Filьm namoyish qilish. Tarixiy materiallarni, asar muallifi hayotini
o’rganishdan oldin filьm namoyish qilinsa, o’quvchilarning asarni idrok qilishlari
faollashadi. Masalan, 2-sinfda “Gulzorda” hikoyasini o’qishda ”Mehrobdan chayon”
filьmidan parcha ko’rsatilishi, 3-4-sinflarda Ibn Sino haqidagi asarlarni o’rganishda
”Ulug’bek xazinasi”, Alisher Navoiy haqidagi asarlar bilan tanishtirishda “Alisher
Navoiy” filьmi namoyish etilishi mumkin.
O’qituvchi hikoyasi. Bu metod asar muallifi haqida ma’lumot berishda eng
samarali hisoblanadi. Asar muallifi shoir va yozuvchilar haqida so’zlab
berilayotganda ularning portretlari, bolalar uchun yozgan asarlari namoyish etilsa,
o’quvchilarning muallif ijodiga qiziqishlari ortadi.
Asarni o’qishga tayyorgarlik bevosita o’quvchilarning mustaqil izlanishlari
asosida ham tashkil etiladi.
Sinfdan sinfga ko’chish bilan yozuvchi hayoti va ijodi haqidagi o’quvchilar
bilimi ortib boradi. Asar muallifi bilan tanishtirishga qo’yilgan talablar ham
ko’payadi. O’qituvchi qisqa ma’lumot berishdan yozuvchi hayoti bilan to’liqroq
tanishtirishga o’tadi. Bunda u kichik maktab yoshidagi o’quvchilarning yoshiga mos
imkoniyatlarni, ular yozuvchi bilan qay darajada tanish ekanligi va uning asarlaridan
nimalarni o’qiganligini hisobga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |