Pdf-faylidagi rasmiy manba
Download 143.49 Kb.
|
2583 14.05.2014
310. Qozonxona qurilmasi qismlarini ko‘rikdan o‘tkazish, tartibga solish, sozlash paytida foydalaniladigan echib olinadigan uskunalarini jips o‘rnatish uchun ularga bo‘yoq yoki lak surtishga ruxsat etilmaydi. 311. Qozonxona binosidagi birinchi qavat polining balandligi bino atrofidagi hudud balandligidan past bo‘lmasligi kerak. 312. Qozonxonadan chiqadigan eshiklar tashqariga ochilishi lozim. Eshiklarda ichkaridan berkitiladigan moslama bo‘lmasligi kerak. Qozonxonadan chiqadigan eshiklar qozonlar ishlab turganda berkitilmasligi zarur. 313. Qozonxona qurilmasining konstruksiyasi uni montaj qilishda, sinash va ta’mirlashda hamda xizmat muddati davomida ishlatishda xavfsizlikni ta’minlashi lozim. To‘siqlarning g‘ilof va eshiklarida ularni ishonchli berk holatda turishini ta’minlaydigan moslamalar bo‘lishi shart. 314. Qozondagi suvning sathini ko‘rsatuvchi uskuna yassi, silliq yoki qo‘tir shaffof shisha plastinkadan iborat bo‘lib, kamida 8 mm li ko‘rish tirqishiga ega bo‘lishi zarur. 315. Mazkur to‘g‘ri harakatlanuvchi ko‘rsatish moslamasi ko‘pi bilan 2 m balandlikda, old tomonga ko‘pi bilan 300 qiya qilib, tik holatda o‘rnatilishi lozim. 316. Qozonga umumiy bug‘ o‘tkazish qobiliyati qozonning bir soatlik unumdorligidan past bo‘lmagan kamida ikkita bug‘ saqlagich klapanlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. 317. Saqlagich klapanlari xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tegib ketishidan himoyalovchi to‘siqlarga (g‘ilof) ega bo‘lishi lozim. 318. Qozon o‘rnatilgan binoda tez alangalanadigan yoqilg‘i solingan idishlar hamda yonuvchi moylash materiallarining zaxirasini saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi. 319. Suyuq yoqilg‘ini yondirishda forsunkalardan tomadigan yoqilg‘ini qozonxona poliga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. 320. Suyuq yoqilg‘i keladigan o‘tkazgich quvurlariga, zarur hollarda qozonlarga borishini to‘xtatadigan, berkitish jo‘mraklari o‘rnatilishi zarur. 321. Qozonxonada soat, favqulodda vaziyatlar uchun ovozli signalizatsiya tizimi va tashkilot rahbariyati hamda bug‘ iste’molchilari bilan aloqa o‘rnatish uchun aloqa vositalari bo‘lishi zarur. 322. Xodimga qozon ichida ishlash uchun naryad-ruxsatnoma qozon ichidagi harorat 600 S dan ortiq bo‘lmaganda berilib, ushbu naryad-ruxsatnoma belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart. 323. Gaz yurish yo‘llarida ishlashga undagi harorat 600 S dan ortiq bo‘lmaganda ruxsat beriladi. Ish boshlashdan oldin mazkur joylar shamollatilishi, ishlab turgan qozonlardan gaz va changlar kirmaydigan qilib zaslonkalar zichlanib qulflab qo‘yilishi hamda vaqtinchalik g‘isht devor bilan ajratib qo‘yilishi kerak. Gaz yurish yo‘llaridagi harorat 50 — 60° S bo‘lganda, xodimlar uning ichida 20 daqiqadan ortiq bo‘lmasligi kerak. 324. Zulfinlar orqali uzib qo‘yilgan o‘tkazgich quvurlari, bug‘ o‘tkazgichlari va gaz o‘tkazgichlari uchastkalarida hamda qozon qurilmasining gaz yurish yo‘llarini ajratilgan qismida ishlar olib borilayotganda, ularning tegishli zulfinlariga va qopqoqlariga hamda tutun so‘rgichni, havo haydovchi shamollatgichni va yoqilg‘i ta’minlagichni ishga tushirish qurilmalariga «Ulamang, odamlar ishlamoqda!» degan plakat osib qo‘yish lozim. 325. Qozonxona binosida qozon qurilmasi va ekonomayzerlariga xizmat ko‘rsatishga, qozonxona uskunalarini ta’mirlashga yoki bug‘ va issiq suv olish texnologiyasiga bevosita aloqasi bo‘lmagan mashina va asboblarni o‘rnatish taqiqlanadi. 326. Qozonlar ishlab turganda quyidagilar taqiqlanadi: o‘choqda yonish jarayoni tugab, bosim atmosfera bosimi darajasiga tushmaguncha qozonni qarovsiz qoldirish; qozonning bosim ostidagi elementlarida ta’mirlash ishlarini o‘tkazish; navbatchilikda turgan mashinistga (o‘t yoquvchi) uning ishlab chiqarish yo‘riqnomasida ko‘zda tutilmagan ishni bajarishni topshirish. 327. Armaturasi, ta’minot asboblari, avtomatikasi, yong‘inni o‘chirish vositalari va signalizatsiyasi nosoz qozonlarni ishga tushirish va ishlatish taqiqlanadi. 328. Qozon ishini avariyali to‘xtatishda xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagi chora-tadbirlar qo‘llanishi zarur: yoqilg‘i va havo kelishini to‘xtatib, tutun yo‘lini tortish kuchini tezda sustlashtirish; zudlik bilan o‘choqdagi yoqilg‘ini olib tashlash; o‘choqda o‘t yonishi to‘xtagandan keyin tutun zaslonkasini, qo‘l bilan yoqish o‘choqlarida esa, uning eshikchalarini biroz vaqtga ochib qo‘yish; saqlagich klapanlarini sal ko‘tarib qo‘yish yoki avariya jo‘mragi orqali bug‘larni chiqarish. 329. Qozonning ishlashi to‘xtatilganda, zudlik bilan o‘choqqa yoqilg‘i va havo berishni to‘xtatish, mo‘rilar va shamollatgichlarni berkitish orqali tutun so‘rilishini to‘xtatish hamda barcha havo va gaz zaslonkalarini berkitish zarur. 330. Qozonxonada yong‘in sodir bo‘lganda, yong‘indan saqlash xizmatini tezda chaqirib, qozon holatining nazoratini davom ettirish va yong‘inni o‘chirish tadbirlarini qo‘llash lozim. Qozonxonada yong‘in ro‘y berganda, qozonxona binosining tashqarisidagi zulfin yordamida gaz kelishi to‘xtatilishi kerak. Yong‘in qozonlarga xavf solayotgan bo‘lsa va uni o‘chirishning iloji bo‘lmasa, qozonlarni avariya tartibida tezda to‘xtatish, unga suv yuborib, ichidagi bug‘ni atmosferaga (bino tashqarisi) chiqarib yuborish lozim. 331. Qozonxonalarda uskunalar, armaturalar, nazorat va sozlash asboblarini joriy ta’mirlash uchun ta’mirlash uchastkasi yoki xonasi ajratilishi kerak. 332. Qozonlarga va qozonxona qurilmasi ishiga bevosita aloqasi bo‘lmagan shaxslarni qozonxonaga kirishi mumkin emas. 9-§. Neft bazalarida mexanika ustaxonasiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari 333. Metallga uni kesish orqali ishlov beriladigan mexanika ustaxonasi binolarida moylovchi-sovutuvchi suyuqliklarni havo atmosferasiga tozalab chiqarib tashlaydigan, zararsizlantirish o‘tkazmasi yoki panalagichiga ega bo‘lgan mahalliy so‘ruvchi moslamalar o‘rnatilishi kerak. 334. Mexanika ustaxonasining poli tekis, sirpanmaydigan, bo‘sag‘asiz bo‘lishi lozim. 335. Mexanika ustaxonasidagi o‘tish, yurish joylari va quduqlar lyuklari materiallar, yarim tayyor detallar, chiqindi va idishlar bilan to‘sib qo‘yilmasligi, bo‘sh turishi ta’minlanishi zarur. Dastgohlarni quduq lyuklari ustiga o‘rnatish taqiqlanadi. Alohida mexanizmlar va mexanizmlar bilan dastgohlar oralig‘i kamida 1 m, xodimlar o‘tadigan joylarning eni kamida 0,75 m bo‘lishi kerak. 336. Mexanika ustaxonasida sozlagichlar, materiallar, yarim fabrikatlar, tayyor detallar va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash javonlari, idishlari, stollari va boshqa uskunalarining joylashtirilishi uchun maydonchalar bo‘lishi zarur. Har bir ish joyida dastgoh yonida ish joyining poli bo‘ylab, dastgohlardan kamida 0,6 m nariga yog‘och to‘shama o‘rnatilishi kerak. 10-§. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalari texnologik uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari 337. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi texnologik uskunalar ishga yaroqli holatda bo‘lishi shart. 338. Texnologik uskunalar germetik bo‘lishi lozim. Yoqilg‘i quyish ustunlarida avtoyoqilg‘i sizib (oqib) chiqishi namoyon bo‘lganda, ularni ishlatish taqiqlanadi. Sizib (oqib) chiqish holatlari sezilganda, darhol nosozlikni bartaraf etish choralarini qo‘llash lozim. Nosoz uskunalarda texnologik operatsiyalarni bajarish hamda ularga avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi yong‘in xavfsizligi darajasini oshirishga sabab bo‘ladigan konstruktiv o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi. 339. Avtoyoqilg‘i va uning bug‘larini atmosferadan ajratib turuvchi qopqoqlar va flanetslar, patrubkalar, shtutserlar tiqinlarining armaturaga tegib turadigan joylariga neft mahsulotiga va atrof-muhitga chidamli materialdan yasalgan uchqun chiqarmaydigan qistirmalar qo‘yilishi va zichlab yopilishi shart. Mazkur qopqoqlar va tiqinlar avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan foydalanish paytida ochilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, ular uchqun chiqarmaydigan qilib yasalgan bo‘lishi lozim. 340. Texnologik qurilmalar texnologik jarayondagi xavfsizlikni ta’minlovchi ishga yaroqli hamda nazorat, himoya va tartiblovchi tizimlarga ega bo‘lishi kerak. 341. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi rezervuarlarning to‘kuvchi jo‘mragiga ulanadigan moslamalar va avtosisterna shlangining uchlari sisternaga urilganda, uchqun chiqishiga yo‘l qo‘ymaydigan materialdan yasalishi va erga tutashtirilishi lozim. 342. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalari hududidagi rezervuarlar lyuklarining qopqoqlarini ochib-yopganda uchqun chiqishiga yo‘l qo‘ymaydigan materialdan yasalgan qistirmalar bilan jihozlangan bo‘lishi shart. 343. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalari binosida vaqtinchalik elektr o‘tkazgichlar, elektr plitalar, reflektorlar va boshqa ochiq isituvchi elementli elektr asboblaridan hamda yasama elektr isitish uskunalaridan foydalanish taqiqlanadi. 344. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalari yong‘inga qarshi uskunalar va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan jihozlanishi lozim. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalarida yonayotgan transport vositalarini tezkor evakuatsiya qilish uchun uzunligi kamida 3 m keladigan qattiq shatak shtangalari bo‘lishi kerak. 345. Har bir avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalarida tez tibbiy yordam berish uchun zarur dori vositalari bilan ta’minlangan dori qutichalari bo‘lishi lozim. 11-§. Elektr qurilmalari va elektr uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari 346. Elektrtexnik qurilmalar va ishlab chiqarish uskunalari sifatida foydalaniladigan qurilmalar QMQ 3.05.06-97 «Elektr texnik qurilma» va GOST 12.2.007.0-75 «Elektr texnik mahsulotlar. Xavfsizlikka doir umumiy talablar» talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. 347. Binolar va inshootlar yoki ularning ayrim qismlari vazifasi, mazkur hududdagi momaqaldiroqning jadalligi hamda yil davomida yashin urishini ehtimoliy miqdorini inobatga olib, yashindan himoyalovchi qurilmalar toifasi va himoya hududining turi bo‘yicha muhofazalangan bo‘lishi kerak. 348. Uskunalardan neft, gazkondensat va neft mahsulotlaridan hamda inson tanasidan xavfli uchqunli ryazryadlar chiqishining oldini olish maqsadida paydo bo‘ladigan elektr statik zaryadlarining oqib chiqib ketishini ta’minlovchi tadbirlarni qo‘llash lozim. 5-bob. Ta’mirlash ishlari jarayonidagi xavfsizlik talablari 1-§. Xavfsizlikka doir umumiy talablar 349. Avariyalarni bartaraf etish ishlarining o‘tkazilishi avariyani bartaraf etish rejasi, neft mahsuloti o‘tkazgichlarda avariya-tiklash ishlarini tashkil qilish va o‘tkazish talablariga mos ravishda amalga oshirilishi lozim. 350. Ta’mirlash ishlariga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va imtihon topshirgan, guvohnoma olgan hamda mustaqil ishlashiga ruxsat etilgan mutaxassislar jalb etiladi. 351. Ishlab turgan ob’ektlarni ta’mirlash uchun ta’mirlash ishlari reglamentida ko‘rsatilgan muddatlarda havo muhitidagi neft mahsuloti bug‘lari miqdorini nazoratdan o‘tkazish zarur. Agar ta’mirlash paytida neft mahsulotlari bug‘lari tegishli konsentratsiyadan ortiq bo‘lsa, darhol ishni to‘xtatib, odamlarni xavfli hududdan olib chiqish kerak. 352. Gazpayvandlashni qo‘llab ta’mirlash ishlari tugaganidan keyin, ish joyini yaxshilab tekshirish, metall parchalari, kuyindilar yoki tutab turgan predmetlardan tozalash, zarur hollarda suv sepib o‘chirish lozim. 2-§. Quyish-to‘kish qurilmalaridagi ta’mirlash ishlariga qo‘yiladigan talablar 353. Quyish-to‘kish qurilmalaridagi texnologik uskunalar germetikligining buzilishi hamda yong‘in va portlash xavfi bor zararli omillar ajralib chiqishi bilan bog‘liq ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun naryad-ruxsatnoma rasmiylashtiriladi. 354. Olovli ishlar bilan bog‘liq ta’mirlash ishlarini quyish-to‘kish operatsiyalari o‘tkazilayotgan erdan kamida 100 m narida amalga oshirish lozim. 355. Texnologik uskunalar va sisternalarni estakada hududida ta’mirlash taqiqlanadi. 356. Quyish-to‘kish qurilmasida olovli ishlarni boshlashdan oldin quyidagilarni bajarish zarur: quyish-to‘kish qurilmasi joylashgan maydonchani, to‘kish tarnovlarini, oqova lotoklarini neft mahsuloti qoldiqlaridan tozalash; quyish-to‘kish qurilmalari va o‘tkazgich quvurlarni uzib qo‘yish va neft mahsulotlaridan bo‘shatish; olovli ishlar o‘tkaziladigan joydan kamida 20 m naridagi kuzatish quduqlari, oqova tizimidagi gidravlik berkitgichlar, bo‘sh rezervuarlarning qopqoqlarini yaxshilab yopib, ustiga 10 sm qalinlikdagi qum to‘kib qo‘yish. 357. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazishdan oldin zulfinlar kameralarini va quduqlarni obdan shamollatish, ulardagi neft mahsuloti qoldiqlarini yuvib, sanoat oqova tizimi tomonga yo‘naltirish, polni suv bilan tozalash kerak. 3-§. Rezervuarlarni ta’mirlash ishlaridagi xavfsizlik talablari 358. Rezervuarni ta’mirlaganda og‘ir vaznli yuklar va po‘lat metall listlarni (varaq) ko‘tarish uchun mexanik moslamalar qo‘llanishi lozim. Mazkur moslamalar ishonchli tormoz qurilmasiga ega bo‘lishi kerak. 359. Rezervuarning korpusidagi asosiy metallda yoki payvand choklarida darzliklar namoyon bo‘lganda, rezervuar darhol neft mahsulotidan bo‘shatilib, ta’mirlashga topshirilishi zarur. Neft mahsuloti bilan to‘ldirilgan rezervuardagi darzlik yoki bo‘rtib chiqqan joylarni urib tekislash hamda payvandlash taqiqlanadi. 360. Rezervuar yuqori halqa maydonchasida turib, uning suzuvchi tomi ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ko‘rik paytida suzuvchi tom holatining gorizontalligi, tomning markaziy qismida mahsulot, qishda tom ustida qor yo‘qligi, halqasimon zichlovchi zatvorning (berkitgich) himoyalovchi shchitlarini hamda suv tushirish tizimi zulfinining holatlari tekshiriladi. 4-§. Nasos qurilmalari va texnologik o‘tkazgich quvurlarini ta’mirlashda xavfsizlik talablari 361. Nasos agregatini ta’mirlashga chiqarilganda, uning so‘ruvchi-haydovchi o‘tkazgich quvurlarini berkitib, boshqaruv shchitiga «Ulamang, odamlar ishlamoqda!» degan yozuv osib qo‘yilishi lozim va bu haqda tegishli jurnalga qayd etilishi hamda ta’mirlashga chiqarilgan sana yozib qo‘yilishi lozim. 362. Ishlab turgan nasos agregatlarini va o‘tkazgich quvurlarni ta’mirlashga ruxsat etilmaydi. 363. Nasos agregatlarini ta’mirlashda ajratilgan qismlari uchun tokchalar tayyorlab qo‘yilishi zarur. 364. Avtomatlashtirilgan nasosxonalarning so‘ruvchi-haydovchi o‘tkazgich quvurlaridagi avtomatika vositasi ishlamay qolishi tufayli nasoslar ishi to‘xtab qolganda, zulfinlar darhol berkitilishi lozim. 365. Ichini ochish shart bo‘lmagan sharoitda qisqa vaqtli ta’mirlash o‘tkazilganda, nasos ishi to‘xtatilib, u ishlab turgan o‘tkazgich quvurlardan zulfinlar vositasida ajratilishi, taqiqlovchi yozuv osib qo‘yilishi hamda zulfinlarning to‘satdan ochilib ketishining oldini oluvchi choralar qo‘llanilishi zarur. 366. Nasosning ichini ochish vaqtida to‘kilgan neft mahsulotlari tezda yig‘ishtirib olinishi va to‘kilgan joyga qum sepilishi yoki shlang orqali suv bilan yuvilishi kerak. 367. Zaharli, yonuvchi va tez alangalanadigan suyuqliklarni haydashga mo‘ljallangan nasoslarni ta’mirlash uchun qismlarga ajratish va yig‘ish jarayonlari xavfsiz ishlashini ta’minlovchi maxsus asboblar va moslamalar bilan jihozlash lozim. 5-§. Nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika vositalarini ta’mirlashda xavfsizlik talablari 368. Nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika (bundan buyon matnda NO‘A va A deb yuritiladi) vositalarini ta’mirlash ushbu asbob va vositalarni ishlatuvchi tashkilot yoki ixtisoslashtirilgan tashkilot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. 369. NO‘A va A vositalarining bino ichiga kirgan, chiqqan yoki tambur va koridor devorlari orqali o‘tgan kabellari doimo soz holatda bo‘lishi kerak. 370. NO‘A va A vositalarini montaj, demontaj qilish va ta’mirlash ularni texnologik, impulsli tarmoqlardan ajratgan va elektr kuchlanishini uzib qo‘ygan holda amalga oshirilishi lozim. 371. Yong‘in va portlash xavfi bo‘lgan binolarning bevosita o‘zida NO‘A va A vositalarini ta’mirlashni payvandlash, kavsharlash, boshqa ochiq olov va yuqori harorat qo‘llamasdan o‘tkazish mumkin. 372. NO‘A va A vositalarini ta’mirlash ishlarida qo‘llaniladigan, yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan hududlardagi ochiq holda (konstruksiyalar, devorlar, shiftlar, kanallar va tonnellarda) yotqizilgan (joylashtirilgan) kabellarning ustki qoplamasi yonuvchi materiallardan (kanop, bitum, paxta-qog‘ozli o‘ramlar) bo‘lmasligi lozim. 373. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan hududga joylashtirilgan, kuchlanishi 1 kW dan ortiq bo‘lgan kabellarning uzunligi imkon darajasida qisqartirilishi zarur. 374. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda ta’mirlash ishlari olib borilganda, ulovchi va taqsimlovchi kabel muftalarining qo‘llanilishi taqiqlanadi. 6-bob. Favqulodda vaziyatlarda xavfsiz ishlashga qo‘yiladigan talablar 375. Shamolning tezligi 12,5 m/s bo‘lganda minorali, chorpoya (kozlovoy) va boshqa kranlar yordamida idishlarga solingan neft mahsulotlarini yuklash-tushirish taqiqlanadi. 376. Tashkilotlarda ehtimol tutilgan avariyalarni bartaraf etish rejasi ishlab chiqilishi lozim. Unda mavjud sharoitlarni hisobga olgan holda avariyalarning oldini olish va avariya vaziyatlarini bartaraf etish, avariya sodir bo‘lganda esa, uning oqibatlarini chegaralash va engillashtirish, alangalanish va portlashning oldini olish, avariyani bartaraf etishda band bo‘lmagan odamlarni evakuatsiya qilish yuzasidan xodimlarning tezkor vazifalari nazarda tutilishi kerak. 7-bob. Mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik 377. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi. 378. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. 8-bob. Yakuniy qoida 379. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va «O‘zbekneftegaz» milliy xolding kompaniyasi bilan kelishilgan. Ichki ishlar vaziri A. AXMYeDBAYEV 2014 yil 16 aprel Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV 2014 yil 16 aprel Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV 2014 yil 16 aprel Favqulodda vaziyatlar vaziri T. XUDAYBYeRGYeNOV 2014 yil 16 aprel «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi raisi B. ZOKIROV 2014 yil 16 aprel Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisi B. ABDUSAMATOV 2014 yil 16 aprel «O‘zstandart» agentligi bosh direktori A. KURBANOV 2014 yil 16 aprel «O‘zdavtemiryo‘lnazorat» inspeksiyasining boshlig‘i R. IKRAMOV 2014 yil 16 aprel «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV 2014 yil 16 aprel O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA 2014 yil 16 aprel «O‘zbekneftegaz» MXK boshqaruv raisi Sh. FAYZULLAYEV 2014 yil 16 aprel (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 20-son, 236-modda) Download 143.49 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling