Pedagogika va san’AT
Osmirlik davrida xulq-atvor borasidagi psixologik nazariyalar
Download 244.09 Kb.
|
O’smirning nizoli xulq-atvorni guruhdagi tengdoshlari munosabatiga ta’siri
1.3.Osmirlik davrida xulq-atvor borasidagi psixologik nazariyalar
J.Piajening ta’kidlashicha, “Ijtimoiy hayot uch narsaning ta’siri — til, mazmun, qoidalar asosida shakllantiriladi”. Bu borada o‘zlashtirilgan ijtimoiy munosabatlar o‘z-o‘zidan tafakkurning yangi imkoniyatlarini yaratadi. 11-12 yoshdan boshlab o‘smir endi mantiqiy fikrlab harakat qila boshlaydi. O’smir bu yoshda xuddi kattalar singari keng qamrovli tahlil etishni o‘rgana boshlaydi. O’smir tafakkurning nazariy darajasiga qanchalik tez ko‘tarila olishi, o‘quv materiallarini tez va chuqur egallashi uning intellektini ham rivojlanishini belgilab beradi. O’smirlik davri yuqori darajadagi intellektual faollik bilan farqlanadi. Bu faollik o‘ta qiziquvchanlik hamda atrofdagilarga o‘z layoqatlarini namoyish etish, shuningdek, ularda yuqori baho olish ehtiyojining mavjudligi bilan belgilanadi. O’smirning kattalarga beradigan savollari mazmunli, mulohazali va aynan o‘sha masala doirasida bo’ladi. Bu yoshdagi bolalar turli farazlarni keltira oladilar, taxminiy fikr yuritib, tadqiqot o‘tkaza oladilar hamda ma’lum bir masala bo‘yicha muqobil variantlarni taqqoslay oladilar. O’smir tafakkuri ko‘pincha umumlashtirishga moyil bo’ladi. Amaliy tafakkur tizimiga quyidagi aqliy sifatlar kiradi: tadbirkorlik, tejamkorlik, hisob-kitoblik, yuzaga kelgan muammolarni tez yecha olishlik va boshqa shu kabi sifatlar mavjud bolgan taqdirdagina amaliy tafakkurni rivojlangan deb hisoblash mumkin. Bu sifatlarni 1-sinfdanoq rivojlantira borish nihoyatda muhim. Muxammed Gabdulgalimovich Davletshin O’zbekistonda ilmiy maktab yaratgan, o‘smirlar ruhiyatini chuqur o‘rgangan yetakchi psixologlardan biri. Ustoz tomonidan qoldirilgan eng yirik monografiya va o‘quv qo‘llanmalar sirasiga «Qobiliyatlar va uning diagnostikasi» (1979), «Yosh va pedagogik psixologiya»(1974), «Zamonaviy maktab o‘qituvchisining psixologiyasi» (1999),«Umumiy psixologiya» (2001), «Yosh va pedagogik psixologiya»(2004) va boshqalarni kiritish mumkin. M.G.Davletshin 1957-yil “5—7 sinf o‘quvchilarida texnik qiziqishlarni shakllantirish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Olim 1971-yil “O‘quvchilarda texnik qobiliyatlarning psixologiyasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan. M.V.Vohidov rahbarligida M.Dadajonov tomonidan “5-sinf o‘quvchilarida geografik kartani o‘rganish jarayonida fazoviy tasavvurlarning shakllanishi” nomli tadqiqotida aniqlanishicha, geografik kartani o‘zlashtirishning mustahkamligi undagi obyektlarning joylashishi haqida o‘quvchi ongida fazoviy tasavvurlar tizimining vujudga kelishiga bog‘liq. Bu tizim rivojlanib, o‘z ichiga murakkab assotsiatsiyalarni jalb qiladi. G.B.Shoumarovning shogirdi D.R.Rahmonovaning “O’smirlarda qo‘rqinch determinatsiyasi xususiy holatlarining turli vaziyatlarda rivojlanishi” mavzusidagi ilmiy ishida mehribonlik uylarida, oilada va mehnat tuzatish koloniyalarida yashovchi o‘smirlarda tadqiqot olib borgan bo’lib, psixik og‘ishish chegaraviy zonasining uchta, ya’ni dezintegratsiyalashgan, biologik va ijtimoiy tarkibiy qismlarini aniqlashga imkon beradigan qo‘rqinch determinatsiyasi mexanizmlarini yoritib bergan va o‘z ilmiy izlanishlariga tayangan holda shaxslararo munosabatlar jarayonida emotsional zo‘riqish tufayli yuzaga keladigan qo‘rqinchning o‘smirlar psixik holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab o‘tgan. Uning fikricha, qo‘rquv fenomenologiyasi uni tashkil etuvchi biologik, ijtimoiy va dezintegratsion komponentlarga bog‘liqdir. Muallif dezintegratsion qo‘rquv deganda o‘smir emotsional sohasiga jiddiy rezonans olib keluvchi xayoliy subyektiv idrok etilgan xavf-xatarning shaxsda mavjudligini nazarda tutib, ushbu qo‘rquv biologik hamda ijtimoiy qo‘rquv xususiyatlarini va uning darajalarini aniqlashda sababiy omil hisoblanishini ta’kidlaydi. D.R.Rahmonova qo‘rquvning ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini yoritib berar ekan, oiladan tashqaridagi o‘smirlarda emotsional namoyon bo‘lishiga hamda shaxsning psixik holatlari ko‘rsatkichlariga ko‘ra oilada tarbiyalanayotgan o‘smirlardagidan farq qilishini aytib o‘tadi. Tadqiqotchi tomonidan dezintegratsion qo‘rquv pubertat davridagi yosh xususiyati sifatida ko‘rilib, o‘smirda ijtimoiy vaziyat malakasining rivojlanishi psixik holatlar xarakteri va psixotravmatik holatlarni yengib o‘tishni belgilab berishi e’tirof etilgan. D.R.Rahmonova tadqiqotining ijobiy tomonlari shundaki, u bu davr xususiyatlarini turli muhitda tarbiyalanayotgan o‘smirlar misolida o’rganadi. Ya’ni ularning natijalarini o‘zaro solishtirish orqali xulosa chiqaradi. O’smirlarda stress holatidan keyingi psixologik xususiyatlarni tadqiq etgan G.V.Xrulnova jarohatdan keyingi stress holati belgilari, jarohatdan so‘nggi stress holatining tarqalganligi, psixologik jarohatni boshidan o‘tkazgan o‘smirlardagi boshqa psixik buzilish va shaxsiy og‘ishishning ifodalanishiga e’tiborini qaratib, jinsiy belgilar bo‘yicha stressli holat dinamikasining psixologik xususiyatlarini yoritib beradi. G.V.Xrulnovaning fikricha, o’mirlarning stressli vaziyatlardan chiqish malakalarining mavjud emasligi somatik, emotsional, xulq-atvor, kognitiv, shaxsiy bosqichda ma’lum darajada stressdan keyingi buzilishlarni vujudga keltiradi. U o‘smirlarda stress reaksiyalarini vujudga kelishiga oiladagi, tengdoshlari va kattalar bilan shaxslararo munosabatlar jarayonidagi muammolar, travmatik malaka sabab bo‘ladi, deb hisoblaydi. O’quvchilarda emotsional barqarorlik va uning shakllanish masalalariga e’tiborini qaratgan M.G.Davletshinning shogirdi G.A.Bogdalova emotsional barqarorlik xususiyatlari tarkibi, mexanizmlarini hamda uning o‘smirlik yoshidayoq shakllanish imkoniyatlari va prinsiplarini o‘rgangan. G.A.Bogdalova tadqiqot natijalariga asoslanib, emotsional barqarorlikni quyidagi jarayonlarning natijasi sifatida ko‘rsatadi: a) xulq-atvorda barcha emotsiyalarning e’tiborsiz namoyon etilishi; b) emotsiyalarning osonlik bilan, silliqqina bir holatdan ikkinchi holatga ko‘chirilishi; d) kishining o‘z xulq-atvoriga mustaqil baho berishi. O‘smirlik davri xususiyatlari va emotsional o‘zgarishlarni tadqiq etish B.M.Umarov ishlarida ham ko‘rinadi. U bolalar hamda o‘smirlar suitsidining yosh va ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini yoritib bergan bo‘lib, olimning fikricha, o‘qituvchi, o‘quvchi hamda oila a’zolari o‘rtasidagi shaxslararo nizolar, “sevgi-muhabbatga bog‘liq bo‘lgan nizolar”, “qo‘rquv”, “his-hayajon” , “g‘am-g‘ussa” va yosh davri “inqirozlari” bolalar, o‘smirlar suitsidining asosiy sabablari bo‘lib hisoblanadi. Muallif qo‘rquv holatiga suitsidni yuzaga keltiruvchi omil sifatida qaraydi. O’smirlar guruhida o‘zini-o‘zi psixologik muhofaza qilish jarayoniga e’tiborini qaratar ekan, Sh.R.Baratovning shogirdi E.M.Muxtorov o‘smirlardagi o‘zini-o‘zi psixologik muhofaza qilish haqidagi tasavvurlarning shakllanishi eng avvalo ulardagi maktab hayotiga, o‘zini o‘zi baholashga, shaxslararo umumiy muloqotga bog‘liq bezovtalik me’yorlariga, shuningdek, O’smirlar faolligini ta’minlovchi xotirjamlik, g‘ayrat-shijoatlilik, hissiy ko‘tarinkilik, o‘z-o‘ziga ishonchlilik sifatlariga mutanosiblilik yoki nomutanosiblik ko‘rsatkichlarining namoyon etilishi bilan bog’liqligini ko‘rsatadi. Muallif o‘smirlardagi o‘zini o‘zi adekvat hissiy baholash va ijtimoiy vaziyatga bog‘liq me’yoriy bezovtalik motivatsiyasi ko‘rsatkichlariga psixologik muhofaza mezonlari sifatida qaraydi. O‘smir shaxsi xususiyati, bu davrdagi o‘ziga xos jihatlar va xulqiy buzilishlar bilan bog‘liq muammolar G.K.Tulyaganova, N.G.Kamilova, E.I.Ganeyeva, Z.F.Kamaletdinova ishlarida yoritilgan. G.K.Tulyaganova “Tarbiyasi qiyin” o‘smirlarning motivatsion ehtiyoj doirasidagi qiziqishlarining psixologik xususiyatlarini tadqiq etar ekan, uning ta’kidlashicha, tarbiyasi “qiyin” O’smirlar qiziqish sistemasi ko‘p jihatdan ularni qurshagan “muhit” yetakchi ehtiyojiga, yosh xususiyatiga, muomala doirasiga bog‘liqdir, mo‘tadil o‘smirlar tarbiyasi “qiyin” lardan farqli o‘laroq o‘z qiziqishlarini boshqarish imkoniyatiga egadirlar. Yosh xususiyatiga ko‘ra qiziqishning o‘zgaruvchanligi kichik maktab yoshidan boshlanadi, ularda qiziqishning zaif ifodalanganligi oldingi taraqqiyot bosqichi hosilasidir. G.K.Tulyaganovaning fikricha, 6-sinfdan boshlab tarbiyasi “og‘ir” o‘smirlarda o‘quv jarayoniga nisbatan qiziqish va motivatsiya susayadi, ammo ayrim tarbiyasi og‘ir o‘smirlar o‘quv motivatsiyasi yuksakligi bilan ajralib turadilar. Deviant xulq-atvorli o‘smirlarda o‘z-o‘ziga baho berishning o‘ziga xos xususiyatlari masalalari N.G.Kamilova ishlarida yoritilgan bo‘lib, ijtimoiy maqbul xulq-atvorni ta’minlashda yordam beradigan o‘z-o‘ziga baho berishning asosiy xususiyati o‘ziga bo‘lgan emotsional-qadriyatli munosabatni belgilovchi, kongruentlik va o‘z-o‘zini anglash bilan xarakterlanuvchi konstruktivlik ekani ta’kidlanadi. Deviant xulq-atvorli o‘smirlarda esa destruktiv o‘z-o‘ziga baho berish xos bolib, bu holat ularning shaxslararo munosabatlar jarayonida o‘z o‘rnini topishiga to‘sqinlik qiladi, turli nizolarni vujudga keltiradi va shaxsdagi xulqiy buzilishlarga sabab bo‘ladi. O’smir xulq-atvoridagi salbiy o‘zgarishlar sabablarini ijtimoiy omillar bilan bog’lagan V.M. Karimovaning shogirdi A.T.Kadirova o‘smirlarda oilaviy nizolar to‘g‘risidagi ijtimoiy tasavvurlarning shakllanishida oila muhitining, xususan, ota-onalarning o‘zaro munosabatlari, ularning farzand tarbiyasidagi mas’uliyati hamda har bir oila a’zosining ijtimoiy psixologik mavqeyi, oilaviy munosabatlarga tayyorlik xususiyatlari muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etadi. Shuningdek, o’smirlarda aniqlangan nizokashlik to‘g‘risidagi tasavvurlar mohiyatan oiladagi o‘zaro munosabatlarga, nafaqat ota-ona bilan, balki aka-ukalar, opa-singillar o‘rtasidagi muomala xarakteriga ham bog‘liq ekanligini ta’kidlaydi. V.M. Karimovaning yana bir shogirdi O.A.Abdusattorova tomonidan o‘smirlarda jinsiy identifikatsiya jarayonlarida namoyon bo’ladigan sifatlar, oila muhitida er-xotin va ota-onalik maqomlaridan kelib chiqadigan gender munosabatlar, jumladan liderlikka oid tasavvurlar, ushbu holatlarga ta’sir etuvchi oilaviy rollar taqsimoti, gender ustanovkalar, ekspektatsiya va refleksiv jarayonlar o‘rganilgan bo‘lib, u oila muhitida ustuvor bo‘lgan munosabatlar uslubi va er-xotin munosabatlari o‘smir yoshlarning jinsiy identifikatsiya jarayoniga bevosita ta’sir qiladi, deb hisoblaydi. Download 244.09 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling