Pedagogika nazariyasi, Pedagogika tarixi) (Pedagogika oliy ta’lim muassasalarining barcha bakalavriat ta’lim yo’nalishlari uchun) Toshkent 2019


Download 1.06 Mb.
bet92/218
Sana21.11.2023
Hajmi1.06 Mb.
#1792944
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   218
Bog'liq
Mavzu O’zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi-www.hozir.org

XV-BOB. MA’NAVIY-AXLOQIY TARBIYA

15.1. Ma’naviy-axloqiy tarbiyaning maqsad va vazifalari
Yoshlar ongi va qalbida ma’naviy-axloqiy tushunchalar chuqur o‘rin olishi uchun xalqning milliy tarbiya usullari, buyuk allomalarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissalari, boy ilmiy merosiga murojaat qilish o‘z samarasini beradi. Yosh avlodni har tomonlama etuk va barkamol etib tarbiyalashga oid davlat siyosatini amalga oshirishni ma’naviy-axloqiy tarbiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, uzluksiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida, xususan, oliy ta’lim muassasalarida talabalarning ongi, tafakkuri va dunyoqarashini jamiyatning maqsad va vazifalarini amalga oshiruvchi kuchga aylantirishda ma’naviy-axloqiy tarbiya alohida o‘rin tutadi.
“Mamlakatimizda, – degan edi yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoev, – amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlar, keng ko‘lamli dasturlar yagona va ulug‘ bir maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, ...farzandlarimizni har tomonlama etuk va barkamol etib tarbiyalashdan iborat”8. Ma’naviy-axloqiy tarbiya va yoshlarga oid davlat siyosati zamiridagi yosh avlodni tarbiyalash maqsadi tom ma’nodagi ezgulik g‘oyasidir. Yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar davlatimizning ta’lim-tarbiya tizimi markazida turuvchi ma’naviy-axloqiy tarbiya, avvalo, shaxs ma’naviyatini rivojlantirish masalasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, yuksak axloqiy fazilatlar, ma’naviy etuklik va ma’naviy qiyofani tarkib toptirishga xizmat qiladi.
Ma’naviyat – kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlari va tushunchalari majmui. Ma’naviyat mafkura, tafakkur tushunchalariga yaqin va ular bir-birlari bilan bog‘liq tushunchalardir. Ma’naviyat – insonning ongi, aqliy qobiliyatini, ruhiy kechinmalarini yaxshiliklarga, ezgu niyatlarga to‘la qalbini ifodalovchi ko‘p qirrali tushuncha9.
Ma’naviyat – insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir10. SHu bois insonning erkinlikka, adolatga, kamolotga intilishi, ijod qilishi ma’naviy ehtiyojlari tufaylidir. Inson o‘z tabiatiga zid holda emas, balki unga munosib ravishda yashamog‘i lozim. SHu ma’noda ma’naviyat o‘zini-o‘zi yaratish faoliyatining mazmunidir. Ma’naviyat ijtimoiy hodisa sifatida birgina shaxs ongiga bog‘liq bo‘lmasdan, uning taraqqiyoti, rivoji umummilliy tajribasi orqali amalga oshadi. Ma’naviyat juda keng qamrovli tushuncha bo‘lib, uni bir so‘z bilan ifodalash nihoyatda mushkul.
Ma’naviyat – inson intellekti va ruhiy olamining uyg‘unligi kabi murakkab ijtimoiy hodisadir. Ma’naviyatning mohiyati, amaliy ahamiyati, ayniqsa, jamiyat hayotida tub islohotlar olib borilayotgan davrlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Davlatning kuch-qudratini ma’naviy barkamol bo‘lgan kishilargina belgilaydi. Xalq va yurt manfaati har bir ishda, xatti-harakatlarda, o‘zaro munosabatlarda, jamoa turmush tarzi va tartib-qoidalarini hurmat qilib, unga amal qilishni taqozo etadi. SHu nuqtai nazardan yondashganda, ma’naviyat axloq tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqligi namoyon bo‘ladi.
Axloq – kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga bo‘lgan munosabatlarida namoyon bo‘ladigan xatti-harakat, xulq-atvor va odoblari majmui. Huquqdan farqli ravishda axloq talablarini bajarish-bajarmaslik ma’naviy ta’sir ko‘rsatish shakllari (jamoatchilik tomonidan baho berish, qilingan ishni ma’qullash yoki qoralash) bilan belgilanadi. Insoniyat taraqqiyotida axloq muhim o‘rin tutadi. SHarqning buyuk mutafakkirlari insonni axloqiy kamol toptirish, uni har tomonlama rivojlantirish, ma’naviy qiyofasini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri, deb qarashgan11.
Axloq – ijtimoiy ong shakllaridan biri. Kishilarning tarixan tarkib topgan xulq-atvori, yurish-turishi, ijtimoiy va shaxsiy hayotdagi o‘zaro, shuningdek, jamiyatdagi munosabatlarni tartibga solib turuvchi barqaror, muayyan norma va qoidalar yig‘indisi. Ma’lumki, kundalik axloq normalarini mustahkamlamasdan, mehnat intizomiga qat’iy rioya qilmasdan, kishilarning tashkilotchiligi va mas’uliyatini yuqori pog‘onaga ko‘tarmasdan turib, ijtimoiy turmush tarzini yaxshilashga erishib bo‘lmaydi. Shunday vaziyatni vujudga keltirish axloqiy tarbiyaning vazifalaridan biridir. Axloq normalari kishilarning xatti-harakatlarida o‘z ifodasini topadi. Axloqning burch, vijdon, or-nomus kabi bir qator kategoriyalari mavjud. Axloq jamiyatda turli funksiyalarni bajaradi. Ular orasida quyidagilar eng muhimi hisoblanadi: 1) kishilar orasida turli munosabatlarni muvofiqlashtirish; 2) kishilar faoliyatining insonparvar qadriyatlari va mo‘ljallarini belgilab berish; 3) shaxsni ijtimoiylashtirish. Kishilar faoliyatini muvofiqlash-tirar ekan, axloq ularni insonparvar, ezgu, halol, adolatli munosabatlarga undaydi12. Axloq jamiyat taraqqiyotining tayanchi, insonlarni doimo yaxshilikka, ezgulikka undovchi omildir.
Xulq va xulq-atvor tushunchalari inson fe’l-atvori bilan bog‘liq axloqiy hodisa bo‘lib, kishi fe’lining axloqiylik doirasidagi ko‘rinishidir. Insonning axloqiylik doirasidagi xatti-harakatlari xulqdan tashqari odob va axloqni o‘z ichiga oladi. Odob inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin oila, jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida o‘zgarish yasaydigan darajada ahamiyat kasb etmaydigan xatti-harakatlardan iborat bo‘lsa, axloq muayyan jamiyat, zamon va insoniyat tarixi uchun ta’sir eta oladigan turli xatti-harakatlar majmui, insoniy kamolot darajasini belgilovchi ma’naviy hodisa.
Xulq qamrovlilik jihatidan ana shu ikki hodisa o‘rtasidagi xususiyatlarga ega: u odobdan keng, axloqdan tor ma’noga ega bo‘lib, axloq singari jamiyat, zamon, tarix miqyosidagi voqelikka ta’sir ko‘rsata olmaydi. Lekin, oila, mehnat jamoasi, mahalla-ko‘y doirasida sezilarli darajada ko‘zga tashlanadi. Axloq o‘zini ezgulik va yovuzlik, adolat, insonparvarlik, fidoyilik singari ijtimoiylashgan tushunchalar va tamoyillarda namoyon qilsa, xulq yaxshilik va yomonlik, burch, jo‘mardlik, mehmondo‘stlik kabi tushunchalarda aks ettiradi. Odob kamtarlik, insoflilik, bosiqlik, halollik, rostgo‘ylik kabi axloqiy me’yorlarda o‘z ifodasini topadi.
Odob-axloq qoidalarini bilish bilan birga, uni amalda qo‘llash o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘lishi zarur. Kishilarning amaliy faoliyati va xulq-atvori uning ma’naviy-axloqiy e’tiqodiga mos kelishi kerak. Agarda ular o‘rtasida farq kuzatilsa, tarbiya jarayoni to‘liq amalga oshirilmaganligi ma’lum bo‘ladi. Fikrimizcha, axloq kishining ichki olami, e’tiqodi, fazilatlari sifatida mavjud bo‘lsa, odob shaxsning ko‘zga tashlanadigan mulozamati, xulq-atvori, muomala munosabati tarzidir.
Ta’lim-tarbiya tizimida yoshlarda ijobiy xulq-atvorni tarkib toptirish axloqiy tarbiyaning asosiy shartidir. Axloqiy tarbiya deganda shakllanayotgan, rivojlanayotgan, o‘sib kelayotgan avlodda xulq-odob me’yorlariga mos keluvchi sifatlarning tarkib topishi tushuniladi. Axloqiy tarbiya – bu ta’lim oluvchilarni ijtimoiy-axloqiy me’yorlar mazmunidan xabardor qilish, ularga axloqiy me’yorning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini tushuntirish, ijtimoiy-axloqiy me’yorlar (talab va ta’qiqlar)ga nisbatan hurmat hissini qaror toptirish asosida aqliy ong madaniyatini shakllantirishdir13.
Bizningcha, axloqiy tarbiya – o‘quvchilarda o‘rganilgan nazariy axloqiy bilimlar asosida shaxs faoliyatini tashkil etish borasida ko‘nikma va malakalarni hosil qilish, axloqiy sifatlarni shakllantirishga, odob-axloq normalariga amal qilishga odatlantirib boriladigan pedagogik jarayondir. Bunda insoniy qadr-qimmatning asosi bo‘lgan fuqarolik burchi va mas’uliyatini anglatishga e’tibor masalasi ham nazarda tutiladi.
Ma’naviy va axloqiy madaniyat mazmunan o‘z xalqining qadriyat va an’analari, tilini bilish, hurmat qilish, milliy faxr tuyg‘usi, o‘qimishlilik, aql-zakovat, axloqiy namunalar mavjudligi va kundalik hayotda ulardan ibrat olish, bo‘sh vaqtlarni mazmunli o‘tkazishda samarali usullardan foydalanish, shaxsiy salohiyatini rivojlantirish kabilarni o‘zida mujassam etadi. Ma’naviy-axloqiy madaniyat xilma-xil munosabatlar: bilim olish, ijod va mehnat faoliyati jarayonida namoyon bo‘ladi.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya – yosh avlodni xalqning boy milliy-madaniy, tarixiy an’analariga, urf-odatlari hamda umumbashariy qadriyatlarga asoslangan samarali tashkiliy, pedagogik shakl va vositalari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladigan tarbiya14.
Bizningcha, ma’naviy-axloqiy tarbiya – talabalarga jamiyatdagi ma’naviy-axloqiy me’yorlar mazmunini tushuntirish, ushbu me’yorning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini anglatish, ularda xalqning milliy-madaniy qadriyatlariga asoslangan holda yuksak insoniy fazilatlarni tarkib toptirish, ijobiy munosabatlarga kirisha olish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda shaxs sifatida o‘zini-o‘zi rivojlantirish kompetensiyalarini tarkib toptirish jarayonidir.
O’quvchilar ma’naviy-axloqiy tarbiyasini tashkil etish aniq maqsadga yo’naltirilgan yaxlit pedagogik jarayon bo’lib, ushbu jarayonda quyidagi pedagogik vazifalar hal qilinadi:
  1. O’quvchilarga ma’naviy-axloqiy me’yorlar hamda axloqiy munosabatlar mohiyati va ularning ijtimoiy jamiyat hayotidagi ahamiyati to’g’risida ma’lumot beriladi.


  2. O’quvchilarda ma’naviy axloqiy bilimlarni egallashga bo’lgan ehtiyojni yuzaga keltirish, ma’naviy-axloqiy ongini qaror toptirish.


  3. O’quvchilarda ijobiy mazmundagi ma’naviy-axloqiy sifatlar (bilimlilik, mehnatsevarlik, kamtarlik, mehr-muhabbat, vatanga, halqqa muhabbat, ota-ona va kattalarga hurmat, insonparvarlik, saxovat, burchga sadoqat va hakozolarni ) qaror toptirish.


  4. O’quvchilarda ma’naviy-axloqiy mazmundagi hulq-atvor, xarakter va irodani shakllantirish.


  5. O’quvchilar ma’naviy-axloqiy madaniyatini shakllantirish.


O’quvchilar ma’naviy-axloqiy sifatlarining qaror topishi tarixiy-obe’ktiv sharoitda shaxs tomonidan jamiyat taraqqiyoti, insonlarning o’zaro hamkorlik, aloqa doiralarining kengayishi takomillashuviga ko’rsatiladigan ta’sirning ijobiy, mo’tadil holatda bo’lishini ta’minlashda ko’rinadi. Ma’naviy-axloqiy sifatlarning qaror topishi quyidagi umumiy mazmun asosida ro’y beradi:


-o’quvchining ma’naviy-axloqiylik darajasi ijtimoiy munosabatlar jarayonida, uning jamiyat, atrof-muhit va tabiatga bo’lgan yondashuvida namoyon bo’ladi;
- o’quvchining ma’naviy-axloqiylik darajasi jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyoti darajasiga bog’liq;
- o’quvchilarning ma’naviy-axloqiy kamoloti obyektiv va subyektiv shart-sharoitlarning o’zaro uyg’unlashuvi asosida tashkil etiladigan uzluksiz, tizimli ta’lim-tarbiyaninsh yo’lga qo’yilishi natijasida vujudga keladi;
- o’quvchining ma’naviy-axloqiy kamoloti ijtimoiy munosabatlarning yo’lga qo’yilishida ijobiy natijalarga olib keladi.
O’quvchilarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini amalga oshirish quyidagi tamoyillarga muvofiq yo’lga qo’yiladi:

  1. Ma’naviy-axloqiy tarbiyaning ijtimoiy-g’oyaviy asosga ega ekanligi. Ushbu tamoyil ma’naviy-axloqiy ta’lim va tarbiyaning o’zbekiston Respublikasi mustaqilligini mustahkamlashi, milliy mafkura g’oyalarini o’quvchilar o’rtasida targ’ib etishda ifodalanadi.


  2. Ma’naviy-axloqiy ta’lim va tarbiyaning izchil, tizimli, uzluksiz tashkil etilishi. Ushbu tamoyil o’quvchilarga ma’naviy-axloqiy bilimlar berish, ularda ijtimoiy-amaliy faoliyat ko’nikma va malakalarni hosil qilish, ma’naviy-axloqiy ta’lim va tarbiya ishining tizimliligini ta’minlash, doimiy tashkil etilishiga erishishda namoyon bo’ladi.


  3. Ma’naviy-axloqiy ta’lim-tarbiya g’oyalarining aniq maqsadga yo’naltirilganligi. O’quvchilar o’rtasida tashkil etilayotgan ma’naviy-axloqiy tarbiyani yo’lga qo’yishdan ko’zlangan yagona maqsad ularda ma’naviy-axloqiy sifatlar, ma’naviy-axloqiy madaniyatni qaror toptirishdan iboratdir. Mazkur tamoyil ana shu g’oyani yoritishga xizmat qiladi.


  4. O’quvchilar ma’naviy-axloqiy madaniyatini shakllantirishga har tomonlama (kompleks) yondashuv. Ushbu tamoyil o’quvchilar ma’naviy–axloqiy madaniyatini shakllantirishda fanlararo aloqadorlik, darsda, sinfdan va maktabdan tashqari ma’naviy-axloqiy ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etish, ma’naviy-axloqiy tarbiyani olib borishda oila, ta’lim muassasalari, mahalla, ijtimoiy tashkilotlar,davlat va jamiyat imkoniyatlaridan biridek samarali foydalanishni nazarda tutadi.


  5. O’quvchilar ma’naviy-ax’loqiy tarbiyasini tashkil etishda tarixiy vorislik hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlar,ularda ilgari surilgan g’oyalarga tayanib ish ko’rish. Ushbu tamoyil ma’naviy-axloqiy tarbiyani tashkil etishda milliy, tarixiy tajriba , shuningdek , umuminsoniy va milliy qadriyatlar, ularning g’oyalari ta’sir kuchiga tayanib ish ko’rishni o’zida ifoda etadi.


  6. Ijtimoiy faoliyatning insonparvarlik va demokratik xususiyatlarga ega ekanligi. Ushbu tamoyil o’quvchilar ma’naviy-axloqiy tarbiyasini tashkil etishda insonparvarlik va demokratik tamoyillarning ustivorligi (o’quvchi Shaxsini hurmat qilish, uning qadr-qimmatini yuqori qo’yish, huquq va burchlarini hurmat qilish ) ni ifodalaydi.


  7. Ma’naviy-axloqiy ong va faoliyat birligi. Ushbu tamoyil ma’naviy-axloqiy bilimlarni o’zlashtirish, bu boradagi faoliyatni tashkil etish, o’quvchilar tomonidan o’zlashtirilgan nazariy ma’naviy-axloqiy bilimlarning amaliyotdagi ijrosini taminlash asosida balimlarni mustahkamlash, chuqurlashtirib borishni anglatadi.


Ma’naviy-axloqiy tarbiyani tashkil etish – faoliyat jarayoni hisoblanadi. Ushbu jarayon nafaqat ijobiy xislatlarni shakllantirishni, balki salbiy sifatlarni bartaraf etishni, har qanday axloqsiz xatti-harakatlarga qarshi kurashga o’quvchilarni undashni ham ko’zda tutadi. Ma’naviy-axloqiy tarbiya jarayonida o’quvchi (tarbiyalanuvchi) ning o’z-o’zini tarbiyalashni kuchaytirishi katta ahamiyatga ega. Ma’naviy-axloqiy tarbiya jarayonida barkamol Shaxs tarbiyalanib voyaga yetkaziladi.



Download 1.06 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   218




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling