Qarshi davlat universiteti adabiyotshunoslik kafedrasi navoiyshunoslik


Download 1.73 Mb.
Pdf ko'rish
bet14/54
Sana04.04.2023
Hajmi1.73 Mb.
#1325481
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   54
Bog'liq
NAVOIYSHUNOSLIK MAJMUA - 2022-2023, kunduzgi, sirtqi

Adabiyotlar: 
1. Sirojiddinov Sh. Yusupova D. Davlatov O. Navoiyshunoslik. Darslik. – T.: “Tamaddun”, 
2018. – 518 b. 
2. Авазназаров О. Алишер Навоий ижодида соқий образи талқинлари. – Қарши: Насаф, 
2021. – 132 б. 
3. Комилов Н. Хизр чашмаси. – Т.: Маънавият. – 320 б. 
4. Мадаев О. Навоий суҳбатлари. – Т.: Маънавият. – 248 б. 
5. Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at. 1-2-jildlar /Mas’ul muharrir Sh.Sirojiddinov. – T.: Sharq, 
2016. 
Internet saytlari 
6. 
www.ziyo-net.uz
 
7. 
www.literature.uz
 
8. 
www.kutubxona.uz 
 
6-mavzu: 
“Farhod va Shirin”ni sharhlab o‘qitish. 
Reja: 
1. “Farhod va Shirin”ning tadqiq tarixi. 
2. “Farhod va Shirin”da soqiy obrazi talqinlari. 


37 
“Farhod va Shirin”da soqiy obrazi. “Xamsa” dostonlari ichida “Farhod va Shirin” 
nisbatan ko‘proq tillarga (jumladan, rus, ukrain, ozarbayjon, nemis, venger) tarjima qilingan. 
Albatta, dostonning badiiy obrazlarga boyligi, poetik jihatdan jozibadorligi buning asosiy 
sabablaridan. Shunday ekan dostondagi yetakchi obrazlar biri – soqiy atroflicha tadqiq etilishi 
maqsadga muvofiq. 
Doston jami 54 bobdan iborat bo‘lsa, ularning 47 bobida ushbu obraz ishtirok etadi. Bu 
soqiy obrazining qo‘llanilish salmog‘iga ko‘ra “Farhod va Shirin” “Xamsa”dagi boshqa 
dostonlardan yaqqol ustunlikka ega ekanini ko‘rsatadi. 
Soqiy obrazini dostonda qo‘llanilish o‘rni va maqsadiga ko‘ra uch guruhga ajratish 
mumkin: 
a) uch bobning (VII, XXXVI, XLIX) nasriy shakldagi sarlavha qismida kelib, ularni 
badiiy quvvatlantirgan; 
b) 47 bobning (VI–LIV) yakuniy qismida ikki baytli soqiynomalarni shakllantirishga 
xizmat qilgan; 
v) o‘nta holatda ana shu 47 bobning boshqa turli o‘rinlarida muayyan vazifalar bajargan. 
Ushbu obraz barcha holatlarda yuksak mahorat bilan ishlangan bo‘lib, har bir o‘rinda 
unga muayyan badiiy vazifa yuklanganini ko‘rish mumkin. “Hayratu-l-abror”da ushbu timsol 
faqat “soqiy” va “soqiyi gulchehra” shakllarida qo‘llangan bo‘lsa, “Farhod va Shirin”ning 
sarlavha qismlarida uni “duosi piyolasining soqiylari”, “davri hasud soqiysi”, “ajal soqiylari”, 
soqiynoma baytlarda esa “soqiy”, “ey soqiy”, “soqiyo” ko‘rinishlarida, boshqa o‘rinlarda 
“soqiyi gulchehra”, “mahvash soqiy”, “soqiyi dahr”, “soqiyi vahdat” shakllarida uchratish 
mumkin. Bu esa mazkur obrazning mazmun-mohiyati “Farhod va Shirin” ancha kengroq 
ekanidan darak beradi. 
Soqiy obrazi, asosan, boblar yakunidagi ikki baytli soqiynomalarda kelgani sababli 
ushbu jihatga kengroq e’tibor qaratish o‘rinli. Soqiynomalarning dostonda egallagan o‘rni ham 
uch xil: 
a) muqaddima boblarning oltitasida (VI–XI); 
b) asosiy qismga kiruvchi o‘ttiz to‘qqiz bobda (XII–LIII); 
v) ikkita xotima bobda (LIII–LIV). 
Avvalo, ushbu obrazning muqaddima boblardagi o‘rni va mohiyati xususida. Mazkur 
obraz ilk bor dostonning VI bobida keltiriladi va bob so‘ngidagi soqiynoma tarkibida qo‘llanadi: 
Kel, ey soqiyki, tushmish jonima jo‘sh, 
Ketur bu iki yodi birla bir qo‘sh; 
Alar ishqida no‘sh aylab iki jom, 
Tutay Jomiy mayi madhin saranjom (6/327). 
Ushbu bob ulug‘ xamsanavislar – Nazomiy va Dehlaviy haqida bo‘lib, soqiynomaning 
dastlabki bayti shunga ishora sifatida bobni xulosalasa, ikkinchi bayti shoirning kayfiyati va 
istaklarini bayon qilgan holda keyingi – VII bobning mazmuniga ishora qiladi. Demak, keyingi 
bob mavlono Abdurahmon Jomiy madhida. 
VII bobning ham kirish, ham yakuniy qismida soqiy obrazi ishtirok etadi. Bob 
so‘ngidagi soqiynoma faqatgina bobni xulosalash vazifasini bajaradi. Unda, shuningdek, Navoiy 
Jomiyni dayr piri sanab, uning qo‘lidan may ichishini ta’kidlaydi: 
Keturgil, soqiy, ul jomi kiromiy 
Ki, tutsun rindlar sarxayli Jomiy. 


38 
Chu piri dayr may qildi havola, 
Icharmen gar erur gardun piyola (6/330). 
Ushbu o‘rinda Navoiyning hayot yo‘li, ya’ni Jomiy bilan ustoz-shogirdlik 
munosabatlariga ham ishora bor. Shoir Jomiyni haq yo‘liga kirgan oshiqlarga ilohiy ma’rifat 
sirlarini o‘rgatuvchi piri komil deb bilgan. Hatto uning rahnamoligida naqshbandiya tariqatiga 
kirgan. Shu sababli ham soqiynomaning ikkinchi baytida shoir “Agar dayr piri – Jomiy osmonni 
piyola qilib, may tutsa ham ichaman”, deydi. Bu orqali Navoiy, avvalo, ustozining ilmi naqadar 
keng ekaniga ishora qiladi, qolaversa, ilm o‘zlashtirishda o‘z qobiliyatini yuqori baholaydi. 
Navbatdagi bob mazmuniga ko‘ra, Navoiy dostonning asosiy voqealarini yozishga 
kirishishdan oldin Jomiydan fotiha oladi. Shu sababli ushbu bob so‘ngidagi soqiynomada ham 
Jomiyga ehtirom ko‘rsatadi: 
Ketur, soqiy, qadah xilvatda bir dam. 
Chu kelturdung eshikni bog‘la mahkam. 
Chu Jomiydan yetishti buyla kome, 
Aning yodi bila tut bizga jome (6/337). 
IX bobda shoir o‘zidan avvalgi xamsanavislarning ishlariga baho beradi. Bob so‘ngida 
odatdagidek soqiynoma keladi: 
Keturgil, soqiy, ul sham’i duraxshon, 
Demay sham’i duraxshon, mehri raxshon 
Ki, mehr etgach ayon tog‘ uzra anvor, 
Chiqay tog‘ uzra men ham Ko‘hkanvor (6/345). 
Ushbu o‘rinda soqiyga murojaat qilgan shoir Farhod singari tog‘ ustiga ko‘tarilishni 
istayotganini aytadi. Ko‘rinadiki, IX bob so‘ngidagi soqiynoma avvalgilaridan farqli ravishda 
bobni xulosalash vazifasini ham, yoki o‘zidan keyingi bob mazmuniga ishora vazifasini ham 
bajarmaydi. Chunki navbatdagi bob sulton Husayn madhida. Ushbu soqiynomada shoir o‘zini 
Farhodga qiyoslashi bejizga emas. Bu bilan Navoiy shavq dostonini yozishga kirishishdan oldin 
o‘quvchini Farhodning Arman yurti bilan bog‘liq ishqiy sarguzashtlariga tayyorlab boradi. Shoh 
G‘oziy madhidagi X bob so‘ngida soqiydan armani sharob so‘ralishini ham xuddi shunday 
baholash mumkin: 
Ketur, soqiy, sharobi armanisoz, 
Tut oni shoh madhin aylab og‘oz. 
Qil avval no‘shu berkim, men qilay no‘sh, 
Qo‘sh ichsang tutki, men dog‘i ichay qo‘sh (6/350). 
Qolaversa, mazkur bobda shoir sulton vasfidan so‘ng uning huzuridagi mahvash soqiy 
haqida so‘z ochadi. Saodat mahvashi bo‘lgan ushbu soqiy bazmlarda doimo podshohga hayot 
ziloli bilan to‘la jom tutadi. Navoiy bob so‘ngida ana shu mahvash soqiydan Shirindan darak 
beruvchi armanisoz sharob so‘raydi. Ushbu o‘rinda soqiyning sharobni qo‘sh tutishi, shoirning 
esa qo‘sh ichishi ham bejizga emas. Bu holat X-XI boblarning hukmdor va uning valiahd 
shahzodasi haqidagi qo‘sh boblar ekaniga ham ishora qiladi.
Badiuzzamon Mirzoga bag‘ishlangan XI bob yakunidagi soqiynomada shoir 
shahzodadan judoliqda juda mahzun ekanini aytadi: 
Ketur, soqiy, qadah xurshedini bot, 
Ichay shahzoda yodi birla, hayhot! 
Ki hajridin aning mahzunmen asru, 


39 
Bo‘lay behushkim, majnunmen asru (6/354).
Demak, muqaddima boblardagi soqiynomalar mazmunan Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy, 
Husayn Boyqaro, Badiuzzamon Mirzo kabi salaflar hamda zamondoshlar bilan aloqador bo‘lib, 
ular lirik xotima, keyingi bobga ishora, dostonning asosiy qismlaridagi voqealarga o‘quvchini 
tayyorlash, bundan tashqari, shoirning istak va kayfiyatini bayon qilish vazifalarini bajaradi. 
Dostonning asosiy qismida keluvchi boblar tarkibidagi soqiynomalarda shoir soqiy 
obrazining bor imkoniyatini ishga soladi. Ushbu obraz, asosan, soqiynomalarni shakllantiradi va 
boblarni bir-biriga uzviy bog‘lab boradi. Lirik chekinish, lirik xotima tarzida kelgan 
soqiynomalar shoirning aqliy va hissiy kechinmalari, voqelikka subyektiv munosabatini yuksak 
emotsiya bilan aks ettirishga xizmat qiladi. 
Dostonning asosiy voqealari XII bobdan boshlanadi. Chin hoqoni farzand ko‘radi va 
mamlakatda to‘yu tomosha boshlanib ketadi. Soqiynoma esa bob mazmuniga mos ravishda uni 
yakunlaydi: 
Ketur, soqiy, chekib yirlar uchun un, 
Manga to‘ydin ulush ber, jomi gulgun. 
Meni Chin ahli yanglig‘ mayparast et, 
To‘lo chiniy ayog‘lar birla mast et (6/360). 
XIII bob Farhodning ilm talabida bo‘lishi, dunyoning bor bilimlarini egallashi hamda 
ko‘ngliyu ko‘zi, tiliyu so‘ziyu o‘zi pok darajasiga yetishi haqida. Bob yakunida shoir soqiydan 
dard beruvchi sharob so‘raydi: 
Ketur, soqiy, sharobi dardparvard 
Ki, bo‘ldi ko‘nglumiz parvardai dard. 
Boshimg‘a dard chekmastin burun tig‘, 
Bu dam bazmi nishoti aylagil big‘ (6/366). 
XIV bobdan boshlab o‘n to‘rt yoshga kirgan Farhod ishq vodiysiga qadam qo‘yadi. Shu 
sababli uning “yigitlik gulshanida qayg‘u tikanlari yuz ko‘rgizadi”. Xoqon esa bu qayg‘uni 
bartaraf qilish choralarini izlay boshlaydi. Bobdagi soqiynoma esa navbatdagi bob mazmuniga 
ishora qiladi: 
Ketur, soqiy, manga jomi mayi nob, 
Bu soatkim muhayyo bo‘ldi asbob 
Ki, gardun yetti qasridur vafosiz, 
Jahonning to‘rt fasli ham baqosiz (6/372). 
Bu bilan shoir insonning hayot yo‘li jahonning to‘rt faslidek o‘tkinchi ekanini 
ta’kidlaydi. XV-XVI boblarda ana shu to‘rt fasl to‘rt qasr ko‘rinishida badiiy gavdalantiriladi. 
Ushbu boblarda Farhod Boniy, Moniy, Qoran kabi mohir san’atkorlardan ma’rifat hosil qiladi. 
XVII bobdagi voqealar ham shu qasrlar bilan bog‘liq holda kechadi. Har uchala bob yakunidagi 
soqiynomalar muallif kechinmalarini doston voqealariga uyg‘unlikda namoyon qilishga xizmat 
qiladi. 
Keyingi bob voqealariga ko‘ra, xoqon xonlik tojini Farhodga topshirmoqchi bo‘ladi. 
Biroq Farhod toju taxtni inkor qiladi. Bob so‘ngidagi soqiynoma istig‘no, ya’ni ehtiyojsizlik 
maqomidagi Farhodning kechinmalarini ifoda etadigan shoh bayt darajasiga ko‘tariladi: 
Ketur soqiy, manga bir jomi shohi 
Ki, bo‘lg‘ay g‘am sipohining panohi. 
Qadah shahlig‘din ortuqdur ko‘zumga, 


40 
Qilay zulm, elga qilg‘uncha o‘zumga (6/408). 
Navbatdagi bobda ham xoqon namoyish etgan bemisl xazinaga Farhod ehtiyoj sezmaydi, 
bu xazinani nazarga ilmaydi. Natijada bu xazina ichida Farhod o‘zini haqiqiy o‘zlikka 
yetkazuvchi, ya’ni tavhid maqomiga ko‘tarilib, ma’shuq bilan birlashishda bir vosita bo‘lgan 
ko‘zguga duch keladi. Bu aslida molu dunyodan yuz o‘girgan Farhodning ko‘ngil ko‘zgusida 
yor jilva qila boshlashi edi. Shundan so‘ng u tavhid maqomining mashaqqatli yo‘liga qadam 
qo‘yadi va uzoq safarga otlanadi.
XX bob yakunida shoir soqiyga murojaat qilib, devlarni band qiluvchi, ajdaholarni 
o‘ldiruvchi jom tutishini so‘raydi: 
Kel, ey soqiy, ki o‘tti aysh chog‘i, 
Manga tut emdi otlonur ayog‘i. 
Dimog‘imdin olib bir jom ila hush, 
Meni qil devbandu, ajdahokush (6/420). 
XXI bobda Farhod Suhaylo g‘origa boradi. Undan umr ajdahosi va nafs devini yengish 
sirlarini o‘rganadi. Navbatdagi boblarda ajdaho hamda devni yengadi. Voqealar rivojida Farhod 
Xizrni uchratib, undan tilsimni yengish siridan saboq oladi. Tilsimni bartaraf etgan Farhod 
Suqrotdan o‘zlikni mahv etib haqiqiy mahbubga yetish yo‘llarini o‘rganadi. Ushbu boblarning 
barchasida soqiynomalar voqealarga mos ravishda boblarni xulosalash vazifasini bajaradi. 
XXVI bobda Farhod Chinga qaytadi. Xazinadagi sandiqni qayta ochib, ko‘zguga nigoh 
tashlaydi. “Hayrat tog‘i anga hulyai namoyish va jilvai oroyish” qiladi. Shirinning jamoli 
ko‘zgusini ko‘zgu jamolida ko‘rgan Farhod hayrat maqomiga ko‘tariladi va behush bo‘lib 
yiqiladi. Uni bu maqomga ham olib chiqqan muallif endi soqiyga yuzlanib, foniylik haqida so‘z 
ochadi: 
Ketur soqiy, sharobi oshiqona 
Ki, bo‘lmishmen xirad birla fasona. 
Meni ishqu fano bazmida xos et, 
Xirad ranju balosidin xalos et (6/475-476). 
Demak, Farhod navbatdagi bobdan boshlab fano maqomi sari yo‘l oladi. Ko‘rinadiki, 
soqiynomalar asar qahramonlarining maqomot darajalarini bosib o‘tishiga ham ishora qiladi. Bu 
jarayon safar motivi hamda yo‘l xronotopi bilan uzviy bog‘liqlikda kechadi. Soqiynomalar esa 
ko‘pgina holatda bosh qahramonning navbatdagi safari, qadam qo‘yadigan yo‘li xususida 
ma’lum bir ishoralar beradi. Jumladan, XXVII bobdagi soqiynoma quyidagicha: 
Ketur, soqiy, Muhiti bodai ol, 
Bu daryo ichra sog‘ar zavraqin sol. 
Erur g‘am bahrida jismi haqirim, 
Hamul zavraq bila bo‘l dastgirim (6/482). 
Ushbu o‘rindagi “Muhiti boda”, ya’ni “sharob dengizi” Farhodning navbatdagi yo‘li 
dengiz bilan bog‘liqligiga, sharobning “ol” – qizil ekani esa bu safarda ko‘pgina yo‘qotishlar, 
talafotlar bo‘lishidan darak beradi. Farhodning fano – yo‘qlik manziliga qo‘ygan qadami ana 
shunday yo‘qotishlar bilan boshlanadi. Soqiy obrazi esa bunday og‘ir safarni tasvirlayotgan 
shoirning qo‘lidan tutadi, unga taskin beradi. Muallif u bilan go‘yo hamnafas, hamfikr bo‘ladi. 
Unga ma’naviy yordam va madad beradi. Shoirning soqiyga ilohiy ko‘makchiga iltijo qilgandek 
kuchli pafos bilan murojaat qilishi o‘quvchiga munojotdek tuyuladi. 


41 
Keyingi boblarda Chin xoqoni lashkari chiqqan falaksimon kemalarni fano nahangi 
yutadi. Daryosimon qayiqlar yo‘qlik dengizi tubiga ketadi. To‘fonda qo‘shin va barcha 
yaqinlaridan ajralib qolgan Farhodni dengiz to‘lqinlari Yaman kemasi bilan uchrashtiradi. 
Dastlab Yaman kemasi bir parcha taxta ustidagi Farhodni muqarrar halokatdan qutqarsa, keyin 
esa Farhod Yaman kemasini qaroqchilardan qutqarib qoladi va kemada Arman yurti haqida 
eshitadi. 
Fano maqomiga qadam qo‘ygan Farhod yana bir qancha sinovlarni boshdan kechiradi. 
Tog‘ bag‘rini yorib ariq ochadi, qasr bunyod qiladi, Xusravga asir tushib, Salosil qo‘rg‘onida 
tutqinda saqlanadi. Albatta, bu sinovlarni ramziy talqin etish ham mumkin. Mazkur boblarning 
barchasida soqiynomalar muntazam qo‘llanib kelinadi. Ular gohida bobni xulosalash, gohida 
keyingi bobga ishora qilish, shuningdek, muallifga ruhiy madad berish vazifalarini o‘taydi.
Asarning XLIV–XLVI boblari yaxlit bir kompozitsiyani hosil qilib, ularda Shopur 
vositachiligida Shirin va Farhod bir-birlari bilan maktub almashadilar. Shu sababli XLVI bob 
yakunidagi soqiynoma har uchala bobning xulosasi vazifasini bajaradi.
Navbatdagi boblarda Xusrav Farhodni mahv etish uchun tadbir izlaydi. Nihoyat bir 
hiylagar kampirni topadi. Farhodning kampir bilan uchrashuvi fano vodiysidagi yana bir sinov 
edi. Ana shu sinovlarda tobora o‘zligini (nafsini) mahv etib borgan Farhod nihoyat Haqni 
topadi: 
Tutub soqiyi vahdat jomi tavfiq, 
Nasibi ayladi Haq rohi tahqiq. 
Baqo shahrida sultonliqqa yetti, 
Haqiqat mulkida xonliqqa yetti (6/707). 
LII bobga taalluqli ushbu tasvirlarni bob yakunidagi soqiynoma to‘la ravshanlashtiradi, 
ya’ni Farhodning fano maqomiga ko‘tarilgani yaqqol ayon bo‘ladi: 
Ketur soqiy, manga jomi fano ber, 
Nechakim oni sipqorsam, yano ber! 
Magar qilg‘ay meni bu jom payvast, 
Alar yanglig‘ fano tufrog‘ig‘a past! (6/717)
Demak, asosiy qismga kiruvchi boblar tarkibidagi soqiynomalarda soqiy obrazi 
tasavvufiy timsol sifatida Farhodning talab, ishq, ma’rifat, istig‘no, tavhid, hayrat, faqru fano 
maqomlarini bosib o‘tishida yo‘l boshlovchi piri komil, ma’naviy madadkor o‘laroq 
gavdalanadi. 
Xotima boblar Husayn Boyqaroning o‘g‘illaridan biri Shoh G‘arib Mirzo madhi
shuningdek, shoir dostonni nihoyasiga yetkazishga g‘ayrat ko‘rsatgani haqida bo‘lib, ushbu 
boblar yakunidagi soqiynomalar ayni boblar mazmuniga hamohang bo‘lgani holda dostonning 
asosiy qism voqeliklaridan butunlay uziladi. 
Xulosa qilib aytganda, dostonda Navoiy soqiy obrazi vositasida, asosan, soqiynomalarni 
shakllantiradi. Turkiy adabiyotda ilk bor soqiynomalarni dostonlar tarkibida maromiga yetkazib 
qo‘llaydi va poetik usul o‘laroq bor imkoniyatini yuzaga chiqaradi. Shu sababli faqat 
soqiynomalarning o‘zi tizimli ravishda, diqqat bilan o‘qilsa ham dostonning butun mazmunini 
anglash mumkin. 

Download 1.73 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   54




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling