Qarshi davlat universitet


DOSTONLARNING TADRIJIY TAKOMILI


Download 126.95 Kb.
bet18/19
Sana09.01.2022
Hajmi126.95 Kb.
#265556
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   19
Bog'liq
«Mantiq t tayr» va «Lisonu t tayr» dostonida valoyat talqinlari

3.2. DOSTONLARNING TADRIJIY TAKOMILI

Navoiyning tasavvuf falsafasi va axloqi, naqshbandiya sulukining asosiy prinsiplari va yo‘llari haqidagi mulohaza va xulosalari qit’a, g‘azal singari kichik janrlarda ochiq qayd etilgani holda, dostonlar tarkibida muayyan g‘oyaviy niyat bilan bog‘liq holda, badiiy matn doirasida ko‘rinadi. Ammo shuni ham ta’kidlash lozimki, Alisher Navoiyning xususan tasavvuf va tasavvuf allomalariga bag‘ishlab yozgan qator diniy-falsafiy asarlari mavjud. Bu haqida quyiroqda batafsil ma’lumot beramiz

Alisher Navoiyning ijodiga nazar solsak, bir qator masalalarda boshqacha manzaraning ham guvohi bo‘lamiz. Masalan, ulug‘ mutafakkirlar, jumladan Navoiy dunyoqarashida muhim o‘rin tutgan mavzulardan biri — taqdir masalasi, uning qazoyu qadar haqidagi aqidalari (jabar va qadar)ga munosabatini olib ko‘raylik. Zotan, bu masala Navoiy ijodiyotida maxsus qo‘yilgan masalalar qatorida turadi. Aksar asarlarida taqdir bilan bog‘liq “tavakkul” istilohi tez-tez uchrab turadi. Ana shu qaydlarning o‘zigagina suyanilsa, Navoiy bu masalada faqat jabar tarafdori bo‘lgan deb xulosa chiqarish mumkin. Biroq, ushbu berilgan ma’lumotlarni diqqat bilan sharhlansa, shoirning taqdirni naqadar to‘g‘ri tushungani va tushuntirgani namoyon bo‘ladi. Yoki bo‘lmasa “Farhod va Shirin”dagi uchinchi munojot (“Insonning adam nihonxonasidan vujud koshonasiga kelmakda...”) zamirida yotgan pardali mazmun teran idrok qilinsa, haqiqiy xulosaga kelish mumkin1. Lekin ba’zi tadqiqotlarda bu munojotning tub mohiyati mutlaqo noto‘g‘ri — “inson manfaatlarini himoya qilib, Hudo bilan munozara qilish” tarzida talqin qilingan. Binobarin, Navoiyning jabar va qadar tarafdorlariga munosabati, taqdir masalasi bo‘yicha o‘z aqidasi haqida asosli xulosa chiqarish uchun uning barcha asarlari tarkibida kelgan shu masalaga doir fikr va mulohazalarini batafsil o‘rganish zarur.

Navoiy ijodiyoti nafaqat falsafiy teranligi, balki ijtimoiy mohiyati bilan ham adabiyotimiz tarixida favqulodda xodisa hisoblanadi. Xilma-xil janrlarga mansub badiiy durdonalarda dono siyosiy arbobning ilg‘or ijtimoiy konsepsiyasi barcha jihatlari bilan to‘liq va yorqin namoyon bo‘lgan.

Agar lirik she’rlar, dostonlar muqaddimasi va “Mahbub ul-qulub”da ijtimoiy masalalar maxsus qo‘yilib, aniq xulosalar bayon qilinsa, dostonlardagi voqea va obrazlarni ana shu fikr va mulohazalarning badiiy in’ikosi deb aytish mumkin. Boshqa dostonlarda muallifning tasavvuf va xususan, naqshbandiya tariqatiga munosabati aniq ko‘zga tashlangani holda, uning dunyoqarashiga katta ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy oqim va uyushmalarning ayrimlariga munosabati mahorat bilan to‘qilgan parda ortiga olingan. Bunga Navoiyning komil inson g‘oyasining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan futuvvat (javonmardlik)ga munosabati yorqin dalil bo‘la oladi.

Ma’lumki, Alisher Navoiy futuvvatning Kichik Osiyo hududidagi o‘ziga xos tarmog‘i bo‘lmish saxiylik harakati namoyandasi (“Sab’ai sayyor”dagi Saxiy)ning yorqin obrazini yaratgan1. Shoirning o‘z tili bilan aytganda:

Muruvvat – barcha bermakdur, yemak yo‘q, 

Futuvvat – barcha qilmakdur, demak yo‘q.

Zotan, bu harakatning Xuroson va Movarounnahrdagi a’zolari saxiy emas, balki javonmard deb atalgan. Binobarin shunday keng rivoj topgan qudratli ijtimoiy harakat bu hududda o‘ziga xos jihatlar kasb etgan va turli xalq harakatlari, ijtimoiy qatlamlar bilan vobasta bo‘lganligi shubhasiz.

Bir qaraganda Alisher Navoiy futuvvatning Kichik Osiyodagi ko‘rinishi bo‘lmish saxiylik haqida maxsus hikoya (“Sab’ai sayyor”ning birinchi hikoyati) yaratgani holda, o‘z vatani Xurosonda keng shuhrat qozongan va shahar hunarmandlarining katta qatlamini qamrab olgan qudratli xalq uyushmasi — javonmardlikni chetlab o‘tganday tuyuladi. Vaholanki, shoir asarlarida “futuvvat”, “javonmard” atamalari komil insonlarga xos ijobiy xususiyat sifatida ko‘p tilga olinadi. Tasavvufning g‘oyasi bu komil insonni tarbiyalsh ekanini hisobga olsak, haqiqiy so‘fiy odamgina tom ma’noda “javonmard” bo‘la oladi.

Ma’lumki, Farididdin Attor futuvvatga mansub 72 talab (sifat, xususiyat)1, Husayn Voiz Koshifiy esa (uch martaba, o‘n ikki rukn (ustun) 71 ta shartni ko‘rsatgan2. Ana shularning barchasi ikkita sifatda mujassam bo‘ladi: saxovat (do‘stlarga naf’ yetkazmoq) va shijoat (do‘stlarni dushmanlardan asramoq). Agar Navoiy asarlaridagi ijobiy qahramonlar faoliyati, shuningdek, uning she’rlari va “Mahbub ul-qulub” asariga e’tibor qilsak, barcha muhim sifatlar javonmardlik talablari bilan muvofiq ekanligiga to‘la qanoat hosil qilamiz.

Alisher Navoiy, garchi javonmard nomi bilan maxsus hikoya va obraz yaratmagan bo‘lsa ham, Farhod, Mas’ud, Sa’d, Farrux, Iskandar, Shopur, Mukbil singari haqiqiy javonmardlar timsolida o‘zining bu masalaga doir qarashlarini yetarli darajada ifodalab bergan. Navoiy asarlarini futuvvat nuqtai nazaridan kuzatish asosida nafaqat uning javonmardlarga nisbatan chuqur muhabbatini his etish, balki futuvvatning mohiyatini ham to‘liq tushunish mumkin.

Navoiyning adabiy, ilmiy asarlarini mutolaa qilish asnosida turli mazhab, falsafiy tariqat yoxud ijtimoiy silsilaga mansub o‘nlab shaxslar nomiga duch kelamiz.

Muallif imkoniyati darajasida har bir shaxsning e’tiqodi haqida tasavvur paydo qilishga harakat qilgan. Yo‘l-yo‘lakay keltirilgan nihoyatda muxtasar qaydlarda ham Navoiy dahosining muhim jihatlari — demokratik ruh va adolat hissini sezib olish qiyin emas. Buyuk mutafakkir bir-biridan tafovut qiluvchi va o‘zi daxldor bo‘lmagan turli mazhab va falsafiy suluklarni tilga olganda xolisona ish tutadi va bir yoqlama baho berishdan saqlanadi. Alisher Navoiy naqshbandiya sulukiga sodiq qolgani holda, boshqa tariqatlarga ham bag‘rikenglik ko‘rsatdi, turli tariqatga mansub ma’rifatli shaxslarga ehtirom bilan qaraydi.

Naqshbandiya talablarida zikri jahr, samo‘ va xilvat bo‘lmasligini Navoiyning o‘zi ham ta’kidlab o‘tadi. Lekin, Bobur keltirgan ma’lumotlarda shunday deyiladi: “Alisherbek qoshida (Kamoliddin Husayn Gozurgohiy kabi) mutasavvuflar yig‘ilib, vajd (jahr) va samo‘ qilurlar ekandur”1. Bu shoirning o‘sha tariqat vakillari bilan ham yaqin munosabatda bo‘lganiga yaqqol dalil bo‘la oladi.

Har bir masalada fikr xilma-xilligini e’tirof qilish, turli mazhab va tariqatlarga hurmat bilan xolisona munosabatda bo‘lish, o‘ta nozik o‘rinlarda o‘z fikrini bilvosita — pardali ifodalash va, eng muhimi, barcha masalalarda adolat hissining barqarorligi Navoiy dahosi uchun xarakterlidir.

Mana shular bilan bir qatorda Alisher Navoiy naqshbandiya tariqatiga alohida e’tibor bilan qarar va o‘zi ham ushbu tariqatning ko‘plab ko‘rsatmalari, yo‘l-yo‘riqlariga rioya etar, naqshbandiy pirlar bilan yaqin munosabatda edi. Navoiyning naqshbandiya tariqatiga kirib kelishi tasodifiy hol emas edi. Uning shaxsida bu buyuk ta’limotning chuqur tomir otib, yanada ravnaq topishi uchun zarur bo‘lgan ma’naviy-ruhiy zamin mavjud edi.

Shu o‘rinda Navoiy shaxsini naqshbandiy shayxlari bilan yaqinlashtiradigan yani bir jihatni eslatib o‘gish joiz. XV asrda Movarounnahrda eng katta mulk egasi va o‘sha zamon naqshbandiy sulukining saromadi Xoja Ahrori Valiy bo‘lsa, Xurosonda xuddi shunday odam Alisher Navoiy edi. Bunday hayot tarzi bebaqo dunyoning hoyu havasi, mulku davlatiga rag‘bat qilmaslik, dilni yolg‘iz Alloh jilvagohiga aylantirish g‘oyasini muntazam targ‘ib qilgan murshidu soliklar yo‘liga zid emasmi degan shubha tug‘ilishi tabiiy. Lekin hamma gap mulk, mansabu joh egasi bo‘lishda emas, balki ularga mehr qo‘ymaslik, dilni ular xayolidan mutlaqo xoli qilib, yolg‘iz Yori haqiqiy (Alloh) muhabbatiga, Mahbub jilvagohi bo‘lmish musaffo ko‘zguga aylantirishda. Biz buni avval yashab o‘tgan salafi solihlarimiz, yana ham aniq qilib aytilsa Abdurrahmon ibn A’vf va Usmon (r.a) kabi boy yashab taqvoyu zuhdda sobit bo‘lgan sahobiylar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.




Download 126.95 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling