Parazitologiya fanidan ma’ruzalar matni parazitologiya
Kirish. Parazitologiya fanining predmeti va vazifalari. Parazitologiyaning qisqacha rivojlanish tarixi
Download 407.5 Kb.
|
Parazitologiya fanidan ma’ruzalar matni-fayllar.org
Kirish. Parazitologiya fanining predmeti va vazifalari. Parazitologiyaning qisqacha rivojlanish tarixi.
Mavzu rejasi: Parazitologiya fanining predmeti va vazifalari. Parazitologiya fanining qisqacha rivojlanish tarixi. Parazitizm haqida tushuncha. Parazitizm, kommensalizm, mutualizm va simbioz to’g’risida tushunchalar. Xo’jayin - parazit munosabatlarining shakllari. Parazitologiya (yunoncha ikkita so’zdan kelib chiqqan bo’lib, parasitos - tekinxo’r, parazit va logos - ta’limot, fan demakdir) - kompleks biologiya fanining bir tarmog’i hisoblanib, parazitizm, hodisalari, ya’ni parazit bilan xo’jayin o’rtasidagi o’zaro munosabatlar, ularning tashqi muhit omillariga bog’liqligi, odam, hayvon va o’simliklarda uchrovchi parazitlar va ular qo’zg’atadigan kasalliklar hamda bu kasalliklarga qarshi kurash usullarini o’rganadigan fan. Parazitologiya parazitlar morfologiyasi, anatomiyasi, gistologiyasi, fiziologiyasi, embriologiyasi, ekologiyasi, geografiyasi, tasnifi, filogeniyasi hamda parazit va xo’jayin orasidagi munosabatlarni tekshiradi. Akademik K. I. Skryabin parazitlarning kelib chiqishi xususiyatiga ko’ra, ularni o’rganadigan fanni ikki guruxga bo’ladi. Birinchi gurux - fitoparazitologiya deyilib, u o’simliklar dunyosidan kelib chiqadigan bakteriya, virus va boshqa parazitlar hamda ular ta’sirida sodir bo’ladigan yuqumli kasalliklarni o’rgatadi. Ikkinchi gurux - zooparazitologiya deyilib, qo’zg’atuvchisi hayvonot dunyosidan kelib chiqadigan (protozoolar, gel’mintlar, zuluklar, bo’g’imoyoqlilar va boshqalar) va har xil parazitlar ta’siridan paydo bo’ladigan kasalliklar hamda ularga qarshi kurash choralarini o’rgatadi. Umuman, parazitlarni o’rganish ob’ektlariga ko’ra tibbiyot parazitologiyasi, veterinariya parazitologiyasi, agronomiya (o’simliklar) parazitologiyasi va umumiy parazitologiyaga bo’linadi. Parazitologiya ko’pgina biologik, tibbiyot va veterinariya soxasidagi maxsus fanlar bilan chambarchas bog’langan. Parazitlarning tavsifi, morfologiyasi, biologiyasi va tasnifini o’rganish bilan zoologiya fani shug’ullansa, ular qo’zg’atadigan kasalliklar patogenezi, klinikasi, diagnostikasi va davolashini o’rganish bilan esa patologik anatomiya, patalogik fiziologiya, immunologiya, virusologiya, mikrobiologiya, terapiya, farmakologiya, epizootologiya, xirurgiya, bioximiya, veterinariya-sanitariya ekspertizasi, zoogigiena va boshqa fanlar shug’ullanadi hamda ulardagi tadqiq etish usullaridan keng foydalaniladi. Parazitlar xaqidagi ma’lumotlar qadim zamonlardan beri fanga ma’lum. Eramizdan ancha ilgari yassi chuvalchanglarning vakillari hamda askarida xaqida qo’lyozmalar saqlangan. Eramizdan oldingi 460-375 yillarda yashagan atoqli olim va shifokor Gippokrat birinchi bo’lib fanga "askaridoz" degan tushunchani kiritgan. U odamlarda uchraydigan askarida, ostrisa, yassi chuvalchanglarning ayrim turlari bilan birga hayvonlar parazitini (exinokokkni) ham aniqlagan. Gippokrat gel’mintlarni invazion kasalliklarning qo’zg’atuvchisi emas, balki o’z-o’zidan vujudga keladigan biror kasallikning oqibati deb noto’g’ri tushuncha bergan. Eramizdan oldingi 384-322 yillarda yashagan yunon faylasufi Arastu qoramollardagi exinokokkoz, cho’chqalardagi sistiserkoz, odam askaridasi va ostrisasi to’g’risida ma’lumotlar yozib qoldirgan. Eramizdan oldingi 116-27 yillarda yashagan Rim olimi Varron hayvonlarni botqoqlik, to’qayzorlarda boqqanda og’iz va nafas yo’llari orqali mol organizmiga ko’zga ko’rinmaydigan parazitlar kirib kasallik qo’zg’atadi deb fikr yuritgan. Eramizdan oldin va eramizning dastlabki yillarida qo’tirga qarshi oltingugurt, gel’mintozlarga qarshi piyoz, sarimsoq va boshqa surgi dorilarni ishlatganlar. Parazitlar to’g’risidagi ayrim ma’lumotlar bir qancha olimlarning qo’lyozmalaridan ham topilgan, ammo ular parazitlarni xudo yuborgan ofat deb, bu kasalliklarni "davolash" uchun xudoga sig’inish, iltijo qilish kerakligini aytishgan. Ko’p asrlar davomida olimlar faqat ko’zga ko’rinadigan parazit chuvalchanglar va tashqi parazitlarni ta’riflash bilangina chegaralanib kelganlar. Ko’zga ko’rinmas parazitlar to’g’risidagi ilk ma’lumotlar bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino asarlarida uchraydi. XVII asrning o’rtalariga kelib Italiya tabiatshunosi Redi parazitlar ustida tajribalar o’tkazadi va chivin bilan bo’kalarning tuxumdan rivojlanishini isbot qilib, parazitlar tasodifan o’z-o’zidan paydo bo’ladi degan nazariyaga zarba berdi.
3
Golland tabiatshunosi A. V. Levenguk (XVII asrning oxir-larida) mikroskop ixtiro qilib, butun biologiya soxasida yangi davrni boshlab berdi. Lekin 17-18 asrlarda parazitlarning faqat morfologik tuzilishi o’rganilgan xolos.
Mana shu vaqtdan boshlab parazitlarning biologiyasi o’rganila boshlandi va eksperimental parazitologiyaga asos solindi. 19 asrning ikkinchi yarmidayoq turli kasalliklarni qo’zg’atuvchi bir hujayrali hayvonlar (sodda hayvonlar) topildi. Keyinroq esa xasharot va kanalarning ba’zi kasalliklarning qo’zg’atuvchilarini tarqatishdagi roli, shuningdek, faqat odamga xos bo’lgan parazitar kasalliklar ham aniqlandi. Bu davrda parazitologiyaning rivojlanishiga rus olimlaridan E. A. Ostrovskiy, A. P. Fedchenko, E. K. Brandt, N. M. Melnikov, I. I. Mechnikov, F. A. Lesh; nemis olimlaridan F. Kyuxenmeyster, K. Foxt, R. Leykart; ingliz olimlaridan R. Ross, P. Menson, J. Datton, J. Todd; italiya olimi B. Grassi; fransuz olimi SH. Nikol va boshqalar katta xissa qo’shdilar. Sobiq ittifoqda ham parazitologiya soxasida bir qator ilmiy maktablar vujudga keldi. Akademik K.I.Skryabin sobiq ittifoq gel’mintologlari maktabini yaratdi. Akademik E.N.Pavlovskiy va L.A.Zil’berlar umumiy parazitologiya, o’lka parazitologiyasi muammolarini o’rgandi va transmissiv kasalliklarning tabiiy manbai, organizm parazitlar yashash muhiti ekanligi va parazitosenozlar xaqidagi nazariyalarni yaratdi. Professor V.A.Dogel’ ekologik parazitologiyaning asoschisi hisoblanadi. U izdoshlari bilan parazitologiyaning umumiy masalalarini, baliq parazitlarini, parazit bir hujayrali hayvonlarni, professor V.L.Yakimov va boshqa bir gurux olimlar odam va hayvonlarning piroplazmidozlar, leyshmaniozlar, otqarshi kurash choralarini ishlab chiqdilar. Tibbiyot parazitologiyasi soxasida ayniqsa, bezgakni va boshqa parazitar kasalliklarni yo’qotishda juda katta ishlar amalga oshirildi. O`zbekistonda parazitologiya bo’yicha ilmiy ishlar O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga qarashli Zoologiya institutida, O`RFAning Qoraqalpog’iston filiali institutlarida, O`zbekiston milliy universitetida, Samarqand davlat universitetida, O`zbekiston veterinariya ilmiy-tekshirish institutida, Samarqand qishloq xo’jalik institutida, O`zbekiston tibbiyot parazitologiyasi hamda O`rta Osiyo fitopatologiya institutlarida, Toshkent va Samarqand tibbiyot institutlarida olib borilmoqda. O`zbekistonda parazitologiya fanining rivojlanishida N.B.Badanin, O`RFA akademiklari A.T.To’laganov, M.A.Sultonov, E.X.Ergashev, J.A.Azimov, professorlar S.N.Bobojonov, N.M.Matchonov, SH.A.Azimov, A.O.Oripov, M.Aminjonov, E.I.Gan, M.K.Qodirova, S.O.Osmanov, V.M.Sodiqov, o’.U.Uzoqov, Z.N.Norboev, O.M.Mavlonov, T.Q.Qobilov, A.R.Ro’zimurodov, S.Dadaev va ularning shogirdlari muhim ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqdalar. Parazitizm (yunoncha parasitos - tekinxo’r, hamtovoq) - har xil turga mansub organizmlar o’rtasidagi o’zaro munosabat usullaridan biri. Bunda organizmlaridan biri (parazit) ikkinchisi (xo’jayin)dan yashash muhiti va oziqa manbai sifatida foydalanib, unga zarar etkazadi. Hayvonlar har xil guruxlarni tashkil etib, birgalikda hayot kechirish jarayonida betaraf (indifferent), do’stlik va antogonistik munosabatda
4
yashaydilar. Betaraf munosabatda yashaydigan organizmlar ko’pincha qo’shni yoki birgalikda yashasa ham tasodifan bo’lak-bo’lak bo’lib hayot kechiradi, bir-biriga foyda ham, zarar ham keltirmaydi. Bularga marjon poliplar, dengiz yulduzlari, dengiz nilufarlari misol bo’ladi. Do’stlik munosabatdagi simbiozda yashaganda organizmlar bir-biriga foydali yoki faqatgina biri foydalanib, ikkinchisi betaraf munosabatda (simbiozda) bo’ladi.
Bir tomonlama (simbioz) munosabatda bo’lganda ikki organizm birga yashasa ham ulardan faqat bittasi foyda ko’radi. Ikkinchisi foyda ham , zarar ham ko’rmaydi. Bunday munosabatlarga ijarada hamda kommensal bo’lib yashash yaqqol misol bo’ladi. Ijarada birga yashaganda bir organizm ikkinchisidan uy sifatida foydalanadi. Masalan, gorchak balig’i o’z ikralarini tishsiz mollyuska mantiyasi ichiga qo’yib, dushmanlaridan ximoya qiladi. Kommensalizm ko’rinishdagi munosabatda bir organizm ikkinchi organizmdan qolgan keraksiz oziq hisobiga yashab unga zarar qilmaydi. Bunga sinoykiya deyiladi, ya’ni synoikia yunoncha yashash joyi demakdir. Masalan, kichkina xalqali chuvalchang zoxid qisqichbaqa joylashib olgan chig’anoqlarda yashab, qisqichbaqadan qolgan oziqa hisobiga ovqatlanadi yoki yopishqoq baliq orqa suzgichi bilan akulaga yopishib passiv harakat qiladi, undan qolgan oziqlar hisobiga yashaydi. Bunda yopishqoq baliq akulalar hisobiga boshqa joylarga tarqaladi, bunga epioykiya deb ham ataladi. Dushmanlik (antogonistik) munosabatda (simbiozda) ikki organizm birga yashab, bir-biriga zarar keltiradi. Bularga yirtqichlik hamda parazitizm misol bo’ladi. Ular parazitlik qilib hayot kechirishi bilan xarakterlanadi. Lekin yirtqich bilan parazitizm bir-biridan ajralib turadi. Yirtqichlar hamma vaqt o’z o’ljalaridan kuchli bo’lib, ularni o’ldirib to’liq yoki qisman iste’mol qiladi (masalan, bo’ri bilan qo’y). Parazit esa o’z xo’jayiniga nisbatan kuchsiz, shuning uchun uni o’ldirishga kuchi etmaydi, faqatgina kasallantiradi. U o’z egasining tanasida doimiy yoki vaqtincha yashab, uning hisobiga hayot kechiradi. Ayrim xollarda giperparazitizm (o’ta parazitlik) uchraydi. Bunda bir parazit ikkinchi parazitning tanasida yashaydi. Masalan, ayrim bir hujayrali hayvonlar - sporalilar (nozemalar) toksakara degan nematodaning jinsiy organlarida yoki bunostomalar monieziy tanasida parazitlik qiladi. Kamdan-kam xolda soxta parazitizm ham uchrab turadi. Bunda ayrim organizmlar evolyusion taraqqiyot davrida moslashmagan ikkinchi organizm tanasiga tasodifan tushib qoladi. Lekin bu organizm tanasida yasholmaydi (masalan, yomg’ir chuvalchangi hayvonlarning ichagidan chiqishi mumkin). Chuchuk suvda yashaydigan zuluklar mayda suv hayvonlari uchun yirtqich, lekin sutemizuvchilar uchun parazit hisoblanadi. Xozirgi vaqtda er yuzida 2 mln. dan ortiq hayvonlarning turi mavjud bo’lsa, shuning 6 foizini parazitlar tashkil qiladi, ya’ni bir hujayrali hayvonlarning 3500 dan 5
ortiq turi, so’rg’ichlilar sinfining 5000 ga yaqin turi, tasmasimon chuvalchanglarning 1800 turi, tikanboshli chuvalchanglarning 500 ga yaqin turi, nematodalar sinfining 3000 dan ortiq turlari va bo’g’imoyoqlilar tipiga kiruvchi hayvonlarning bir qismi ham parazitlardir.
Vaqtinchalik parazitlar odatda tashqi muhitda yashaydi va ko’payadi. Hayvonlarga faqat oziqlanish uchun xujum qiladi (masalan, so’nalar, kanalar va boshqalar). Doimiy parazitlar odatda xo’jayin organizmi ichki organlarida yoki teri ustida uzoq vaqt parazitlik qiladi, ayrim xollarda xo’jayini tanasida umrining oxirigacha yashaydi. Bularga ko’pgina parazit chuvalchanglar, bo’kalar, bitlar, qo’tir kanalarini kiritish mumkin. Parazitlarning vaqtincha yoki doimiy o’z hisobiga oziqlantiradigan organizm parazitning xo’jayini deb ataladi. Odatda definitiv (xaqiqiy, asosiy), oraliq, qo’shimcha va rezervuar xo’jayinlar farq qilinadi. SHuningdek, obligat hamda fakul’tativ xo’jayinlar ham uchraydi. Rivojlanishi uchun qulay sharoit bo’lgan organizm parazitning obligat yoki xaqiqiy xo’jayini hisoblanadi (jigar qurtining xaqiqiy xo’jayini qo’y), aksincha parazitning rivojlanishi uchun qulay sharoit etarli bo’lmagan organizm fakul’tativ xo’jayin deyiladi (o’rdaklarda drepanidoteniylar). Parazitning jinsiy voyaga etgan davri yashab, uning jinsiy yo’l bilan ko’payadigan davri kechadigan hayvon organizmi asosiy xo’jayin, parazitning lichinkalik davrida yashaydigan va ko’payishi jinssiz yo’l bilan kechadigan hayvonlar oraliq xo’jayin deyiladi. Rezervuar xo’jayin deb esa boshqa hayvonlarga yuqtirish mumkin bo’lgan kasal qo’zg’atuvchilarini o’zida tutgan hayvonlarga aytiladi. YUqumli kasalliklar asosan infeksion va invazion kasalliklarga bo’linadi. Hayvonot dunyosidan paydo bo’ladigan parazit chuvalchanglar, o’rgimchaksimonlar, xasharotlar hamda bir hujayrali hayvonlar tomonidan qo’zg’atiladigan kasalliklar invazion yoki parazitar kasalliklar deyiladi. Infeksion kasalliklar esa invazion kasalliklardan farq qilib, o’simliklar dunyosidan paydo bo’ladigan bakteriyalar, fil’trlanuvchi viruslar, zamburug’lar hamda rikketsiyalar tomonidan qo’zg’atiladi. Invazion kasalliklar hayvonlarga asosan alimentar (parazitlarning tuxum va lichinkalari chorva mollariga passiv xolatda em-xashak, suv, oraliq xo’jayini orqali og’iz, oshqozon va ichakka tushadigan parazit chuvalchanglar, koksidiyalar, balantidiylar), kontakt (parazitlar kasal hayvonlardan sog’ mollarga ular birga boqilganda va molboqarlar orqali, trixomonoz va boshqalar), perkutan yo’li bilan (ankilostoma lichinkalari, qon suruvchi bo’g’imoyoqlilar, piroplazmid, tripanosomalar, onxoserka, parafilariya lichinkalarini teri orqali yuqtiradi), burun teshigi, ko’z orqali (estroz, telyazioz), ona qornida (ayrim parazitlar onadan bolaga kindik orqali o’tadi - neoaskaridalar, taksokaralar) va boshqa yo’llar orqali yuqadi. 6
Bemor (yoki bakteriya tashuvchi)dan yoki kasal hayvondan bo’g’imoyoqlilar, asosan qon so’ruvchilar orqali sog’lom kishilarga yuqadigan infeksion kasalliklar (bezgak, tepkili terlama va boshqalar) transmissiv kasalliklar deyiladi.
Download 407.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling