Qarori ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab- quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘G‘risida


Download 43.87 Kb.
Pdf ko'rish
Sana20.06.2023
Hajmi43.87 Kb.
#1632472
Bog'liq
PQ-230-сон 29.04.2022



O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
IJTIMOIY HIMOYAGA VA YORDAMGA MUHTOJ AHOLI QATLAMLARINI MODDIY QO‘LLAB-
QUVVATLASHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, nogironligi
bo‘lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda yetim
bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning oilaviy va boshqa
muqobil shakllarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
a) oilaviy bolalar uylariga Davlat budjetidan mablag‘ ajratishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratishda bir
nafar tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar miqdori hamda bolalar sonidan kelib chiqib,
zarur mablag‘lar ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi;
oilaviy 
bolalar 
uylarida 
bir 
nafar 
tarbiyalanuvchi 
uchun 
Davlat 
budjetidan
moliyalashtiriladigan oylik xarajatlar tarkibiga kommunal xarajatlar ham kiritiladi;
b) oilaviy bolalar uylari tomonidan iste’mol qilingan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar
jismoniy shaxslar uchun belgilangan narxlarda amalga oshiriladi;
v) jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab
va maktab-internatlarda hamda nogironligi bo‘lgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi
texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar
to‘lanadi.
Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) Moliya vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda oilaviy bolalar uylariga Davlat budjetidan mablag‘ ajratish tartibini
belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin;
jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va
maktab-internatlar kutubxona fondini xatlovdan o‘tkazsin, ushbu muassasalarni Respublika
maqsadli kitob jamg‘armasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam ta’minlash uchun har yili 5
milliard so‘m yo‘naltirsin;
jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-
internatlar o‘quvchilari o‘rtasida bosqichma-bosqich barcha fanlardan fan olimpiadalarining tashkil
etilishini ta’minlasin.
2. Quyidagilar:
2021-yilda eshitish qobiliyati zaif bolalarning odatiy hayotga moslashuvini osonlashtirish
uchun xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda 4 ming dona zamonaviy eshitish
moslamalari ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan zaif eshituvchi bolalarga
yetkazib berilishi natijasida ularning eshitish qobiliyati yaxshilanib, umumta’lim fanlarini
o‘zlashtirish darajasi oshganligi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida maktabgacha
yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalarga ta’lim berish bilan birgalikda, reabilitatsiya xizmatlarini
ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan bittadan “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha
ta’lim tashkilotlari tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov), Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov),
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) va Moliya vazirligi (T. Ishmetov) zaif eshituvchi bolalar uchun
ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarini 2022-yil yakuniga qadar zamonaviy eshitish moslamalari
bilan to‘liq ta’minlasin, 2023-yildan boshlab esa, ehtiyojdan kelib chiqib, zamonaviy eshitish
moslamalarini muntazam ravishda xarid qilish amaliyotini joriy qilsin.


Vazirlar Mahkamasi 2023 — 2025-yillarda qolgan 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega
bo‘lgan “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish va
maktabgacha yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalarni ushbu muassasalar bilan qamrab olish
choralarini ko‘rsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ularga davlat tomonidan
ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida o‘z nomiga
rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va ko‘chmas mulk
obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish) davlat boji to‘lashdan ozod etiladi;
b) yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga davlat oliy ta’lim
muassasalarida oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablag‘ ajratish
amaliyoti nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ham tatbiq etiladi.
Bunda, ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar Davlat budjeti parametrlarida Oliy va o‘rta
maxsus ta’lim vazirligiga ajratilgan resurslarda nazarda tutiladi va nodavlat oliy ta’lim
muassasalarining so‘roviga asosan ajratib boriladi;
v) 2022-yil 1-iyundan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv ta’lim asosida
kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda,
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining
2 baravari miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.
4. 2022-yil 1-maydan boshlab “Saxovat” uylarida yashovchi zarur ish stajiga ega bo‘lmagan
keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun har oyda tegishli
nafaqa miqdorining 20 foizini to‘lash tartibi joriy qilinsin.
5. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston “Veteran”
jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasining Afg‘on urushida ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan
jangchi-faxriylarni individual o‘lchovlar asosida tayyorlanadigan tegishli zamonaviy protez-
ortopediya moslamalari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov), O‘zbekiston “Veteran” jangchi-
faxriylar va nogironlar birlashmasi ikki oy muddatda Afg‘on urushida ishtirok etgan nogironligi
bo‘lgan jangchi-faxriylarni protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash reja-grafigini ishlab
chiqsin va tasdiqlasin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlar uchun Tibbiy-ijtimoiy
xizmatlarni rivojlantirish agentligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan 2022-yilda Davlat
budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratsin.
6. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi uchun pensiya
tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning ish staji va ish haqini hisobga olgan holda, nogironlik
pensiyasi miqdorlarini har ikki yilda qayta hisoblash tartibi joriy etiladi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda
mazkur bandda ko‘rsatilgan tartibni joriy etish bo‘yicha “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti
to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi
O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i
Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat
tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari
(keyingi o‘rinlarda — hududiy jamoat fondlari) hisobidan O‘zbekiston nogironlar jamiyati,
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati hamda O‘zbekiston nogironlar
assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalariga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.
O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati va
O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining o‘z hududiy bo‘linmalari tomonidan 2023-yil 1-yanvardan
boshlab tegishli hududlardagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy yordam
ko‘rsatish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ko‘maklashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasi
bo‘yicha har chorakda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari
viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlariga hisobot berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish
haqidagi taklifi ma’qullansin.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik
jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish
bo‘yicha Parlament komissiyasiga Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
bilan kelishilgan holda, ikki oy muddatda O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar
jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy
bo‘linmalari uchun tavsiyaviy shtatlar me’yorlarini hamda mehnatga haq to‘lash miqdorlarini
tasdiqlash va hududiy jamoat fondlariga yetkazish tavsiya etilsin.
Moliya vazirligi 2023-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent
shahar mahalliy budjetlarida hududiy jamoat fondlari uchun tegishli mablag‘lar ko‘zda tutilishini
ta’minlasin.
8. Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining
2022-2023-yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurish va ta’mirlash hamda ularning moddiy-
texnika bazasini mustahkamlash uchun 600 milliard so‘m yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifi
ma’qullansin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A. Boboyev):
Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan
birgalikda ikki oy muddatda 2022-2023-yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurilish va
ta’mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha manzilli dasturni
ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
qurilish-ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari o‘rnatilgan tartibda
2023-yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini
rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilishini ta’minlasin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) davlat ijtimoiy muassasalarini joriy ta’mirlash va jihozlash uchun
2022-yilda Davlat budjeti parametrlarida aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirish
uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larning yil yakuniga qadar iqtisod qilinishi kutilayotgan qismi
hisobidan 150 milliard so‘m ajratsin, 2023-yilda esa qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘rnatilgan tartibda
2023-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida
ko‘zda tutsin.
9. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) mazkur qarorda ko‘zda tutilayotgan tadbirlarni amalga oshirish
bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun asoslangan hisob-kitoblarga asosan Davlat
budjetidan mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya
vaziri T.A. Ishmetov, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K. Inakov, xalq ta’limi
vaziri B.O. Saidov va sog‘liqni saqlash vaziri B.A. Musayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va
nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-aprel,
PQ-230-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 07/22/230/0368-son)

Download 43.87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling