beruvchi omillardandir. Bu xususiyat she’riyatda yaqqol seziladi. Chunki, lirika tabiatidagi ixchamlik, siqiqlik ko‘chma ma’no tashuvchi badiiy tasvir vositalariga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Zamonaviy dostonlarimiz tabiatida ham bu xususiyat kuchaymoqda.
Dostonning lirik liro-epik, dramatik ko‘rinishlarida badiiy tasvir vositalarining maqomi har qachongidan kuchaygan. Tasvir vositalarining quyuq qo‘llanishi murakkab kechinmalar tasvirini chizishda, rangin ruhiy holatlarni siqiq va aniq ifoda etishda qo‘l kelayapti. Poema tilidagi lakonizm xususiyat bo‘rtib ko‘rinmoqdaki, bu ham lirik qurilish alomatidir. Lirikaga xos takrorlar, qaytariqlar, ta’kidlar, intonatsiyalar, ritorik so‘roq va murojaatlar ham lirika “men” ning dostoniy qiyofasini yaratishda muhim rol o‘ynamoqda.
Har qanday dramada komediya yoki tragediyaning ma’lum bir xususiyatlarini uchratish mumkin. Biroq ular xarakterlar rivojida, sujet qurilishida shunday bir o‘rinni ishg‘ol qilishadiki, bu bilan janr shakllanmaydi. Zamonaviy dostonlar tabiatida ham shunday bir holga duch kelamizki, bunda lirik asosning ustunligi yaqqol sezilib turadi.
Omon Matjon poemalarida lirizm va epizm mutanosibligi E. Vohidov dostonlaridan ancha farq qiladi. Bu farq epik hodisalarga lirik nazar bilan qarashda namoyon bo‘ladi. Uning “Gaplashadigan vaqtlar”, “Cho‘ldagilar”, “Nega men?” poemalarida shu holatni kuzatish mumkin. Bu, albatta, shoirning individual uslubidan, shaxsiyatidan, olamni idrok etish tarzidan kelib chiquvchi qonuniy poetik hodisadir. O. Matjonning aksariyat she’rlarida ham shu poetik uslubni ilg‘ash qiyin emas. Epik voqealarga lirik nigoh bilan qarash muallif nutqini jonli so‘zlashuv tiliga yaqinlashtiradi. Omon Matjonning “Nega men?” poemasi shu jihatidan xarakterlidir.
...Bosh imom alhol bir kalom aytmayoq
Qolganlar qo‘l tiklab, takrorlab yakdil,
Chapak chalardilar, “xo‘p-xo‘p” derdilar,
Chehra ham, yuz-ko‘z ham, tillar ham bir xil...
“Ha-ha” muridlari, “xo‘p-xo‘p!” qullari
Samolyotga chiqib hammadan burun,
Yetib kelasolib poytaxtlariga
Majlis boshlardilar shu kun kechqurun
Dostonning ayrim o‘rinlarida epik tasvirning maqomi oshgandek taassurot qoldiradi, biroq shoirning ana shu epik lavhalarga bo‘lgan emotsional munosabati liro-epik eshlikni vujudga keltiradi. Asar boblari hayotning alohida-alohida manzaralar tasviridan tarkib topgan. Lirik “men” ning voqelikka faol aralashuvi alohida-alohida lavhalarga yaxlitlik bag‘ishlaydi.
Doston hayotning xilma-xil muammolari, uzoq va yaqin kechmishning achchiq saboqlari, inson tabiatining tushunish va tushuntirish qiyin burchi kabi masalalarda bahs yuritadi, hayotga, xalq taqdiriga ochiq ko‘z bilan qarashga undaydi, mudroq tuyg‘ularni bedorlikka chorlaydi.
Omon Matjon badiiy mahoratning yuqori pog‘onalarga ko‘tarilayotgan va g‘oyaviy-badiiy kashfiyotlar yaratish uchun izlanishda davom etayotgan ijodkor. Shoirning “Haqqush qichqirig‘i” dostoni uslubiy izlanishlardagi badiiy kashfiyotlardan biri bo‘ldi.
Afsonalarga murojaat etish tajribasi Omon Matjonning “Haqqush qichqirig‘i” dostoni dunyoga kelguncha ham mavjud bo‘lib, bu hol adabiy jarayonda insoniyatning ma’naviy o‘tmishiga murojaat sifatida yetakchilik qildi.
Adabiyotshunos G‘.Mo‘minov mazkur poema haqida mulohaza yuritar ekan, shunday yozadi: “Omon Matjon o‘z dostonini qirq afsona asosida quradi. Lekin bular shunchaki afsonalarni qayta hikoya qilib berish emas, balki shu afsonalar asosida yaratilgan she’rlarning mantiqida muhim hayotiy problemalar yotadi. Shoir dunyo voqealari, kishilar munosabati, ularning takdir va qismatlari, ular zimmasidagi mas’uliyat, hayotning kichik zarralarida namoyon bo‘luvchi muammolari xususida xayolga toladi, mushohada yuritadi, o‘quvchini ham hayot jumboqlari haqida, kelajak haqida fikr yuritishga chaqiradi”.1
Haqiqatan, Omon Matjon poemasida nazm va nasr uyg‘unligida yaratilgan katta-kichik hajmdagi qirq afsona zamonaviy voqelikni aks ettiradi. Ularning har biri, folklorshunos S.Mirzayeva o‘rinli ta’kidlaganiday: "mustaqil syujetga ega va ular shoirning adolat, insof, poklik, e’tiqod, burch singari inson ma’naviy kamolotining asosiy sifatlari haqidagi qarashlari bilan ichki bog‘lanishga ega”.2
Ma’lumki, afsonaning muhim xususiyati, unda voqelikning xayoliy uydirmaga tayangan holda og‘zaki bayon etilishi va sehr-joduga asoslanishi bilan belgilanadi. Shu mohiyatdan kelib chiqilsa, Omon Matjonning "Haqqush qichqirig‘i" dostonida afsona ikki xil: 1) voqelikni tasvirlashda xalq afsonalari syujetidan foydalanish; 2) voqelikni afsona usulida tasvirlash ma’nosida qo‘llanganligini kuzatish mumkin.
Asarga Alisher Navoiyning “Yozmoqda bu ishqi jovidona, Maqsudim emas edi fasona” tarzida boshlanuvchi misralarning epigraf qilib keltirilganligidan ham ijodkorning asl maqsadini anglash qiyin emas. Zero, shoir afsonani juda ko‘p o‘rinlarda "libosi mavzun" tarzida qo‘llagan.
Poemadagi birinchi afsona “Tabiatning ikkinchi siri” deb nomlanadi. Bundagi lirik kirish badiiy usul bo‘lib, unda bahor manzarasi tasvirlanadi va shoir uni bolalar xarakteriga mengzaydi. Yoxud “toshdan toshga irg‘ib, quvalashayotgan” soyni bir to‘p shumtakalarga, “gullarning lov qizarib turishini” qizaloqqa o‘xshatadi. Tabiatning ikkilamchi ko‘rki-tarovatini mana shularda ko‘radi. Shu asosda shoir afsona syujeti bayoniga kirishadi. Afsonaning qahramoni bolalardir. Qirga o‘ynash uchun ketgan bolalar qaytishganida mudhish hodisaga: jona-jon qishloqlari vayron qilinganiga guvoh bo‘lishadi. Xarobalar osha o‘zlariga sevimli bo‘lgan narsalarni, yaqin insonlarini izlagan bolalar hech narsani topolmaydilar. Bu holat “mitti qalblarga cheksiz xo‘rlik, yolg‘izlik tuyg‘usini soldi”. Shunda g‘alati holat yuz beradi: “Shu payt birinchi bo‘lib gapirgan eng kichkina qizaloq yana gapirdi: −Oyijonim aytgan edilarki, bo‘ying o‘sib anavi qizil gulimizga tenglashib qoldi. Endi o‘sha gul ham yo‘q... Biram o‘sha gulga aylanib qolgim kelyaptiki... Birdan mo‘jiza yuz berdi. Qizaloq qizil gulga aylanib qoldi".Buni ko‘rib bir bola ham o‘z istaklarini aytadi. U ham soyga aylanib ketadi. Uchinchi bola buni ko‘rib qishlog‘ida qayta hayot tiklanishini so‘raydi va boyagi "toshqin soy bo‘yida chinorlar, uylar, bog‘lar, kushlar paydo bo‘ladi. Chollar, otalar, xotinlar ko‘rinadi"1.
E’tibor berilsa, bunda afsonaga xos muhim jihat - voqelikning sehr-jodu asosida ifoda etilishi ko‘zga tashlanadi. YA’ni, xarobaga aylangan makonda qizil gul, toshqin soy, chinorlar, uylar, bog‘larning bir zumda paydo bo‘lishi, odamning boshqa ko‘rinishga evrilishi mo‘jizali holatdir. Demak, bunda afsona atamasi o‘zini oqlagan.
Dostondagi ikkinchi afsona “Hevoq afsonasi” deb nomlanadi. U mazmunan toponimik afsonalar sirasiga kiradi. Chunki unda joy nomi − Xivaning kelib chiqishi izohlangan. Uning mazmuni Nuh to‘foni haqidagi afsonalar syujeti bilan bog‘langan. Nuh kemasi yo‘lga tushadi va yer ko‘rina boshlaydi. Shunda:

Kemadagi jonlarga Nuh:


"Hey! Boq! Depti. Ana, yer!
O‘sha yerdan boshlanajak
Hamma uchun ona yer!
Nuh va uning kemasi kelib tushgan zamin "Hey, boq" deb atala boshlagan ekan. Bu so‘z davrlar osha fonetik o‘zgarishlarga uchrab, Xiva shaklini olgan deyiladi.
“Ikki gul” deb nomlangan afsona professor I.Mo‘minovga bag‘ishlangan. Undagi birinchi gul, ikkinchi gul, buloq obrazlari ramziy ma’no tashiydi. Suvli-bog‘li shahar tomon yo‘l olayotgan birinchi gul jaziramada yo‘lida uchragan buloqlardan tashnaligini qondirmoqchi bo‘lganida ular yaprog‘idan tashlab ketishini so‘raydilar. Lekin birinchi gul baxilligi tufayli ularga yaprog‘idan bermaydi va natijada manzilga yetay deganda so‘lib qoladi. Shahar tomon yo‘lga chiqqan ikkinchi gul esa yo‘lida uchragan buloqlardan tashnaligini qondirish barobarida ularga yaprog‘idan bittadan tashlab ketaveradi.
E’tibor qilinsa, afsonada birinchi va ikkinchi gul obrazlari kontrast qo‘yilgan. Birinchi gul baxilligi tufayli kurib qoladi. Ikkinchi gul saxiylik qilib, yo‘lidauchragan buloqqa bargidan berib, suvidan qonib ketavergan. Natijada uzilgan barg o‘rniga suv ichgani tufayli yangi barglar chiqib, gul yanada go‘zallasha borgan. Aslida bu afsona ramziy-falsafiy mazmun tashiydi. Shoir katta olim Ibrohim Mo‘minovni ikkinchi gulga qiyos etadi. Chunki bugun O‘zbekistonning faxriga aylangan I.Mo‘minov o‘z vaqtida bilim chashmalaridan ko‘plab ilm ahlini bahramand etgan edi.
Ko‘rinadiki, afsona shoirga poetik fikrni falsafiy yo‘sinda ifodalash imkonini bergan va shu asosda Omon Matjon dostonida tasvirlagan voqelik zamonaviy mohiyat kasb eta borgan.
“Odamning yoshi” deb nomlangan afsona ham o‘ziga xos mazmuni bilan ajralib turadi. Unda Tabiat boboning bor jonzotni jamlab, hammasiga mos xizmat va mavqe berishi xamda ularga qirq yoshni belgilashi xususida hikoya qilinadi, Tabiat bobo, eshak, it, odam obrazlari orqali umr va uning mazmuni xususida fikr yuritiladi.
Qirq yosh eshak va itga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bois ular Tabiat boboga
arz qiladilar. Biroq insonga qirq yil umr ozlik qiladi. Chunki:
Qirk yosh − eng zo‘r yosh ekan
Ong − tiniq, kuch − chosh ekan.
Lekin andak tashvish ko‘p,
Umr − chop-chop, shosh ekan.
Hali uyim bitmadi,
Yig‘in−to‘yim bitmadi.
Orzu−o‘yim bitmadi
Shu asosda Tabiat bobo mulohaza qilib, eshak, itdan ortgan umrni odamga beradi.
Ko‘rinadiki, hayotiy voqelik bunda afsona yo‘sinida tasvirlangan. Bu usul ijodkorga inson umri haqida falsafiy xulosalar chiqarish imkonini bergan.
“Alla” deb nomlangan afsona shoir g‘oyaviy maqsadini yorqinroq ifoda etishga ko‘makka kelgan. Ma’lumki, alla eng qadimgi qo‘shikdir. Uning ohangida bola uxlab, orom oladi. Allada onaning farzandiga bo‘lgan cheksiz muhabbati aks etadi. Bu muhabbat Vatanga, yaqinlarga muhabbat tarzida jaranglaydi.
Afsonada Navro‘z sayli va uch dugona−Roziya, Robiya, Guljon taqdiri haqida hikoya qilinadi. Shu saylda xorijlik mato sotuvchi yigitning ishqi Roziyaga tushadi. Qizning oilasi uni noiloj xorijlik yigitga uzatishadi. Onasi qiziga baxt tilar ekan, shunday deydi: "Jon bolam, sog‘ bo‘l, salomat bo‘l. Baxtli bo‘l. Bitta o‘tinchim: bola ko‘rsang ularning hech biriga alla aytma! Aytsang, sendan butun umr norozi ketaman...”(26-bet). Roziya o‘zga yurtda ketma-ket ikki o‘g‘il ko‘radi. Roziya onasining o‘tinchini yodida saqlab, biror marta go‘daklarga alla aytmaydi. Ikki o‘g‘il ham ko‘p yashamaydi. Eri Roziyaning farzandlariga biror marta ham alla aytmaganini biladi. Uchinchi o‘g‘li dunyoga kelgandan so‘ng ham Roziya unga alla aytmaydi. Bola betob bo‘lgan paytda "eri dahshatli qiyofada hayqirdi: - Qanday onasan o‘zi?! Mehr degan narsa bormi senda ham? Bir alla aytib, bag‘ringga bossang-chi sho‘rlikni?! Alla ayt", - deydi. Roziya alla aytay desa, onasi taqiqlagan, aytmay desa gulday bolasi ko‘z oldida so‘lib boryapti. U onasining o‘tinchlarini ham unutib, go‘dagini bag‘riga bosib alla ayta boshlaydi. Shundan so‘ng bola orom olib uxlab qoladi va sekin-asta tuzala boshlaydi. Roziya endi har kun alla aytadi. Alla ohanglari orqali yaqinlari: ota-onasi, ukalari, dugonalarini eslab, ularni sog‘inganini his etadi, qishlog‘i manzaralari ko‘z o‘ngiga keladi. Bora-bora bu sog‘inch ulkan bir dardga aylanadi. Yurtiga boray desa, zamon notinch, Gurlan va u yashayotgan mamlakat orasida qattiq janglar ketmokda edi.
Haqiqatan, asarda tasvir etilgan voqea nihoyatda ta’sirchan. Xo‘sh, nega ona qizidan alla kuylamasligini so‘radi. Afsonadagi badiiy lavhalar bu savolga javob beradi. Zero, alla inson qalbiga Vatan degan muqaddas tuyg‘uni singdiradi. Chunki vatan deganda, avvalo, tug‘ilib o‘sgan yurt gavdalanadi. Unda esa ota-ona, aka-ukalar, yaqin insonlar istiqomat qilishadi. Ona aslida "uzoq yurtda bolam sog‘inchda o‘rtanmasin" deb, qizidan alla kuylamasligini iltimos qilgan bo‘ladi.
Poemadagi boshqa afsonalar ham o‘ziga xos mazmunga ega. "Haqqush qichqirig‘i" insonlarning tinch va osoyishta hayot kechirishlari mohiyatini ochishga qaratilgan. Agar Haqqush “haqq” degan ovozi eshitilsa (uni na ko‘rib bo‘ladi, na bilib), odamlar xursand bo‘lishar ekan. Chunki bu sado tinch-xotirjam yashashga ishora ekan. Shu voqelik vositasida shoir Haqqush ovozidagi g‘ayrioddiy kuchning qudratini, xalqning unga ishonchini ifodalab bergan.
Asardagi "Komil Xorazmiyning sulh tuzishni so‘ragani", "Bir Xiva − ikki qal’a", "Gurlan degan joyning nomi", "O‘n uchinchi eshik" singari afsonalar tarix sahifalaridan so‘zlaydi.
Umuman, "Haqqush qichqirig‘i" Omon Matjonning poemachilikdagi butunlay yangicha izlanishlari mahsuli sifatida ahamiyatli. U afso-nalar syujetini qayta badiiy ishlab, xalqimizning ming asrlik orzu-kechinmalarini qalamga oladi, qadim yurt tarixiga oid manzaralarni g‘oyatda jonli va real tasvirlaydi.
Poemadagi afsonalarning ko‘pchiligida janr tabiatidan kelib chiqib yondashilganligi seziladi. Chunki ularda voqelikning xayoliy uydirma vositasida, sehr-joduga asoslangan holda ifoda etilishi kuzatiladi. Shoir afsonalarda "hayotning eng kichik zarralarida namoyon bo‘luvchi" (G‘.Mo‘minov) serko‘lam hayotni ko‘radi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shoir ularning barchasini bir nom bilan ataydi. Xuddi ana shu xususiyatlariga ko‘ra dostonni afsonalar asosida qurilgan asarlar qatoriga kiritish mumkin.
Poemaning ayrim o‘rinlarida epik tasvirning maqomi oshgandek taassurot qoldiradi, biroq shoirning ana shu epik lavhalarga bo‘lgan emotsional munosabati liro-epik ananaviylikni vujudga keltiradi. Asar boblari hayotning alohida-alohida manzaralar tasviridan tarkib topgan. Lirik “men” ning voqelikka faol aralashuvi alohida-alohida lavhalarga yaxlitlik bag‘ishlaydi.
Shu bois ayrim adabiyotshunoslar poemani yangi bir turning, ya’ni liro-epik turning janri deb atashni taklif qilishgan. Poema lirik, liro-epik, dramatik bo‘lishi mumkin, ammo bu ko‘rinishlarning barchasi zamirida epiklik mavjud. Lirik poema to‘g‘ri ma’noda tushuniladigan bo‘lsa, hech qachon lirik doston bo‘lolmaydi. Faqatgina lirik kechinmalar bilan doston yaratilmaydi. Chunki birgina lirik kechinma tabiati dostoniy ko‘lamdorlikni aks ettirishga qodir emas. Shuni alohida ta’kidlash kerakki. Lirik dostonda lirik tur xususiyatlari yetakchilik qiladi, bu –lirik poemada epik va dramatik tur xususiyati bo‘lmaydi degani emas, albatta. Poemaning mazkur ko‘rinishida epik va dramatik xususiyatlar lirik tasvirga ergashadi. Bu xuddi gapning bosh bo‘laklari ikkinchi darajali bo‘laklarni o‘ziga tobe qilganidek, ergashtirganidek bir gap. Demak, poemaning muayyan bir ko‘rinishga egaligi asarning ustivor xususiyatlariga qarab belgilanadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ma’lum poemadagi liro-epiklikning mustahkamligi unda dramatik belgilarning yo‘qligini anglatmaydi.



Download 220 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling