35-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni parvarishlaganlik, ovqatlantirganlik va ularga qarab turganlik uchun haq to‘lash
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni parvarishlaganlik, ovqatlantirganlik va ularga qarab turganlik uchun haq to‘lash qonunchilikda belgilangan miqdorlarda amalga oshiriladi.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘zi ko‘rsatayotgan maktabgacha ta’lim va tarbiya xizmatlari qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan oilalarning bolalarini parvarishlaganlik, ovqatlantirganlik va ularga qarab turganlik uchun haq to‘lash imtiyozli shartlarda qonunchilikda belgilangan miqdorlarda amalga oshiriladi.
7-bob. Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari
36-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari
Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari quyidagilardan iborat:
maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bola;
bolaning qonuniy vakillari;
pedagog xodimlar.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlari shartnoma bilan tartibga solinadi.
37-modda. Maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarning huquqlari
Maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalar quyidagi huquqlarga ega:
davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul tibbiy yordam olish;
sog‘liq uchun xavfsiz bo‘lgan sharoitlarda ta’lim olish va tarbiyalanish;
sog‘lom turmush tarzini olib borish, bolalarni mehnat qilishga majburlashning har qanday shakllaridan, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan, o‘z sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishidan himoyalanish;
o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazadigan axborotdan himoyalanish;
umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tish.
Maktabgacha yoshdagi bolalar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |