Qarshi davlat universitet
Dostonlarda valiylar obrazining qiyosiy tadqiqi
Download 126.95 Kb.
|
«Mantiq t tayr» va «Lisonu t tayr» dostonida valoyat talqinlari
- Bu sahifa navigatsiya:
- II BOB BO`YICHA XULOSALAR
2.2. Dostonlarda valiylar obrazining qiyosiy tadqiqi.
A.Navoiyning “Lison ut-tayr” asari va uning yaratilishida asos bo’lgan “Mantiq ut-tayr”dostonida valoyat talqinlarini aniqlashdan oldin, “valoyat” so’zining lug’aviy ma’nosini aniqlash va bu so’zning Navoiy asarlarida qaysi ma’nosidan foydalanilganini aytib o’tish lozim.Izohli lug’atda “Valoyat”so’zi keltirilmagan. “Valiy”so’zining ma’nosi quyidagicha:Ega,sohib; avliyo. Xudoning go’yo bo’lajak hodisa voqealarni oldindan aytish, g’oyibdan xabar berish qobiliyatiga ega bo’lgan eng sevimli, eng aziz bandasi.”Navoiy asarlari uchun qisqacha lug’at”7da ”Valoyat” so’zi 1) hokimlik, hukmronlik 2) avliyolik kabi ma’nolarni bildirgan. “Valoyat” so’zining o’zakdoshi bo’lgan “valiy”so’zining ushbu lug’atdagi ma’nosi: 1)ega, sohib2) avliyo Demak, “Valoyat” so’zi bilan “avliyo”, “valiy”so’zlari bir–biri bilan o’rin almasha oladigan o’zakdosh, ma’nodosh so’zlardir.Endi ”avliyo”so’zini lug’atdagi ma’nosini ko’rsak.Navoiy asarlarining lug’atida “Avliyo”so’zi berilmagan. Navoiy “avliyo” so’zi o’rnida “valiy”, “Avliyolik”so’zi o’rnida ”valoyat”so’zini qo’llagan fikrimizcha.Izohli lug’atda “Avliyo” so’zi quyidagicha ma’nolarda ko’rsatilgan: 1)Valilar, e’tiqodli, dindor kishilar 2)Karomat, bashorat qila oladigan, mo’jiza ko’rsata oladigan odamlar 3)Ulug’, zo’r fahmlavchi odam yoki narsa. 4)Hech narsa bilan ishi yo’q, darveshsifat, darveshnamo odam. B.S.Nurmuhammedov “Dinda avliyolik tushunchasini o’rganishning metodologik asoslari” tadqiqotida “Avliyolik” va “Valoyat” tushunchalarini shunday izohlaydilar: “Avliyo” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, “valiya” fe’lidan yasalgandir. Bu fe’l: 1) yaqin bo‘lmoq; 2) qo‘shilmoq; 3) boshqarmoq, voliylik qilmoq; 4) mudirlik qilmoq, idora qilmoq kabi ma’nolarni anglatadi1.Avliyo so‘zi “valiy”so‘zining ko‘plik shaklidir.”Valiy” so‘zi ham o‘z o‘rnida:1) yaqin; 2) tug‘ishgan; 3) qarindosh; 4) mulkdor, mulk egasi; 6)vasiy, homiy; 7) valiy, avliyo (Allohning do‘sti) degan ma’nolarni beradi. Biz o‘rganayotgan “avliyo” tushunchasi mana shu 6-7-ma’nolardan olingan bo‘lib, uni quyida yanada batafsilroq sharhlaymiz. Valiy tushunchasi Qur’on va hadisga asoslangan bo‘lib, “do‘st” (Allohning do‘sti) ma’nosini bildiradi (“Alloh esa taqvodor zotlarning do‘stidir”).Shu ma’noda Qur’onda Osaf ibn Barhayo, Maryam, Muso (a.s)ga ilm bergan solih odam, Sulaymon (a. s) ga taxtni keltirib bergan ilmdan xabari bo‘lgan kishi, kabilarning “vozeh” (aniq, ravshan) tarzda valiy inson bo‘lganliklariga ishora qilingan.Shu zayilda valiylik (valoyat) atamasi paydo bo‘lgan. Valoyat – bandaning Haqqa bo‘lgan qiyomidirki, bu maqomda inson o‘z nafsidan yuqori ko‘tariladi.Valoyatni valoyati omma (barcha mo‘minlar uchun xos) va valoyati xossaga (Xaq vaslida fano va baqo maqomiga yetganlarga xos) ajratganlar. Valoyatning valoyati uzmo (buyuk) yoki valoyati lohutiy, valoyati kubro (ulug‘) yoki valoyati jabarutiy, valoyati vusto (o‘rtacha) yoki valoyati malakutiy, valoyati sug‘ro (kichik) yoki valoyati nosutiy1 kabi darajalari bo‘lib, valoyati uzmo payg‘ambarlarga, valoyati kubro boshqa nabiylarga, valoyati vusto valiylarga, valoyati sug‘ro mo‘minlar va oriflarga taalluqlidir. Avliyolar ham o‘z o‘rnida quyidagi darajalarga bo‘linadi: 1. Qutb – Tasavvuf shayxlariga beriladigan eng oliy unvon. Tasavvufda ma’lum bir darajaga yetgan avliyolar. Ular ikki nafardirlar. Har bir davrning o‘z qutbi bo‘lib, ular har zamonda mavjud bo‘ladilar. Ularning qalbi Muhammad (a. s) qalblari bilan aloqador bo‘ladi. 2. G‘avs – Bu ham Qutb kabi bo‘lib, yordam beruvchi degan ma’noni anglatadi. 3. Abdol – G‘oyib kishilar toifasidan bo‘lib, o‘zlari xalq ichra bo‘lsalarda, ularning abdol ekanliklarini hech kim bilmaydi.Abdol fors va turkiy tillarida “chiltan”(qirq kishidan iborat) deb yuritiladi. Ulardan qaysi biri vafot etsa, o‘rniga darhol yangisi tayin etiladi. Oldingi kishiga badal (o‘rinbosar) bo‘lib kelgani uchun ham ularga “abdol”, ya’ni “o‘rinbosarlar” deb nom berilgan.Ba’zi manbalarda ularning adadi 400 ta ekanligi qayd qilingan. 4. Avtod – bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi “qoziqlar”dir. Ular ham abdol kabi zotlar bo‘lib,adadlari ba’zi manbalarda 4 nafar deyilsa, ba’zilarida 70 nafar deyilgan. 5.Nujabo – Oliy zot bir toifa avliyolarki, ular faqat insonlarning foydasi uchun faoliyat ko‘rsatadilar. Ularning odamlar haqqiga qilgan duolari mustajob bo‘ladi. Ularning adadi ba’zi manbalarda 70 kishi deyilsa, yana ba’zi manbalarda 40 kishi deb ko‘rsatilgan. 6. Nuqabo – Tasavvufda bir toifa avliyolarga shu nom berilgan bo‘lib, ular ummatlar bilan zomindirlar. Ular odamlarning sirlaridan voqifdirlar. Adadlari 300 nafar1. Mana shular avliyolarning darajalari nomlaridir. Bunga qo‘shimcha o‘laroq shuni keltirish lozimki, valiy inson xislatlari, valiylik maqomi, darajalari ustida vatandoshimiz Hakim at-Termiziy chuqur nazariy tadqiqot olib borgan. Uning fikricha, haqiqatga yetishishlikda ilm va aqldan boshqa yana bir uchinchi – ilohiy narsa – valiylik ham bor2. Umuman olganda qalb ko‘zgusi pok bo‘lgan insonlar ruhiy olam sirlaridan xabardor bo‘ladi. shu o‘rnida shuni aytish lozimki, Hakim at-Termiziyning “Xatm ul-avliyo”asari valoyat va avliyolik masalalariga bag‘ishlangan ilk muxtasar asar bo‘lib, tasavvuf tarixida birinchi marta avliyolik darajalari, “xatm ul-anbiyo” va “xatm ul-avliyo” mavzulari tahlil etilgan.Shuningdek, asarda valoyatning o‘n xususiyati, avliyolarning alomatlari, vahiy, ilhom, karomat, farosat, qurb kabi masalalar Qur’on va hadisdan keltirilgan dalillar asosida yoritilgan. “Xatm ul-avliyo” asarining to‘rtinchi faslida (Ruhoniy savollar) muallif avliyolikni da’vo qilayotgan kishilarning avliyo emasliklari, ularning da’volari haq yoki nohaqligini aniqlash uchun 157 ta savol tuzgan va ularga batafsil javob bergan. Jumladan, “Anbiyolardan bo‘lmagan odam anbiyolardan ustun bo‘lishi mumkinmi?”, degan savolga: “Nabiyning payg‘ambarligi va maqomi tufayli hech bir nabiydan hech bir shaxs afzal bo‘la olmaydi”, deb javob bergan.” Alisher Navoiy faqat buyuk so‘z san’atkori emas, balki o‘rta asrlardagi falsafiy, ijtimoiy oqimlar jarayoniga faol munosabatda bo‘lgan daho mutafakkir hamdir. Navoiy falsafa, din, tariqatlar haqida maxsus ilmiy risolalar yozgan emas. Lekin uning mazkur masalalarga doir aniq ma’lumotlari badiiy va ilmiy, tarixiy asarlari tarkibida ancha mukammal aks etgan.Navoiyning tasavvuf falsafasi va axloqi, naqshbandiya sulukining asosiy prinsiplari va yo‘llari haqidagi mulohaza va xulosalari qit’a, g‘azal singari kichik janrlarda ochiq qayd etilgani holda, dostonlar tarkibida muayyan g‘oyaviy niyat bilan bog‘liq holda, badiiy matn doirasida ko‘rinadi. Ammo shuni ham ta’kidlash lozimki, Alisher Navoiyning xususan tasavvuf va tasavvuf allomalariga bag‘ishlab yozgan qator diniy-falsafiy asarlari mavjud.Agar lirik she’rlar, dostonlar muqaddimasi va “Mahbub ul-qulub”da ijtimoiy masalalar maxsus qo‘yilib, aniq xulosalar bayon qilinsa, dostonlardagi voqea va obrazlarni ana shu fikr va mulohazalarning badiiy in’ikosi deb aytish mumkin.Boshqa dostonlarda muallifning tasavvuf va xususan, naqshbandiya tariqatiga munosabati aniq ko‘zga tashlangani holda, uning dunyoqarashiga katta ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy oqim va uyushmalarning ayrimlariga munosabati mahorat bilan to‘qilgan parda ortiga olingan. Bunga Navoiyning komil inson g‘oyasining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan futuvvat (javonmardlik)ga munosabati yorqin dalil bo‘la oladi. Biz yuqorida aytib o‘tganimizdek, Alisher Navoiy ,,tasavvuf”ga bag‘ishlab muayyan asarlar ham yozgan. Xususan “Nasoyim ul- muhabbat”, hamda “Lison ut- tayr”diniy-falsafiy asari ham shular jumlasidandir. Shoir o‘zining “Nasoyim ul- muhabbat”asarida so‘fiylik va tasavvuf haqida juda qimmatli ma’lumotlar bergan.Jumladan, asar 1-bobining ikkinchi fasli “Maqomot ta’rifi: So‘fiylik va oriflik sifatlari, mezonlari”deb nomlangan.Bunda quyidagicha ma’lumotlar kelgan: “Maqomot –So‘fiy ruhiy-ma’naviy kamoloti bosqichlaridir.Maqomotlarni bosib o‘tishdan maqsad (hamma soliklar ham tariqat maqomini to‘la bosib o‘tolgan emas) ruhiy-ma’naviy martabalarga ko‘tarilish, riyozat bilan qalbni Alloh vasliga tayyorlash, eng asosiysi, halim axloq egasi bo‘lish, ezgu ishlarga chog‘lanish, insonlarning yordamchisi bo‘lishga, javonmardlar rasm-rusumi bilan yashashga odatlanish edi. “Nasoyim ul-muhabbat”da valiylarning amallari, fe’l va muomalalari zikr qilingan bo‘lib, ular tavba, luqmai hilliyat, shariat rioyati (shahodat kalimasi, saloti xamsa, zakot, ro‘za, haj), tariqat odobi, hilm, burdborlig‘ (chidam, bardosh), rizo, sabr, sidq, azim riyozatlardir” . Alisher Navoiyning tasavvufiy qarashlari haqidagi mavzuni yoritar ekanmiz, u zotning “Lison ut- tayr”asari va unda kelgan majoziy obrazlar, ularning har birining anglatgan ma’nolari va ularning piri Hudhudning irfoniy tarbiyalarini batafsil ochib berishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Garchi asarning o‘zida tashbeh, istiora kabi adabiy janrlar ko‘plab qo‘llanilgan, hamda adabiyotshunoslikka katta xissa qo‘shgan bo‘lsada, asar o‘z tabiati bilan diniy-tasavvufiy asardir. Undagi majoziy obrazlar xususan boyo‘g‘li, kaklik, bulbul, burgut, kalxat, kabutar va boshqa qushlar muridlarni, ya’ni sayri suluk qiluvchi kishilarni ifodalasa,”Hudhud”murshidni bildiradi.Simurg‘ obrazidan ko‘zlangan maqsad butun borliqlarni yaratgan Allohdir.Bu esa, asar ayni diniyligining isbotidir. Asarda kishining avliyolik darajasiga qanday erishishi go‘zal uslubda tushuntirilgan.Bu maqomning, ya’ni avliyolikning Qur’onga ko‘ra qanday bo‘lishini o‘rgangan edik.Ya’ni: Yunus surasining 62-63-oyatlarida Alloh shunday deydi: “Ogoh bo‘lingkim, Allohning do‘stlariga xavf yo‘qdir va ular xafa ham bo‘lmaslar. Ular iymon keltirganlar va taqvo qilganlardir” . Ushbu oyat aynan avliyolar haqidadir. Endi ana shu iymon keltirgandan so‘ng bir so‘z bilan ifodalangan “taqvo qilish”qanday bo‘lishini, qanday bosqichlarni bosib o‘tganda kishi komil – muttaqiy bo‘lishini biz “Lison ut- tayr”asari orqali sharhlaymiz. . “Lison ut- tayr”ga ko‘ra kishining sayri sulukidagi dastlabki bosqich: Talab bosqichidir.Talab–so‘fiyning o‘zini ruhan tayyorlashi, talabgorlik bosqichidir. “Lison ut- tayr”da qushlarning Hudhud so‘zlaridan so‘ng Semurg‘ni topishga qattiq ishtiyoq qilishlari, shavqqa tushib, kuyib-yonishlari ifodalangan.“Lison ut- tayr”da talab bosqichi shunday ta’riflanadi: “Talab vodiysiga qadam qo‘ysang, oldingga har dam yuz ming dardu alam duch keladi.Har dam unda yuz malollik, har nafas ming o‘zga holat yuzlanadi.Istamoqlik azobi ko‘ngulni zor etadi, lekin topa olmaslik ruhni abgor etadi. Bunda jonni kuydirish mahrumlik, vaslga erishish noma’lumlik bo‘ladi. Mashaqqat va kulfatlar jismingga nish sanchib, behad ulkan dard jismingni pora-pora qiladi. Sen noyob durni qo‘lga kiritishni xohlaysan, ammo uni topa olmaysan. Buning uchun dunyo asboblarini tark etmoq zarurdir. Solik o‘z yo‘lida g‘ov bo‘ladigan mol-u mulk va boshqa narsalardan voz kechib, foniylikning to‘rt yo‘lini baland ovozda ulug‘lamog‘i kerak. Bu yo‘lda unga bo‘lgan ishtiyoqdan boshqa hamma narsani tashlab, o‘zni maqsad manzili tomon boshlashi lozim. Agar olam matosidan biron ashyo qolmasa, senda u dam o‘zgacha sifatlar paydo bo‘ladi.U xazinadan vayroningga obodlik kelib, zoti nuridan joningga yorug‘lik yetishadi. Bu yorug‘lik sendagi shavq o‘tini tobora alangalatib, talab otingni uchqur qiladi. Bunda o‘zingda bir talab o‘rnida yuz talab topasan. Bu payt tog‘lar sening ko‘zingga oddiy daladek bo‘lib ko‘rinadi. Joningga talab rohati yetadi, mashaqqat chekish shiddati sendan forig‘ bo‘ladi.Ko‘ngling dur topishga qanchalik muhabbat qo‘ysa, sen uchun g‘avvoslik qilish shunchalik oson bo‘ladi. Visol quyoshi jamolini ko‘rsatgach, shoming tongga ulanib ketadi. Agar bu payt oldingga mast fil kelsa ham sen uni pashsha kabi nazar-pisand qilmaysan. Agar yo‘lingni yuz sher yoki arslon to‘ssa, ularni sen cho‘loq chumolidek ko‘rasan.U xazinaga erishsang, ko‘nglingga ajdahodan xavf yetmaydi” . Bunday kuchli shavqqa tushgan murid endi amal qilishga o‘tib, sayri sulukni boshlaydi. Bu maqomda asosiy talab ikki narsaga – ilm va amalga bo‘ladi. Solik ilm olib, to‘ymaydi, amal qilib, har amalini nuqsonli va oz ko‘raveradi. U tavbai nasuh qilib, qalbidagi bo‘ladigan o‘zgarishlarni tarbiyalaydi. Uning holati shunday darajaga boradiki, Alloh ishqi yo‘lida hatto jon berishga ham tayyor bo‘ladi. Ana shunda u murid ikkinchi bosqichda, ya’ni Ishq bosqichiga qadam qo‘ygan bo‘ladi. Oshiqqa yetishish barcha narsadan avloroq bo‘lib qoladi. Ishq – beintiho jiddu jahd, azmu irodani bir maqsadga yo‘llash, tinimsiz talpinishdir. Bu haqida“Lison ut–tayr”dagi quyidagi satrlar fikrimizning isboti bo‘ladi:Ishq so‘nmas bir mash’aldir. Uni mash’al dema, butun olamni yondiruvchi shu’la degil. Ishqqa har kim munosib bo‘lavermaydi.Samandardan bo‘lak qaysi jonzot o‘t ichida yura oladi? Ishq aro botirlik va qalandarlik lozim, shu’la dengizida samandar bo‘lmoqlik kerak. Shu’la ichra kuyayotgan parvona kabi oshiqu devonaning ishi kuymoqlikdan iboratdir.Donolikni ra’nolarning ishi deb aytma, parvona bo‘la olishga kapalakning haddi sig‘maydi.Kapalak yosh bolalarga o‘z husni va zeboligini ko‘rsatib, gullar uzra jilva qilib uchib yuradi.Ammo uning qo‘lidan janda kiygan devonaning ishini qilish kelmaydi. U parvona kabi shu’laga o‘zini ura olarmidi?! Garchi kapalak o‘zining turli rang va xollari bilan ko‘zga chiroyli ko‘rinsa-da, u parvona kabi yonib kuya olmaydi. Azaldan ishq aro kul bo‘lmagan har bir qushning otini bulbul deb bo‘ladimi? Ishq ichra kuyib-yonmaganni ishqqa berilgan dema! Kim jonini ildo qilmas ekan, uni oshiq deb sanama! Ishq ahli o‘rtanib yonish bilan o‘zini shod etadi, bu ishni o‘rtanish bilan egallab bo‘lmaydi. Ishqqa mubtalo bo‘lgan kishi ko‘nglidan chiqqan o‘t vayronani yondirib yuboruvchi ajdar dami kabi qudratlidir.Oshiqlar ko‘ngli o‘tli oh chekishdan begona emas.Axir otashgohdan duddan boshqa yana nima chiqishi mumkin?! Ishqdan tushgan yolqini butun havoni yondirib yuboruvchi chaqmoq kabi olamni o‘rtab yuboradi. Ishq o‘tiga haqiqiy pok oshiq o‘rtanadi, uning bu o‘rtanishi go‘yo chaqmoq tushgan xirmonga o‘xshaydi. Sen oshiq ko‘nglini otashzada deb aytma, balki uni ishq ana shunday otashkadaga aylantirgan.Kishi agar otashkada ichiga tushsa,u yerda o‘rtanmasdan boshqa iloji yo‘q.Kimki ishq aro o‘tga aylansa, ajablanmang, chunki o‘tga nimaiki tushsa, u ham o‘t bo‘lib yonadi.Ishq bir o‘t kabi uning vujudini chulg‘ab oladi, negaki, olov atrofida aylangan kishi o‘rtanmay qolmaydi.Ishq bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Jismingga o‘t tushsa, u seni quyundek sargardon qiladi.Ishq aro faqat o‘rtanib yonish lozim, o‘t aro kuymasdan o‘zga chora yo‘q. Ishq osmonidan qaysi yoqqa chaqin tushsa, u shu ondayoq jonni shu’la selobiga g‘arq qilib yuboradi. Ishq chaqmog‘i xonumonni kuydirib yuboradi, xonumon nima degan gap, butun jahonga o‘t qo‘yadi! Oshiq kishining asosiy ishi jon tark etish deb bilgil. Yor uchun o‘lmoqni o‘zing uchun arzimas ish deb anglagil” . Bu so‘zlar bilan Hudhud ishq qanday ulug‘ narsa ekanligi, uning yo‘lida o‘lish esa ayni hayot ekanligini tushuntirmoqda.Oshiq nochor intiladi-yu Ma’shuqiga yetolmaydi.Bor xonumoni yonib, faqat va faqat ibodatda Unga yuzlanganida haqiqiy oromini topadi.Namozlar-u zikrlar oshiq qalbining olovli girdobini vasl chashmasi bilan sug‘organdek bo‘ladi.Shu maqomda sobit ilgarilagan solik uchinchi maqomga yuksaladi. Uchinchi bosqich Ma’rifat bosqichidir. Bu bosqichda murid tavbai nasuh qilib, ishq sharobini totib ko‘rgach, endi uning uchun poklik olami o‘z eshiklarini ochadi. Har jihatdan pok bo‘lishga harakat qiladi. Zero Alloh pokdir va faqat pok narsanigina qabul qiladi.Qalbida tug‘yon urayotgan shaytoniy vasvasalarni qalbi ila eshitadigan va ulardan qocha oladigan bo‘ladi. Avvallari ularni eshitib, undan yuz o‘gira olmagan kishi, endilikda ularni eshita oladi va ulardan qutulib o‘zini poklay oladi.Bir jumla bilan aytganda Ma’rifat – Buyuk Poklik olami asrorini o‘zlashtirib, bilib olish bosqichidir.Shu haqida Lison ut tayrda Hudhud tilidan shunday deyiladi: “Bilgilki, Ishq vodiysidan keyin Ma’rifat vodiysi keladi. Bu joyning nihoyatda bepoyon bir dashtdan iborat ekanligiga ko‘z tashla. Kimki bu vodiyga kirsa, u yerdagi ahvolning ixtilofli ekanligini ko‘radi. Bu joy shunday bir vodiydirki, uni yuz tuman ming turli yo‘llar kesib o‘tadi, ammo ulardan biri ikkinchisiga sira o‘xshamaydi. Butun va bo‘lak o‘rtasidagi qarama-qarshilik ham shu yerda mavjud. Taraqqiyot ham, tanazzul ham shu joydadir. Unda sen yuz tuman yo‘lovchini beqaror bir tarzda, har birini o‘zga bir yo‘ldan ketib borayotgan holda ko‘rasan.Ularning har biri o‘zi ketayotgan yo‘l bilan faxrlanadi, har biri yo‘lni o‘z yo‘li tomonga buradi.Biri xush tutgan yo‘lni ikkinchisi xohlamaydi, har birining ko‘ziga o‘ziniki yaxshi ko‘rinadi, boshqasini esa nazarga ilmaydi. Unda pashsha ham, fil ham yo‘lovchi, unda pashsha ham, Jabrail ham uchadi. Muso ham, Fir’avn ham unda yo‘lovchi, ammo bilgilki, ularning ikkalasi birdek emas. Mahdiy va Dajjol ham bu yo‘ldan o‘z mazhablarida, biroq Isoni u mingan ulovga tenglashtirib bo‘lmaydi.Ahmad va Abu Jahl ham u yerda ko‘rinadilar, bunisi nurga g‘arq bo‘lsa, unisi zulmatga tushgandir. Bu yerda barcha yaxshi-yomon sayr etadi; unda mo‘min ham, kofir ham yo‘lovchilik qiladi. Agar bu yerda otashparastlar o‘z Lotiga talpinsalar, Ka’ba ahli — musulmonlar esa yolg‘iz Allohga sig‘inadilar.Kufr ahli Lotni ogoh deb aytsalar, lekin Islom ahli,,IllaAlloh”deb aytadilar. Bu yo‘llarning bari quyqali bo‘lmaganidek, hammasini ham sof deb bo‘lmaydi. Ulus ichra e’tiqodlarda bu xil ixtilof bo‘lmog‘i zaruriy bir holdir. Agar gado yoki podshoh bo‘lsin, ulardan har biri o‘zga yo‘l bilan sulukni ado etadi. Bunda harakat qilinsa, nafi yaxshi bo‘ladi, bunda sifat va kamolotga erishmoq lozim. Bunda solikka tafovut sodir bo‘lib, agar unisi mehrobga bosh qo‘ysa, bunisi butga sig‘inadi. Har kimning bilishi o‘ziga sifat bo‘lib qoladi. Ma’rifat shu xil turli tafovutlarni keltirib chiqaradi. Har bir kishi o‘z sohasida kamolga intilib, bu vodiy ichida kezib yuradi. Garchi suluk tartibida shu xil turli o‘zgarishlar mavjud bo‘lsa-da, lekin bu yo‘lga kirganlarning hammasining maqsadi bittadir. Ular borayotgan yo‘l agar egri yoki to‘g‘ri bo‘lsa ham, yoki yiroq, yoki yaqin bo‘lsa ham, bu yo‘lda ba’zilar o‘lib ketgan, ba’zi birovlar yo‘ldan adashgan, ba’zilar esa turli so‘qmoqlarda ovvora-yu sarson kezsalar ham, bu yo‘lni bosib o‘tmasdan turib, maqsadga erishish mumkin emas. Ma’rifat quyoshi yuz ko‘rsatgach, har kim o‘z maqsadiga erishmoq uchun o‘z suluki holiga natija istaydi va o‘zi shug‘ullanayotgan narsa orqali naqdni qo‘lga kiritmoqni xohlaydi. Chunki u pokiza nur yorug‘ shu’la sochgach, bu shu’la har kimning kamolga erishuvini yoritib turadi.Kimki bu yo‘lda mashaqqat chekkan bo‘lsa, u o‘z suluki nihoyasida xazinaga erishadi.Suluk ichra ixtilof ko‘p bo‘lib, ulardan ko‘pi quyqali, sofi esa ozdir.Bu sof tabiat egalari sirasiga payg‘ambar shariati qonun-qoidalariga tobe’ bo‘lganlar kiradi” . Ma’rifat bosqichiga yetgan murid sayru- sulukda davom etib, Haq yodi bilan yashab, har holatda faqat undangina tilanadigan darajaga yetishadi.Bu to‘rtinchi bosqichdir.To‘rtinchi bosqich – istog‘no bosqichidir. Istig‘no– o‘zining ojizligi, Allohning buyukligini, o‘zining muhtojligi, noqisligi va Allohning ehtiyojsizligi, komilligini anglashdir.Bunda banda har holatida Robbisidan tilanadi. Har ishni Allohdan deb biladi. Ungagina yuzlanadi, undangina so‘raydi, umidlarini ham faqat undan tilaydi. Bu haqida “Lisonu-t- tayr”da Hudhud shunday deydi:Keyingi vodiy Istig‘no vodiysi bo‘lib: u yerda a’lo va past tabaqali kishilarning hammasi teng sanaladi. Istig‘no yeli har dam shitob ko‘rsatib, olamga to‘polonlar soladi. Istig‘no bulutidan yoqqan yog‘indan yuz tuman olamni suv olib ketadi.Yetti dengiz unda bir qatra yomg‘ir kabi, yetti osmon uning oldida ko‘knor donasi kabi kichikdir. Yetti do‘zax olovi bu yashin oldida bir uchqunga teng bo‘lsa, sakkiz jannat uning oldida bir shudring misoldir.U yerdagi chumolilar sher bilan ovqatlanadi, pashshasi esa filni ov qilishga qodir.U yerda yetti iqlimni zabt etgan qahramon shoh ham oddiy bir gadoga tengdir. Qotillik tig‘i u yerda o‘zining yuz ming qo‘shini bilan saf tortib turadi. Bu ish mushkul bo‘lib, Alloh kimning yori bo‘lsa, o‘shaning ishi oson ko‘chadi. Har bir oliy tabiatli kishi bu davlatni qo‘lga kiritsa, bu yo‘l uchun undan ortiqroq ozuq yo‘q.Ya’ni bu yo‘lning ozuqasi beozuqalikdir.Kishi har qanday ozuqqa bandi bo‘lishdan ozod bo‘lmog‘i lozim. Lekin uning sharti shuki, agar bu yo‘lga kirgan kishi boshdan-oyoq toat va zuhdini, foyda va ziyonini, bona yo‘g‘ini – hamma-hammasini jam’ etib, haq yo‘lida fano o‘tida poklasin va o‘zi zavq bilan ularni kuydirib, kulga aylantirsin. Bu kulni boshdan-oyoq havoga sovurib, ulardan hech asar qoldirmasin. So‘ngra ko‘ngilga afg‘on shamoli, balki bu chaman sari nayson shamolini esdirib, qilgan barcha ishlarini mutlaqo ko‘nglidan chiqarib tashlasin.Nimaiki, ish qilgan bo‘lsa, hammasi ko‘nglidan chiqib ketsin. U o‘z vujudini shu tariqa yo‘q qila olsa, bu yo‘lga qadam qo‘ysa bo‘ladi. Aytadilarki, agar u yaxshi voqif bo‘lsa, bu yo‘l bir qadamdan iboratdir. Bu qadam yo‘qu borini hech bir asar qoldirmasdan yoqib yuborish demakdir. Bu qadam qo‘yilgach, u matlubga yetishadi, hijron o‘rtadan ko‘tarilib, mahbubga qovushadi. Bu yerdagi so‘zlarning anglatayotgan ma’nolari naqadar ulug‘.Kishi umr bo‘yi Jannatga kirish uchun amal qiladi, go‘yo Robbisi bilan savdolashgandek, qilgan oz amali uchun Jannatni umid qiladi.Aslini olganda, bu amallarni hech narsa tama’ qilmay, qul bo‘lgani uchun va shuni his qilgan holda amalga oshirishi kerak edi. Alloh xohlasa qabul qiladi, xohlamasa qilmaydi.Amallar bajarilib Allohga havola etiladi.Ammo notavon inson har savobi uchun baribir ta’magirlikdan charchamaydi. Bu bosqichga ko‘tarilgan solik esa endi amalni Jannatga yetishish uchun, yoki do‘zaxdan saqlanish uchun qilmaydi, balki shunga buyurilgani va umidi faqatgina u bo‘lgani uchun qiladi.Amal qiladi-yu, tama’ qilmaydi.Qullik qiladi-yu, qulligidan sevinadi. O‘rtadan manfaatlar pardasi ko‘tarilib, faqat Alloh roziligi qoladi. Uning roziligini ko‘zlab yurgan gado oldidagi shox hech qadrsizdir. Shu maqomda sobit turgan solik endi beshinchi bosqichga ko‘tariladi. Beshinchi bosqich esa Tavhid bosqichidir.Bu bosqich go‘yo istig‘no bosqichidek tuyulishi mumkin, ammo o‘rtada nozik farq mavjud. Istig‘no bosqichi asosan manfa’atlarga bog‘liq holat bo‘lib, tavhid bosqichi esa, har damda, yotsa ham, tursa ham, amallarda ham, barcha barchasida Allohning yakkaligini his qilib turishdir.Tavhid holda ham, jisman ham odamlardan uzilishdir.Tavhid – yakkalanib, xaloyiqlardan judo bo‘lib, Haqqa yuz tutishdir. Bunda ma’lum muddat uzlatga chekinish orqali maqsadga osonroq yetishish mumkin. Tavhid bosqichi haqida,,Lison ut- tayr”da Hudhud shunday deydi: ,,Undan so‘nggi vodiyni Tavhid (Yagonalik) vodiysi deb bilgil. Unda fard bo‘lib, ortiqcha narsalardan holi bo‘lish lozimligini ham anglagil. Bu vodiyda sayr qilmoqchi bo‘lsang, unda yakkayu yolg‘izlik sen uchun asosiy qoida bo‘ladi. Bu vodiydagi sayring nihoyasiga yetgach, u paytda yuz tuman mingta qushni bitta qush deb bilasan. Bunda ularning barchasining maqsadi yakkalik, barchasining kuy va navosi yolg‘izlik bo‘ladi.Tarkidunyo qiluvchilar shu holatga erishsa, ular uchun birlikda yo‘qolish asosiy ish bo‘lib qoladi.Chunki bir karra bir bir bo‘ladi, aqlning bu ishga haddi sig‘maydi. Bu qiyin ish sening qarshingda ko‘ndalang bo‘lsa, bilki, birdan o‘zga barcha narsa hechdir. Bir bo‘lu, bir ko‘ru, bir de, bir tila! Bunda hech qachon ikkilikka mayl qilma! Chunki ikkilik bu yo‘lda ortiqchalik qiladi va birlik sirlarini bilishdan chetga chiqishni anglatadi. Shu haqida katta shayxlardan Xoja Abdulloh Ansoriyki, aql u qilgan ishlarning mingdan birini ham sharh eta olmaydi, shunday degan edi: ,,Ko‘nglixushligi va uning faqr yo‘lida hurmatga sazovor bo‘lishi dilda undan o‘zga, yodda jonondan o‘zga narsa bo‘lmasligidir.Har bir ko‘ngil shunday sifatga ega bo‘lsa, uni ko‘ngil deb bilgil.Yo‘qsa, dengiz yoki kon bo‘lsada, undan voz kechgil.Unga maskan bo‘lgan ko‘ngil - ko‘ngildir, yo‘qsa, gulshan bo‘lsa ham gulxandir” . Oltinchi bosqich esa Hayrat bosqichidir.Hayrat–ana shu holatda o‘zini yo‘qotish, gangishdir.Allohning yaratgan ajoyibotlarining mushohadasidan, hamda darajot va maqomotlarda yetishadigan fazilatlardan solik gangib qoladi.Aql buni tushuntirib berar deb, unga yuzlansa aql ham lol.Faqat Alloh bergan Qur’onni o‘qib, zikr qilib huzur oladiyu, ammo buning mohiyatini to‘liq anglolmay, gangib qolaveradi.Bu bosqich haqida “Lison ut-tayr”da quyidagi ma’lumotlar keladi: “Tahvid vodiysi bosib o‘tilgach, shubhasiz, Hayrat vodiysi namoyon bo‘ladi. Bu vodiyda hali kishi boshiga tig‘ yetmasdan turib, ming oh va yuz ming afsus chekish yuzlanadi. Hayrat tilni gung va lol etadi. Kishi kecha va kunduzga qancha boqmasin, uning kecha yori kunduz ekanligini sezmaydigan bo‘ladi. O‘zining yo‘qligini ham, borligini ham bilmaydi, ertaga nima bo‘lishini ham anglamaydi. Har narsaga ko‘z tashlasa, hayratdan dong qotib, hayronlikda sarsonu sargardon bo‘ladi. Yo‘l ahli, bu vodiyga qadam qo‘ygach, unda hayronlikdan o‘zga ish bo‘lmaydi. Agar tavhid borasida nimaga erishgan, yolg‘izlik va ajralish vodiysida nimaiki ish qilgan bo‘lsa, bu yerda ularning barchasi yo‘qolib ketadi. Hatto u o‘zining borligini ham unutadi.Agar undan, sen bormisan yoki yo‘qmisan, deb so‘rasalar, u bularning hech biriga javob bera olmaydi, boru yo‘qligiga xitob qilib, o‘zini bildira olmaydi.U o‘zining o‘rtada, yo bir tarafda yoki tashqarida ekanligini ham, chekkada yoki keyin, yoxud oldinda turganligini ham yaxshi bilmaydi, hayrat uni bularning barchasidan chetda tutadi. U o‘zining foniy ekanligi yoki boqiyligini ham, mast ekanligi yoki soqiyligini ham anglamaydi, mavjudligi yoki mavjud emasligi ham, zotining ma’lum yoki noma’lumligini ham bilmaydi. Shu tariqa har yoqqa boqsa, cheksiz hayratga tushadi, o‘zini hayrat ichida g‘arq bo‘lgan holda ko‘radi.O‘ziga o‘zi,oshiq ekanligimdan ajablanaman, ammo kimga oshiq bo‘lganimni bilmayman, debdi. Har bir zarraga zarralar orqali boqib, ularning borligi yoki yo‘qligini isbot etishdan hayratga cho‘madi.Bu maqom ichra ana shu xil ajib holatlar bo‘lib, ulardan hali bittasi tugamasdan turib, mingtasi duch keladi. Hayrat bosqichida riyozatni devom ettirish orqali, Allohning lutfi bilan kishiga bir holat oriz bo‘ladi. Bu keyingi maqomga o‘tishdir.Ya’ni Faqru Fano bosqichi. Allohning yaratganlarini mushohada qilish va ularning mohiyatlarini asta-sekin anglash, maqomotlarda yuksalish bilan kishi endi Alloh Zotining naqadar aql yeta olmaydigan ulug‘ligini tushunib yetadi va bunday holatning oldida o‘zini yo‘q deb biladi.Har bir vujud unga dalolat qilishini, har biri Allohning vahdoniyatiga guvohlik berishini ko‘rib, o‘zi va boshqa narsalarni yo‘q deb hisoblaydi.Bunda ehtiyot bo‘linadigan narsa “vahdat ul- vujud”g‘oyasiga berilmay, sabr va chidam bilan ,,vahdat ush- shuhud”ga yetishishdir.Bunda banda juda katta bosqichni bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Negaki “vahdat ul -vujud”solikka oriz bo‘ladigan bir holdir. O‘shanda so‘fiy odamga ko‘rinadigan hamma narsa bir vujud bo‘lib qoladi.Ammo solik ilohiy tavfiq ila nabaviy hadiyga rafiq bo‘lib tursa, boshqa bir maqomga erishadi.Bu maqom “vahdat ul- vujud” maqomidan ustun bo‘lgan “vahdat ush- shuhud” maqomidir.Bunda boshqa narsalar o‘zi mavjud bo‘lsa ham, unga yo‘qdek bo‘lib qoladi.Chunki, quyosh chiqqanda yulduzlar ko‘rinmay qolganidek, Allohga yetishganda boshqa narsalar ko‘zga ko‘rinmay qoladi. Faqru fano bosqichi haqida “Lison ut- tayr”da shunday deyiladi: “Faqr-u Hayrat vodiysidan o‘tsang, Faqru Fano vodiysiga duch kelasan.Bu vodiyda xomush, gung, kar va behush bo‘lishdan o‘zga narsa yo‘qdir.Chunki bu chuqur dengiz to‘fon girdobida bo‘lib, unda yuz tuman olam g‘arq bo‘ladi.Kuchli bo‘ron o‘zining yuksak to‘lqinlari bilan ming xil naqshlar paydo qiladi.Dam-badam bu naqshlar yo‘qolib, yana ming xil turli yangi mavjlar paydo bo‘ladi. Agar sen bu hodisaga yaxshi nazar solsang, mavjud vujud yo‘q ekanligini ko‘rasan, chunki dengizdan o‘zga barchasi nobud bo‘luvchidir.Haq vujudi ana shu cheksiz dengizdir, uning yuzidagi mavjlar esa bu olamdagi turli-tuman narsalardir.Ma’no ahllari e’tibor qiluvchi ushbu o‘n sakkiz ming olam ichida nimaiki narsa bo‘lsa, ular shakl jihatidangina mavjud bo‘lib,shaklda ko‘rinuvchanlik xususiyatiga egadir. Yer sathi uzra yuzlab ajoyib shakllar mavjud, har bir shaklning o‘zi yana rang-barang tovlanishlarga ega. Faraz qil: tevarak-atrofda dengizlar yoki ma’danli konlar, yoki dasht-sahrolar, yoki gulshanlar, yoki to‘rg‘ay va bulbullarni o‘ziga rom etib, ularni halok qila oladigan darajadagi rango-rang nafis gul va lolalar, turli iqlimlar va mamlakatlar, daryolar, buloqlar va tog‘lar hamda ularni o‘rab olgan o‘t va havo, balki o‘t va havodan boshqa yana bir qancha narsalar mavjud. Bular atrofida yana to‘qqiz qavatli osmon, sobitu sayyora va malaklar to‘dasi bor. Ular son-sanoqsiz, balki miqdor ichra cheksiz ko‘pdir.Undagi ko‘zga ko‘rinmas darajadagi e’tiborsiz yulduzlar yer jismiga o‘xshab ketadi.To‘rt unsur, yetti ko‘k va olti tomon - bular koinotning nodir va eng oliy asosini tashkil etadi.Koinotdagi barcha narsalar ichida hammadan eng ulug‘i Inson bo‘lib, uning kamoloti oldida aql hayron qoladi. Bunda sen xayol qilib turgan vaqtingda yoxud avom deb gumon qil yoki u oliy tabaqaga mansub bo‘lsin, yoki qudrat sohibi bo‘lgan sultonlar, yoki ixtiyor egalari bo‘lgan xoqonlar, agar faylasuflar, olimlar, yoki diniy qoidalarni o‘zgartirib, yangi mazhablar tuzuvchi kishilar bo‘lsin, yoki uyushmagan qavm, yoki ittifoqli jamoa bo‘lsin, xalq orasida yetuk sanalgan valilar, yoki faraz qilki, Allohdan elchi bo‘lib kelgan payg‘ambar bo‘lsin – bularning barchasini haq zoti dengizining mavji deb bil hamda o‘sha vujudning mavji deb anglagil! Ammo ularning barchasi vaqtinchalikka naqsh etilgan bo‘lib, o‘tkinchilik xislatiga ega, boqiylik ular uchun xos sifat emas.Dengizning chayqalishi ana shu xil turli mavjlarni hosil qilgan va har yoqda turli-tuman naqshlarni vujudga keltirgan.Bu to‘lqinli dengiz bir zum taskin topsa, u mavjlardan asar ham qolmaydi. Agar har bir kishida aql mavjud bo‘lsa, shuni bilgilki, azaldan to abad bu olamdagi mavjud barcha narsalar borliqqa ega emas, faqat shakl ko‘rinishiga ega. Qudratli haqdan boshqa hamma narsa foniy - o‘tkinchidir, faqat yolg‘iz ugina mutlaq Boqiydir.Unga vujud tartibi mahkamlangan bo‘lib, borliq rasmi inkor etilmasdan ma’qullangandir.Haqdan o‘zga har qanday zot, faraz qilaylik, obi hayot ichgan bo‘lsa ham, bu olamda mutlaq o‘tkinchi hisoblanadi.Agar sen boqiylik istamoqchi bo‘lsang, o‘zingni foniy qilmog‘ing zarur. Shayx Sufyon Suriyki, u din hamsuhbatlarining peshvosi edi, Alloh uning joyini abadul-abad nurli qilsin.U ma’rifat haqida so‘z yuritayotgan paytda bir shogirdi so‘radi: — Agar bir kishi Allohga yetishmoqchi bo‘lsa, bu maqsadga qay yo‘sinda erishadi? U shunday javob berdi: — Buning masofasini ming manzildan iborat, deb bil. Ularning har birida dard va ofatlar bor. Bu o‘t va nur o‘rtasidagi yetti dengizdan tashkil topgan bo‘lib, ulardan har birining kengligi cheksizdir. Bu dengizlardan o‘tmoqchi bo‘lsang, qarshingda domiga tortuvchi ulkan baliq namoyon bo‘ladi.U shunday dahshatli baliqki, bir dam tortsa, ikki olamni bus-butunicha barcha xalqi (yaratilgan narsalari) bilan birga qo‘shib yutib yuboradi.U istig‘no dengizida maqom tutib, uning atrofida suzib yuradi. Biz yuqorida zikr qilgan ulug‘ maqomlarga hamma ham yetib kela olmaydi. Yo‘lda qanchadan-qancha insonlar dosh berolmaydilar, qanchalarining umrlari ozlik qiladi, ammo shu bosqichlarning bir-ikkitasini bosib o‘tgan kishilarning o‘zi ham fazlu-marhamatda ulug‘ shaxslar – valiylar bo‘lib qoladilar.Qanchalari buni o‘zlari bilmaydilar va yana qanchalari tarbiyada sobit bo‘lib, o‘zlarini past tutish bilan yanada yuqoriroq maqomlarga ko‘tariladilar. Ammo faqru fano maqomiga yetguvchi solikning dunyoviy ahvoli ayanchli holga keladi. Zuhd bilan nafsni toptab, tarbiyalab, past qilinadi.Dunyo molidan tanalar xoli etiladi. Shu haqida “Lison ut- tayr”da qushlarninig faqru fano maqomidan so‘nggi holatlari shunday izohlanadi:Pirovardida bu zor qushlar guruhidan ranj topgan ushbu majruh to‘dadan ozchilik qism tanlari nihoyatda qiynalgan va jonlari o‘rtangan holda maqsadga yetib kelishdi. Chunki yo‘l cheksiz va uzoq bo‘lib, unda ofat ko‘p, dard, ranj va shiddat esa benihoya edi. Shuning uchun bu qushlardan ba’zilari yo‘lda jon taslim qildilar, ba’zilari og‘ir xastalikka duchor bo‘lib, yarim yo‘lda adashib qoldilar. Qushlar oldidan azob-uqubatning achchiq shamoli esib, bu musofirlarning umr iplarini kesar edi. Yo‘lda ularni baloga duchor qiluvchi hodisalar hadsiz-poyonsiz edi, shu sababli ular imkoniyat darajasigacha ko‘p nobud bo‘lishdi. Oqibatda yuz tuman ming qushdan faqat yuz minglab mashaqqatga duchor bo‘lgan o‘ttiz qushgina omon qolib, oxirgi manzilga yetib keldi.Ular shunchalik horib-charchagan edilarki, tanlarida hatto hayot nishonasidan asar yo‘qdek edi. Jismlarida birorta ham butun parlari qolmagan, patlari xuddi tarasha o‘tinga o‘xshash parcha-parcha bo‘lib to‘zib ketgan edi.Tanlari yo‘l ranjidan madorsizlangan, jonlari dard va mashaqqat chekishdan xarob bo‘lgan edi.Ular kelgan manzilda oliy darajadagi bir joyni ko‘rdilar.Bu yer shunday bir joy ediki, aql uning kengligini idrok qilishga ojizlik qilardi.Butun osmon hatto u yerdagi oddiy bir xasdan ham kichikroqdir.U yerda ehtiyojsizlik bulutidan jala yog‘ar; momaqaldiroq dahshatli gumburlab, tez-tez chaqmoq chaqilib turardi.Go‘yo olamga balo to‘foni yog‘ilib, osmonni ofat chaqmog‘i kul qilib yuborgandek edi. Bu yerda yetti ko‘k bir hovuch tuproqcha, jannatda o‘sadigan sidra va to‘bi kabi daraxtlar esa xas kabi qadrsiz edi. Qushlarning barchasi o‘z holiga hayron qolishib, ojizlikdan zoru parishon bo‘ldilar” . II BOB BO`YICHA XULOSALAR: Xulosa o’rnida quyidagilarni aytib o’tish joiz: Tasavvuf, hamda tasavvufda avliyo inson talqini, avliyolik, uning darajalari, jamiyatda avliyolarning tutgan o‘rni, hamda “Lison ut- tayr” va asariga ko‘ra avliyolik mavzusini tahlil etish jarayonida quyidagi xulosalarga kelindi: 1.Tasavvuf Islom falsafasi bo‘lib, uning asosini Ilohsevarlik, o‘zlikni tarbiyalash, pokiza axloq, komillik sari intilish tashkil etadi. Valiylar haqiqiy islom ma’rifati, Payg‘ambar (a. s) yo‘llarini keng tarqata olgan, kishilarni mehnat qilib halol rizq topishga, halol yashashga, ma’naviy kamolot, adolat va haqiqat uchun kurashuvchan bo‘lishga da’vat etganlar. Shu jihatdan valiylar insoniylikning, shu jumladan, komillikning go‘zal namunasi bo‘lganlar. 2.Tasavvuf yangittan paydo bo‘lgan ta’limot emas, balki Islom negizida mavjud bo‘lgan haqiqatdir. Bu haqiqatni Payg‘ambarimiz (a. s) o‘z hayotlarida yashab ko‘rsatib berganlar. Sahobiylar va tobe’iylar davrlarida ham sunniy tasavvuf amalda bo‘ldi. Ammo keyinchalik ba’zi kishilar falsafiy tasavvufga qattiq urg‘u berishlari natijasida sunniy tasavvuf, hamda falsafiy tasavvuf bir-biri bilan aralashib ketgan. 3.Qur’oni Karimda juda ko‘plab oyatlarda ,,avliyo” va ,,valiy” so‘zlari zikr etilgan va ularning ayrimlari tasavvufdagi ,,valoyat” ni emas, o‘zga bir ma’noni, ya’ni fiqhiy va boshqa ma’nolarni ham ifodalagan. Masalan: Shaytonlar insonlarning avliyolari, ya’ni do‘stlari bo‘lishlari mkmukin.Bunday do‘stlikka erishish odamiylikning eng tuban darajasiga tushish demakdir.Ota-onalar o‘z farzandlariga avliyo – do‘st bo‘lishlari mumkin.Yuqorida o‘rganilganidek, Oyati karimada agar ota-onalar kofir bo‘lsalar, bunday do‘stlikdan qaytarilgan.Mo‘min va mo‘minalarning o‘zaro bir-birlarining avliyosi, ya’ni do‘stlari bo‘ladilar.Bu do‘stlikka erishish, haqiqiy mo‘min-musulmon bo‘lishni bildiradi.Mo‘min va taqvodor bo‘lgan bandalar Allohning avliyosi (do‘sti) bo‘lishlari mumkin.Bu inson uchun payg‘ambarlikdan keyingi eng ulug‘ maqom hisoblanadi.Kishilar bir-birlariga fiqhiy ma’noda valiy bo‘la oladilar.Oyatda hijrat qilganlarga Rasululloh (a. s)ning valiy bo‘lganliklari, hijrat qilmaganlarga esa valiy emasliklari aytildi. Shu bilan birga musulmonlarning qarindoshlari valiy bo‘lishlari ham shu ma’noda keladi.Va nihoyat Baytullohga mo‘min-musulmonlarning ,,avliyo”, ya’ni mutasaddi, bo‘lishlari mumkin.Umumiy aytilganda Qur’oni Karimda kelgan “avliyo” so‘zi turfa ma’nolarni ifodalab kelgan. 4.Valiylik belgilari hol martabasida namoyon bo‘lgan.Holning darajalari qurb, muhabbat, shavq, uns, mujohada, mushohada, mukoshafa bo‘lib, ularni kuchli jazba va shiddatli ishq birlashtirgan va boshqargan.Inson ruhiyatining imkoniyatlari, uning yaratuvchilik va mo‘jizakorlik quvvati valiylikning karomat tushunchalari orqali namoyon bo‘lgan.Demak, valiylar ham o‘z o‘rnida ma’lum hol martabalarida farqlanadilar. 5.Valiylik darajalari (ruhoniy martabalar) qutb, afrod, avtod, abdol, g‘avs, nujabo, nuqabo bo‘lgan.Qutblar azaldan Allohning nuri bilan qalblari munavvar bo‘lgan valiylar, avtodlar dunyoning to‘rt tomoniga mas’ul etilgan avliyolar, abdollar yetti iqlimga rahnamolik qilgan zotlar, nujabo dunyodagi xalq va ularning ishlarini boshqaruvchi avliyolar jamoasi, naqiblar Haq yo‘liga kirganlarning yo‘lboshchisi bo‘lgan uch yuz ulug‘ valiydir.Demak, garchi kamol topgan kishilar avliyo deb atalsalarda, ularning ham o‘z o‘rnida darajalari mavjud ekan. 6.Alisher Navoiy Xurosondagi javonmardlik harakatining yirik nomoyon dasi bo‘lib, tasavvuf namoyondalari haqida ham, tasavvuf haqida ham juda chuqur bilim sohibi hisoblanadi.O‘z davrining katta so‘fiylari va darveshlar bilan olib borilgan ochiq muloqotlar esa shoirning tasavvuf haqidagi bilimlarini yanada boyitdi.Bundan tashqari Alisher Navoyning o‘zi tomonidan qalamga olingan asarlari ham tasavvuf haqidagi benazir manba hisoblanadi.Zotan hayoti davomida shoirning qilgan ishlari ham uning ma’naviy kamolotiga yaqqol dalil bo‘ladi. 7. “Lison ut-tayr” asari diniy-falsafiy asardir. Unda musulmonning Allohga tomon “yurishi” dan boshlab, uning yomon fe’llarining muolajasigacha, qalbiy illatlarning muolajasidan tortib, maqomotlarning izoh va tafsilotlarigacha juda ajib tarzda anglatilgan.Solik o‘z yo‘lida Talab, Ishq, Ma’rifat, Istig‘no, Tavhid, Hayrat bosqichlarini bosib o‘tib, Faqru fano maqomiga ko‘tariladi.Bu maqomotlarning har biridan bir pog‘ona ko‘tarilish, kishining valiylik darajasining oshgani va qurbat hosil qilgani demakdir.Aslida darajot va maqomotlar Alloh xuzurida behisob. Ammo, shoirning aynan ushbu maqomotlarni zikr qilib, aynan shularni tushun- tirishi bu maqomotlarning naqadar ulug‘ligini ko‘rsatadi. 8.Alisher Navoiy garchi shariat qonunlariga bag‘ishlab diniy asar yozmagan bo‘lsada, o‘zining “Nasoyim ul- muhabbat”, “Lison ut- tayr”, “Mahbub ul- qulub” va boshqa asarlarida dinning ruhiy tarbiya qismi bo‘lgan –Tasavvufni juda chiroyli tushuntirib bergan.O‘zining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida avliyolarning zikrini va ularning hikmatli gaplarini, avliyolikning darajotldari va holdagi maqomotlarni keltirib o‘tgan. “Lison ut- tayr” asarida esa to‘liq valiylik sifatlari, nafs tarbiyasi, kishida uchraydigan yomon illatlar, hamda sayri- sulukdagi maqomotlarni adabiy san’atlarni mohirona qo‘llash orqali batafsil izohlab o‘tgan. 9.Biz tasavvufni va unda avliyolik darajotlarini tahlil qilar ekanmiz, uni xolisona, ayni Islom dini asosida o‘rganishimiz darkor. Zotan tasavvuf mana necha asrlar kishilar ongida haqiqiy sof insoniy fazilatlarni kamol toptirish, jamiyatni g‘arazli illatlardan poklashda beqiyos xizmat qilib kelmoqda.Bas shunday ekan, dinda chuqur ketib, Allohning Zoti xususida fikrga cho‘mishdan ham, jafokashlik qilib, tafakkurdan chetlanishdan ham ehtiyot bo‘lish kerak.Xususan “Lison ut- tayr”asari kuchli falsafiy–diniy asar ekanligini hisobga olib, Ahli sunnat val jamoat aqidasidan chetlashmagan holda uni tahlil etishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Download 126.95 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling