Pomidor kasalliklari Pomidor nihollari kasalliklarini


Pomidorning tamaki mozaikasi, juft strik va boshqa virus hamda mikoplazma kasalliklariga qarshi kurash choralari


Download 74.71 Kb.
bet3/3
Sana04.11.2020
Hajmi74.71 Kb.
#140367
1   2   3
Bog'liq
Pomidor kasalliklari-1

Pomidorning tamaki mozaikasi, juft strik va boshqa virus hamda mikoplazma kasalliklariga qarshi kurash choralari.Ekish uchun 3 yil davomida saqlangan urug’ ishlatish pomidor viruslar bilan zararlanishini keskin kamaytiradi. Dalalarda shira, trips va saratonga qarshi sistemali insektitsid, begona o’tlarga qarshi gerbitsid qo’llash, chidamli va/yoki tolerant navlar ekish; pomidorni gulzor, g’alla, bog’lardan, qishlagan lavlagidan, kartoshka hamda bedadan uzoq yoki shamol beda tomondan esmaydigan dalalarga ekish; oldingi yili TMV yoki juft strik bilan zararlangan pomidor, tamaki, baqlajon, qalampir hamda viruslar bilan kasallangan kartoshka dalalariga pomidor ekmaslik; pomidor har 3-4 yilda o’sha dalaga qayta ekishni ta’minlaydigan almashlab ekishni joriy etish (pomidor va baqlajon uchun eng yaxshi o’tmishdoshlar - poliz ekinlari va boshoqli o’tlar, qoniqarlilari - karam, ildizmevali ekinlar, piyoz va sabza o’tlardir); iloji boricha urug’ni bevosita dalalarga ekish; kartoshka ekinlari yoki tuganaklari bilan ishla-gandan so’ng pomidor ekinlari ichiga kirmaslik; pomidor tup sonini oshirish tavsiya qilinadi. Issiqxonalarda chidamli va/yoki tolerant navlar ekish; ekishdan oldin urug’ni 70°S da 4 kun davomida, yoki kaliy permanganatning 1% eritmasi bilan 20 daqiqa davomida zararsizlantirish (va suv bilan yaxshilab yuvish); urug’larni og’irligi bo’yicha saralash (kalibrovka qilish) - osh tuzining 5% li eritmasiga solib 3 daqiqa davomida aralashtirish, ustiga chiqqanlarini doka bilan olib tashlash, cho’kkanlarini suv bilan bir necha marta yuvish, dorilash va quritish; nihol yetishtirish jarayonida 2 marta (ko’chat qilish - pikirovka va doimiy joylarga ekish paytida) yog’i olingan sut (obrat) ning 10% eritmasi bilan profilaktik ishlov berish; 2-3 marta kaliy permanganatning 0,05% eritmasi bilan sug’orish; ko’chirib ekishdan 1 hafta oldin bor kislotasining 0,1% eritmasini, 0,15-0,3 l/m2 myo’yorida purkash; o’suv davrida shiraga qarshi sistemali insektitsid purkash tavsiya etiladi. Nihollar kuymasligi uchun barcha ishlovlar kunning ikkinchi yarmida o’tkaziladi. Nihollarni ekishdan oldin issiqxonaning barcha ichki qismlarini 40% li formalinning 2% eritmasi bilan, 1l/m2 (yoki 1% li mis kuporosi - 1 m2 ga 100 g + 10 l suv) me’yorda dezinfektsiyalash, tuproqni 14-16 soat davomida bug’lash, so’ngra 2 soat suv bilan yuvish, keyin agroximik tashxis asosida azot va fosfor o’g’itlarini tavsiya qilingan me’yorda berish, ammo kaliy pomidorning TMVga chidamliligini oshirishini esda tutgan holda, kaliy o’g’itining miqdorini tavsiyadagidan 30-40% ga oshirib kiritish lozim.

Doimiy joyga ko’chirib ekkandan 10-15 kun so’ng nihollarga bor kislotasining 0,1% eritmasini 0,15-0,3 l/m2 me’yorda hamda yog’i olingan sutning 10% eritmasini 2-3 marta, 7-10 kun oralatib purkash TMVga chidamlilikni oshiradi. Ekinni har haftada tekshirib, virus bilan zararlanganlarini ehtiyotkorlik bilan yulib, chiqarib yo’qotish, so’ngra qo’llarni yaxshilab yuvish lozim. Ishchilar ishdan oldin qo’llarini sovun bilan yuvishini ta’minlash, har bir ish bitgach, asbob-uskunalarga bug’ bilan ishlov berish, kartoshka ekinlari yoki tuganaklari bilan ishlagandan so’ng pomidor ekinlariga kirmaslik; pomidor tup sonini oshirish talab etiladi. Tuproqdagi o’simlik qoldiqlaridagi TMV infektsiyasini yo’qotish deyarli mumkin emas, ammo pomidorni har 3 yilda bir marta ekish orqali yoki tuproqni bug’ bilan zararsizlantirish yordamida uning miqdorini kamaytirish mumkin. Bug’ bilan ishlov berilganda ildizning kattaroq (diametri 0,5 sm va undan katta) qismlari yetarlicha qizimaydi va uning ichidagi virus nobud bo’lmaydi. Bunday holda virusni nobud qilish uchun 100°S tuproq haroratini 10 min davomida ushlab turish tavsiya qilinadi. TMV bilan kurash choralari juft strikka qarshi deyarli samara bermaydi. Buning uchun kartoshka X-virusining manbaini aniqlab, u issiqxonalarga kirmasligini ta’minlash lozim; bu mlnbaalar issiqxonada tasodifan o’sayotgan kartoshka, kartoshka dalalarida (misol uchun, o’z tomorqalarida) ishlab kelgan ishchilarning ish kiyimlari bo’lishi mumkin. Har hafta so’ngida ekinlarni tekshirib, strik chiziqchalari mavjud bo’lganlarini ehtiyotkorlik bilan yulib, chiqarib yo’qotish, so’ngra ish kiyimlarini almashtirish, qo’llarni sovun va cho’tka bilan 3 marta yaxshilab yuvish lozim. Havo harorati 22-24°S dan yuqori bo’lishi ta’minlansa, kaeallik rivojlanishi va tarqalishi keskin kamayadi (Vlasov, 1958, 1960; Gerasimov, Osnitskaya, 1961; Kuznetsova, Tursumetova, 1970; Vlasov, Larina, 1982; Peresыpkin, 1982; NacNab et al., 1983; Watterson, 1985; TSыplenkov, 1986; Fletcher, 1987; Vyangelyauskayte i dr., 1989; Sыchev, Mizunov, 1991; Ganiev, Nedorezkov, 2005).



Pomidorda meloydoginozni bir nechta gall nematodalari, jumladan janub, yeryong’oq, g’o’za, yava va shimol gall nematodalari (tegishli ravishda, Meloidogyne incognita, M. arenaria, M.incognita acrica, M. javanica, va M. hapla) qo’zg’atadi. Ular pomidor va boshqa ekinlarni dalalarda va ayniqsa, issiqxonalarda dunyoning barcha mamlakatlarida, jumladan, O’zbekistonning barcha viloyatlarida zararlaydi. Nematodalar - oddiy ko’zga ko’rinmaydigan mikroskopik, rangsiz, chuvalchang shaklli haqiqiy dumaloq qurtlardir. Pomidor va boshqa ekinlarda janub gall nematodasining rivojlanish tsikli g’o’zadagi (Hasanov va b., 2002) bilan bir xil. Kasallangan o’simlik sug’urib olinsa, uning ildizida 1 mm dan 5 sm gacha keladigan gall (tuganakcha, bo’rtma)larni ko’rish mumkin. Bunday o’simliklarning bo’yi past bo’lib, quruq ob-havoda so’lib qolishi mumkin. Gall nematodalari o’simliklarni qumoq tuproqlarda kuchli, yengil loytuproqlarda kam darajada zararlaydi, og’ir tuproqlarda uchramaydi. Meloydoginoz rivojlanishi uchun qulay tuproq harorati 16-27°S (Watterson, 1985), ammo O’zbekiston sharoitida optimum 25-32°S, minimum 5°S va maksimum 40°S atrofidadir (Mavlyanov, 1987). Meloydoginoz O’zbekistonda dalada 5-7, issiqxonalarda 7-8 avlod beradi. Kasallik dalalarda zararlangan ko’chat, yerga ishlov berish mashina va jihozlari hamda sug’orish suvi bilan tarqaladi. Meloydoginoz pomidorda fuzarioz so’lish, rizoktonioz yoki bakterioz kasalliklaridan birortasi bilan birga uchrasa, ikkita kasallik ham kuchayadi. Gall nematodalari, xususan janub gall nematodasi bilan pomidordan tashqari lavlagi, sabzi, turp, kartoshka, baqlajon, qalampir, piyoz, loviya, mosh, no’xat, qovun, tarvuz, bodring, qovoq va boshqalar, hammasi bo’lib 700 dan ortiq ekin, begona o’t, daraxt va butalar zararlanadi. Oqjo’xori, makkajo’xori, bug’doy, arpa va boshqa g’alla ekinlari zararlanmaydi.

Kurash choralari. Faqat sog’lom ko’chat ekish, issiqxonalarda kuchli zararlangan tuproqni almashtirish yoki 100°S da 3 soat qizdirish, yoxud tuproqqa nematitsid solish; dalalarda gall nematodasi bilan zararlanmaydigan ekinlar bilan almashlab ekishni joriy qilish, yozning issiq kunlari dalani chuqur haydash (nematodalarni issiqlik va suvsizlik ta’sirida nobud qilish maqsadida) yoki nematitsid qo’llash tavsiya etiladi (NacNab et al., 1983; Watterson, 1985; Mavlyanov, 1987; Vyangelyauskayte i dr., 1989).

Pomidor mevasining tepasi chirishi - ob-havo noqulayliklari (namlik yetishmasligi yoki suv tuproqdan olinishidan, u barglar orqali tezroq bug’lanib ketishi) va tuproqda kalьtsiy moddasi yetishmasligi natijasida rivojlanadigan noinfektsion kasallikdir. U asosan issiqxonalarda, ochiq dalalarda esa faqat bahor va yoz juda issiq va quruq kelganida, qumoq tuproqli mintaqalarda uchraydi; umuman, iqlimi issiq mamlakatlarda, jumladan O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida, pomidorning keng tarqalgan va xavfli kasalliklaridan biri deb hisoblanadi. Kasallik odatda yosh, yashil, o’lchami pishganda yetadigan hajmining yarmiga teng bo’lgan mevalarda boshlanadi. Oldin mevalarning tepasida (gul bo’lgan tarafida) to’q-yashil, suv shimib olganga o’xshash, noto’g’ri dumaloq shaklli dog’lar paydo bo’ladi. Ular tezda kulrang-to’q-qo’ng’ir tusga kirib, o’sib, ba’zan mevaning yarmini qoplaydi. Dog’lar kontsentrik doiralardan iborat bo’lib, usti tekis yoki biroz botiq, terisimon. Ularning ustida ikkilamchi mikroorganizmlar rivojlanib, ba’zan qora mog’or va har xil chirishlar paydo qiladi. Kasallangan mevalar vaqtidan oldin pishib yetiladi. Kasallik rivojlanishining sabablari - issiq harorat, past nisbiy namlik, past tuproq namligi, yomg’irli va quruq issiq havoning tez-tez almashishi, o’simliklarda va ayniqsa ularning mevalarida transpiratsiya (suv bug’lanib chiqishi) kuchayishi, o’simlik ildizlarida kasallik va yaralar mavjudligi hamda tuproqda kalьtsiy moddasining tanqisligi yoki keragidan ko’p bo’lishi hisoblanadi. O’simlik to’qimalarida kalьtsiy moddasining 0,2% dan kamligi, tuproq yengil va qumoqligi yoki sho’rligi, azotli o’g’itlarni me’yoridan ko’p qo’llash kasallikni kuchaytiradi.

Kurash choralari. Ekinlarni sho’r yerga ekmaslik, o’z vaqtida sug’orish, tarkibida moddalar balansi bo’lgan o’g’it berish (fosforli va kaliyli o’g’it o’simliklarning kasalliklarga chidamliligini oshiradi), kalьtsiy tanqisligi mavjudligida, gektariga 500 kg dan kalьtsiy nitrat yoki ohak solish, nematodalar va o’simlik ildizida kasallik qo’zg’atuvchi zamburug’lar bilan kurashish, issiqxonalarda o’simliklarga 0,3-0,4% li kalьtsiy xlorid purkash yoki tuproqqa ohak kiritish, o’z vaqtida sug’orish, mevalash paytida ekinga suv sepib turish, kasallikka chidamli navlar ekish lozim; mevalari uzunchoq va noksimon shaklli navlar kasallikka ko’proq chalinadi (Andree-va, 1960; Gerasimov, Osnitskaya, 1961; Peresыpkin, 1982; NacNab et al., 1983; Watterson, 1985; Mavlyanov, 1987; Fletcher, 1987; Vyangelyauskayte i dr., 1989).

Pomidor mevasining chatnashi va shakli o’zgarishi - noinfektsion kasallik, tashqi muhit faktorlari bilan pomidor navlari
orasidagi o’zaro ta’sirlar natijasida rivojlanadi. Uning alomatlari - mevalar novdaga birikkan joylari kontsentrik doiralar shaklida chatnashi yoki mevalarning tepa qismi (gul bo’lgan tarafi) pallalarga bo’lingan xunuk shakl olishidir. Ayni shunday belgilar pomidor mevalari 2,4-D gerbitsidi bilan zararlanganda ham rivojlanadi. Kasallikning asosiy
sababi - pomidor gullash paytida gullar biror jiddiy jarohat
olishi, masalan, harorat juda pasayishi, 2,4-D gerbitsidi bilan
zararlanishi; mevalar o’sishi quruq havoda boshlanib, keyin kuchli
yomg’ir yog’ishi yoki bosib sug’orish; kunduz va kecha haroratlari orasida katta farq kuzatilishi; meva o’sishi paytida havo harorati juda
pasayishi yoki juda ko’tarilishidir.

Kurash choralari. Umumiy agrotexnika qoidalariga rioya qilish, ekinlarni gerbitsidlar zararidan asrash, tolerant navlarni ekishdir (NacNab et al., 1983; Watterson, 1985).

Pomidor mevasining ichi bo’shligi. Noinfektsion kasallik,
atrof-muhit faktorlari ta’sirida gullar sifatsiz changlanishi
va/yoki yetarli meva eti hosil bo’lmasligi natijasida rivojlanadi. Bunda meva beso’naqay shakl olib, vazni yengil, ichi bo’sh bo’lib,
kam urug’ hosil qiladi. Havo harorati 38°S dan baland yoki 130S dan past bo’lishi, kunduz va kecha harorati orasida katta
farq kuzatilishi, qurg’oqchilik yoki ortiqcha namlik, gormonal preparatlarni purkash kasallik chiqishiga sabab bo’ladi, ortiqcha azot
qo’llash uni kuchaytiradi.

Kurash choralari - umumiy agrotexnika qoidalariga rioya qilish, tarkibida moddalar balansi saqlangan o’g’it berishdir (NacNab et al., 1983; Watterson, 1985).

Ozuqa moddalar yetishmasligi yoki zaharliligi. Ozuqa moddalar yetishmasligi kuzatilganida pomidor o’simliklarida quyidagi belgilar rivojlanadi. Azot: barcha barglarda (pastdagilaridan boshlab) xloroz dog’lari paydo bo’lib, ular asta-sekin quriydi, o’simliklarning bo’yi pasayadi, barglar urchuqsimon shakl va och-yashil tus oladi. Fosfor: poya, novda, barg tomirchalari va bandlari qizg’ish-to’q-qizil tus oladi yoki barglar to’q-yashil tus olib, ularning ostki tomonida to’q-qizil dog’lar paydo bo’ladi, o’simlik o’sishi sekinlashadi. Kaliy: barcha barglarning (pastdagilaridan boshlab) tomirchalari oralarida xloroz rivojlanadi, ularning chetlari kuyganga o’xshab va buralib qolishi mumkin. Marganets: yosh va o’rta yoshli barglar olachipor tus oladi, barg tomirchalari oralari och-yashil xloroz bilan to’ladi. Kalьtsiy: yosh barglar xunuk shakl oladi, sarg’ayadi, so’ngra ularning chetlarida xloroz va to’q-qo’ng’ir nekrozlar rivojlanadi. Magniy: oldin pastki barglar tomirchalari oralarida xloroz dog’lari paydo bo’ladi, so’ngra barcha barglar asta-sekin butunlay sarg’ayadi; yosh barglar buralib, mo’rt bo’lib va qurib qolishi mumkin. Temir: yosh barglarning asosiy tomirlari orasida xloroz dog’lari paydo bo’ladi, to’qimalar tez sarg’ayadi va rangini yo’qotadi, ammo barg tomirchalari yashil rangini saqlab qoladi. Rux: asosan yosh barglarning tomirchalari orasida oldin xloroz, so’ngra nekroz dog’lari rivojlanadi, barglar olachipor bo’lib qoladi. Bor: barglarning chetlarida xlorozlar va kuchsiz nekroz dog’lari rivojlanadi, bor o’ta yetishmasligi kuzatilganida novdalarning o’sish nuqtalari sarg’ayadi va quriydi, yon novdalari o’sib chiqadi. Molibden: pastki barglar tomirlari orasida xloroz rivojlanadi, ular sarg’ayadi, chetlari yuqoriga buralishi mumkin. Mis: asosan yosh barglar ko’kish-yashil tus oladi, yuqoriga buralib, qayiqsimon shakl oladi, o’simliklar o’smay qoladi va xloroz dog’lari bilan qoplanadi. Oltingugurt: barglar och-yashil tus oladi, ularning (pastkilaridan boshlab) tomirchalari oralarida xloroz va qisman nekroz rivojlanadi, barglar ustida to’q-qizil dog’lar paydo bo’ladi, novdalar yog’ochlashishi va noziklashishi mumkin.

Tuproqdagi past harorat, yuqori yoki past rN, tuproq zichlanishi va o’simliklar ildizi zararlanganligi o’simliklar ozuqa moddalarni o’zlashtirishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Mikroelementlar tanqisligining belgilari rN 5,5 dan past yoki 7,5 dan yuqori bo’lganida yuzaga chiqadi. Odatda, nordon tuproqlarda kalьtsiy, marganets va molibden, ishqorli tuproqda temir, rux va marganets, organik moddalarga boy, torfli tuproqlarda mis, marganets va rux, tarkibida organik moddalar kam bo’lgan tuproqlarda o’simliklarga optingugurt yetishmasligi kuzatiladi. Ozuqa moddalar zaharliligi ekinga elementlar balansi saqlanmagan o’g’it kiritilganida kuzatiladi va pomidor o’simliklarida quyidagi belgilar rivojlanadi. Azot: yosh barglarning o’sishi sekinlashadi yoki to’xtaydi, o’simlik to’q-yashil tus oladi, barglar mayda bo’lib qoladi. Fosfor: o’simlikda yuqorida keltirilgan marganets va temir yetishmasligi belgilari kuzatiladi. Kaliy va xlor: barcha, ayniqsa yosh barglarning, o’sishi sekinlashadi, o’simlik to’q-yashil tus oladi. Marganets: yosh barglar tomirchalari oralarida xloroz rivojlanadi, ular mayda bo’lib qoladi; pastki barglarning tomirchalari oralarida nekrotik dog’lanish, barg bandlari va novdalarda qo’ng’ir chiziqchalar rivojlanadi. Kalьtsiy: o’simlikda yuqorida keltirilgan marganets va temir yetishmasligi belgilari kuzatiladi. Rux va mis: o’simlikning bo’yi juda pasayadi, poyasi nozik va barglari mayda bo’lib qoladi. Barcha, ayniqsa yosh barglarning tomirchalari oralarida xloroz rivojlanadi, barglarning ostki tomoni qizg’ish tus oladi. Yetilgan barglar kamroq zararlanadi, ular pastga bukilishi mumkin. Bor: yetilgan barglarning chetlarida va tomirchalari oralarida nekroz dog’lari rivojlanadi, barg bo’laklari burishadi, barglar quriydi. Molibden: yetilgan barglar tomirlari orasida xloroz rivojlanadi, ular sarg’ayadi, chetlari yuqoriga buralishi mumkin. Magniy, oltingugurt va temir zaharligi kuzatilganda o’simliklarda tashqi alomatlar rivojlanmaydi.



Kurash choralari. Tuproqqa kerakli o’g’itlarni, elementlar balansini saqlagan holda solish; rN ni va o’simlik ozuqa moddalarini o’zlashtirishini normallashtirish maqsadida, nordon tuproqlarga ohak, ishqorli tuproqlarga oltingugurt kiritish, lozim bo’lsa, ekinlarga mikroelementlar eritmasini purkash tavsiya qilinadi (Watterson, 1985; Fletcher, 1987).
Download 74.71 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling