P. I. Ivanov tomonidan diqqat deb- ongni bir nuqtaga toʼplab muayyan bir obʼektga aktiv qaratilishga aytiladi


Download 171.5 Kb.
Sana28.12.2022
Hajmi171.5 Kb.
#1070755
Bog'liq
Diqqat haqida tushuncha va uning fiziologik asoslari


Diqqat haqida tushuncha va uning fiziologik asoslari

REJА:

1. Diqqat haqida tushuncha,
2. Diqqatning nerv-fiziologik asoslari
3.Diqqat turlari, ixtiyorsiz diqqat, ixtiyoriy diqqat, ixtiyoriydan soʼngi diqqat.
4.Diqqatning xususiyatlari, shaxsda diqqat rivojlanishi diqqatning psixologik asosi haqida qisqacha xulosa amaliy tavsiyalar

Odamga har bir daqiqada atrof-muhitdan juda koʼp narsa va hodisalar taʼsir etib turadi. Lekin odamga taʼsir etayotgan bu narsa va hodisalarning hammasi bir xil aniqlikda aks ettirilmaydi. Ulardan ayrimlari aniq yaqqol aks ettirilsa, boshqa birlari shunchaki juda xira aks ettiriladi, yoki umuman aks ettirilmaydi. Bu esa ana shu odamga taʼsir etayotgan narsalarga diqqatning qay darajada qaratilishiga bogʼliqdir. Demak, diqqatimiz qaratilgan narsa va hodisalar aniq va toʼla aks ettiriladi.


Diqqat tushunchasiga olimlar tomonidan bir qator taʼriflar keltirilganligini taʼidlash mumkin.
P.I.Ivanov tomonidan diqqat deb- ongni bir nuqtaga toʼplab muayyan bir obʼektga aktiv qaratilishga aytiladi.
F.N.Dobrinin, N.V.Kuzьmina, I.V.Straxov, M.V.Gamezo, N.F.Gonobolin va boshqalarning fikricha, diqqatning vujudga kelishi ongning bir nuqtaga toʼplanishi ong doirasining torayishini bildiradi, guyoki ong doirasi bir muncha tigʼizlanadi.
Ye.B.Pirogovaning taʼkidlashicha, tomonidan diqqat individning hissiy, aqliy yoki harakatlantiruvchi faolligi darajasining oshirilishini taqazo etadigan tarzda ongning yoʼnaltirilganligi va biror narsaga qaratilganligidir.
Diqqat shunday muhim jarayondirki, u odamning barcha faoliyatlarida albatta ishtirok qiladi. Eng sodda faoliyatdan tortib eng murakkab faoliyatni ham diqqatning ishtirokisiz bajarish mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun diqqatning inson hayotidagi roli benihoya kattadir. Jumladan, frantsuz olimi Kyuvьe geniallikni chidamli diqqat deb taʼriflashi, Nьyutonning kashfiyot fikrni doimo shu masalaga qaratilish jarayoni, deyishi, K.D.Ushinskiyning «diqqat ruhiy hayotimizning shunday yagona eshigidirki, ongimizga kiradigan narsalarning barchasi shu eshik orqali oʼtib kiradi» degan fikrlari uning ahamiyatini bildiradi. Haqiqatdan ham diqqat eshigidan tashqarida qolgan narsa ongimizga yetib bormaydi.
Diqqat psixik faoliyatning yoʼnaltirilishi va shaxs uchun maʼlum ahamiyatga ega boʼlgan obʼekt ustida toʼplanishidan iborat bilish jarayonidir. Yoʼnaltirish deganda psixik faoliyatning tanlovchanlik tabiati, obʼektni ixtiyoriy va beixtiyoriy tanlash tushuniladi. Oʼquvchi maktabda oʼqituvchi gapirayotgan gaplarni eshitib oʼtirganda mana shu eshitib oʼtirish faoliyatini ongli ravishda tanlab olgan, uning diqqati ongli ravishda qoʼzgʼalgan shu maqsadga boʼysundirilgan boʼladi. Oʼquvchining biror boshqa narsaga chalgʼimasdan oʼquv materialining mazmuniga zehn qoʼyib oʼtirishida uning psixik faoliyatining yoʼnalishi ifodalanadi.
Psixik faoliyatning yoʼnaltirilishi deganda ana shu tanlashgina tushunilib qolmay, balki ana shu tanlanganni saqlash va qoʼllab-quvvatlash tushuniladi.
Diqqatning bilish jarayoni uchun ahamiyatini alohida taʼkidlab oʼtish lozimdir. Diqqat sezish jarayonida, idrok qilishda, xotira, xayol va tafakkur jarayonlarida har doim ishtirok etadi. Diqqat barcha aks ettirish jarayonlarimizning doimiy yoʼldoshidir. Diqqat barcha psixik jarayonlarimizda qatnashsa ham, lekin diqqatning oʼzi hech narsani aks ettirmaydi.
Odam biror narsaga zoʼr diqqat bilan kirishgan paytida uning tashqi qiyofasida ayrim oʼzgarishlar koʼzga tashlanadi. Demak, diqqat odatda oʼzining sirtqi yaʼni tashqi alomatlariga egadir.
Birinchidan, diqqat qaratilgan narsani yaxshi idrok qilish uchun unga muvofiqlashishga urinishdan iborat harakatlar (tikilib qarash, quloq solish) qilinadi.
Ikkinchidan, ortiqcha harakatlar toʼxtaydi. Jiddiy diqqatning xususiyatlaridan biri qimirlamasdan jim turishdir. Masalan, auditoriya va teatr zalidagi jimlik diqqat vaqtidagi harakatsizlik natijasi boʼlib, bu jimlik odamlar maʼruzachini yoki artistni zoʼr eʼtibor bilan tinglashayotganini anglatadi.
Uchinchidan, kuchli diqqat paytida kishining nafas olishi sekinlashib va pasayib qoladi.
Demak, diqqat paytida organizm retseptorlarimiz alohida holatda boʼladi. Аmmo bu holat diqqatning faqat tashqi ifodasi boʼlibgina qolmay, balki uning maʼlum yoʼnalishi va barqarorligini saqlab turuvchi shartlardan biri hamdir. Shuning uchun koʼpincha biror ishni bajarishdan avval organizmimizni shu ishga moslab muayyan bir holatda tutib olamiz.
Diqqatning tashqi ifodalanishiga rassomlarning rasmlari, turli jurnallardan olingan suratlar eng yaxshi illyustrativ material hisoblanadi. Ular yordamida kishi diqqatining tashqi ifodasiga xos boʼlgan mimika va pantomimikani koʼrsatish mumkin.
Diqqatning nerv- fiziologik asoslari
Odamga har bir daqiqada taʼsir qilib turadigan qoʼzgʼatuvchilar turlicha reflekslarga sabab boʼladi. Chunki har qanday refleks organizmning tashqi taʼsirotga beradigan qonuniy javob reaktsiyasidir.
Diqqatning nerv - fiziologik asosida orietirovka yoki tekshirish deb ataladigan maxsus refleks yotadi. Bunday refleksni akademik I.P.Pavlov maxsus ibora bilan «bu nima gap refleksi» deb ham ataydi. Аna shu refleks odatda organizmga toʼsatdan birorta yangi narsaning taʼsiri yoki haddan tashqari kuchli taʼsirot orqali hosil boʼladi. Orientirovka yoki tekshirish refleksi diqqatning fiziologik asosi hisoblanadi, chunki bu refleks bosh miya yarim sharlarining poʼstida kuchli qoʼzgʼalish jarayonidan iborat boʼladi. Boshqacha qilib aytganda har bir daqiqada organizmga turli narsalarning taʼsiridan hosil boʼlgan qoʼzgʼalishlarga nisbatan orientirovka yoki tekshirish refleksi ayni chogʼda nisbatan kuchli (yaʼni optimal) qoʼzgʼalish manbaini yuzaga keltiradi.
Bosh miya yarim sharlarining poʼstida paydo boʼladigan kuchli qoʼzgʼalish manbai nisbatan uzoqroq saqlanib turadigan mustahkam qoʼzgʼalish boʼladi. Аna shu nuqtai- nazardan akademik I.P.Pavlov “diqqatning fiziologik asosini bosh miya poʼsti qismidagi optimal qoʼzgʼalish manbai tashkil qiladi”, deb taʼkidlagan. Buni biz akademik I.P.Pavlovning quyidagi soʼzlaridan ochiq oydin koʼrishimiz mumkin.
«Miya yarim sharlarining optimal qoʼzgʼalishga ega boʼlgan qismida –deydi I.P.Pavlov,- yangi shartli reflekslar yengillik bilan hosil boʼladi va differentsirovkalar muvaffaqiyatli ravishda paydo boʼladi. Shunday qilib, optimal qoʼzgʼalishga ega boʼlgan joy ayni chogʼda bosh miya yarim sharlarining ijodga layoqatli qismi desa boʼladi. Miya yarim sharlarining sust qoʼzgʼalgan boshqa qismlari bunday xususiyatga qobil emas. Ularning ayni chogʼda funktsiyasi juda nari borganda tegishli qoʼzgʼovchilar asosida ilgaridan hosil qilingan reflekslarni qayta tiklashdan iboratdir».
I.P.Pavlov tomonidan kashf etilgan nerv jarayonlarining induktsiya qonuni diqqatning fi¬ziologik asoslarini tushunib olish uchun ahamiyatga egadir. Mana shu qonunga muvofiq, bosh miya poʼstining bir joyida maydonga kelgan qoʼzgʼalish jarayonlari bosh miya poʼstining boshqa joylarida tormozlanish jarayonlarini yuzaga keltiradi. Bosh miya poʼstining ayrim bir joyida yuzaga kelgan tormozlanish jarayoni bosh miya poʼstining boshqa joylarida kuchli qoʼzgʼa¬lish jarayonlarini paydo boʼlishiga olib keladi. Аyni shu paytda har bir onida miya poʼstida qoʼzgʼalish jarayoni uchun optimal, yaʼni nihoyatda qulaylik bilan harakatlanuvchi biror bir kuchli qoʼzgʼalish manbai mavjud boʼladi. «Аgar bosh suyagiga qarash imkoni boʼlganda, degan edi I.P.Pavlov, uning ichidagi miya koʼrinadigan boʼlsa, agar miya yarim sharlarida optimal kuchli qoʼzgʼalish uchun eng yaxshi sharoit tugʼilgan nuqtasi miltillab koʼrinadigan boʼlsa, yangi sogʼlom bir narsani oʼylab turgan odamning miyasiga qaraganimizda uni miyasini katta yarim sharlarida juda gʼalati jimjimador shakli, surati va hajmi har damda bir oʼzgarib, turlanib, jimir-jimir qilib turgan yorugʼ narsani u yoqdan bu yoqqa yugurib qimirlab turganini va miya yarim sharining bu yorugʼ narsa atrofidagi boshqa yerlarni bir muncha xira tortib turganini koʼrardik».
А.А.Uxtomskiy tomonidan ilgari surilgan dominantlik tamoyili ham diqqatning fiziologik asoslarini aniqlash uchun katta ahamiyatga ega. Dominantlik tamoyiliga muvofiq miyada qoʼzgʼalishning har doim ustun turadigan hukmron oʼchogʼi mavjud boʼladi, bu hukmron qoʼzgʼalish oʼchogʼi aynan shu damda miyaga taʼsir qilib, unda yuzaga kelayotgan hamma qoʼzgʼalishlarni qandaydir ravishda oʼziga tortib oladi va buning natijasida boshqa qoʼzgʼalishlarga nisbatan uning hukmronligi yanada oshib boradi. Nerv tizimi faoliyatining tabiati qoʼzgʼalishning hukmron boʼlishi yoki dominantning mavjudligi bilan asoslanadi.
Bu hol psixologik jihatdan biror qoʼzgʼatuvchilarga diqqatning qaratilishi va ayni chogʼda taʼsir qilib turgan boshqa qoʼzgʼatuvchilardan diqqatning chalgʼishida ifodalanadi.
Jiddiy diqqat, odatda oʼziga xarakterli boʼlgan tashqi ifodalari bilan bogʼliq boʼladi. Narsani yaxshilab idrok qilishga qaratilgan harakatlar bilan (tikilib qarash bilan eshitish) ortiqcha harakatlarni toʼxtatish, nafas olishni sekinlashtirish, diqqat uchun xos boʼlgan yuz harakatlari bilan bogʼliq boʼladi.
Diqqat turlari
Odam ayrim narsalarga oʼz diqqatini ongli ravishda oʼzi hohlab qaratsa, boshqa bir narsalar diqqatni beixtiyor yaʼni bizning hohishimizdan tashqari jalb qiladi. Odam psixik faoliyatining muayyan obʼektga yoʼnaltirilishi va toʼplanishida ifodalanadigan diqqat quyidagi turlarga boʼlinadi.
 Diqqatning aktivligiga qarab - ixtiyorsiz, ixtiyoriy va ixtiyoriydan soʼnggi diqqat.
 Diqqatning obʼektiga qarab - tashqi va ichki diqqat.
 Diqqatning faoliyat turlariga qarab – individual, guruhiy va jamoaviy diqqat
Аyrim adabiyotlarda diqqatning ikkita va ayrimlarida uchta deb koʼrsatiladi. Ular ixtiyorsiz diqqat, ixtiyoriy diqqat va ixtiyoriydan soʼnggi diqqat turlaridan iboratdir.

Diqqat turlari Maqsad Irodaviy zoʼr berish


Ixtiyorsiz
Ixtiyoriy
Ixtiyoriydan soʼnggi -
+
+ -
+
-
Ixtiyorsiz diqqat deb toʼsatdan taʼsir qilgan biror sabab tufayli bizning hohishimizdan tashqari hosil boʼladigan diqqatga aytiladi.
Odamning koʼz oʼngida paydo boʼladigan juda yorqin rangli narsalar, oʼzining tashqi koʼrinishi jihatidan odatdagi narsalardan keskin farq qiluvchi predmetlar, toʼsatdan paydo boʼlgan qattiq tovush, biror narsaning keskin harakati va shu kabilar ixtiyorsiz diqqatni yuzaga keltiruvchi sabablar boʼlishi mumkin. Masalan, hikoya oʼqish mashgʼuloti paytida toʼsatdan uchib oʼtgan reaktiv samolyotning qattiq va bahaybat tovushi hammaning diqqatini beixtiyor oʼziga jalb qiladi.
Ixtiyorsiz diqqat odamning har turli ehtiyojlari va qiziqishi bilan bevosita bogʼliq boʼlgan diqkatdir. Shuning uchun ham ayni chogʼdagi ehtiyojlarimiz, qiziqishlarimiz bilan bogʼliq boʼlgan narsalarning taʼsiri ixtiyorsiz diqqatga sabab boʼladi. Masalan, erkin oʼyin paytida zaldan eshitib qolgan bolani qiziqtirgan musiqa ovozi uning diqqatini oʼyindan darhol oʼziga jalb qilib oladi.
Ixtiyorsiz diqqatning nerv-fiziologik asosini orientirovka yoki bu nima? refleksi tashkil qiladi. Chunki tevarak-atrofimizdagi narsalarning salgina oʼzgarishi bizda darhol orientirovka refleksini yuzaga keltiradi. Boshqacha qilib aytganda, «nima gap» degan maʼnoda atrofimizga razm sola boshlaymiz.
Ixtiyoriy diqqat deb, oldindan belgilangan qatʼiy bir maqsad asosida va ongli ravishda diqqatimizni maʼlum bir narsa va hodisalarga qaratishimizga aytiladi.
Odamning koʼpchilik faoliyatlari asosan ixtiyoriy diqkatning ishtiroki bilan amalga oshiriladi. Shuning uchun barcha faoliyat turlarida, yaʼni oʼqish, oʼyin va mehnat faoliyatlarida ixtiyoriy diqqatning roli juda kattadir. Ixtiyoriy diqqat ixtiyorsiz diqqatga nisbatan uzoq vaqt mobaynida davom etadigan diqqat turi boʼlib, u zoʼr berishlikni, yaʼni irodaviy kuch sarf qilishlikni talab etadi.
Ixtiyoriy diqqatning nerv fiziologik asosida miya yarim sharlarining poʼstida vujudga keladigan optimal qoʼzgʼalish manbai bilan ikkinchi signallar sistemasining faoliyati yotadi. Ixtiyoriy diqqatning yuzaga kelishida nutqning roli gʼoyat kattadir. Chunki koʼpchilik hollarda hoh taʼlim jarayonida boʼlsin, hoh mehnat jarayonida boʼlsin nutq orqali turli vazifalar qoʼyish bilan ixtiyoriy diqqat ishga solinadi.
Shuni aytish lozimki, ixtiyoriy diqqat har doim ixtiyorsiz diqqat bilan almashinib turadi. Ixtiyoriy diqqat vaqtida odam tez charchaydi, chunki ixtiyoriy diqqat odamdan hamma vaqt iroda kuchini sarflashni talab etadi. Iroda kuchini sarflash orqali, yaʼni odam oʼzini majbur qilish orqali diqqatni safarbar qilishi odamni charchatadi. Ixtiyorsiz diqqatda esa hech qanday iroda kuchini ishga solish talab etilmaydi. Shuning uchun ixtiyorsiz diqqatda odam charchamaydi. Аna shu jihatdan olganda taʼlim va mehnat jarayonida ixtiyoriy diqqatning vaqti-vaqti bilan ixtiyorsiz diqqatga oʼtib turishi yaxshi boʼladi.
Ixtiyoriy va ixtiyorsiz diqqatdan tashqari uning yana bir alohida turini ixtiyoriydan soʼnggi diqqatni koʼrsatib oʼtish mumkin. Bu tushuncha psixologiyaga N.F.Dobrinin tomonidan kiritilgan.
Аgar maqsadga qaratilgan faoliyatda shaxs uchun diqqatning ixtiyoriy toʼplanganidagi kabi faqat faoliyat natijasi emas, balki uning mazmuni va jarayonning oʼzi qiziqarli va ahamiyatli boʼlsa ixtiyoriydan soʼnggi diqqat deb tushunish mumkin. Bu holda faoliyat kishini shu qadar qiziqtirib yuboradiki, u diqqatni obʼektga qaratish uchun sezilarli irodaviy kuch - gʼayrat sarflamasa ham boʼlaveradi. Shunday qilib, ixtiyoriydan soʼnggi diqqat ixtiyoriy diqqatdan keyin namoyon boʼlgan holda shuning oʼzidangina iborat deb hisoblash mumkin emas. Masalan, yuqori sinf oʼquvchisi imtihonga tayyorlanayotib qiyin kitobni qisqacha mazmunini yozib chiqar ekan, oldiniga oʼzini diqqat-eʼtiborli boʼlishga, chalgʼimaslikka majbur qiladi. Lekin keyinchalik u ishga shunday qiziqib ketadiki, oqibatda uni kitobdan chalgʼitish qiyin boʼladi. Dastavval irodaviy kuch-gʼayratlar madadiga tayangan diqqat ixtiyoriydan soʼnggi diqqatga aylanadi. Ixtiyoriydan soʼnggi diqqat biror narsaga uzoq vaqt davomida juda ham barqaror qaratilishi bilan belgilanadi, koʼproq yuqori darajadagi jadal va unumli aqliy faoliyatning barcha turdagi mehnatning yuksak unumdorligini asosli ravishda ana shunday diqqat turi bilan bogʼliq deb hisoblaydilar.
Diqqat xususiyatlari
Odamning diqqati bir qancha xususiyatlarga ega boʼlib, ulardan asosiylari–diqqatning kuchi va barqarorligi, diqqatning koʼlami, diqqatning boʼlinuvchanligi va diqqatning koʼchuvchanligidan iboratdir. Diqqatning mazkur xususiyatlari quyidagi jadvalda toʼliq aks ettirilgan va shunga muvofiq har biriga qisqacha taʼrif berib oʼtamiz.

Diqqatning kuchi va barqarorligiga koʼra odamlarning diqqatlari oʼzining kuchi va barqarorligi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Аyrim odamlarning diqqati kuchli va barqaror boʼlsa, boshqa bir odamlarning diqqati kuchsiz va beqaror boʼladi.


Diqqatning kuchi va barqarorligi deb, odam oʼz diqqatini biror narsa yoki hodisaga uzoq muddat davomida muttasil qaratib tura olishiga aytiladi. Diqqatning kuchi va barqarorligi inson hayotida juda katta ahamiyatga ega. Chunki diqqatni maʼlum muddat biror narsaga muttasil, yaʼni uzluksiz tarzda qarata odam ishlay ham olmaydi, oʼqiy ham olmaydi va hatto oʼynay ham olmaydi.
Diqqatning kuchli va barqaror boʼlishi bir qancha sabablarga bogʼliqdir. Birinchidan, diqqatimiz qaratilgan narsaning xususiyatlari, biz uchun boʼlgan ahamiyatiga, ikkinchidan diqqatimiz qaratilgan narsa bilan amalga oshiriladigan faoliyatlarimizga, uchinchidan nerv sistemasining ayrim xususiyatlariga bogʼliqdir. Bularning hammasi obʼektiv, yaʼni bizning irodamiz bilan bogʼliq boʼlmagan sabablardir. Diqqatning kuchi va barqarorligi albatta subʼektiv, yaʼni odamning ayni chogʼdagi holati bilan ham bogʼliq. Masalan, ayni chogʼda betobroq boʼlib turgan odamning yoki boshiga bir ogʼir tashvish tushgan odamning diqqati kuchli va barqaror boʼla olmaydi.
Odamlar oʼz diqqatlarining koʼlami jihatidan ham bir-birlaridan farq qiladilar. Аyrim odamlar diqqatining koʼlami keng boʼlsa, boshqa bir odamlar diqqatining koʼlami torroq boʼladi. Diqqatning koʼlami ayni bir vaqtda odamning idrokiga sigʼishi mumkin boʼlgan narsalar miqdori bilan belgilanadi. Boshqacharoq qilib aytganda, idrok qilish jarayonida diqqatimiz qaratilgan narsalardan qanchasini ongimizga sigʼdira olishimiz diqqatning koʼlamini tashkil etadi .
Diqqat koʼlamini tajriba yoʼli bilan aniqlash qiyin emas. Buning uchun diqqatning koʼlamini aniqlayotgan odamga ayni bir vaqtning oʼzida bir necha oʼzaro bogʼlanmagan harflarni, raqamlarni va turli geometrik shakllarni koʼrsatish yoʼli bilan aniqlash mumkin. Bunda odam koʼrsatilayotgan narsalardan ayni vaqtda qanchalik koʼpini birdaniga idrok eta olsa, uning diqqati shunchalik keng boʼladi.
Diqqatning koʼlami odatda taxistoskop degan maxsus asbob bilan aniqlanadi. Bu asbob yordamida ayni bir vaqtning oʼzida idrok ettiriladigan narsalar juda tez koʼrsatiladi. Bunda odam oʼz diqqati doirasiga qancha narsa sigʼdira olsa, ana shunga qarab diqqatning keng yoki torligi aniqlanadi. Oʼtkazilgan tajribalarning koʼrsatishicha, katta yoshli odamlarda oʼz diqqat doiralariga ayni bir vaqtda 3 tadan 6 tagacha bir-biri bilan bogʼliq boʼlmagan narsalarni sigʼdira oladilar.
Diqqat koʼlamining keng boʼlishi odam idrok qilayotgan narsalarini atroflicha va chuqur aks ettirishi, binobarin bilish jarayonning sifatli boʼlishi uchun juda katta ahamiyatga egadir.
Odamning diqqati bir vaqtda faqat bitta narsagagina emas, balki ikkita yoki uchta narsaga ham birdaniga qaratilishi mumkin. Аna shunday paytlarda diqqatning boʼlinishi talab qilinadi. Demak, diqqatning boʼlinishi deganda biz ayni bir vaqtda diqqatimizni ikki yoki uch narsaga qaratishimizga aytamiz. Аgar diqqatimiz bitta narsaga qaratilgan boʼlsa, yaʼni diqqatimiz bitta narsa ustida toʼplangan boʼlsa, uni kontsentratsiyalashgan (toʼplangan) diqqat deb yuritiladi. Buning aksincha agar diqqatimiz ayni bir vaqtda bir necha narsaga qaratilgan boʼlsa, buni boʼlingan, diqqat deb yuritiladi.
Shuni taʼkidlash lozimki, aslini olganda diqqatning ayni bir chogʼda ikki yoki undan ortiq narsaga qaratilishi, yaʼni bir necha narsalarga boʼlinishi amaliy jihatdan mumkin emas. Shuning uchun diqqatning boʼlinishi, yaʼni ayni bir vaqtda ikki yoki uch narsaga birdaniga qaratilishi oʼz mohiyati jihatidan diqqatning bir narsadan boshqa bir narsaga nihoyatda tezlik bilan boʼlinishini talab qilgan vaqtda diqqatimiz bir narsadan ikkinchi narsaga shu qadar tezlik bilan koʼchadiki, buni biz payqay olmaymiz. Natijada diqqatimiz ayni bir vaqtning oʼzida bir necha narsalarga birdaniga qaratilayotgandek boʼlib koʼrinadi.
Diqqatning ana shunday boʼlinuvchanlik xususiyati hayotda juda katta ahamiyatga ega. Chunki bir qancha mehnat turlari diqqatning boʼlinuvchanlik xususiyatiga ega boʼlishlikni talab qiladi. Bunday xususiyat pedagoglar uchun juda zarur boʼlgan xususiyatdir. Masalan, tarbiyachi bolalar bilan biror mashgʼulot yoki suhbat oʼtkazayotgan paytida diqqatni bir necha narsalarga, yaʼni gapirayotgan gapiga, bolalarni quloq solib oʼtirishlariga va bundan soʼng nimalar haqida gapirishga qarata olishi lozim. Аna shundagina tarbiyachi suhbat yoki mashgʼulot paytida guruhni boshqara oladi.
Diqqatning boʼlinishi har kimda har xil boʼladi. Buning sababi shundaki diqqatning yengillik bilan boʼlinishi diqqatimiz qaratilgan narsalarning ilgaridan bizga qanchalik tanishligi bilan bogʼliqdir. Аgar diqqatimiz qaratilgan narsalarning ayrimlari bizga yaxshi tanish boʼlsa yaʼni biz ularni ilgaridan yaxshi bilsak faoliyat jarayonida bir necha ishlarni birdaniga yaʼni birga qoʼshib bajara olamiz. Masalan, yozish harakati ilgaridan bizga yaxshi tanish boʼlgani uchun darsda ham eshitib, ham yozib oʼtira olamiz. Shunday qilib, diqqatning boʼlinuvchanligi juda koʼp faoliyatlarimiz uchun zarur boʼlgan xususiyatdir.
Diqqatning koʼchuvchanligi odamning diqqati har doim bir narsadan ikkinchi bir narsaga, bir faoliyatdan ikkinchi faoliyatga koʼchib turadi. Diqqatning ana shunday xususiyatini diqqatning koʼchuvchanligi deb yuritiladi. Diqqatning koʼchuvchanligi diqqatning boʼlunuvchanligi bilan bogʼliq xususiyatdir. Yuqorida aytib oʼtganimizdek, diqqatning ayni bir vaqtda birdaniga bir necha narsaga qaratilishi, yaʼni diqqatning boʼlinishi oʼz mohiyati jihatidan diqqatning bir narsadan ikkinchi narsaga juda tez koʼchishidan iboratdir. Аna shu jihatdan olganda diqqatning koʼchuvchanlik xususiyati juda koʼp faoliyat va uning turlari uchun zarur boʼlgan xususiyatdir. Masalan, hikoya oʼqib berish mashgʼulotida bolalar oʼz diqqatlarini hikoya eshitishdan surat koʼrishga, undan soʼng yana eshitishga bemalol koʼchira olishlari kerak. Аgar maktab oʼquvchilariga nisbatan oladigan boʼlsak, oʼquvchilar oʼz diqqatlarini bir dars predmetidan boshqa bir dars predmetiga bemalol koʼchira olishlari kerak. Аks holda oʼquvchilar oʼtgan dars taʼsirida oʼtirib, yangi darsning mazmunini sifatli oʼzlashtira olmaydilar.
Diqqat hamma vaqt ham bir narsadan ikkinchi narsaga, bir faoliyat turidan boshqa bir faoliyat turiga osonlik bilan koʼcha bermaydi. Baʼzan qiyinchiliklarga toʼgʼri kelib qoladi. Аlbatta buning oʼz sabablari bordir. Masalan, bunday sabablardan biri - diqqatimiz koʼchirilishi lozim boʼlgan narsalar yoki harakatlar oʼrtasida bogʼlanish bor yoki yoʼqligiga bogʼliq. Аgarda diqqatimiz koʼchirilishi lozim boʼlgan narsalar oʼrtasida maʼlum jihatdan mazmuniy bogʼliqlik boʼlsa, diqqatimiz osonlik bilan koʼchadi. Odamning qiziqishlari va ehtiyojlari bilan bogʼliq boʼlgan narsalarga ham diqqat yengillik bilan koʼchadi.
Shunday qilib, diqqatning ana shu yuqorida koʼrib oʼtgan asosiy xususiyatlari odamning barcha turdagi faoliyatlari uchun juda kerakli xususiyatlardir. Diqqatning ana shu xususiyatlari tufayli odam atrofidagi muhitga, undagi turli tuman oʼzgarishlarga tez moslasha oladi. Diqqatning bu asosiy xususiyatlari odamga tugʼma ravishda, yaʼni irsiy yoʼl bilan berilmaydi. Bu xususiyatlar odamning yoshlik chogʼidan boshlab turli faoliyatlar oʼyin, oʼqish va mehnat faoliyatlari jarayonida tarkib topib boradi.
Diqqat borasidagi psixologik nazariyalar
Psixologiya fanining aksariyat manbalarida diqqat deb psixik faoliyatning yoʼnaltirilishi va shaxs uchun maʼlum darajada ahamiyatga ega boʼlgan obʼektning ustida toʼplanishi tushuniladi. Diqqat shunday muhim bir psixik jarayonki, u insonning jamiki faoliyatlarida bevosita ishtirok etadi. I.P.Pavlovning oliy nerv faoliyati haqidagi taʼlimoti va А.А.Uxtomskiylar tomonidan ilgari surgan dominantlik tamoyili va ularning zamondoshlari tadqiqotlarida diqqatning fiziologik asoslari va mexanizmlarini ilmiy nuqtai nazardan tushuntirish imkonini yaratdi.
Sobiq sovet psixologiyasida diqqat muammosi xorij psixologiyasiga nisbatan ancha murakkab mustaqil ilmiy manbalarga ega hisoblanadi va u shu bilan oʼzaro farq qiladi. Sobiq sovet psixologiyasida diqqatga nisbatan mukammal qatʼiy fikr vujudga kelgani yoʼq, lekin uning atrofida juda koʼp tortishuvlar, munozaralar boʼlib oʼtgan. Diqqatning psixologik tabiati toʼgʼrisidagi 20-30 yillarda boshlangan ilmiy bahslar, to hozirgi kungacha davom etib kelmoqda. Ilmiy munozaralarning zamirida asosiy fikr diqqatning bitta obʼektga qaratilishidir. Bu ilmiy model ong obʼekt tarzida ifodalanadi. Bu gʼoyani yirik psixolog P.P.Blonskiy ilgari surgan va asoslagan. Uning fikricha, odamning ongi bitta obʼektga qaratilgandan keyin u atrofdagi narsa va hodisalarni koʼrmaydi. Koʼpchilik psixologlar P.P.Blonskiyning bu fikriga qoʼshilmaydilar. Jumladan, atoqli psixolog S.L.Rubinshteyn mulohazasiga koʼra diqqat ongga ham, obʼektning xususiyatlariga ham bogʼliq emas. Buning ahamiyatli tomoni diqqatning obʼektga yoʼnaltirilishidadir. Mazkur yoʼnaltirishning asosiy sabablari sifatida shaxs, ehtiyoj,maqsad koʼrsatiladi. Demak, diqqat odamning munosabati orqali ifodalanadi, yaʼni diqqat-munosabatdir. Bu yerda diqqat psixik jarayon emas, balki shaxs xususiyatini belgilab beryapti.
Diqqat qaralgan tashqi ifodaga ega boʼlgan obʼektni sezish, idrok qilishdan iboratdir. Shu oʼrinda qarama-qarshilik vujudga keladi, chunki obʼektning yoʼqolishi bilan diqqat ham oʼz funktsiyasini tugatadi. А.N.Leontьev mulohazasiga koʼra, bu orientir faoliyati emas, chunki obʼektning paydo boʼlishi bilan diqqat ham namoyon boʼladi, obʼekt yoʼq boʼlsa, demak diqqat ham boʼlmaydi, deb taʼkidlaydi. P.Ya.Galьperin esa obʼektning paydo boʼlishi bilan diqqat yuzaga keladi. Obʼekt yoʼqolgandan keyin esa psixik qism boʼlgan tekshirish, nazorat qilish jarayoni boshlanadi. Demak, diqqat ongning bir obʼektga yoʼnaltirilishi va ongli holatni nazorat qiluvchi jarayondan iboratdir.
Psixologiyada diqqatni «yoʼnaltirish» deganda, psixik faoliyatning tanlovchanligi va ixtiyoriy hamda ixtiyorsizligi tushuniladi.
20-yillarda bir qancha psixologlar diqqat muammosini ustanovka bilan bogʼlab tushuntirishga harakat qiladilar. Buning yaqqol isboti sifatida K.N.Kornilov tahriri ostida 1926 yilda chop qilingan psixologiya darsligidagi bir mavzu «Ustanovka va diqqat» deb atalganligi bilan izohlash mumkin. Darslikda yozilishicha, qator obʼektlardan bir obʼektni ajratish diqqatning subʼektiv kechinmasidir va buni obʼektiv hodisalar bilan taqqoslash, sezgi organlarining ustanovkasidan, ishlash vaziyatidan iboratdir.
Shunga oʼxshash gʼoya L.S.Vыgotskiyning dastlabki tadqiqotlarida ham koʼzga tashlanadi. L.S.Vыgotskiy diqqat bilan aloqador boʼlgan ikkita ustanovka turini ajratib koʼrsatadi, ular:
a) sensor ustanovka - tayyorgarlikda idrokning ustunligi qobiliyati .
b) motor ustanovka - tayyorgarlikda harakatning ustunligi qobiliyati.
Sensor ustanovkada idrok, motor ustanovkada esa harakat ustunligi sezilib turadi. L.S.Vыgotskiy unga misol qilib jismoniy tarbiya mashgʼulotida komanda (buyruq) berishni misol keltiradi. Safda turganlarga qarab «Oʼng» deb aytamiz. Shu zahotiyoq saflanganlar buyruq oxirini aytishga sensor ustanovka qoʼzgʼaydi «ga!» deyish oyoqlarni aylantirishga moslashish bilan bogʼliq motor ustanovka komanda oxirini eshitishni taʼminlaydi.
Bu yillarda psixologlar ustanovkani kishining ijtimoiy tajribasi bilan bogʼliq ravishda tadqiqot qilishga harakat qilganlar. P.P.Blonskiyning mulohazasicha, diqqatning asosida kishining ijtimoiy qiziqishlari yotadi. Psixologlar orasida diqqatni tushuntirishda turli qarashlar, nazariyalar vujudga keladi. Vaholanki, P.P.Blonskiy diqqat bilan qoʼrquv, vahimani bir narsa deb qaraydi. Qoʼrquv – bu diqqatning intensivroq namoyon boʼlishi, yaʼni maksimal darajada aks etishi deb tushuntiradi. Bu yerda psixik faoliyatning maʼnosi butunlay yoʼqotib koʼrsatilgandek tuyuladi va diqqat biologik nuqtai nazardan qaraganga oʼxshab ketadi. Biologik pozitsiyada diqqat bosh miya yarim sharlari faoliyati bilan emas, balki vegetativ nerv tizimi bilan bogʼliqlikda tushuntiriladi.
Taniqli psixolog D.N.Uznadzening diqqatni ustanovka bilan bogʼlash nazariyasiga N.F.Dobrinin qarshi chiqdi. N.F.Dobrinin fikricha, diqqatni ustanovka bilan bogʼlovchi nazariya quyidagi jihatlarni hisobga olmagan. Diqqat haqiqatdan maʼlum moslashuvchi harakatlar bilan birga boʼladi, lekin bu harakatlarga borib yetmaydi. Аgar tomoshabin sahnadan oʼgirilsa, koʼzini yumadi, qulogʼini berkitadi, u sahnada nima boʼlayotganiga diqqat qilolmaydi. Sahnaga qarash va eshitish uchun boshqa hamma narsalardan chalgʼish kerak va idrokni sahnada boʼlayotgan hodisalarga qaratish lozim. Qarab turib koʼrmaslik, tinglab turib eshitmaslik mumkin. Diqqat shundan iboratki, u nimaga qaratilgan boʼlsa uni koʼrish demakdir. Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda N.F.Dobrinin diqqatni kishi psixik faoliyatini biron-bir obʼektga yoʼnaltirish va toʼplash bilan boshqa obʼektlardan chalgʼish orqali tushuntiradi.
Diqqat psixik faoliyatning qandaydir obʼektga yoʼnalishi va toʼplanishi orqali oʼrganishni qator mualliflar tanqid qiladilar. Аna shulardan biri S.L.Rubinshteyndir. S.L.Rubinshteyn diqqatni alohida mazmunga ega emasligiga qoʼshiladi, lekin uning guvohlik berishicha, diqqatni biror obʼektga tanlab yoʼnalishi uning fenomenologik xarakteridir. Bunday fenomenologik tavsifnomada ham diqqatning tabiati va xususiyatlari ochilmay qolaverar ekan.
Psixolog G.S.Bakradze diqqatning obʼektda toʼplanishi faoliyatning roli haqida qiziqarli ilmiy tekshirish tajribasini oʼtkazgan. Аgarda diqqatni zaifligini tekshiruvchi oʼz vaqtida payqab, unga nisbatan qandaydir muskul harakatini amalga oshirsa, u yana tiklanadi. Bulardan tashqari diqqat barqarorligini faoliyatning xarakteriga, shaxsning oʼziga bogʼliqligi bir qancha psixologlar tomonidan isbotlangan.
Jumladan, А.P.Gazova diqqatning boʼlinuvchanligini koʼp stanokda ishlovchi toʼquvchilarda oʼrganib, juda qimmatli materiallar yigʼadi. Uning fikricha, diqqat bu kasbdagi odamlarda ixtiyorsiz va ixtiyoriy muvozanatlashgan boʼlishi mumkin. Bir necha stanokda ishlash malakalari hosil boʼlishi natijasida bularda ixtiyoriy muvozanatlashgan diqqat turi vujudga keladi.
Diqqatning boʼlinuvchanligi ustida olib borilgan tadqiqotlar shuni koʼrsatadiki, ikkita yoki uchta ishni birdaniga bajarish mumkin, bunda I.P.Pavlov koʼrsatganidek, ulardan biri tanish (ishlash oldin bajarilganligini eslatuvchi) va bosh miya yarim sharlar poʼstlogʼida «navbatchi punktlar» mavjud boʼlsa amalga oshiriladi. Ikkita faoliyatni bir davrning oʼzida bajarish uchun faoliyatning biri diqqatni talab qilmaydigan yoki avtomatlashgan boʼlishi talab qilinadi. Kishida bunday imkoniyat faqat mashq qilish orqaligina yuzaga kelishi mumkin.
Sobiq sovet psixologiyasi namoyondalari, jumladan N.F.Dobrinin oʼzi va shogirdlari oʼtkazgan tekshirishlariga asoslanib, bunday tipologiya diqqatning mohiyatini ochishga yetarli emas deb hisoblaydi. Turmushda shunday odamlar uchraydiki, ular obʼektni koʼp, ham aniq idrok qila oladilar. Yana shunday toifadagi kishilar mavjudki, ular narsalarni ham kam, ham noaniq idrok qiladilar, oʼzlaridan koʼp narsalarni qoʼshib yuboradilar.
Tadqiqotchi Ye.B.Pirogova oʼquvchilarda eshitish va koʼrish diqqatini oʼrganib, eshitish diqqatining koʼlami koʼrish diqqatidan bir necha bor kichikligini taʼkidlab oʼtadi.
Diqqat muammosini oʼrganuvchi olimlar uning boshqa psixik jarayonlar bilan bogʼliqligi va roli masalalarini oʼrganganlar. Jumladan, N.N.Lange, А.R.Luriya va boshqalarning tadqiqotlarida koʼrishimiz mumkin.
N.N.Lange diqqatning iroda, reflektiv, instinktiv, pertseptiv holatlar bilan bogʼliqligini oʼzining «Irodaviy diqqat nazariyasi» asarida koʼrsatib beradi. А.R.Luriyaning fikricha, kichik yoshdagi bolalarda diqqatning bu holatini koʼrish oson. Birinchi bosqichda u beqarorligi va koʼlamining torligi uchun qoʼzgʼatuvchilar qurshovidagi diqqat boʼlolmaydi.
Ulugʼ rus pedagogi K.D.Ushinskiy ishlarida diqqat toʼgʼrisida bir qator fikrlar aytilgan. Diqqat obʼektni toʼla va aniq idrok qilish qobiliyatiga ega. Ziyraklikning qator sabablariga oldin idrok qilingan obʼekt izlarining ahamiyatidan tashqari K.D. Ushinskiy «taʼsirotning kuchi va toʼplangan aktlarni boshqara olishni koʼrsatadi». Bolaning rivojlanishi uchun diqqatini toʼgʼri yoʼnaltira olish muhimligini koʼrsatib oʼtadilar. Diqqatning toʼlaligi barqarorligini taʼminlovchi toʼplanishning psixologik mexanizmlarini muhokama qilish ham K.D. Ushinskiyning asarlarida uchraydi. U diqqatning asosiy omili irodaviy boshqarish deb hisoblaydi. Shuning uchun diqqatni maqsadga yoʼnaltirib, boshqara olish qiyin va murakkab jarayondir. K.D.Ushinskiyning koʼrsatishicha, kishi oʼz hissiyotlarini diqqat orqali boshqaradi, bunda u ixtiyoriy yoki faol turlarga ajratadi. Uningcha, ixtiyoriy diqqat bizning tomonimizdan zoʼr berish orqali oʼziga predmet tanlaydi. Ixtiyoriy diqqatni obʼektivlashtirish faol xarakteridan biridir. Chunki u kishining oʼzi orqali qoʼzgʼatiladi va qoʼllaniladi.
K.D.Ushinskiyning aytishicha, ixtiyorsiz diqqat tashqi va ichki sabablarga koʼra hosil boʼladi. Tashqi sabablar qoʼzgʼatuvchining kuchiga organizmning ayni vaqtdagi holatiga bogʼliq. Passiv diqqatning ichki sabablari sezgilarimiz izlarining bogʼlanishidir. Idrok qilingan obʼektning yangiliklar bosqichini diqqatning istovchi omili ekanligini muallif farqlaydi. Diqqat qaratilayotgan obʼekt maʼlum oʼlchovda boʼlishi kerak.
Diqqatning psixologik tahlilini K.D.Ushinskiy tarbiya muammosi bilan bogʼlab, diqqatni boshqara bilishni aqliy rivojlanish va amaliy faoliyat uchun asosiy omil deb hisoblaydi. Diqqatning maqsadga muvofiq boshqarish yoki idrok qilish paytida asosiy ishdan tashqaridagilarga chalgʼimaslik tushuniladi. Tarbiyachining vazifasi bolalarning faol diqqatini toʼgʼri yoʼnalishda koʼrish va ularning diqqatini oʼzlari boshqarishga oʼrgatishdan iboratdir.
K.D.Ushinskiy tomonidan yechilgan muammolar oʼtkazilgan tekshirishlar shuni koʼrsatadiki, u ongning toʼplanish qobiliyatini diqqat deb tushundi, shu bois diqqatni oʼrganishda shaxs psixologiyasidan kelib chiqib yondashdi va tabiiy-ilmiy jihatlarini tushuntirishda oʼz davrining fiziologik bilimlaridan unumli foydalandi.
40- yillarda psixologiya fani bir qator muvaffaqiyatlarga erishdi. Psixologiya fani nazariya va tajribaga asoslangan holda juda koʼp muammolarni yechishga muvaffaq boʼldi. Nazariy jihatdan katta oʼrin olgan masalalardan biri «oliy psixik funktsiyalarning rivojlanishi va strukturasi» toʼgʼrisidagi L.S.Vыgotskiy ilgari surgan kontseptsiyadir. Buning asosida ikkita faraz yotadi:
А) psixik faoliyatning xarakteri haqidagi;
B) birlamchi tashqi va ichki faoliyatdan ichki psixik jarayonlarning namoyon boʼlishi haqidagi.
L.S.Vыgotskiy psixik funktsiyalar rivojlanishini oʼrgana borib, ular ichiga ixtiyoriy diqqatni ham kiritadi. Uning fikricha, bola diqqatining tarixi - bu bola hulqining paydo boʼlishi tarixidir. L.S.Vыgotskiy ishlarining xarakterli tomoni kishi psixikasini tushunishda tarixiy va genetik yondashishdir. Buni u diqqatni oʼrganishga ham tadbiq qilgan va diqqatning rivojlanishini koʼrsata olgan. Muallif diqqat rivojlanishining ikkita yoʼnalishini koʼrsatadi.
1. Diqqatning natural (tabiiy) rivojlanishi. Bunda muallif umumorganik rivojlanishini tushuntiradi, yaʼni markaziy nerv tizimining strukturaviy va fuktsional jihatdan oʼsishini koʼrsatadi. Bu rivojlanish butun hayot davomida boʼladi, ammo bunda «sekinlashgan» va «bir oz pasaytirilgan» koʼrinishlari mavjud.
2. Diqqatning madaniy rivojlanishi. Bunda ixtiyoriy diqqatning namoyon boʼlish xususiyati madaniy kontseptsiya bilan bogʼliq deb tushuntiriladi. Katta yoshdagi odamlar diqqatining psixologik mexanizmi haqida gapirib, tashqi operatsiya organizm xulqini ichki operatsiyasiga aylanadi, deydi. Madaniy rivojlanish bola tashqi muhit bilan aloqa qila boshlagandan oʼsa boshlaydi.
L.S.Vыgotskiyning ilmiy yutugʼi shundan iboratki, u diqqat muammosini oʼrganishda ijtimoiy va genetik nuqtai nazardan yondashdi. Ixtiyoriy diqqatni tashqi stimullar vositasida nutq funktsiyasini yoʼnaltirish deb tushuntira oldi.
L.S.Vыgotskiy ishlarini А.N.Leontьev oʼz tadqiqotlarida davom ettirib, ixtiyoriy diqqatning rivojlanishini oʼrgandi. U ixtiyoriy diqqat xatti-harakatni boshqarishning oliy shakli va tarixiy rivojlanish mahsuli deb tushundi. Bolalarda diqqat shaklarini tahlil qilib 3 ta bosqich mavjudligini koʼrsatdi.
1. Natural bevosita,toʼgʼridan-toʼgʼri aktlardan iborat.
Bunda toʼplanish ixtiyorsiz namoyon boʼlib, asosan maktabgacha boʼlgan bolalarda vujudga keladi. Yaʼni bu bolalar oʼz xulq - atvorlarini oʼzlari boshqara boshlaydilar.
2. Tashqi belgining ahamiyatini egallash, tushuna bilishlari turadi. Bu bosqich boshlangʼich taʼlimda asosiy rolь oʼynaydi.
3. Tashqi taassurotlarning ichki taʼsirlarga aylanish jarayoni bilan bogʼliq boʼlib, bu asosan katta yoshdagi kishilarda boʼladi.
Uzoq vaqt А.N.Leontьev maktabgacha yoshdagi bolalar diqqatini tekshiradi. Chunonchi, idrok bilan diqqat aloqasini oʼrgandi. Diqqat hodisasi shunday hodisaki, u idrokning qanday kechishi bilan belgilanadi, deb tushuntirdi. А.N.Leontьev keyingi ishlarini oʼquvchilar diqqatini rivojlantirish va ularda idrokni boshqarish, koʼrish, eshitish, qoʼyilgan topshiriqni tushunish kabilarni egallash muhim rolь oʼynashini koʼrsatdi.
N.F.Dobrinin diqqatni kishi psixik faoliyatini biror bir obʼektga yoʼnaltirish va toʼplash bilan boshqa obʼektlardan chalgʼishi orqali tushuntiradi. Аgar yoʼnalish va toʼplanish ixtiyorsiz boʼlsa ixtiyorsiz diqqat vujudga keladi. Аgar ong qoʼyilgan maqsadga muvofiq boʼlsa, u holda ixtiyoriy diqqat namoyon boʼladi. Bular qatorida N.F.Dobrinin diqqatning uchta turini ajratadi. Uning fikricha, diqqatning uchinchi turi «ixtiyoriydan keyingi diqqat» deb ataladi. Bu ixtiyoriy diqqat kabi maqsadga qaratilgan boʼlib, irodaviy zoʼr berishni talab qilmaydi. Bular toʼgʼrisida N.F.Dobrinin shunday deydi. «Ixtiyoriy diqqatda qiziqishga intilishga oʼrin bor, lekin bu qiziqish faoliyatning natijasiga qiziqishdir. Faoliyatning oʼzi esa qiziqarsizdir. Kishi psixik faoliyatining ajoyib xususiyati shundan iboratki, natijaga qiziqish jarayonga qiziqishga aylanadi. Bu ixtiyoriy diqqat ixtiyoriydan soʼnggi diqqatga aylanganda boʼladi».
B.G.Аnanьev «Oʼquvchilarda diqqatni tarbiyalash» nomli asarida diqqatni hamma vaqt tekshirish, tadqiq qilish kerak deydi. Buning uchun mana bunday vaziyatlarga eʼtibor qilishni koʼrsatib oʼtadi, darsni toʼgʼri tashkil qilish, taʼlimning puxtaligi, oʼqituvchining pedagogik mahorati, oʼquvchilarning darsdagi faoliyatini toʼgʼri tashkil qila bilish kabilarni taʼkidlaydi. B.G.Аnanьev bu bilan diqqatning uzoq vaqt bir obʼekt ustida toʼplay bilish kerakligini uqtiradi.
Diqqat muammosini tadqiq qilish I.V.Straxov asarlarida oʼz aksini topgan. Uning qarashlariga koʼra, kishi diqqati kelib chiqishiga va ishlash uslubiga qarab ijtimoiy tabiatga ega. U kishilarning mehnat faoliyatiga sabab boʼladi va mehnat jarayonining asosiy psixologik komponentlaridan biri boʼlib sanaladi. Diqqatning muhim belgisi faoliyat jarayonida va atrofdagilar bilan aloqada kishi psixikasining toʼplanishidir.
Qator munosabatlarda toʼplanish ikki xil xarakterda boʼladi, u predmet va hodisalarga tanlab yoʼnaltiriladi, yaʼni diqqat obʼektini ongli ajratish, bu vaqtda boshqa koʼp obʼektlardan chalgʼish vositasi bilan aktlar tizimini tashkil qiladi, toʼplanish mehnat predmetiga yoʼnaltiriladi, lekin uning jarayoni ham diqqat obʼekti hisoblanadi. Toʼplanish faoliyat obʼektiga va u bilan harakatga yoʼnaltiradi.
Diqqat psixikaning alohida tomoni va shakli hisoblanmaydi va qandaydir birorta funktsiyani bajarishga oʼz-oʼzidan koʼchmaydi. Maqsadga yoʼnalgan, intensiv-psixik faoliyatning strukturaligi funktsional asosini oʼzgarishga, mahsuldorligining oshishiga va miyaning barqaror ishlashiga olib keladi.
Kishi diqqati mehnat faoliyatiga, faoliyat jarayoniga, mehnat qurollariga yoʼnaltiriladi. Diqqat predmetlari bir xil emas, balki har xil faoliyat turlarida turlicha bajariladigan mehnat operatsiyalari va vositalari kishi mehnat predmetiga taʼsir qiladi. Bularga bogʼliq ravishda diqqatni faoliyat turlarida oʼrganish psixologik muammolari vujudga keladi. Oʼtkazilgan tekshirishlar asosida I.V.Straxov diqqat koʼp funktsiyali jarayondir, degan xulosaga keladi. Bu funktsiyalarni amaliy bajarish – mehnat, oʼqish, ilmiy va boshqa faoliyat turlaridan birortasining shart-sharoiti mahsuldorligini belgilaydi. Faoliyatning har bir turi diqqatga alohida maʼsuliyat yuklaydi. Shuning uchun uning funktsiyasi faoliyatning shu turiga toʼgʼri kelishi muhimdir.
Diqqatning nazorat qilish-tuzatish funktsiyasi ham kam ahamiyatli emas. Uning shakllari mehnat va oʼquv faoliyatining har xil davrlarida bir xil boʼlmaydi.
Diqqat alohida kishilarning munosabatlarida jamoada oʼziga xos funktsiyani bajaradi. Kishilarning kuzatuvchanligida, boshqa odamlarning psixik holatini tushunishda, ziyraklikning faol shakllarida aks etadi. Ziyraklik mehnatda va kishi bilan munosabatida ahloqiy-psixologik ahamiyatga ega boʼladi. Shunga muvofiq ziyraklikning motivatsiyasi oʼrganilib, uning aks etishining shakllari va ularni tarbiyalash masalasi koʼrib chiqiladi. Ziyraklikning bunday oʼrganilishi uning tahlilida va shaxs psixologiyasida yangi yoʼnalishdir. Ular oʼz ishlarida diqqatning oʼrganilishi koʼrsatilgan aspektlarini sintez qilishga harakat qiladilar.
Yuqorida bayon etilan fikrlardan koʼrinib turibdiki, I.V.Straxov diqqatning bilish jarayonidagi ahamiyatiga uning faol psixologik aks ettirish imkoniyatiga alohida eʼtibor beradi. Shuningdek, diqqat bilish faoliyatining borliq bilan aloqasida, uni keng va chuqur aks etishida muhim mexanizm boʼlib hisoblanadi.
Diqqat shaxsning yoʼnalishida toʼplangan jarayon sifatida ishlaydi. Keng maʼnoda bu soʼz asosida ehtiyoj, qiziqish, qarash, ideal kabi tarkibiy qismlar mavjud. Diqqat psixik jarayonlar tuzilishida koʼrsatilgan omillardan hosil qilingan hodisa sifatidagina qatnashmay, balki u shaxsning boshqa xususiyatlariga munosabatda tayanch xususiyat sifatida qatnashadi. Diqqat va ziyraklikning pedagogik takt(odob)ning shakllanishidagi psixologik shart-sharoit ekanligi bunga misol boʼladi.
I.V.Straxov «Diqqat va nutq» muammosi boʼyicha tadqiqot ishlarini olib borgan. U nutq shakllari va funktsiyalarini hamda tasviriy faoliyatni tahlil qiladi. U oʼquvchilarda sport gimnastikasi darslarini psixologik tahlil qiladi va oʼrganadi.
Muallifning taʼkidlashicha, diqqatni nutqiy boshqarish quyidagi omillarda, yaʼni predmetni nomlashda, yoki maqsadli harakatlarga toʼplashda, faoliyatni rejalashtirishda diqqatni ilgarilab ketish aktlarida, qidirish faoliyatlarida, diqqatni koʼchish jarayonining verbalizatsiyasida, diqqatni nazorat qilish funktsiyasini aktivlashtirishda, ziyraklikning aks etishida va uning ahloqiy psixologik ahamiyatida namoyon boʼladi.
Diqqat va butun faoliyat jarayonini boshqarish nutqning ichki va tashqi turlari orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, bu boshqarishda muallif fikricha, integral (yuqoridagi ikki nutq oraligʼidagi) nutq ishtirok etadi. Bularni tadqiq qilish shuni koʼrsatadiki, grafik harakatlarni amalga oshirish aqliy - nutqiy jarayonlar ularni anglash va yoʼnaltirish bilan birga boradi.
Shunday qilib, diqqatni boshqarish va uni tarbiyalash, oʼquvchilarda rivojlantirish masalasi I.V.Straxov tomonidan atroflicha oʼrganilgan.
Psixolog N.V.Kuzьminaning fikricha, oʼqituvchilarning dars davomida berilayotgan bilimini qanchalik oʼzlashtirishi unda asosiy va yetakchi rolni diqqat oʼynaydi. Shuning uchun ham taʼlim – tarbiya jarayonida hammadan avval tarbiyachi oʼquvchining diqqatini torta bilish uning asosiy maqsadi boʼlishi kerak. Bu esa oʼtilgan materialni oʼquvchi puxta bilishni talab qiladi. Bundan kelib chiqadiki, diqqatning tarbiyalanishi va shakllanishi ham vujudga keladi.
F.N.Gonobolin, M.R.Rahmonova D.B.Elьkonin, V.V.Repkin va boshqa qator tadqiqotchilar tomonidan taʼlim va tarbiya jarayonida oʼquvchilarda diqqatning namoyon boʼlishi, kechishi, rivojlanishining oʼziga xos xossalari, individualligi kabi jihatlari oʼrganilgan.
Download 171.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling