4-bob. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish
18-modda. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish
Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi va o‘z faoliyatini ustav asosida amalga oshiradi.
Quyidagilar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining muassislaridir:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Boshqa davlat organlari va tashkilotlar ham qonun hujjatlariga muvofiq davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining muassislari bo‘lishi mumkin.
19-modda. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi va o‘z faoliyatini ustav hamda maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi litsenziya asosida amalga oshiradi.
Yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining muassislari bo‘lishi mumkin.
20-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida ta’lim xizmatlari ko‘rsatish
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti shaklida ta’lim xizmatlari ko‘rsatadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan beriladigan maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan paytdan e’tiboran maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga haqli.
Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ko‘pi bilan yigirma besh nafar maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolaning ta’lim va tarbiya olishiga yo‘l qo‘yiladi.
21-modda. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash
Maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi litsenziya yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyin beriladi.
Litsenziya berish, litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |