Professor maktab darsliklari tuzishdagi qatʼiy bosqichlarni sanadi Sifatli darslikni yoʼl-yoʼlakay yaratib boʼlmaydi. Eng munosib mualliflar tanlab olinib, ularning erkin ishlashi uchun sharoit yaratilishi, tajriba- sinovlar


Download 267.14 Kb.
Pdf ko'rish
Sana19.01.2023
Hajmi267.14 Kb.
#1102593
Bog'liq
B.Mengliyev Darsliklar bo\'yicha



Professor maktab darsliklari tuzishdagi qatʼiy bosqichlarni sanadi
Sifatli darslikni yoʼl-yoʼlakay yaratib boʼlmaydi. Eng munosib mualliflar 
tanlab olinib, ularning erkin ishlashi uchun sharoit yaratilishi, tajriba-
sinovlar, ilmiy va metodik ekspertizalar oʼtkazilishi kerak. Bunday ulugʼ 
ishda “tez-tez boʼllaring” tamoyili faqat salbiy natijaga olib keladi, deydi 
filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliev. 
 
Bugun darsliklar haqida bo‘layotgan gap-so‘zlar asossiz emas. 
Darsliklarning yaratilish jarayonida ham qator muammolar borki, bu muammolar 
yechimisiz sifatli va davr talablariga mos darsliklar yaratish mumkin emas. 
Darsliklarda o‘tmish va xorijning ilg‘or tajribalari omixtalashishi kerak. Ulardan 
bittasi bo‘lmasa ham, milliy darslik bo‘lmaydi.


Darslik fanning qaysi sohasi bo‘yicha tuzilayotgan bo‘lsa, mazmuni shu fanning 
o‘rganish obʼektidan uzilib ketishi mumkin emas. Masalan, bugungi kunda 
grammatikadan qochish, nutq o‘stirishga ustuvorlik berish talabi qo‘yilayotgan 
“Ona tili” darsliklarida adabiy til meʼyorlarini aks ettirgan til bilimlaridan uzilish 
holatlari ko‘zga tashlanmoqda. To‘g‘ri, “Ona tili” tilshunoslik emas, ammo 
undan xoli bo‘lishi ham mumkin emas. “Grammatika” (og‘zaki va yozma nutq 
uchun zarur umumiy grammatik qonuniyatlar) va “grammatizm” (grammatikaga 
ruju qo‘yish, “Ona tili” predmetini tilshunoslik faniga aylantirib yuborish)ni 
farqlash kerak. Grammatik bilimlar silsilasida meʼyor saqlanishi lozim.
Bachkanalik bo‘lsa ham, aytish joiz, darsliklar shon-shuhrat vositasiga ham 
aylanib bormoqda. Shuning uchun Vazirlik darslikni mualliflarga mehnat haqini 
to‘lab yozdirib olgach o‘zining nomidan chop etishi kerak. Darslikda muallif 
ismi-sharifi qayd etilishi maqsadga muvofiq emas. Muallifning familiyalari ichki 
hujjatlarda aks etsa, yetarli.
Darslik taʼlim oluvchining yangi materialni o‘rganishi va o‘zlashtirishi uchun 
yosh va fiziologik xususiyatlariga mos ravishda quriladi. Jahon tajribasida darslik 
tegishli kompetentsiya va tajribaga ega (yuqori toifali o‘qituvchilar, olimlar) 
mutaxassislar tomonidan ishlab chiqiladi. U – yillar davom etishi kerak bo‘lgan 
murakkab ijodiy jarayon. Shoshma-shosharlik bilan darslik yozib bo‘lmaydi. 
Darslik qancha tez yozilsa, umri shuncha qisqa bo‘ladi.
Darslik yaratish quyidagi qatʼiy bosqichlardan o‘tishi lozim:
1. Qonuniy asoslarini yaratish. Bunda dastlab darslik yaratish bo‘yicha barcha 
“ikir-chikir”largacha qamrab olgan Nizom bo‘lishi lozim. Unda darslikka 
qo‘yiladigan “qattiq” talablar o‘z ifodasini topishi kerak. Zotan, maktab darsligi 
– o‘quvchi dunyoqarashini, unda milliy mafkura va maʼnaviyatni 
shakllantiruvchi asosiy vosita. Bugungi kunda amaldagi darslik mualliflariga 
bunday talablar begona. Shu boisdan mamlakatimizda yaratilayotgan darsliklarda 


mualliflar nuqtayi nazarlari ustuvorlashib ketmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan 
noroziliklarni keltirib chiqarayotir.
2. Ijodiy sharoit yaratish. Darsliklarni asosiy ishdan ajralmagan holda yaratish 
mumkin emas. Darslik yosh avlod tafakkuri, ruhiyati va dunyoqarashining tamal 
toshi ekan, sifatli darslikni yo‘l-yo‘lakay yaratish imkoni yo‘q. Mualliflar uchun 
ijodiy muhit va sharoit yaratilishi maqsadga muvofiq. Darslik yaratish jarayonida 
muallifning ijtimoiy faoliyati bo‘linmasligi kerak. Darslik yozilib bo‘lguncha 
uning fikr-u zikri darslikka yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Hozirgi darslik 
yaratuvchilar asosiy ishdan ortgan vaqtlarini, mehnat taʼtillarini bu ishga 
sarflaydilar. Buning ustiga qisqa vaqt berilib, shoshma-shosharlik bilan yo‘l 
tutiladi. Аxir, bunday ulug‘ ishda “tez-tez bo‘llaring” tamoyili faqat salbiy 
natijaga olib keladi.
3. Kompetentli kadrlarni tanlash. Darslikni ko‘p hollarda maktab 
o‘qituvchilaridan tortib oldik. Аyrim darsliklarda maktabda bir soat ham 
ishlamagan mutaxassislar jamoasi mualliflardir. Аhvol shu darajaga yetdiki, hatto 
talabalar ham darslik yoza boshladi. Mutaxassisni nomutaxassisdan ajratib 
bo‘lmay qoldi. Аslida tajribali maktab mutaxassis-o‘qituvchilari ishtirokisiz 
darslik yaratish mumkin emas. Аxir, ular isteʼmolchi, o‘quvchi tafakkuri, ruhiyati 
darajasini ular biladi. Hatto har qanday darslik yaratilishida psixolog-
mutaxassisning ham ishtiroki taʼminlanishi kerak.
4. Tajriba-sinov ishlari. Bir vaqtlar ustozlarimiz darslik yozishganining guvohi 
bo‘lganmiz. Ular bir yil mobaynida har bir darsni belgilangan maktablarda 
sinovdan o‘tkazishar edi. Mualliflar o‘sha maktabda har bir mavzuni amalda o‘tib 
berishar edi. Muammolar amaliyotdan kelib chiqib bartaraf qilinar edi. Mualliflar 
tanlovi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. U “eng ichida” o‘tadigan bir bosqich.
5. Masʼul muharrir va taqrizchilar. Darslikning haqiqiy bahosini taqrizchilar 
berishi, masʼul muharrir masʼuliyatni zimmasiga olishi belgilangan. Аmmo 


quruq rahmat taqrizchi va masʼul muharrirlarning ishlamasligiga olib keldi. 
Hozirgi amaliyotda taqrizchilar ham, masʼul muharrir ham tayyor taqrizga 
shunchaki imzo qo‘yib berishadi. Hatto masʼul muharrir imzo ham qo‘ymaydi, 
ular darslikni ko‘rishmaydi ham.
6. Darsliklar muhokamasi va ekspertizasi. Darsliklar muhokamasi ham o‘lda-
jo‘lda. Taʼlim markazidagi O‘quv metodik-kengash ishlamaydi desa ham bo‘ladi. 
Tugallangan darslik ilmiy, mazmuniy va metodik ekspertizadan o‘tkazilmaydi 
ham. Menimcha, darslikning og‘irligi, harflarning katta-kichikligi bo‘yicha 
qandaydir ekspertizaga o‘xshagan bir amaliyot bo‘lsa kerak.
Аgar ushbu tizim oqilona va amalda yo‘lga qo‘yilsa, darsliklar millatga gap-
so‘zsiz maʼqul bo‘ladi. 
 
Baxtiyor Mengliyev
professor 

Download 267.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling