Qarshi davlat universiteti adabiyotshunoslik kafedrasi navoiyshunoslik
Download 1.73 Mb. Pdf ko'rish
|
NAVOIYSHUNOSLIK MAJMUA - 2022-2023, kunduzgi, sirtqi
Internet saytlari
4. www.ziyo-net.uz 5. www.literature.uz 6. www.kutubxona.uz 22 4-ma’ruza: Soqiynomani sharhlab o‘qitish. Reja: 1. Soqiynoma janri genezisi. 2. Navoiy soqiynomasi tadqiqi. Navoiy soqiynomasi mazkur janrning o‘zbek adabiyotidagi dastlabki va eng go‘zal namunasidir. 32 band, salkam 500 misraga yaqin bo‘lgan mazkur asar “Favoyid ul-kibar” devoniga kiritilgan. Professor A.Hayitmetov “Navoiy lirikasi” monografiyasida shoir soqiynomasini uning hayoti, fikr-xayoli, his-tuyg‘ulari bilan chambarchas bog‘langan va ularni an’anaviy obrazlar bilan emas, to‘g‘ridan- to‘g‘ri aks ettirgan she’r, deb baholagan. Shu bilan birga, olim Navoiyning insoniy qiyofasi, shoirona qalbi, odamiylik fazilatlari bu lirik janr oynasida to‘la va chuqur aks etganligini, qolaversa, soqiynomada shakl va mazmunning favqulodda o‘zaro uyg‘unligini ham alohida qayd etgan. Filologiya fanlari doktori I.Haqqulning yozishicha, “badiiy ijodda son emas, sifat, misra va qofiya tizimi emas, balki mohiyat va mahorat ahamiyatga egaligini Navoiyning soqiynomasi to‘la tasdiqlaydi”. Ushbu soqiynoma Navoiyning moddiy borliq haqidagi murakkab falsafiy qarashlarini, hayotiy xulosalarini aks ettirgan o‘ziga xos ijod namunasi bo‘lishi bilan birga, yorqin avtobiografik mazmunga ham ega. Unda mutafakkir shoir o‘z yaqinlari, qalamkash do‘stlari, ustozlari, qolaversa, o‘zi yashagan davrning ijtimoiy-siyosiy va madaniy turmushi, zamon va zamondoshlari haqidagi fikr-qarashlari, falsafiy mushohadalarini ham bayon qiladi. Shu orqali shoirning ruhiy olami, dunyoqarashi, o‘ziga xos fazilatlari, zamondoshlari bilan o‘zaro munosabatlari kabi masalalar ham asarda yorqin ifoda etilgan. Taniqli adabiyotshunos R.Orzibekovga ko‘ra, Alisher Navoiy soqiynomasi o‘z mohiyatining muhim ikki jihati bilan salaflari yaratgan soqiynomalardan farq qiladi. Navoiyda qo‘yilgan masalalar doirasi ancha keng va muhim bo‘lib, umumiylikdan konkretlikka intilish kuchlidir. Darhaqiqat, olimning bu fikrlarini mazkur bobdagi tahlillarimiz ham tasdiqlaydi. Soqiynomaning shakli va hajmi uning mazmun talabidan kelib chiqqan bo‘lib, bir necha bandlardan tashkil topgan. Har bir band alohida mavzuga bag‘ishlangan. Ammo ular umummohiyat nuqtai nazaridan o‘zaro bog‘lanib, soqiynoma janrini hosil qilgan. Buni asar bandlarining tartibotida ham ko‘rish mumkin. Chunonchi, soqiynomaning dastlabki bandi Husayn Boyqaroga, II – ХХ bandlar shahzodalar va shohning qarindoshlariga (Badi’uzzamon Mirzo, Shoh G‘arib Mirzo, Muzaffar Mirzo, Muhammad Haydar Mirzo, Abulmuhsin Mirzo, Muhammad Muhsin (Kepak) Mirzo, Muhammad Ma’sum Mirzo, Ibrohim Husayn 23 Mirzo, Farrux Husayn Mirzo, Ibn Husayn Mirzo, Muhammad Qosim Mirzo, Abutturob Mirzo, Muhammad Husayn Mirzo, Faridun Husayn Mirzo, Sulton Vays Mirzo, Iskandar Mirzo, Sulton Ahmad Mirzo, Bahodir Sulton, Mo‘min Mirzo), ХХI – ХХVII bandlar Navoiyning yaqinlari, marhum ijodkor do‘stlari va ustozlari (Ahmad Hojibek, Mirzobek, Mir Darvesh, Mazidbek, Qanbar Ali, Amir Shayxim Suhayliy, Tufayliy, Bayoniy, Abdurahmon Jomiy, Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad)ga, XXVIII band ishq va oshiq iztiroblariga, XXIX bob vafo va davr ahliga, XXX band ham ayrim marhum ijodkorlar (Muammoiy, Xoja Kamol, Mir Sadr, Badiiy, Yor Tanbal, Sabzavoriy)ga, XXXI band esa shoir hayotligi paytida yashab ijod qilayotgan qalamkashlar (Mir Atoiy, Sultonali Mashhadiy, Osafiy, Binoiy, Ziyoratgohiy, Kotibiy, Mir Fanoiy kabi) ta’rifiga bag‘ishlangan. So‘nggi XXXII band asarning xulosasi bo‘lib, “shohlar shohi”, “rindlar shohi Abulg‘ozi” deya ta’riflangan Husayn Boyqaro madhi bilan yakunlangan. Adabiyotshunos Y.Ishoqov soqiynomaga bag‘ishlangan maqolalarida mazkur asarning Navoiy she’riyatidagi o‘ziga xos mavqei, uning tarixiy-badiiy ahamiyati, Sharq adabiyotida yaratilgan soqiynomalar va shoir soqiynomasining mushtarak hamda farqli tomonlari haqida ham mulohaza yuritgan. Olim soqiynomada Jomiy marhum, Mo‘min Mirzo esa, hayot kishi sifatida tilga olinishi, shuningdek, “Majolis un-nafois”ning zikr etilishidan kelib chiqib, u 1492 yildan keyin va 1497 yildan oldin yozilgan degan fikrga kelgan. Bunday xulosa chiqarish uchun ham asos bor, albatta. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1485 yilda Sulton Husayn Boyqaroning singlisi Badakabegim (Badiuj-jamolbegim)ga uylangan Dashti qipchoq hukmdori, ya’ni Oltin O‘rda xoni Ahmadxon Hoji tarxoniy (Kichik Muhammad)ning kenja o‘g‘li Bahodir Sulton onasi va singlisi Xonzoda begim bilan Hirotga mehmon bo‘lib keladi. Husayn Boyqaro ularning sharafiga “chingiziylar usulida” katta bir anjuman, ya’ni qurultoy tashkil qiladi. Shohona ziyofat berilib, qimiz va may tortiladi. Qadimiy kuy-qo‘shiqlar yangraydi. Alisher Navoiy soqiynomasi mana shu bazmi jamshid munosabati bilan yozilgan. Shunday bo‘lsa-da, soqiynomada qurultoyni ta’riflash bir vosita bo‘lib, davrning turli-tuman ijtimoiy, siyosiy, madaniy, axloqiy masalalari haqida ham mushohada yuritilgan. Asarda tasvirlangan tarixiy voqealarning turli sanalarga daxldorligiga qarab, uning ma’lum bir qismi 1485 yilda yozilgan bo‘lsa-da, asarni shoir umrining oxirgi yillarida yozib tugatgan, deb xulosa chiqarish ham mumkin. Soqiynoma betakror badiiyati, o‘ziga xos tuzilishi va poetik san’atlarga boyligi bilan ham e’tiborga molik. Garchi asar bir necha bandlardan iborat bo‘lsa- 24 da, ulardagi baytlar miqdori bir-biriga muvofiq kelmaydi. Soqiynomaning I bandi − 41 bayt, II bandi − 13 bayt, III band − 9 bayt, IV band − 8 bayt, V band − 6 bayt, VI band − 6 bayt, VII band − 5 bayt, VIII band − 6 bayt, IX band − 6 bayt, X band − 5 bayt, XI band − 5 bayt, XII band − 5 bayt, XIII band − 9 bayt, XIV band − 5 bayt, XV band − 6 bayt, XVI band − 5 bayt, XVII band − 24 bayt, XVIII band − 21 bayt, XIX band − 14 bayt, XX band − 12 bayt, XXI band − 30 bayt, XXII band − 23 bayt, XXIII band − 13 bayt, XXIV band − 16 bayt, XXV band − 27 bayt, XXVI band − 19 bayt, XXVII band − 19 bayt, XXVIII band − 33 bayt, XXIX band − 24 bayt, XXX band − 10 bayt, XXXI band − 19 bayt va XXXII bandlar − 15 baytdir. Bandlardagi baytlar miqdorining turlicha ekanida ham o‘ziga xos ma’no bor, albatta. Ko‘rinadiki, soqiynomaning eng yirik bandi dastlabki bandidir. U Sulton Husayn Boyqaro madhiga bag‘ishlangan. Ikkinchi band shohning to‘ng‘ich farzandi, valiahd Badi’uzzamon Mirzo, keyingi band uning ikkinchi o‘g‘li Shoh G‘arib Mirzo, to‘rtinchi band undan yosh jihatdan kichik shahzoda Muzaffar Husayn Mirzo, beshinchi band esa, undan-da yoshroq Muhammad Haydar Mirzo haqida. Qizig‘i shundaki, bandlardagi baytlar miqdoridan ham ularning ijtimoiy mavqei va yoshlari o‘rtasida farq borligini bilish mumkin. Shu tariqa, qo‘yilayotgan masalaning muhimligi, ta’riflanayotgan qahramonlarning shoirga qay darajada yaqinligiga ko‘ra, keyingi bandlarda ham baytlar miqdori bir-biridan farqlangan. Mumtoz so‘z san’atkorlari she’rni shoir “ta’bi”ning ifodachisi, uning iste’dodini namoyon etuvchi ko‘zgu deb bilganlar. Qofiya esa uning asli, asosi sanalgan. Navoiy soqiynomasida ham qofiyalar misralar ketma-ketligini ta’minlab, bir-birini to‘ldirib keladi. SHe’r mazmunini yanada teranroq anglatishga, shoir ichki kechinmalarini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Shuningdek, qofiyalarning “har biri o‘zi mansub bo‘lgan kontekstdagi ma’no o‘zgarishlarining bevositasi ifodasi hisoblanadi. Mazmundagi o‘zgarish esa misradagi tasvirning oqimi va poetik urg‘u” tushgan so‘zga – qofiyaga ham ta’sir etadi. Ayniqsa, raviy bilan tugallangan qofiya misradagi ta’kid ma’nosini kuchaytirib, mantiqiy urg‘uni muayyan nuqtaga yig‘adi va fikrning ta’sirchanligi, ohangning jarangdorligini kuchaytiradi. E’tiborlisi, soqiynomaning 304 baytida qofiyani hosil qilgan ohangdosh so‘zlar qaydli qofiya bo‘lib, raviy bilan tugallangan (suubat – uqubat, qaror – firor, visol – muhol, xayl – mayl, nasib – g‘arib kabi). Shayx Ahmad Taroziy she’r qofiyasini uch turga ajratib o‘rganar ekan, raviy bilan tugallangan qofiyani “asliy qofiya” deya ta’riflagan: “asliy ulkim, har lafzekim, qofiyada voqe’ bo‘lur, agar asl vaz’i birla kelsa va hech rahguzardin anga tag‘yir va tabdil yo‘l topmag‘on bo‘lsa, ul qofiyani asl 25 derlar...netokkim, qofiya she’rning aslidur. Qofiyaning asli raviydur”. Shu sababdan bo‘lsa kerak, soqiynomada asosan raviy bilan tugallangan qofiyadosh so‘zlarga rag‘bat bildirilgan. Soqiynomaning har bir bandi soqiyga murojaat bilan boshlangan. Ularda faqatgina “soqiyo” kalimasi keltirilgan: Soqiyo, ko‘nglum etar boda havas, Lutf qilg‘ilki, erurman bekas. (4, 714) Nizomiy soqiynomasida bu “soqiy”, Hofiz SHeroziyda “ketur, soqiy” (“bideh, soqiy”), fors-tojik tilida yaratilgan aksariyat soqiynomalarda “kel, ey soqiy” (“biyo, soqiy”) shaklida berilgan. E’tiborlisi, yuqoridagi soqiynomalarda soqiyga qarata buyruq, undash mazmunlari ustunlik qilsa, Navoiy soqiynomasida iltimos, iltijo kabi ma’nolar ifodalangan. Navoiy soqiynomasi ulardan tuzilishi, mavzuning qo‘yilishi va ifoda usuliga ko‘ra ham farqlanadi. Nizomiy soqiynomasining dastlabki bandida shoirning ichki kechinmalari, hayot va o‘lim haqidagi falsafiy qarashlari aks etgan bo‘lsa, Hofiz bu dunyoning “fitnakor”ligidan shikoyat qiladi. Navoiy asarni shoh Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan band bilan boshlagan. Nizomiy soqiynomasining II – V bandlari shoirning bobosi Yusuf, Zakiy Muhammad, onasining xotirasi, tog‘asi Xoja Umar va bu olamdan o‘tgan yor-birodarlari, yaqinlariga bag‘ishlangan. Qolgan bandlarda turli hayotiy-falsafiy masalalar yoritilgan. Hofiz esa o‘z asarini shoh Mansurga bag‘ishlagan. Ko‘rinadiki, Navoiy soqiynomasi bu jihatdan Nizomiy asariga o‘xshash. Ammo Navoiyda har bir bandda ma’lum bir tarixiy shaxs madhiga keng o‘rin berilishidan tashqari, zamon va inson taqdiri bilan bog‘liq real hayotiy masalalar ham yoritilgan. Ularda qahramonning fe’l-atvori va fazilatlari, hatto ayrim kamchiliklariga ham ishora qilinadiki, bu bilan tarixiy shaxs haqida muayyan tasavvurga ega bo‘lish mumkin (Chunonchi, “Yana bir keldi Binoiyki funun, Kasbida aylamadi man’i junun” yoki “Mir Sadr o‘zni tutub ahli vifoq, Lek ko‘p edi Badiiyda nifoq”). Shoh madhining keltirilishi, davrning muvaqqat va o‘tkinchiligidan ogoh etish maqsadida turli tarixiy qahramonlar nomi va hayotining misol tariqasida ko‘rsatilishiga ko‘ra Hofiz va Navoiy soqiynomalarida yaqinlik kuzatiladi. Biroq Hofizda Kayxusrav, Jamshid, Kayqubod, Kovus, Nuh, Qorun, Afrosiyob, lashkarboshi Piron, Turon qilichbozi SHeda, Faridun, Parviz, Borbad kabi afsonaviy shaxslar talmeh bo‘lib kelsa, Navoiy asarida bulardan tashqari Chingizxon, O‘qdoy, Temur, Ulug‘bek kabi tarixiy shaxslar nomlari ham keltirilgan. Y.Ishoqovning yozishicha, Navoiy soqiynomasi bu jihatdan Jomiyning “Layli va Majnun”dagi soqiyga murojaat bilan boshlangan masnaviysiga yaqin turadi. Sababi, unda ham Chingiz va 26 Temurlarning nomi ko‘rsatilgan. Ammo bu badiiy usul Jomiy masnaviysining faqat bir o‘rnida keltirilsa, Navoiy turli ijtimoiy-hayotiy masalalarga munosabat bildirish uchun soqiynomaning bir necha o‘rinlarida talmehga murojaat qiladi. Masalan, dastlabki bandda Firdavsiy “Shohnoma”si qahramonlarining nomlari keltirilsa, Bahodir Sultonga bag‘ishlangan bandda Yofasga ishora qilingan. Boshqa bir o‘rinda Mironshoh, Boyqaro ibn Mansur, Qanbar Ali, Mazidbek, Sulton Sanjar, Nur Saidbek kabi olamdan o‘tgan amaldor kishilarning nomlari, Xusrav Dehlaviy, Sa’diy SHeroziy, Salmon Sovajiy, Anvariy, Xoqoniy, Isfahoniy singari fors-tojik adabiyotining yetuk namoyandalari taxalluslari talmeh bo‘lib kelgan. Shunga ko‘ra, Navoiy soqiynomasini faqat shoirona ilhom, poetik to‘qima mahsuligina emas, tarixiy voqelik, real hayot manzaralari badiiy talqin etilgan o‘ziga xos ijod namunasi deb baholash mumkin. Darhaqiqat, Navoiy soqiynomada o‘z zamondoshlari obrazini yaratib, ular xotirasini abadiylashtirdi, shuningdek o‘z manzumasiga tazkiraviylik, manoqibiylik xususiyatlarini singdirdi. Soqiynomada fikr, tuyg‘u va ohangning o‘zaro uyg‘unligi, eng avvalo, poetik obrazlarning go‘zal ifodasida ko‘rinadi. Yuqoridagi faslda Navoiy she’riyatidagi “jom”, “qadah”, “boda”, “sharob” va “may” kabi timsollarning bir necha sifatlarini kuzatgan edik. Soqiynomada ham ular o‘ziga xos sifatlashlarga ega: “qadahi shohona”, “jomi mayi nob”, “bodai mastona”, “sof may”, “qadahi molomol”, “bodai yoquti”, “jomi labolab”, “bodai gulfom”, “qadahi shavqangez”, “jomi hiloli”, “mayi farxundaasar”, “mayi gulrang”, “oltun sog‘ar”, “jomi diloro”, “gulbo‘y qadah”, “jomi g‘aribona”, “jomi rangin”, “jomi zarkor”, “qadahi minoyi”, “jomi jahonbin”, “qadahi aqlzudo”, “qadahi sultoniy”, “lojuvardiy qadah”, “jomi Kayoniy”, “jomi Jamshid”, “jomi visol”, “qadahi ruhoso”, “qadahi oyinarang”, “jomi daryovash”, “jomi fano”, “pahlaviyoyin may”, “bodai ishq”, “bodai havas”, “do‘stlug‘ qadahi”, “to‘la paymona”, “otlanur ayog‘” kabi. Albatta, “poetik obrazning tarkibini aniqlashtirishda sifatlovchi-epitet munosabati alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur poetologik tasvir vositalari, timsolning sajiyasi, badiiylik darajasi va dialektik aloqalari tabiatiga aniqlik kiritadi”. Shuningdek, “ijodkor dunyoqarashi, iqtidori hamda estetik salohiyatini belgilab beradigan o‘lchov- mezon hisoblanadi”. Shoir ruhiy to‘lg‘onishlarining rangin tasviri, ko‘ngil iztiroblarining yorqin ifodasi, lirik qahramon ma’naviy dunyosining turfa manzaralarini aks ettirishda ularning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Navoiy asarlarida, jumladan, soqiynomada ham tasviriy uyg‘unlikning muayyan ko‘rinishlari juda ko‘p va xilma-xildir. Shoir uyg‘unlashtirishda narsa 27 va hodisalarning faqat rang singari tashqi belgilari bilan cheklanmaydi. Ularning hamma jihatlarini – vazifasi, muhiti va vaqtini e’tiborda tutgan holda har bir xususiyatdan o‘z o‘rnida samarali foydalanadi. Soqiynoma bandlaridagi ilk baytlarda ko‘pincha soqiy, jom, may kabi mazmunan bir-biriga yaqin bo‘lgan tushunchalarni keltirish orqali tanosub san’atining go‘zal namunalari yaratilgan. Chunonchi, Soqiyo, jomi jahonbin olgin, Ichiga bodai rangin solgin. (4, 692) Baytda soqiy, jom, boda timsollari o‘zaro mutanosiblikni hosil qilgan. “Tanosub san’atining o‘ziga xos tomonlaridan biri shundaki, – deb yozadi olim Y.Ishoqov, – u ko‘pincha boshqa she’riy san’atlar bilan qo‘shilgan holda keladi”. YA’ni “bir qator san’atlarning to‘g‘ri tatbiq etilishi bevosita tanosubning talablari bilan bog‘langan”. “Jomi jahonbin”, ya’ni jahonni ko‘rsatuvchi jom ramzi vositasida qadimgi Eron hukmdori Jamshidning afsonaviy jomiga ham ishora qilingan. Bu esa, talmeh san’atidir. “Jom”ni “jahonbin”, “boda”ni “rangin” sifatlari bilan birgalikda ifodalash esa, sifatlash sanaladi. “Jahonbin” – “rangin”, “olgin” – “solgin” so‘zlarining qofiyadosh bo‘lib kelishi zulqofiyatayn san’atini hosil qiladi. Ko‘rinadiki, soqiyga xitob qilingan baytlarda bir necha badiiy-tasviriy vositalar va san’atlar o‘zaro uyg‘unlashgan. Soqiynomaning har bir bandini shoir unda ta’riflanayotgan shaxs yoki hodisaga e’tiborni tortuvchi o‘ziga xos tamsillar bilan boshlagan. Jumladan, Suhayliyga bag‘ishlangan band “Soqiyo, jomg‘a quy maydin sel, May xurshidu aning jomi suhayl”, Jomiy haqidagi band “Soqiyo, jom ketur daryovash Ki zamone bo‘layin daryokash”, Sayyid Hasan Ardasherga tavsifiga bag‘ishlangan band “Soqiyo, tut quyubon jomi fano, To ko‘raykim, nedur anjomi fano”, Pahlavon Muhammadga bag‘ishlangan band “Soqiyo, pahlaviyoyin may tut, Pahlaviy lahn ila ko‘nglungni ovut”, ishq ta’riflangan band “Soqiyo, kel menga tut bodai ishq Kim erur xilqatim aftodai ishq”, shoirning ijodkor do‘stlariga bag‘ishlangan band “Soqiyo, do‘stlug‘ni ko‘rguzgil, Do‘st koni qadahi yetkuzgil”, hayot bo‘lgan qalam ahli ta’riflangan qism “Soqiyo, ayla to‘la paymona, Manga tutqil qadahi shukrona”, soqiynomaning so‘nggi bandi esa “Soqiyo, bazm ishidin bo‘ldi farog‘, Tutqil emdi manga otlanur ayog‘” deb boshlangan. Bunday xususiyat soqiynomaning barcha bandlari uchun xarakterlidir. Bundan tashqari, soqiynomaning ayrim o‘rinlarida Navoiy qahramonlarning nomlarini aynan tilga olmay, ularning fazilatlariga ishora qilib 28 o‘tadi. Y.Ishoqov bunday o‘rinlarda tasvir nihoyatda yuksak darajaga ko‘tarilgan bo‘lib, muammo ko‘rinishiga yetib qolganini alohida ta’kidlaydi va asarning Badi’uzzamonga bag‘ishlangan II bandidan quyidagi baytni misol tariqasida keltiradi: Shohi Jamqadr zamon ichra badi’, Har badi’ ishda makon ichra rafi’. (4, 684) Bunday misollar soqiynomada ko‘plab uchraydi. Jumladan, Bir shafi’iduru ul pok sifot Kim, muammoda chiqarmishdur ot. (4, 718) “Shafi’” so‘zining “himoyachi”, “vositachi” ma’nolariga diqqat qilinsa, “Majolis un-nafois”dan bu ta’riflanayotgan ijodkorning Mir Husayn Muammoiy ekani oydinlashadi: “Mir Husayn Muammoiy − Nishopurdindur. Shahrda (Hirotda − M.A.) tahsil qildi. Oncha hamida axloq va pisandida atvori borkim, sharhidin qalam tili va qalamzan ilgi ojizdur va valoyat osori holidin va fano namudori zotidin huvaydodur. Mir xizmatlarida bir tifl ta’limin iltimos qilib ermishlar va shogirdi andinkim, tufuliyat muqtazosidur, o‘qumoqqa kohilliq qilmish bo‘lg‘ay. Mir bir azizg‘a iltimos qilibdurlarkim, shogirdining atosig‘a aytg‘aykim, o‘g‘lig‘a muloyimat bila nasihat qilsun. Ammo qilmag‘aykim, tifl bilg‘aykim, bu Mir qoshidin ekandurkim, nogoh ko‘ngilginasi Mirdin og‘rimag‘ay. Mundoq tariyqi ko‘pdur”... (9, 381). Shu tariqa, tazkirada Mir Husayn Muammoiyning “pok sifot” egasi, komil axloq sohibi ekani, shuningdek muammo ilmida ham shuhrat tutgani alohida e’tirof etilgan: “... va muammo fanining latofat va nozukligin ul yerga yetkurdikim, andin o‘tmak mumkin emas, va hukm qilsa bo‘lurkim, bu yo‘lni band qildi” (9, 381). Bu haqda “Boburnoma” muallifi ham shunday yozgan: “Yana Mir Husayn Muammoiy edi. G‘olibo muammoni oncha hech kim aytg‘on emas. Hamisha avqoti muammo fikrig‘a masruf ekandur”. R.Orzibekovning yozishicha, “soqiynomalarning uslubi uchun xarakterli bo‘lgan xususiyatlardan biri shundaki, shoir o‘zining turli masalalarga munosabatini yalang‘och xulosalar tarzida emas, balki xilma-xil tarixiy, hayotiy voqea-hodisalarni dalil sifatida keltirish orqali ifoda qiladi”. Shu sababli ham soqiynomalarda talmeh san’ati alohida mavqe egallaydi. “Al-mo‘jam”ga ko‘ra, talmeh san’ati “balog‘at egalari nazarida gapni cho‘zishdan ko‘ra maqbulroqdir”. Dastlabki bandda shoir dunyoning o‘tkinchiligi, uning har daqiqasini g‘animat bilish haqida fikr yuritar ekan, o‘z xulosalarini Sharq xalqlari adabiyotida mashhur bo‘lgan tarixiy va afsonaviy qahramonlarning nomlarini keltirib, dalillaydi. Bunday ifoda usuli tasodifiy emas, albatta. Navoiygacha yaratilgan bir qator forsiy soqiynomalarda shunday xususiyat ko‘zga tashlangan. Ayonki, Firdavsiy 29 “Shohnoma”sida ham tasvirlangan afsonaviy qahramonlar oddiy kishilardan ko‘ra ko‘proq umr kechirib, shohona tantanalar va bazmi jamshidlarga guvoh bo‘lishgan. Dunyoning o‘tkinchi istaklari yo‘lida, toj-taxt, zeb-ziynat ilinjida jangu jadallar olib borishgan. Ammo: Ham Kayumars ila Hushang qani? Ikkiga toj ila avrang qani! Qani Jamshidu Afridun oxir, Birini qo‘ydimu gardun oxir! Ne Kayoniy boru ne Sosoniy, Ne Skandar dog‘i ne Ashkoniy. Qolmadi Rustam ila Som dog‘i, Yazdijurd o‘ttiyu Bahrom dog‘i. (4, 683) “Navoiy lirikasining badiiy qimmati, shoir poetik mahoratining o‘ziga xos xususiyati, o‘ziga xos qirralari uning tasvir vositalari doirasida ulardan foydalanish san’atkorligida yana ham konkret namoyon bo‘ladi”. Soqiynomada talmeh san’atini qo‘llashda muayyan tartib, fikriy izchillik va qo‘yilayotgan masalalarning mazmun-mohiyatiga alohida ahamiyat berilgani diqqatga sazovordir. Asarning ilk bandida 20 ga yaqin tarixiy va afsonaviy shaxslarning nomlari talmeh bo‘lib keladi. Shoir o‘z qarashlarini dastlab Kayumarsning nomini keltirib dalillagan. “Tarixi muluki Ajam”da yozilishicha, “Ajam tarixida fors salotinini to‘rt tabaqa qilibdurlar. Burung‘i tabaqa peshdodiylardur va alar o‘n bir kishidurlarkim, avval saltanat qilibdurlar. Tarix ulamosi ittifoqi bila birovkim avval saltanat qildi. Kayumars erdi”. Shuningdek, asarda Kayumars barcha afsonaviy qahramonlardan ko‘p umr ko‘rgan (“va tarix ahli ittifoqi bila Kayumars zamonidin Zahhok zamonig‘acha ming yilg‘a yaqin bor”), tarixda birinchi marta mamlakatdagi podshohlik tartib-qoidalarini joriy qilgan (“har taqdir bila podshohlik qoidasi burun yo‘q erdi. Bu qoidani ul tuzdi”) va shaharlar bunyod etgan (“dag‘i avval kishikim shahr bunyod qildi ul erdi”) hukmdor sifatida tavsiflangan (8, 604). Hushang esa Kayumarsning nabirasi bo‘lib, saltanatning valiahdi edi (“Dag‘i Simyok o‘g‘li Hushangkim nabirasi erdi, valiahd qilib, vafosiz jahong‘a vido‘ etti”). Hushang haqida Navoiy yana quyidagicha ma’lumot bergan: “Xiradmand va odil podshoh erdi... Va dod va adl jihatidin ani peshdod dedilar...podsholig‘i qirq yil erdi. Va tajarrud va taqvo tariqi bila o‘tkardi” (8, 605). Ko‘rinadiki, Kayumars, Hushang nomlarining soqiynomada muayyan ketma-ketlik asosida tartiblanishi Navoiy yashagan davrlarda ham mashhur bo‘lgan qadimgi afsona, rivoyat va naqllar, tarixiy ma’lumotlar va ularning mazmuni bilan bevosita bog‘lanadi. Biroq shoir afsonaviy qahramonlarning 30 nomlarini keltirishda real voqelik ifodasi, hayotiylik va aniqlik tamoyillariga tayanadi. Shu sababli, badiiy tasvir mazmunining shoir dunyoqarashi, fikriy va hissiy olamidagi to‘qimalar bilan o‘zaro uyg‘unligi o‘quvchini asarda yoritilayotgan voqea-hodisalarning haqqoniyligiga ishontira oladi. YA’ni soqiynomada talmeh bo‘lib kelgan afsonaviy qahramonlar haqidagi qarashlar “Tarixi muluki Ajam”dagi ma’lumotlar bilan qiyoslansa, masalaning mohiyati yanada oydinlashadi. Soqiynomada dunyo ne’matlariyu hoyu havaslarining arzimasligi talmeh usuli bilan bir-bir ta’kidlangan. Shu ma’noda, Navoiy Husayn Boyqaroga murojaat qilib, bu olamning lazzatlariga ortiqcha hirs qo‘ymaslikni, qisqa umrda xalq manfaati va adolatni ko‘zlab yashamoq lozimligini uqtiradi: Mulki kishvar eliga dod ayla, Adl ila ikkisin obod ayla. (4, 683) Demak, adolat – ham shoh, ham mamlakat, ham xalq taqdirini belgilovchi bosh asos. Shu sababli, Navoiy soqiynomasida ham an’anaviy odil shoh obraziga e’tiborni tortgan. Navoiy soqiynomasi shoir shaxsiyati, ruhiy olami, zamon va zamon ahliga munosabatini bilishda ham g‘oyatda muhim manba sanaladi. Ma’lumki, ishq tushunchasisiz mumtoz adabiyotni, jumladan, Navoiy ijodini ham tasavvur etib bo‘lmaydi. Borliqning asosi ham – ishq, tiriklik tayanchi ham – ishq, vujudni turli illatlardan poklaguvchi, qalbni jilolantiruvchi, ruhni oliy maqomga ko‘taruvchi ham – u. Soqiynomada ham ishq ana shu mazmunda talqin qilingan. Chunki boda – ishqu muhabbat ramzi: Soqiyo, kel menga tut bodai ishq Kim, erur xilqatim aftodai ishq. (4, 711) Mumtoz adabiyotda “ishq insonni ma’rifatga olib boradigan qudrat, insonni moddiy asosdan poklovchi, xoli etuvchi muqaddas olov, solik vujudini kuydirib, ruhini musaffo etuvchi o‘t” timsoli sifatida ham talqin qilinadi. Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” dostonida “Ishq vodiysining sifati”ni keltirib, shunday yozadi: “Ishq barqi xonumonni kuydurur, Xonumon yo‘qkim, jahonni kuydurur” (9, 270). “Mahbub ul-qulub” asarida esa ishq “shu’layedur so‘zanda, xoshoki ko‘p jonu ko‘ngul bo‘lg‘on va barqedur furo‘zanda, ko‘p jonu ko‘ngul ashi’asida kul qilg‘on” (9, 496) deb ta’riflanadi. Soqiynomada ham ana shunday ishq vasf etilgan: Bodakim, og‘zig‘a har kim olg‘ay, Paykari xirmanig‘a o‘t solg‘ay. Tokim, ul o‘tqa o‘zumni toshlay, Dardi ishqim o‘tidin so‘z boshlay.(4, 711) 31 Tasavvufda junun – ko‘ngilni barcha o‘tkinchi o‘y-xayollardan forig‘ etib, faqat ma’shuqa yodi bilan bog‘laydigan, oshiqni ruhiy hurlikka, ma’naviy huzur- halovatga yetkazuvchi ilohiy jazba holini anglatadi. Junun mumtoz she’riyatda erku ma’rifat, rostgo‘yligu adolatni shior qilgan, ozod qalbli, isyonkor ruh egasi – rindning kayfiyatini ham ifoda etadi. Chunki u ham ishq bilan bog‘langan: Chun junun ishq ila bo‘ldi damsoz, Asray olg‘aymu kishi ko‘nglida roz... Dedimu, vah, demagay erdim kosh, Kim demas so‘zni o‘zum qildim fosh... (4, 712) Akademik A.Qayumov mazkur misralar keltirilgan bandni “Navoiyning o‘z baxtsiz muhabbati to‘g‘risidagi hikoya... (“Sevginoma II”)” deb baholagan. Darhaqiqat, “Kim nelar qildi meni zorg‘a ishq” deya zorlanarkan, shoir “buti sho‘xe”, ya’ni sho‘x bir go‘zalning beparvoligi, bevafoligi hamda hijron va ayriliqdan shikoyat qiladi. Lirik qahramonning bu haqdagi fikr-qarashlari hayotiy, real mazmunga ham egadek tasavvur uyg‘otadi. Chunki yor sog‘inchi, visol umidi, “hajr shiddati”, “hijron dardi”ni so‘zlarkan, shoir mana bunday deydi: O‘tti bu zorlig‘img‘a ikki yil, Har zamonin ikki yil chog‘lig‘ bil. (4, 711) Shu tariqa, soqiynomaning ushbu – XVIII bandida Navoiy tarjimai holi, shaxsiyati, ichki kechinmalari poetik bo‘yoqlarda nihoyatda yorqin va hayotiy tasvirlangan: Dardu ranjim haddu g‘oyatdin ko‘p, Marazim bo‘ldi nihoyatdin ko‘p... To ishim o‘lmak ila tutti qaror, Bo‘ldi boshimdin attibog‘a firor... (4, 713) Bu fikrlarni “Xazoyin ul-maoniy” “Debocha”sida keltirilgan quyidagi ma’lumotlar bilan taqqoslasak, masalaning mohiyati o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi: “Bu bandag‘a yosh ulg‘ayg‘an chog‘da za’fe yuzlandi, va ul za’f rishtasi za’flig‘ paykarimg‘a andoq chirmandi... Holo mizojim istiqomatdin munharifu badanimda necha marazi muxtalifdur va atibbo ilojimdin ojizu ma’zul ahibbo mijozimdin mutaajjibu malul” (1, 17). Ma’lumki, Navoiyning shoh Husayn Boqaro bilan o‘zaro samimiy, do‘stona munosabatlari xususida bir qator asarlarida ma’lumotlar mavjud. Jumladan, “Debocha”da ham Husayn Boyqaro yozgan maktubdan “bu nav’ savdovu vasvos xayolig‘a qolmakim, biz hech holda sening holingdin g‘ofil emas erkandurbiz, ammo bu holdin sen g‘ofilu ko‘nglumizdin hargiz yoding zoyil ermas erkandur” so‘zlarini keltirib, bundan “ko‘nglumga o‘zga quvvat kirdi va ta’bimg‘a o‘zga 32 javdatu jalodat hosil qildi”(1, 18), – deydi shoir. Soqiynomada bu nihoyatda jonli badiiy ifoda etilgan: Men bo‘lub umr ila jondin navmid, Shoh berib vasl ummidig‘a navid. Yana bu so‘z bila jone topibon, Bir dam o‘lmakdin amone topibon... (4, 713) Ushbu she’riy parchada tanosub va tazod badiiy san’atlari fikrning ta’sirchanligini oshirgan bo‘lsa, quyidagi baytda shoir soqiyga yuzlanarkan, o‘z his-tuyg‘ularini ishtiqoq san’ati vositasida ifodalaydi: Tut g‘arib un bila paymona manga, Ko‘rguzub xulqi g‘aribona menga. (4, 714) “G‘arib un” – shikasta, xasta, siniq ovoz. Bu orqali “olam ahli”dan “vafo” ko‘rmagan (“Olam ahlida chu yo‘q ahli vafo”) lirik qahramonning “zoru bekaslig”i (“Zoru bekasligimni shevan etay”) teranroq anglashiladi. Zero “Navoiy asarlari lug‘ati”da izohlanishicha, “g‘arib” so‘zi bechora, notavon, xo‘rlangan, tahqirlangan kabi ma’nolarni ham bildiradi. Ammo mumtoz adabiyotda, jumladan, Navoiy she’riyatida ham “g‘arib” timsoli kengroq ma’noga ega. I.Haqqulning yozishicha, “tasavvuf axloqida g‘ariblik tuyg‘usi shunday bir ichki qal’adirki, unda ishq, iymon, poklik, g‘urur, donolik kabi o‘nlab kamyob insoniy xislatlar daxlsiz asraladi. Bu “qal’a” ko‘ngilni bid’at va xurofotdan muhofaza etadi”. “Xulqi g‘aribona” esa tashqi dunyoga o‘z imtiyoz va ehtiyojlaridan kelib chiqib nazar tashlaydigan, ezguligu saxovat, vafoyu sadoqat, haqiqatu adolat kabi olijanob fazilatlar egasi bo‘lgan, jafoyu jabr, xiyonatu razolat, kizbu riyodan yiroq chinakam komil insonning axloqiy qiyofasini aks ettiradi. Shu sababli, lirik qahramon sobit ishonch bilan bunday deydi: Bu sifat sohibi men basdurmen, Bevafolar kibi ermasdurmen (4, 716). Ko‘rinadiki, mazmun-mohiyati, kompozitsion qurilishi, qofiyalanish tarzi va boshqa qator poetik xususiyatlari Navoiy soqiynomasining o‘ziga xos jihatlarini dalillaydi. Asar muayyan tarixiy voqea ta’sirida yaratilgani, shoir yashagan davr va zamon ruhini o‘zida aks ettirgani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Unda badiiy tasvir vositalari buyuk mutafakkir dunyoqarashi, ruhiy va fikriy olami, shuningdek boshqa ayrim asarlarida keltirilgan ma’lumotlar bilan uyg‘un tarzda aks ettirilgan. Shakl va mazmunning o‘zaro muvofiqligi, shoir shaxsiyatining nozik qirralari yorqin ifoda etilgani asarning qiziqarli va ta’sirchanligini ta’minlaydi. Badiiy mukammal, g‘oyaviy yuksak, falsafiy jihatdan teran bo‘lgan ushbu asar nafaqat o‘zbek, balki Sharq mumtoz she’riyatida ham 33 hayotiyligi, voqea-hodisalarning jonli tasvirlanishi, tarixiy shaxslarning ruhiy- psixologik qiyofasini haqqoniy aks ettirgani, qolaversa turkiy she’riyatda mazkur janr taraqqiyotida muhim o‘rin tutgani bilan ham ajralib turadi. Umuman, soqiynoma mutafakkir shoirning teran tafakkuri, tasavvur va taxayyul dunyosi, she’riyatining yangi qirralarini inkishof etgan, iqtidori, mahorati va yuksak talantini namoyon qilgan betakror asardir. Download 1.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling