Qadimgi Xorazm musiqa madaniyati
Xorazm xalfachilik san’ati
Download 35.79 Kb.
|
Qadimgi Xorazm musiqa madaniyati
Xorazm xalfachilik san’ati.
O‘zbek xalq musiqa ijodi jumladan, xalfachilik san’atini musiqiy ta’lim jarayonida xalfachilik darslarida o‘rganishdan asosiy maqsad, o‘qituvchilarni an’analarga boy va badiiy yetuk, xalfachilik qo‘shiqlari namunalaridan baxramand etish. Ularni o‘rganish asosida o‘tkir did, yuqori badiiy saviya, nafis tuyg‘ularni shakllantirishdan iborat. Ayni vaqtda ko‘p asrlar davomida yashab kelgan ota-bobolarimiz, avlod-ajdodlarimiz ma’naviyatining barkamol ruhiyati sadolaridagi natijasi bo‘lgan xalfa qo‘shiqlarini yosh avldod qalbidan o‘rin toptirishdan, bu an’analarni e’zozlashni, ona yurt merosini bugungi kundagi haqqonity vorislari bo‘lishini tarbiyalaydi. Xalfa qo‘shiqlari xalq ruhini, xalq orzu-armonlarini yorqin aks ettirib, odamlar yuragiga ta’sir etib xususan ayollar tomonidan ijro etiladigan san’at turi. Aynan xalfa qo‘shiqlari mehnatkash ommaning ozodlik va baxt uchun kurashida madadkor bo‘lib, xalqning dardi ayniqsa, ayollarning hayoti, ayollarning manfaati kuylangan, g‘oyalarni jonli gavdalantirib sodda,ravshan til bilan kuylarga solib badiiy shaklda tarannum qilgan janrdir. O‘zbek xalqining musiqa merosida an’analar aynan shu vohada mavjud musiqa ijodini, janr turlarini o‘rganish masalalari musiqa maktablari, san’at gimnaziyasi, musiqiy kollejlar xalfachilik darslarida va oliy o‘quv yurtlarining “An’anaviy xalq qo‘shiqchiligi” faniga bo‘lgan talablardir. Har bir mahalliy uslub o‘z xususiyatlari va an’analariga ega. Faqat Xorazm mahalliy uslubiga xos bo‘lgan xalfachilik san’at turi an’analari esa uzoq davrlar mobaynida shakllangan bo‘lib, ular xalqimizning turli sharoitlardagi turmushi, mehnat mashg‘ulotlari, marosim va urf-odatlar jarayoni bilan uzviy bog‘liq holda yuzaga kelgan. Tarixiy maknbalardan bizga ma’lumki, musiqa san’ati keng, doimiy rivojlanishda albatta, markaziy shaharlar muhim ahamiyat kasb etgan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, fan, adabiyot, san’at va madaniyat taraqqiyotiga har tomonlama e’tibor diqqat markazida bo‘lgan. Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm ijrochilik matablari vujudga kelgan. Keksalarning bergan ma’lumotlariga qaraganda qadimiy davrlardan Xorazmda “Qizil gul” bayrami o‘tkazilgan, bu bayramda qo‘biz chala olmaydigan, o‘yinga tushmagan qiz bo‘lmas ekan. “Qizil gul” bayrami XX asrning 20-yillarigacha bahor bayrami sifatida nishonlangan. Uzoq davrlardan buyon Xorazmdagi to‘y, sayl, aza marosimlarida xotin-qizlar davrasida “xalfa”lar san’ati ijodi ma’lum bo‘lib kelgan. Xorazmda savodxon, gapga chechan, ayni paytda xonandalik qobiliyatiga ega bo‘lgan zukko ayollarni “xalfa” deb yuritishadi. Ushbu atama arabcha so‘z bo‘lib, uning ma’nosi shariat aqidalarini yaxshi biluvchi, o‘qimishli kishi tarzida shakllangan. Xalfalar faoliyatida o‘z ma’nosini aks ettiruvchi xususiyatlari ham mavjud. Chunki, diniy mavzularga oid ma’lumotlarni bilish va xonandalik qobiliyati xalfalar ijodida ma’lum darajada aloqaga ega. Bir vaqtlar zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ni o‘qib ularni xotin-qizlar davrasida targ‘ib qilgan ayollarni ham “xalfa” deb yuritishgan. Biroq bu o‘qimishli ayollar faqat diniy mavzudagi kitoblarni targ‘ib qilish bilan kifoyalanmasdan, buyuk shoirlar asarlarini, shuningdek, kitobga ko‘chirilgan xalq dostonlarini ham kuyga solib o‘qishgan va xotin-qizlar dilini xushnud qilib kelganlar.. Xorazm qo‘shiqchilik san’atining ijro usullari o‘ziga xosligi bilan ajralib turgan, ya’ni turli tana harakatlari, ruhiy holat va kechinmalar ifodasi, Jozibadorlik, sho‘xchanlik ularga xos xususiyat bo‘lgan. Qo‘shiqlar turli bayramlarda, tantanalarda, marosim va tadbirlarda ijro etilgan. Eramizdan oldingi IV asrda yashagan tarixchi Geradot shunday deb yozgan: “ Araks - Amudaryo bo‘ylarida yashovchi massagetlar kechasi gulxan yoqib, o‘simlik hididan mast bo‘lishib, uning atrofida olov o‘chguncha qo‘shiq aytib, raqsga tushar edilar”. Tarixchilarning ma’lumotlariga qaraganda “Lazgi”, “Orazibon” kabi qadimiy san’at atamalari turli ma’nolarni anglatgan. Masalan, Otar – oraz – o‘t, olov posboni, olovdek tezkor, olovdek mo‘jizakor ma’nolarini anglatgan. Xorazm elining qadimgi dunyo tarixchilari tomonidan e’tirof etilgan, musiqa qo‘shiqchilik san’ati, an’analarining shon-shuhrati zamonlar to‘foniga qaramay, saqlanib kelgan. Bu haqda buyuk qomusiy olim Muhammad Xorazmiyning asarlarida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Aytishlaricha, Xorazmiy Bag‘doddagi “Baytul-hikmat”da ishlab yurgan kezlarida oldimlar o‘rtasida san’atning shifobaxshligi xususida bahs ketgan ekan. Olimlardan biri Xorazmiyning fikrini bilish maqsadida undan – “Ustoz, sizning vataningizda insonlarni davolashda nimani afzal ko‘rishadi, dori-darmonnimi yoki jarrohliknimi?”- deb so‘ragan ekan. Shunda ustoz: “Mening Vatanimda ularning har ikkalasidan ko‘ra, musiqaning shifobaxsh kuchini ustun tutadilar,” – deb javob bergan ekan. Xorazmliklarning o‘ziga xos ajdodiy an’analaridan biri san’atsevarlikdir. Bu yerda qo‘shiq, raqs, musiqa har bir inson hayotida, faoliyatida muhim o‘rin egallagan. Abu Rayxon Beruniyning yozishicha, Muhammad Xorazmshoh musiqa va she’riyatni chuqur idrok etib, ardoqlaydigan bo‘lgan. Sozandayu qo‘shiqchilarga saboq berib turgan. Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonining qahramonlaridan biri Dilorom Changiy mohir sozanda “Ustozlar ustozi” sifatida tasvirlangan. Hazrati Navoiy ushbu asarida Xorazmni yetti iqlimning biri sifatida tasvirlaydi. Bu esa o‘z navbatida, Xorazmning nufuzi hamda salohiyatini anglatadi. Xorazm musiqa, raqs va qo‘shiqchilik san’atining o‘ziga xos qadimiy davrlardan meros an’analari ichida “ustoz-shogird” maktabi alohida o‘rin egallaydi. Bu an’ana hozirgi kunlargacha saqlanib kelinmoqda. “Ustoz-shogird” maktabining asosiy vazifasi san’atkorlar safini malakali, iqtidorli shogirdlar bilan to‘ldirib borishdan iborat bo‘lgan. Ustozlar azaliy qadriyatlarning suyanchi hamda tayanchi hisoblangan. Ustoz bor joyda san’at mukammal bo‘lgan. Maktab yaratgan ustoz – buyuk san’atkor sanalgan. Shogird esa ustozning aynan ko‘chirma nusxasi, unga quruq taqlid qiluvchi emas, balki ustoz o‘rgatganlaridan tashqari, o‘zi ham ijod qilishi, o‘z ustida ishlashi zarur bo‘lgan. Xorazm an’anaviy qo‘shiqchilik maktablari orasida maqom hamda xalfalar maktabi alohida o‘rin tutadi. San’atshunos oldim O. Matyoqubov quyidagilarni yozadi: “Maqomlar Xorazmda paydo bo‘lib, Buxoroda rivoj topgan”. Bu fikr Ota Jalol, Ota G‘iyos kabi Buxoro “Shashmaqom”ining eng ko‘zga ko‘ringshan obro‘li ustozlari tomonidan ham qayd qilingan. Bundan tashqari, Farg‘ona hrfiz va sozandalari orasida mazmunan yuqoridagiga o‘xshagan “Maqomlarning tanasi – Xorazmda, shakllari – Buxoroda, mevasi – Farg‘onada”, degan fikr ham keng tarqalgan. Xorazm san’ati yulduzlaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Olmaxon Hayitova o‘z esdaliklarida quyidagilarni yozadi: - “Tamarax’onim 1926-1927 hamda 1934-1935 yillarda Xorazm teatrida Sheroziy, Matpano Xudoyberganov, Mutrib Xonaxarobiy, Komil Devoniy va vohaning boshqa taniqli san’atkorlari bilan birga faoliyat ko‘rsatgan, ko‘plab qo‘shiqlar kuylagan ekanlar. Uning singlisi, O‘zbekiston xalq artisti Gavharxonim Raximovaning ham Xorazm san’atiga mehri baland edi. Mashhur ikki opa singil tarbiyasini olgan ko‘pgina xorazmlik san’atkorlar nafaqat Respublikamizda, undan tashqari hududlarda ham nihoyatda dovrug‘dor bo‘lib ketishgan. Ayni paytda Tamaraxonim ham, Gavharxonim ham, Halima Nosirova-yu Saodat Qobulova ham, Muxtor Ashrafiy-yu Mo‘tal Burxonov ham menga ustozlik qilgan, yana qanchadan-qancha buyuklar ham o‘zlaridan nihoyatda yorqin izlar qoldirishib, foniy dunyoni allaqachon tark etishgan. Men boshqa juda ko‘p san’atkorlar bilan ham davrdosh va asrdosh bo‘lib yashadim. Ular orasida O‘zbekiston xalq artistlari Hojixon boltaev, Madrahim Yoqubov, Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari, benazir san’atkorlar Matniyoz Yusupov, Sulton Hayitboev, Sharif Ramazonov, Raxmon Olloberganov, Xizmat ko‘rsatgan artistlar Nazira Yusupova, Bekjon Otajonov, Nurmamat Boltaev, Sharif Sultonov, Qutlimurod Hojiev, Abdusharif Otajonov, maqomlarimizning usta ijrochilari O‘rinboy Otajonov, Iskandar Pirmatov, Sotim Avazovlar mavjuddir”. Xorazm dostonchiligida uning bir tarmog‘i bo‘lib shakllangan “xalfa”lar san’ati ham ahamiyatlidir. “Xalfa”chilik – asosan ayollar orasida joriy bo‘lib kelayotgan san’at bo‘lib, unda ko‘proq dostonlardan olingan parcha va termalar, shuningdek turli vaziyatlarda kuylash uchun ijod etilgan – to‘y-marosim qo‘shiqlari, lapar va boshqalar, qo‘shiq-aytimlar kuylanadi. Xorazm xalfalari Buxoro-Samarqand sozandalari singari asosan xotin-qizlar ishtiroki bilan bog‘liq turli yig‘in, marosim va bayramlarda qatnashadilar. Bunda xalfalar ijodi ikki shaklda – yakka va jamoaviy-ansambl tarzida namoyon bo‘ladi. Yakka yoki yakkaxon xalfalar, odatda, doston qo‘shiqlaridan tortib, to to‘yu-hashamlar qo‘shiqlari masalan, “Yor-yor”, “kelin salom”, “Al muborak”larni jo‘rnavoz cholg‘usiz aytadilar. Shu bilan birga, yakkaxon xalfalar motam marosimlarida ham ishtirok etib, unda “Ibrohim Adham”, “Bobo Ravshan” kabi xalq kitoblarini ma’lum ohanglar asosida o‘qiydilar. Yakkaxon xalfalar qatorida Roziya Matniyoz qizi, Poshsho Saidmamat qizi, Saodat Xudoyberganova va boshqalarni aytish mumkin. Download 35.79 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling