Pul, kredit va banklar
Download 1.98 Mb. Pdf ko'rish
|
Pul, kredit va banklar
Naqd pullarning tijorat bankidan chiqib yana tijorat bankiga qaytib kelish
harakati ularning doiraviy aylanmasi deyiladi. Tijorat banklari faqat muomaladan vaqtincha ortiqcha bo‘lgan va muomalaga yaroqsiz naqd pullarni Markaziy bank muassasalariga topshirishadi. Naqd pullarning Markaziy bankdan tijorat banklariga chiqishi muomalaga pul chiqarish, ya’ni Markaziy bankning emissiya operatsiyasi, tijorat banklaridan Markaziy bankka qaytib kelish harakati muomaladan pul olish operatsiyasi deyiladi. Naqd pullar aylanishini mamlakatimiz misolida quyidagi chizmada aks ettirilgan. 1. Markaziy bank buyurtmasiga ko‘ra, pul fabrikasida ishlab chiqarilgan naqd pullarni Markaziy bank va uning muassasalariga maxsus inkassatorlar apparati orqali yetkazib berish. 2. Markaziy bank tijorat banklari buyurtmalariga va pul – kredit siyosati ko‘rsatgichlariga asosan tijorat banklariga inkassatorlar orqali naqd pullar yetkazib berish. Markaziy bank Hisob – kitob markazlari kassasidan faqat o‘z mijozlariga qonunchilikda belgilangan to‘lovlar uchun naqd pullar berish. 3. Tijorat banklari va ularning filiallari tomonidan o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarga qonunchilikda belgilangan to‘lovlarni amalga oshirish uchun naqd pullar berish. 4. Korxona va tashkilotlar tomonidan ishchi va xizmatchilarga mehnat haqi, stipendiya, pensiya va boshqa ijtimoiy nafaqalar berish, shuningdek qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa to‘lovlarni amalga oshirish. 5. Aholi tomonidan korxona va tashkilotlardan naqd pullarga tovarlar va qimmatli qog‘ozlar, lotereya biletlari harid qilish, ko‘rsatilgan turli madaniy va maishiy xizmatlar, transport, sug‘urta, kommunal to‘lovlari, jarima va ustamalar hamda boshqa majburiy to‘lovlarni amalga oshirish. 6. Korxona va tashkilotlar tomonidan naqd pul tushumlarini tijorat bank kassalariga topshirish (inkassatsiya qilish). 7. Jismoniy shaxslar tomonidan tijorat banklaridan naqd pulda kreditlar, omonatlardagi pul qo‘yilmalari, dividend va naqd puldagi boshqa daromadlarini olish. 8. Jismoniy shaxslar tomonidan tijorat banklariga naqd pulda kreditlarni qaytarish, omonatlar qo‘yish va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish. 9. Tijorat banklari tomonidan muomalaga yaroqsiz va ortiqcha naqd pullarni Markaziy bankka topshirish. Yuqoridagi chizmaning 4 va 5 – bosqichlar naqd pullarning bankdan tashqari aylanmasini o‘z ichiga oladi, ya’ni naqd pullarning bu harakati banklarni chetlab o‘tadi. Naqd pullarning bu aylanmasining ma’lum qismi, aholi va xo‘jalik sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladigan noqonuniy faoliyat turi hisoblanadi. Shuning uchun dunyoning barcha mamlakatlarida naqd pullarning bankdan tashqari aylanmasiga barham berish uchun ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Respublika Hukumati tomonidan naqd pullarning bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish bo‘yicha muntazam ravishda katta tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Xususan, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunni qabul qiligishi ham aynan shu masalalarning ijobiy yechimini ta’minlashga qaratilgan. Qonunda u quyidagicha bayon qilingan “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish mulk (pul mablag‘lari yoki boshqa mol – mulk) jinoiy faoliyat natijasida topilgan bo‘lsa, uni o‘tkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yo‘li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berishdan, shuningdek bunday pul mablag‘lari yoki boshqa mol – mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko‘chirish usulini yoxud pul mablag‘lariga yoki boshqa mol – mulkka bo‘lgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki ularning kimga qarashliligini yashirishdan yoxud sir saqlashdan iborat bo‘lgan, jinoiy jazolanadigan ijtimoiy xavfli qilmishdir”. Mazkur qonunga binoan banklar pul mablag‘lari yoki boshqa mol – mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilot sifatida qaralib, ularga majburiy nazoratni amalga oshirish maqsadida yuridik yoki jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular taqdim etgan hujjatlar asosida aniqlash yoki identifikatsiyalash vazifasi yuklatilgan. Lekin, bankdan tashqari pul aylanmasi qonunda ko‘zda tutilgan pul mablag‘lari bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar tomonidan ham qayd etilmaydigan pul aylanmasiga ega. Masalan, mamlakatga noqonuniy olib kirilgan yoki xufiyona ishlab chiqarilgan tovarlarni uyushmagan bozorlarda aholiga sotish, dehqon bozorlaridagi mahsulot oldi – sotdi operatsiyalari qonunda ko‘rsatilgan birorta tashkilot tomonidan rasman qayd etilmaydi yoki ularni identifikatsiyalash deyarli mumkin emas. Pulning bu aylanmasini faqat maxsus izlanishlar va tadqiqotlar o‘tkazish orqali aniqlash mumkin. Ayrim mamlakatlarda pul muomalasini tartibga solish uchun uning amal qilish doirasiga chegaralar o‘rnatilgan. O‘zbekistonda naqd va naqdsiz pul o‘rtasidagi mavjud farqqa barham berib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 790 – moddasiga muvofiq fuqarolar o‘rtasidagi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan hisob – kitoblar hamda fuqarolar bilan korxona va tashkilotlar o‘rtasidagi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ayrim hisob – kitoblar naqd pulda amalga oshirilishi belgilangan. Yuridik shaxslar o‘rtasidagi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq barcha to‘lovlar naqd pulsiz shakllarda amalga oshiriladi. Respublikaning aksariyat pul aylanmasi korxona va tashkilotlar o‘rtasida amalga oshirilishi sababli, umumiy pul aylanmasida naqd pul aylanmasining ulushi ancha kamdir. Demak, naqd pul muomalasi asosan jismoniy shaxslarning naqd pul shaklidagi daromad va harajatlarining harakatidan iborat bo‘lib, aholining kundalik hayotiy ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq bo‘lgan to‘lovlarda qo‘llanilmoqda. Shu bilan birgalikda, mamlakat iqtisodiyotida kichik biznes faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq ayrim to‘lovlarni ham naqd pulda amalga oshirishga ruxsat berilgan. Download 1.98 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling