Qaffol ash shoshiy hazrat imom


Download 31.2 Kb.
Sana16.11.2023
Hajmi31.2 Kb.
#1777448
Bog'liq
QAFFOL ASH SHOSHIY HAZRAT IMOM


QAFFOL ASH SHOSHIY HAZRAT IMOM
Reja:

  1. Hazrati Imom majmuasi

  2. Qaffol Shoshiy davrining tavsifi

  3. Qaffol Shoshiy maqbarasi

Foydalanilgan adabiyotlar
Shosh (Toshkent) IX–XII asrlarda adabiyot, tilshunoslik, mantiq fanlari qatorida hadis va fiqh ilmlari ham rivojlangan markazlardan biri bo‘lgan. “Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi conida esa ulug‘ allomalaridan biri Qaffol ash-Shoshiy haqida so‘z yuritamiz.
Qaffol ash-Shoshiyning to‘liq ismi Abu Bakr ibn Ali Ismoil Qaffol ash-Shoshiy al Kabirdir. U ulug‘ zot shofi’iylik mazhabining yetakchilaridan biri bo‘lish bilan birga muhaddis, faqih, tilshunos, shoir hamdir. Qaffol ash-Shoshiy 903-yilda Shosh (Toshkent)da dunyoga kelgan. Alloma mohir hunarmand bo‘lib, qulfsozlikda shuhrat qozongan. Shu sababdan u zot “Qaffol” – qulfsoz deb mashhur bo‘lgan.
Qaffol ash-Shoshiy dastlabki ta’limni o‘z yurtida, keyinchalik Markaziy Osiyoda mavjud ma’rifat o‘choqlarida oladi. Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarni kezadi. Bu yerlarda undan sal oldinroq o‘tgan va anchagina meros qoldirgan Imom Ismoil al-Buxoriy (810–870), Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824–892) kabi yirik mutafakkir olimlar merosi bilan tanishadi, ulardan bahramand bo‘ladi. U birmuncha vaqt Samarqandda yashab, u yerda ta’lim oldi. Qaffol ash-Shoshiy qattiq kirishib, fiqhshunoslikni o‘rganadi. Zero, bu fan musulmon Sharq o‘lkalarida juda keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu fanni egallagan kishilar hamma joyda qadrlanar, ularga zarurat ham katta, chunki ijtimoiy hayotda qonunshunoslikka talab katta bo‘lib turishi tabiiy edi. Qaffol ash-Shoshiy fiqh ilmi bilan birga falsafa, mantiq, adabiyot sohalarini ham puxta egallagan, bu sohalarda eng bilimdonlar bilan munozara qila oladigan qudratga ega bo‘lgan bir zot edi. Doimo ilm-ma’rifat istagida qo‘nim topmay, bir o‘lkadan ikkinchisiga ilm chashmalaridan bahramand bo‘lish niyatida Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarini kezadi, Hijoz, Bag‘dod, Damashq kabi shaharlarga boradi, u yerlarda zamonasining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan ilm-ma’rifat o‘rganadi.
Qaffol ash-Shoshiyning ustozlariga qarab ham uning qanday fanlar o‘rganganligi haqida ma’lum xulosaga kelish mumkin. Tarixiy manbalarning shohidlik berishicha, Shoshiyning fiqhshunoslik va tarix sohasidagi ustozi mashhur olim va tarixchi at-Tabariy (839–923) edi. Ma’lumki, Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy Sharq mamlakatlarining eng yirik tarixchisi bo‘lib, ko‘p jildli asarlar yozgan. Asli u kishi Tabaristondan bo‘lib, ilm-hikmat talabida Ray, Bag‘dod, Basra, Kufa, Hijoz, Damashq, Qohira kabi shaharlarni kezib, ularda ta’lim olgan. U Sharq tarixchilari orasida mashhur bo‘lgan “Elchilar va podshohlar tarixi” kitobining muallifi edi. Bu asar bizga to‘la holida yetib kelmagan, qisqargan nusxasigina mavjud. Lekin undan keyin yashagan Ibn Miskaveyx (1030-yilda vafot etgan), Ibn al-Asr (1234-yilda vafot etgan) kabi tarixchilar o‘zining umumiy tarixiga oid ko‘p jildli asarlarini yozishda undan to‘la foydalanganlar. Uning “Tarix ar-rijol” (“Yirik kishilar tarixi”), “Jom’ al-bayon” tarjimasi kabi asarlari ham bo‘lgan.
Qaffol ash-Shoshiyning ikkinchi ustozi Abul-Hasan ibn Abu Musa al-Ash’ariy (873–941) edi. Bu kishi Sharqda kalomchilar oqimining asoschisi bo‘lib, bu to‘g‘rida anchagina asarlar yozgan va Sharqda ash’ariya oqimining asoschisi sifatida mashhur. Arab olimi Tojiddin as-Sabkiyning yozishicha, ilm talabida bo‘lgan “Qaffol Shoshiy al-Ash’ariydan kalom ilmini o‘rganar ekan, o‘z navbatida, al-Ash’ariy undan fiqhshunoslikni o‘rgandi”.
Qaffol ash-Shoshiyning uchinchi ustozi Abul-Abbos Ahmad ibn Umar ibn So‘rayj (861–928) ham zamonasining yirik olimi bo‘lib, to‘rt yuzdan ortiq asarlar ta’lif qilgan mashhur alloma edi.
Qaffol ash-Shoshiy ko‘plab mamlakatlarga sayohat qilib, qaysi mamlakatlarda kuchli olim bo‘lsa, ulardan bilganlarini o‘rganishga intilardi. Arab olimi Ibn Xallikon (1211–1182) o‘zining “Vafayod-al-a’yon” (“Ulug‘ kishilar vafoti”) asarida Qaffol Shoshiy haqida shularni yozadi: “Qaffol Shoshiy hadis ilmini bilgan, tilshunos, shoir edi. O‘sha vaqtda Movarounnahrda u kishiga teng keladigan olim yo‘q edi. Bu kishi Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom va boshqa o‘lkalarga sayohat qilib, hamma yerda ham nom taratdi… u kishining ko‘p asarlari bo‘lgan”.
Qaffol ash-Shoshiy “Adab al-qozi” (“Qozi fe’l-atvori”) degan asar yozgan. Shu bilan birga u “Odob al-bahs” (“Bahs odobi”) degan asar muallifi hamdir. Bu haqida arab olimi Ibn Xallikon shularni yozadi: “Qonunshunoslardan dastlab chiqib “Husni Jadal” (“Dialektika husni”) degan asar yozgan kishi ham shu Qaffol Shoshiy edi”.
Qaffol ash-Shoshiy Bag‘dodga kelgach, Muhammad al-Xorazmiy asos solgan “Hikmat donish” (“Baytul hikma”)da ilmga mashg‘ul bo‘ladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, o‘zidagi favqulodda iste’dod va chuqur bilimi bilan allomalar orasida shuhrat qozonadi. Ayniqsa, fiqhshunoslik ilmiga qattiq kirishadi. Zero, fiqh ilmi musulmon olamida keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etgan fanlardan biri edi. U fiqh ilmini egallash bilan birga falsafa, mantiq, adabiyot kabi fanlarni ham puxta o‘zlashtirgan edi. U arab, lotin va hind tillarini o‘z ona tilidek bilardi. Binobarin, mazkur tillarga oid mukammal lug‘atlar yozgan.
Fiqh ilmida (shariat qonunshunosligi) Qaffol ash-Shoshiy o‘z zamonasida – Bag‘dodda yagona alloma bo‘lgan. U ko‘p muddatlar “Baytul hikma”ga rahbarlik qilgan. Qaffol ash-Shoshiyning dovrug‘i xalifa qulog‘iga yetib, uni saroyga taklif etib, vaziri a’zamlik lavozimiga tayinlaydi. Qaffol ash-Shoshiy bir necha yillar vazirlik mansabida adolatni mezon qilib siyosat yuritdi.
Davrimizgacha saqlanib qolgan she’riy ijodlaridan biri Tojiddin as-Sabkiy asariga kirib qolgan manzumasidir. Vizantiya imperatori Bag‘dod xalifasiga she’r bilan xat yozadi. Xat Vizantiya hukmdoridan hoshimiylar xonadonidan bo‘lgan va hukmronlik o‘rnida o‘tirgan xalifaga deb yozilgan. “Biz sherdek otilib o‘z yerlarimizni fath etdik, Damashq bo‘lsa ota-bobomiz maskani edi, biz bu diyor mol-mulkiga ega bo‘lamiz. Misrni ham qilichimiz bilan egallaymiz. Hijoz, Bag‘dod, Sheroz, Ray, Xuroson, Kuddus, Sharqu G‘arb hammasini fath etamiz”, deb xalifa va uning sarkardalariga dag‘dag‘a soladi, ularni qo‘rqitmoqchi bo‘ladi. Mana shu paytda Qaffol Shoshiy Bag‘dodda bo‘ladi. Xalifalikda, saroy a’yonlari o‘rtasida yaxshi qonunshunos, zabardast olim, iqtidorli arabiynavis shoir sifatida tanilgan bo‘ladi. Vizantiya hukmdorining lashkarboshisi Tag‘fur (arab manbalarida – Taqfur) xatiga javob yozishni xalifalik nomidan Qaffol ash-Shoshiyga topshiradi.
Qaffol ash-Shoshiy maktubni ko‘rib, o‘sha maktub vaznida va o‘sha tarzdagi qofiyada davom etdirib Tag‘furga arab tilida javob yozadi. Bu javobning yetmish to‘rt bayti (148 yo‘l) as-Sabkiyning yuqorida zikr qilingan asari ichida saqlanib qolgan. As-Sabkiyning yozishicha, Qaffol ash-Shoshiyning bu javob she’rini o‘qigan Vizantiya a’yonlari taajjubda qolishibdi, keyin ular bir-birlaridan so‘rashibdi: “Buni yozgan kishi kim o‘zi, qaysi yurtdan ekan, xalifalikda biz bunday zot borligini bilmas edik-ku?”
Vizantiya lashkarboshilarini Qaffol ash-Shoshiyning diplomatiya tarzida yozilgan javob maktubi esankiratib qo‘yadi. Voqeaning nima bilan tugashining bugungi kunda ahamiyati yo‘q, lekin bu birgina misol orqali Qaffol ash-Shoshiyning zabradast davlat arbobi, hozirjavob shoir ekanligi ma’lum bo‘ladi. Qaffol ash-Shoshiy shunday ulug‘vor va dovyurak shoir, ajoyib bir shaxs bo‘lgan.
Ahli sunna val-jamoaning peshvolaridan bo‘lmish Qaffol ash-Shoshiyning huquqshunoslikka doir “Kitob fi usulil fiqh” asari o‘z davrida Islom dunyosida keng qo‘llanilgan. Qaffol ash-Shoshiy nomini butun musulmon olamiga mashhur qilgan narsa yozib qoldirgan durdona asarlari hisoblanadi. U kishi tafsir, hadis, kalom, fiqh, usul ul-fiqh, she’riyat va tilshunoslik ilmlari bo‘yicha qomusiy olim edi. Uning asarlariga oid ma’lumotlar bir qator arab manbalarida qayd etilgan. Tarixchi Abu Sa’d Abdulkarim Sam’oniyning ta’kidlashicha, Qaffol ash-Shoshiy “Daloilun nubuvvat” (“Payg‘ambarlik dalillari”), “Mahosinush sharia” (“Shariat go‘zalliklari”) kitoblarini ham ta’lif etgan.
“Javomi’ul kalim” (“Hikmatli iboralar to‘plami”), “Adabul qozi” (“Qozining odobi”) kabi asarlari borligi haqida ham manbalarda qayd etilgan.
Hazrat Qaffol ash-Shoshiy asarlaridan birortasi mamlakatimiz kitob xazinalarida mavjud emas. Faqatgina marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 1970-yili Suriyaning Damashq shahridagi “Zohiriya” kutubxonasida saqlanayotgan “Javomi’ul kalim” asari qo‘lyozmasining fotonusxasini olib kelganlar, xolos. Hozir u O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining qo‘lyozmalar xazinasida saqlanyapti.
Qaffol ash-Shoshiy 976-yili Toshkentda vafot etgan va shu yerda dafn qilingan. Hamshaharlari uni ilm-u donish, adolatli va fuqaroparvarligi tufayli e’zozlab, unga maqbara bunyod etadilar. Hozir Toshkentning xalq orasida “Hastimom” deb ataladigan joy shu mo‘tabar zotga nisbatan aytiladigan nom “Hazrati imom”ning qisqargani bo‘ladi. Aslida, bu joyning nomi Hazrati Imom Qaffol ash-Shoshiydir. U kishining qabrlari tegrasida Toshkentda mashhur bo‘lgan mo‘tabar zotlar dafn etilgan.
Hazrati imom majmuasi (shuningdek Hastimom) – Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan XVI—XX asrlarga oid meʼmoriy yodgorlik. Majmua Moʻyi Muborak madrasasi, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Hazrati imom jome masjidi, Tillashayx masjidi va Imom al-Buxoriy Islom institutidan iborat. Ansambl Toshkentning birinchi imom-xatibi, olim, Toshkentdagi ilk islom targʻibotchilaridan biri, shoir va hunarmand Hazrati Imom (toʻliq ismi Abu Bakr ibn Ismoil al-Kaffol ash-Shoshiy) qabri yonida barpo etilgan.
Tarixiy manbalarga koʻra, Hazrati Imom qulf va kalit yasashda ham usta boʻlgan, buning uchun „Qulf sozlovchi“ degan maʼnoni anglatuvchi „Kaffal“ laqabini olgan, shuningdek 72 tilda gapirgan va Eski Ahdni (Tavrot) arab tiliga tarjima qilgan.
Hozirgi kunda Hazrati Imom majmuasi Toshkent shahrining „Eski shahar“ qismida joylashgan boʻlib, 1966-yildagi kuchli zilziladan omon qolgan. 2007-yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Farmoni bilan Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamgʻarmasi tashkil etiladi va Hazrati Imom majmuasining asl tarixiy qiyofasini tiklash maqsadida qurilish-taʼmirlash va obodonchilik ishlari olib borildi.
Nomlari
Buxoro xonligi hukmdori Abdullaxon II ning portreti
Hazrati Imom majmuasi „Hastimom“ nomi bilan ham tanilgan hisoblanadi. Shuningdek Hastim nomi ham ishlatilgan.
Tarixi
Hazrati Imom majmuasi imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali Ismoil ash-Qaffol Shoshiy qabri atrofida bunyod etilgan. Qabr va uning atrofida vujudga kelgan meʼmoriy yodgorlik majmuasi Hazrati imom nomi bilan ataladi. Dastlab Baroqxon madrasasi, keyinroq Qaffol Shoshiy maqbarasi va 1579-yilda Abdullaxon II mablagʻlari hisobiga qoʻsh uslubida Shayx Bobohoji maqbarasi qurilgan (hozirda saqlanib qolmagan). XIX asr oʻrtalarida Hazrati Imom majmuasida Toshkent namozgohi (Tillashayx masjidi), Moʻyi Muborak madrasasi, Jome masjidi (hozirda saqlanib qolinmagan) bunyod etilgan. XX asr boshlarida Tillashayx masjidi qayta taʼmirlanib yangi koʻrinishga keldi. Eshon Boboxon ham shu joyda dafn etilgan. Hazrati Imom majmuasimda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi joylashgan.
Tillashayx masjidi
Asosiy maqola: Tillashayx masjidi
Tillashayx masjidi Toshkentlik mashhur shayx Tillashayx tomonidan, XIX asrning oxiri – XX asrning boshida, aniqrogʻi 1890—1902-yillarda bunyod etilgan. Tillashayx masjidi biroz vaqt faoliyat yuritgandan soʻng Rossiya imperiyasi tomonidan yopib qoʻyilgan. Masjid oxirigi marotaba 1902-yil qayta qurilgan. Masjid 1930-yillardan keyin yopilib, artelga (kasb-hunar egalari birlashmasi) aylantirilgan. 1943-yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratini tashkil etishga ruxsat berilganida faoliyatini qaytadan boshlagan birinchi masjidlar qatori „Tilla Shayx“ ham ochiladi. Masjid 1955—1963-yillarda usta Shirin Murodov tomonidan taʼmirlangan. 1972—1973-yillarda masjid ta’mirlanib, kengaytiriladi, qibla tomoniga tutashtirib yana bir xonaqoh quriladi va avvalgi mexrobining ikki yonidagi devor olinib, qo‘shib yuboriladi.
Baroqxon madrasasi
Asosiy maqola: Baroqxon madrasasi
Baroqxon madrasasi XVI asr ikkinchi yarmida (1531—1532) Mirzo Ulugʻbekning „Baraqxon“ laqabli nabirasi Navroʻz Ahmadxonning koʻrsatmasi bilan bunyod etilgan meʼmoriy yodgorlik. Madrasa ichida ikkita maqbara boʻlib – birinchisi Shayboniylar sulolasidan boʻlgan Toshkentning birinchi hukmdori Suyunchxoʻjaxon dafn etilgan joy ustida qad rostlagan Suyunchxoʻjaxon maqbarasi, ikkinchisi Nomsiz maqbarasi hisoblanadi. Bu maqbara Baraqxon uchun qurilgan, ammo Baraqxon keyinchalik Samarqandda dafn etilgan. Baroqxon madrasasi hujralarining eshiklari fil suyagi va rangli metallar bilan bezatilgan. Baroqxon madrasasi 1868-yili 34 hujra, bir masjid, bir darsxonadan iborat bo‘lgan. Madrasa 1886-yilgi zilziladan qattiq zarar ko‘rgan, 22 metrli gumbazi qullab tushgan. 1917-yilga kelib madrasa yotoqxonaga aylantirilgan. 1936-yildan madrasa ko‘rlar jamiyati va omborxona sifatida ishlatib kelingan. Bino 2006-yilning oxirigacha O‘zbekiston musulmonlari idorasi qarorgohi sifatida foydalanilgan.
Qaffol Shoshiy maqbarasi
Baroqxon, Moʻyi Muborak madrasalari, Hazrati imom jome masjidi va Qaffol Shoshiy maqbarasi ko‘rinishi.
Asosiy maqola: Qaffol Shoshiy maqbarasi
Qaffol shoshiy maqbarasi XVI asrda (1541—1542-yillarda) Qaffol Shoshiy maqbarasi meʼmor Gʻulom Husayn tomonidan pishiq gʻishtdan bunyod etilgan. Maqbaraga Abu Bakr Muhammad ibn Ali Ismoil Qaffol ash Shoshiy nomiga atab qurilgan.
Moʻyi Muborak madrasasi
Asosiy maqola: Moʻyi Muborak madrasasi
Moʻyi Muborak madrasasi Toshkent hokimi Mirzo Ahmad qushbegi tomonidan 1856—1857-yillarda Toshkentning Hazrati Imom mavzesida, Minglar sulolasi hukmronlik davrida pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan. Hozirgi kunda bu madrasada xalifa Usmon davrida (644—656) kiyik terisiga hijoz xatida yozilgan, 644—648-yillarda yaratilgan qadimiy Qur’oni Karim (Usmon Mus’hafi) saqlanmoqda. Bu muqaddas Qur’onning eng nodir qoʻlyozmalaridan hisoblanib, XIV asrda Amir Temur tomonidan Suriyadan olib kelingan[6]. Hovlining o‘rtalarida 7x6 metr o‘lchamli qabr bo‘lib, usti gumbaz hujralar bilan yopilgan. Madrasa 13 hujra va bir masjiddan iborat bo‘lgan.
Hazrati imom jome masjidi
Asosiy maqola: Hazrati imom jome masjidi
Hazrati imom jome masjidi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 2007-yil bunyod etilgan. 2007-yil 27-dekabrda Adliya boshqarmasi roʻyxatidan oʻtgan. Masjid „Hazrati Imom“, „Shoshiy“, „Istiqlol“ va „Namuna“ mahallalariga xizmat qiladi. Ustunsiz barpo etilgan xonaqohning uzunligi 77 metr, eni 22 metr, mehrobi bilan qoʻshib hisoblansa 24 metr keladi. Qanotlari ham boʻyiga 35 metr, eniga 25 metr. Masjid shiftiga 14 ta katta, 48 ta kichik qandil, xonaqoh shiftining oʻrtasiga shakli uzunchoq likopni eslatadigan gumbaz oʻrnatilgan. Masjidda 2 ta minora mavjud bo‘lib, o‘ng minorani xorazmlik Ibrohim va Erkin usta, chap minorani esa samarqandlik Sharif usta jamoalari tiklashadi. Minoralarning biri 26, ikkinchisi 28 kunda qurib bitkaziladi[3]. Minoralarning balandligi 52 metr tashkil etadi. Hovlidagi ayvonlarga Hindistondan keltirilgan sandal daraxtidan yasalgan, boʻyi 8,6 metrlik naqshinkor ustunlar oʻrnatilgan.
Imom al-Buxoriy nomidagi Islom instituti
Asosiy maqola: Toshkent islom instituti
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 1969-yil tashkil etilgan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga kiradi. Sovet Ittifoqi Vazirlar Kengashi huzuridagi Din ishlari boʻyicha kengashning Toshkentda oliy darajadagi madrasa ochish toʻgʻrisidagi qarori bilan qayta tiklangan. Madrasa uchun Hazrati imom dahasi (Hamza, hozirgi Zarqaynar koʻchasi, 18-berk koʻcha, 47-uy)dagi „Namozgoh“ masjidining binosi ajratilgan. 1971-yil 1-noyabrda (hijriy taqvim boʻyicha 1391-yil Ramazonning 12 kuni) oliy madrasa oʻz faoliyatini boshlagan
Imom al-Buxoriy nomidagi Islom instituti ko‘rinishi
Oliy madrasada oʻqish davri 4 yil bo‘lib, darslar oʻzbek va arab tillarida olib boriladi. Birinchi oʻquv yilida oliygohga (maʼhadga) 20 ta talaba qabul qilingan. Oʻquv dargohi ilk yillari „Oliy diniy madrasa“ (Visshaya duxovnaya shkola, ruscha: Высшая духовная школа) deb nomlangan. 1974-yilda Imom Buxoriy tavalludining 1200-yillik yubileyi munosabati bilan ushbu bilim yurtiga muhaddis nomi berildi va „Oliy maʼhad“, „Toshkent islom instituti“ deb nomlanadigan boʻldi.
2003-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan institut bitiruvchilariga bakalavr diplomi beriladi. 2007-yili institutning ikki qavatli yangi binosi qurildi. 2021-yilda 27 ta xonadan iborat talabalar turar joyi va 45 kishiga moʻljallangan tahoratxonani oʻz ichiga olgan 4 qavatli bino qurildi, ikki qavatli institutning asosiy binosiga 17 ta oʻquv xonalari, majlislar zali va axborot-resurs markazidan iborat uchinchi qavati ham qurildi.
Xalifa Usmon Qur’oni
Hazrati Imom majmuasida binolardan tashqari, sharq qoʻlyozmalari kutubxonasi va xalifa Usmon Qur’oni mavjud. Qur’onda 353 ta pergament varaqlari mavjud. Dastlab Qur’on Madinada, keyin Damashq va Bagʻdodda saqlangan. Qur’onni Bagʻdoddan Samarqandga XIV asrda Amir Temur olib kelgan. 1869-yilda Usmon Qur’oni Sankt-Peterburgga olib ketilgan va u yerda uning haqiqiyligi isbotlangan. Keyinchalik u yerdan Qur’on Ufaga koʻchirilgan, shundan soʻng Usmon Qur’oni Toshkentga olib kelingan va hozirgi kunga kelib Hazrati Imom majmuasida saqlanadi.
Toshkentda saqlanayotgan „Usmon Qur’oni“ Qur’onning bizgacha yetib kelgan yagona asl qoʻlyozmasi hisoblanadi. Buni 2000-yil 28-avgustda YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan sertifikat tasdiqlaydi.
Meʼmorchiligi
Hazrati Imom majmuasi (keng tasvir)
Hazrati Imom majmuasining koʻrinishi qadimiy anʼanalar asosida yaratilgan boʻlib, majmua ikki gumbaz va ikki minoradan iborat. Oʻng minora xorazmlik Ibrohim va Erkin ustalar, chap minora samarqandlik Sharif usta hunarmandlar jamoasi tomonidan bunyod etilgan. Minoralar uzunligi 53 metrni tashkil etadi. Masjidning kirish qismida sandal daraxtidan ishlangan 20 ta ganch tushirilgan ustunli ayvon joylashgan. Gumbaz darchalarining alohida loyihalashtirilishi va quyosh nurlarining tongdan ufqqa qadar masjidni yoritib turishiga imkon yaratgan. Ikki gumbazning ichki qismi tilla suvi bilan yurgizilgan. XVI asrda majmua tarkibida sayrgoh bogʻ, ayvonlar barpo etilgan va hovuz atrofi koʻkalamzorlashtirilgan, xalq sayillari oʻtkazilgan.
Hazrati Imom majmuasidagi yozuvlarni Shayx Abdulaziz Mansur tahriri ostida Habibulloh Solih, Islombek Muhammad va Abdulgʻofur Xaqberdi kabi xattotlar bitganlar. Peshtoqlar ostida oʻng va chap tomondan masjid qanotlariga, oʻrtadan esa jome hovlisiga kiradigan oʻymakor yogʻoch darvozalar oʻrnatilgan. Masjid va ayvoni birga qoʻshib hisoblansa, besh mingdan ortiq kishini sigʻdira oladi. Xonaqohning uzunligi 77 metr, eni esa 22 metr, mehrobi bilan qoʻshib hisoblansa 24 metrga yetadi. Qanotlari boʻyiga 35, eniga 25 metrni tashkil etadi.
Hazrati Imom majmuasi pochta markasi (2009-yil)
2007-yil O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov Hazrati Imom majmuasi haqida kitob yozgan. Kitobda Eski Toshkent shahri ko‘chalari, dahalari va Moʻyi Muborak madrasasi, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Hazrati imom jome masjidi, Tillashayx masjidilari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyi arafasida, oʻzida qadimiy va zamonaviy meʼmorchilik urf-odatlarini uygʻunlashtirgan meʼmoriy yodgorliklar va Toshkent shahridagi binolar aks ketgan pochta markalari tayyorlandi.
Turkum kichik varaq koʻrinishida boʻlib, umumiy 8 ta pochta markalaridan iborat. Pochta markalarida jumladan, Toshkent Xalqaro biznes markazi, Senat binosi, Oliy Majlis binosi, Turkiston saroyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi, Baroqxon madrasasi va Buyuk ipak yoʻli xaritasi fragmenti tasvirlangan. Pochta markalari turkumi 2009-yil 17-avgustdan muomalaga chiqarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yildagi „Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamgʻarmasini qoʻllab quvvatlash toʻgʻrisida“ PQ-587-son qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan Hazrati Imom jamoatchilik jamgʻarmasining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 500 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratishi belgilangan

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004, 9-jild.


2. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
3. www.ziyo.uz
Download 31.2 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling