Ozod Sharafiddinov


Download 60.55 Kb.
bet1/3
Sana04.02.2023
Hajmi60.55 Kb.
#1161214
  1   2   3
Bog'liq
firtat ikki muhim asar


E’tiboringizga havola qilinayotgan ikki maqola: “Tilimiz” ( 1919 yilda “Ishtirokiyun” gazetasida bosilgan) va “Yopishmagan gajaklar” (1929 yilda “Qizil O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilingan) Fitratning uslubi haqida, Fitrat shaxsiyatining ba’zi bir qirralari, uning xatarli hayotining ma’lum bosqichlari to‘g‘risida yaxshi tasavvur beradi.

Ozod Sharafiddinov
ABDURAUF FITRAT


Abdurauf Fitrat o‘zbek va tojik xalqlarining madaniy rivojida salmoqli o‘rin tutuvchi yorqin siymolardan biridir. Uning taqdiri ham g‘oyat fojeali bo‘lgan — u ayni boy hayotiy tajriba orttirib, qalami qayralib, ilhomi to‘lishib turgan bir choqda Stalin istibdodining qurboni bo‘ldi. Oqlangandan keyin ham ko‘p yillar mobaynida uning asarlari nashr qilinmadi, nomi qora ro‘yxatlardan chiqmay keldi. So‘nggi yillardagina qayta qurish sharofati bilan, oshkoralik va demokratiyaning qanot yoza boshlagani tufayli Cho‘lpon, Elbek va boshqalar qatori Fitratning ham ba’zi bir asarlari dunyo yuzini ko‘rdi, adabiyotshunoslar ular to‘g‘risida maqolalar e’lon qila boshlashdi. Bular, albatta, Fitratni adabiyotimiz tarixidagi o‘zining qonuniy o‘rniga qaytarish borasida boshlagan ishlarimizning debochasi, xolos.
Fitrat kurashlarga, izlanishlarga, aldanishlar va kashfiyotlarga to‘la hayotiy yo‘lini bosib o‘tdi. U 1884 yilda Buxoroda tug‘ildi, eski maktabda o‘qidi, tarix, falsafa va adabiyotdan chuqur bilim oldi, arab, fors, turk tillarini mukammal o‘rgandi. Ayni choqda, eski maktab tahsilini ko‘rgan Fitrat o‘zining ta’biri bilan aytganda, “mutaassib ruhoniy” bo‘lib yetishgan edi.
XX asr boshida butun Sharqda bo‘lgani kabi Buxoroda ham ijtimoiy fikrda jiddiy uyg‘onish boshlanib, jadidchilik harakati kuchaydi. Fitrat ham, “yosh buxoroliklar” deb nom olgan jadidlarning so‘l qanotiga qo‘shiladi va oradan ko‘p o‘tmay — 25 yoshida Turkiyaga o‘qishga ketadi. Istambulda o‘tkazilgan to‘rt yillik hayot, turk ma’rifatparvarlari, adib va shoirlarining ijodi bilan tanishish, yevropacha falsafa va ijtimoiy ta’limotlardan o‘rganish Fitratning qarashlarida keskin burilish yasaydi — endi u Buxoro hayotidagi, Turkiston hayotidagi qoloqliklarni, bid’at va xurofatni aniqroq ko‘radi, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘lib yotgan kuchlar haqida teranroq o‘ylay boshlaydi. Bu izlanishlar Fitratni islohotchilik yo‘liga olib keladi — u din bilan ilmni birga qo‘shishga intiladi va ijtimoiy tuzumni yangilash g‘oyalarini o‘rtaga tashlaydi. Bunda u, ayniqsa, feodal psixologiyaning ko‘rinishlariga, dindagi, yashash tarzidagi mahdudlikka qarshi chiqadi. Fitratning jamiyatni isloh etish haqidagi g‘oyalari “Munozara» va «Bayonati sayyohi hindi” degan publitsistik risolalarida ifodalangan. Bu kitobning ikkovi ham birinchi marta fors tilida Istambulda nashr qilingan edi. Keyinroq esa (1913) Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy nashriyotida A. N. Kondratyev degan odam tarjimasida rus tilida bosib chiqariladi. Bu ikki risola Buxoroda ham, Turkistonda ham ijtimoiy fikrning o‘sishiga kuchli ta’sir qildi.
Fitrat 1913 yilda Buxoroga qaytib, yosh buxoroliklar harakatida faol qatnasha boshlaydi va keyinroq oshkora tarzda amir Olimxonga qarshi kurash yo‘liga kiradi. Ayni choqda, u ham shoir, ham adib, ham adabiyotshunos, ham muarrix, ham tilshunos, ham publitsist sifatida qalam tebrata boshlaydi va tez orada jamoatchilik o‘rtasida katta obro‘ qozonadi. 1920 yilda Buxoro xalq respublikasi tuzilgach, Fitrat yangi hokimiyat tarkibida bir necha yil maorif ishlari bo‘yicha vazirlik vazifasini bajaradi.
Abdurauf Fitratdan boy va rang-barang meros qolgan. Kichkina bir muqaddimada uning ijodiy merosining hamma qirralarini batafsil yoritish bir yoqda tursin, hatto shunchaki sanab chiqish ham amri mahol. Shuning uchun men faqat ikki masala ustidagina to‘xtab o‘taman.
Abdurauf Fitrat o‘ziga xos, yuksak mahoratli dramaturg edi. 20-yillarda u o‘nga yaqin dramatik asarlar yaratdi va ularning hammasi o‘sha paytda sahnalashtirildi. Bularning madaniy hayotda katta rol o‘ynaganini shundan ham ko‘rsa bo‘ladiki, har bir asar katta- katta munozaralarga sabab bo‘lardi va har gal bu asarlar munosabati bilan tariximiz haqida ham, adabiy meros haqida ham, kundalik ishlar to‘g‘risida ham jiddiy mulohazalar aytilardi. Fitratning ko‘p asarlari tarixiy voqealarga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda tojik va o‘zbek xalqlarining qahramonlik an’analari, chet el bosqinchilariga qarshi kurashi, erksevarligi, adolat va haqiqatga tashnaligi tasvirlangan. Masalan, Fitratning Firdavsiy “Shohnomasi” asosida yozilgan “Zohhoki moron” fojeasi 1919 yildayoq sahnaga qo‘yilgandi. Shundan keyin 1920 yilda uning “Begijon”, “Chin sevish” kabi pyesalari qo‘yiladi. “Chin sevish” hind hayotidan olingan bo‘lib, unda taraqqiyparvar hind yoshlarining o‘z vatanlarining mustaqilligi uchun kurashi, ingliz mustamlakachilariga qarshi faoliyati hikoya qilingan. Keyinroq esa bu mavzuda Fitrat yana “Hind ixtilolchilari” dramasini ham yozdi. Uning tarixiy dramalari haqida gapirganda “Temur sog‘anasi”, “Abulfayzxon”, “Arslon” kabi asarlarini ham sanash kerak. 20-yillarda va ayniqsa, 30-yillarda bu asarlarni g‘oyaviy jihatdan ayblagan maqolalar ko‘p yozildi. Ularda muallif o‘tmishni ideallashtirishda, millatchilik g‘oyalarini targ‘ib qilishda ayblandi. Hatto “Hind ixtilolchilari”dan ayrim parchalar keltirib ingliz mustamlakachilari haqidagi gapni “bu ruslar haqida aytilgan” deyishdan ham toymagan odamlar bo‘ldi. Keyin esa bu mulohazalarning hammasi Fitratni xalq dushmani deb atashga, uning qatl qilinishini oqlashga xizmat qildi. Men bu mulohazalarni aytar ekanman, albatta, bu bilan Fitratning dramalari har qanday kamchiliklardan xoli edi demoqchi emasman. Ularning mazmunida ham bahsli o‘rinlar bo‘lganidek, badiiy shaklida ham muayyan nuqsonlar bor. Ular haqida istagancha gapirish, tanqidiy mulohaza yuritish mumkin, ammo ularning hech qaysisi Fitratga qo‘rqinchli siyosiy ayblar taqashga, unga do‘q qilishga, uni repressiya qilishga asos bermaydi. Fitrat san’atkor sifatida o‘zi tasvirlayotgan voqelik parchalariga mustaqil qarashga ham, hatto adashishga, xato qilishga ham haqqi bor.
Endi ikki og‘iz gap uning ilmiy asarlari haqida. Fitrat o‘zbek adabiyotshunosligining otasi bo‘lgan. U klassik adabiyotimizdagi ko‘pgina siymolar haqida qo‘lyozma manbalar asosida birinchi maqolalarni yozgan edi. Masalan, u Bedil, Yassaviy, Turdi, Mashrab haqida birinchi maqolalarni e’lon qilgan, birinchi bo‘lib, “O‘zbek adabiyotidan namunalar” degan kitobni yozgan. Bu kitob 1927 yilda Moskvada nashr etilgan bo‘lib, o‘zbek adabiyoti haqida ozmi-ko‘pmi sistemali tasavvur beradigan xrestomatiya edi. Bu kitob 20-yillarda O‘zbekistondadam juda mashhur bo‘lgan, hozir ham o‘zining ilmiy qimmatini mutlaqo yo‘qotmagan atoqli turk olimi Ismoil Hikmatning to‘rt jildlik “Turk adabiyoti tarixi” kitobidan andoza olib yaratilgan. Fitrat maqolalari uchun ham juda ko‘p dakki yegan, boshi malomatdan chiqmagan edi. Umuman, o‘sha kezlarda, shuningdek, 30-yillarda Cho‘lponu Fitratlarni bir tepib o‘tish, o‘rinli-o‘rinsiz bo‘lsa-da, bir-ikki jumla bilan haqoratlab, kamsitib ketish “yaxshi tarbiya ko‘rgan” odamlar uchun ham farz, ham qarz hisoblanardi. Bunda ta’nalar asoslimi-yo‘qmi, munaqqid haqiqatan xatoga yo‘l qo‘yganmi-yo‘qmi — buning ahamiyati yo‘q edi. Jumladan, Yassaviy haqidagi maqola atrofida shunday bo‘lgan edi. Fitrat bu maqolada ham go‘yo Yassaviyni ideallashtirgan, uning dunyoqarashidagi mistikani va boshqa jihatlarni ko‘rmagan yoxud atayin xaspo‘shlagan, uni yo‘qsullar adabiyotining, ya’ni yangi sovet adabiyotining asoschisi deb atagan va bu bilan proletar adabiyotining rivojiga zarba bermoqchi bo‘lgan. Shunisi qiziqki, maqola bilan tanishsangiz, bu ayblarning hammasi puch ekanini ko‘rasiz — Fitrat Yassaviyning o‘zini ham, ijodini ham juda yaxshi biladi va ilmiy jihatdan to‘g‘ri ochib beradi, uning ziddiyatlarini ham yaxshi ko‘rsatadi. Faqat birgina shu maqola emas, yoxud faqat adabiyot masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlari emas, Fitratning umummadaniyat muammolari haqidagi, jumladan,sharq muzikasi tarixiga oid ishlari ham juda katta ilmiy qimmatga ega edi va sharqshunos olimlar doirasida juda yuksak baholanardi. Shuning uchun ham Leningrad universiteti O‘rta Osiyo olimlari ichida birinchi bo‘lib Fitratga professorlik unvonini bergan edi.
Hozir e’tiboringizga havola qilinayotgan ikki maqola Fitratning ilmiy merosida markaziy o‘rin tutmasa-da, uning uslubi haqida, Fitrat shaxsiyatining ba’zi bir qirralari to‘g‘risida yaxshi tasavvur beradi.
“Tilimiz” deb atalgan maqola 1919 yilda “Ishtirokiyun” gazetasida bosilgan. U paytlarda Fitrat “Chig‘atoy gurungi” tashkilotining yetakchilaridan biri edi. Bu tashkilot ham so‘nggi yillarga qadar ashaddiy aksilinqilobchi tashkilot deb baholanib kelindi, uning a’zolari ham shunga ko‘ra qo‘poruvchi, millatchi, dushman odamlar edi. Holbuki, bularning bari bekor, “Chig‘atoy gurungi” o‘sha davrning yetuk olimlarini uyushtirgan bo‘lib, o‘zbek tili va o‘zbek adabiyotining rivoji uchun qayg‘uradigan madaniy-ma’rifiy to‘garak edi. Keyingi maqolasida Fitrat “Chig‘atoy gurungi” uchun “millatchilik” xos edi, deydi. Bundagi “millatchilik” sizni chalg‘itmay qo‘ya qolsin — 1919 yilda “Millatchilik” degan so‘z 1927 yildagi yoxud 1937 yildagi va hattoki,hozirgi paytdagi “millatchilik” degan so‘zdan osmon bilan yercha farq qilardi. U paytlarda bu so‘zga siyosiy tus berilmas, u bor-yo‘g‘i xalqparvarlik, millatparastlik ma’nosida ishlatilardi. Fitratning maqolasi o‘zbek tilining ravnaqini o‘ylab yozilgan. O‘sha vaqtda bunday maqola g‘oyat muhim qimmatga ega edi. Chunki adabiy tilimiz juda g‘ariblashib qolgan, boshqa chet tillardan kirgan so‘zlar hisobiga ancha buzilish darajasiga borib yetgan edi. Bunga amin bo‘lish uchun professor Borovkovning keyinroq yozilgan “1905— 1907 yillarda o‘zbek adabiy tili” degan kitobini eslash kifoya. Unda konkret misollar bilan, gazeta va kitoblardan olingan behisob namunalar bilan tilning nochor ahvoli ayon ko‘rsatib berilgan. Shuning uchun 1918—19 yillarda o‘zbek tilini soflashtirish, tatbiq ko‘lamini kengaytirish, uning hamma ichki imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish g‘oyat muhim edi. Aytgancha, bu vazifa bugun ham o‘zining aktualligini yo‘qotgani yo‘q. Bugun o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan ba’zi bir o‘rtoqlar orqa-oldilariga qaramay tildagi mavjud lug‘atlarni boshqalari bilan almashtirish ko‘yiga tushib qoldilar. Buni bilimdonlik bilan qilinsa — yaxshi, lekin bilib-bilmay qilinadigan bo‘lsa, foydadan ko‘ra zarari ko‘p bo‘lishi mumkin. Men jurnalistika fakultetida bir e’lon o‘qidim — “kulliyotimiz kasaba tashkiloti” deb yozilipti. Bunda “kulliyot” so‘zi “fakultet” ma’nosida qo‘llanipti. Holbuki, “kulli”ning ma’nosi “hamma, hammasi” degani, “kulliyot” esa “to‘la asarlar majmuasi” degan ma’noni bildiradi. “Jomiy kulliyoti”, “Navoiy kulliyoti” deyish mumkin, “kulliyot jildlari” desa bo‘ladi, ammo “kulliyot kasaba tashkiloti” deb bo‘lmaydi.
Fitratning maqolasiga qaytaylik. Uning birinchi jumlasiyoq maqolaning chuqur bir dard bilan yozilganidan dalolat beradi.
“Dunyoning eng boy, eng baxtsiz tili qanday tildir? Turkcha.” Keyin esa muallif juda ko‘p misollar bilan, Alisher Navoiyning “Muhokamatul lug‘atayn” kabi asariga tayanib turib, turk tilining boyligini dalillab beradi. Keyin esa nima uchun bu tilning “baxtsizligi”ni ochadi. Eng muhimi, bu tilning istiqboli haqida Fitrat umid va ishonch bilan qalam tebratadi, tilga g‘amxo‘rlikni elu yurtni sevish bilan, vatanparvarlik bilan bog‘laydi: “Turk ulusini sevamiz, lekin tili qabodir, musiqasi totsizdir, tarixi qorong‘udir deganlarning ham bir-ikki tayoq yeb quvilmoqlari kerakdir”.
Endi ikki-uch og‘iz gap “Yopishmagan gajjaklar” maqolasi haqida. 1929 yilda “Qizil O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilingan bu maqola Boybo‘latovning “O‘zbek adabiyoti namunalari” kitobi taqriziga javob tarzida yozilgan. Boybo‘latov 20-yillarning ikkinchi yarimida respublika matbuotida ancha faol ishtirok etgan odam. Ammo uning maqolalari ko‘pincha shunaqa achchiq- tirsiq ohangda yozilardiki, go‘yo muallif uni butun dunyoga zarda qilib yozganday tuyulardi. Uning deyarlik hamma maqolalari fosh qiluvchilik ruhi bilan sug‘orilgan. Boybo‘latov ayniqsa, adabiy meros masalalari haqida ko‘p yozgan va bu maqolalarning hammasida o‘ta nigilistik pozitsiyada turgan. Fitratning maqolasida aytilganidek, u jamiki o‘tmish adabiyotni “axlatdan iborat” deb da’vo qilgan. Boybo‘latovning bunday qarashi faqat bir-ikki maqolada tasodifan ko‘rinib qolgan xato fikrlar emas, balki uning dunyoqarashi, e’tiqodining mohiyatini tashkil qiladigan tub fikr edi. Bunga amin bo‘lish uchun uning 30-yillarning boshida yozilgan va rus hamda o‘zbek tillarida e’lon qilingan “Chig‘atoyizmmi yoki panturkizmmi?” degan risolasini eslash mumkin. Unda muallif uzundan-uzoq chalkash mulohazalardan keyin Alisher Navoiyni mistik shoir deb, uning ijodini zararli deb e’lon qiladi va o‘tmish adabiyot haqida iliq gap aytgan olimki bor, hammasini panturkizmda ayblaydi.Xullas, Fitrat ana shu soxta olimning soxta qarashlarini rad qiladi va uning fikrlarining asossiz ekanini tavoze’ bilan, sira qizishmay isbotlab beradi. Albatta, bu maqolada oldinga surilgan fikrlarning ba’zi-birlari bugun eskirib qolgan. Jumladan, adabiyot tarixini davrlashtirishga oid fikrlar, yoxud, “temuriylar savdo sarmoyasining manfaatini ifodalagan” deganiga o‘xshash tezislar shular jumlasidandir. Shuningdek, maqolaning ayrim joylari Fitratning uzluksiz tanqid ta’sirida jinday bo‘lsa-da, murosasozlik yo‘liga kira boshlaganidan dalolat beradi. Buning uchun bu muhtaram zotni hovliqib qoralashga oshiqmaylik. U paytlarda faqat Fitrat emas, boshqa har qanday ijodkorning ham bundan o‘zga iloji yo‘q edi. Aytgancha, ko‘p hollarda zamonga moslashish ham ularni fojeadan asrab qololgan emas.
“Yopishmagan gajjaklar”ning yana bir, ehtimolki, yana bir emas, asosiy qimmatli tomoni shundaki, u Fitratning hayot yo‘li haqida, qarashlarining o‘zgarishi to‘g‘risida juda qimmatli ma’lumotlar beradi. Jumladan, “Chig‘atoy gurungi” haqidagi ma’lumotlar g‘oyat qimmatli. Faqat bunda ham muallifning “millatchilik” haqidagi mulohazalariga biroz tanqidiy munosabatda bo‘lmoq kerak.
O‘ylaymizki, bu ikki maqola bilan tanishgan jurnalxon adabiyotimiz va madaniyatimizning bu ulug‘ siymosining boshqa asarlarini ham topib o‘qishga o‘zida ishtiyoq va rag‘bat sezar. Har holda, nima bo‘lganda ham bu ikki maqola bugungi kitobxonning adabiyotimiz bosib o‘tgan mushkul va chigal yo‘llar haqidagi tasavvurini bir daraja bo‘lsa-da boyitadi.

Abdurauf Fitrat
IKKI MAQOLA


Download 60.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling