Jismoniy tarbiya va mehnat tarbiyasi. Pestalotssi bolaning barcha jismoniy kuchlari va imkoniyatlarini o’stirishni ularni jismoniy jihatdan tarbiyalashning maqsadi deb, bolaning harakatga, o’ynashga, bir joyda o’tirib qolmaslikka, hamma narsaga yopishishga, hamisha harakatda bo’lishga majbur qiluvchi tabiiy intilishini jismoniy tarbiyalashning asosi, deb hisobladi.
Boshlang’ich ta’limning xususiy metodikalarini yaratish. Petalotssi o’zining umumiy didaktik qoidalariga tayanib, boshlang’ich ta’limning xususiy metodikasi asosini yaratib berdi.
Pestalotssi ona tili o’qitishning asosiy vazifasi bolaning nutqini o’stirish va uning so’z boyligini orttirishdan iborat bo’lishi lozim, deb hisobladi. Pestalotssi savod o’rgatishda tovush metodini birinchi o’ringa qo’ydi, bunday qilish harflarni qo’shib o’qitish metodi hukmronlik qilib turgan o’sha vaqt uchun g’oyat muhim edi.
Pestalotssi ona tili o’qitishni ko’rsatmali prinsip asosida olib borish va bollarga tabiiyot, geografiya va tarixga doir elementar ma’lumotlar berib, shu tariqa bolalarning so’z boyligini orttirish to’g’risida qimmatli ko’rsatmalar berdi.
Pestalotssi zeriktirarli va bir xildagi mashqlar qildirish bilan bolalarda kuzatish, narsa yoki hodisaning belgilarini aniqlay olish malakasini o’stirishga, biror narsani aniq va to’la tasvirlab bera olish malakasini hosil qilishga intildi.
Bolalarda yozuv malakasini hosil qilmoq uchun Pestalotssi dastlab to’g’ri va egri chiziqlarni — xatlarning elementarlarini chizdirib, mashq qildirishni tavsiya etdi. Pestalotssi yozuv o’rgatishni narsalarni o’lchash va suratni chizish bilan shuningdek, nutqni o’stirish bilan bog’lab olib borishni taklif qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |