Qarshi davlat universiteti adabiyotshunoslik kafedrasi navoiyshunoslik


Download 1.73 Mb.
Pdf ko'rish
bet17/54
Sana04.04.2023
Hajmi1.73 Mb.
#1325481
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   54
Bog'liq
NAVOIYSHUNOSLIK MAJMUA - 2022-2023, kunduzgi, sirtqi

Zohir etti xayoli suratgar,
Fikrat uyida guna-guna suvar. 
Ya’ni, “suratgar xayol fikrlar uyi (ong)da rang-barang tasvirlarni chizdi”. Takidlash 
kerakki, tushga xayol natijasi sifatida qarash Sharqda qadimdan mavjudligini XIII asr 
mutafakkiri Aziziddin Nasafiyning “Komil inson kitobi” asarida ham ko‘rish mumkin. 
Nasafiyga ko‘ra, “tush ko‘rmoqning sababi ikkita: biri – ichki sezimlar, ikkinchisi – osmon 
farishtalari tufayli. Ichki sezimlardan vujudga keladigan tush xayol va hofiza tufaylidir; xayol – 
mushtarak sezgisining xazinachisidir, hofiza – qo‘rquv va vahm xazinachisidir. Ikkalasi ham 
xazina sohibi sifatida uzoq yillar ma’naviy va moddiy ashyolardan ko‘p narsa o‘rganmishlar va 
o‘z xazinalarida saqlab qo‘ymishlar, o‘z vaqtida talab qilib, ularni tortiq etajaklar” [Nasafiy 


46 
2021:199]. Demak, tush va xayol munosabatlarini kuzatish nafaqat Navoiyning ilmiy 
qarashlarini G‘arb ilm-fani yutuqlari bilan muqoyasa qilish, balki Navoiyga ma’lum bo‘lgan 
ba’zi ilmiy manbalarni ham aniqlashtirish imkonini beradi.
Muallif bilan bog‘liq tushning ikkinchisi dostonning XXXVII bobida, ya’ni asar 
xotimasida sodir bo‘ladi. Bobda Navoiy dostonning asosiy voqealarini yakunlagach, orom olish 
uchun hujra tomon azm qilgani, ko‘zi uyquga ketganda shoh Bahrom xayoloti tushda 
gavdalangani va uning tarixi nazmga solingani uchun minnatdorchilik izhor etgani haqida so‘z 
yuritadi. Ushbu tush tasviri quyidagicha tasvirlanadi: “hali ko‘zimga uyqu kelmay, 
ko‘nglimdagi fikr-xayol hali tarqalmay turib, uyqu bilan uyg‘oqlik orasida, g‘avg‘o-to‘polon 
orasida, nazarimda boshlariga taxtiravonni baland ko‘targan katta bir to‘da paydo bo‘ldi” 
[Navoiy 2011:619]. 
Yuqoridagi tushning uyqu va uyg‘oqlik orasida ko‘rilganligi bejizga ta’kidlanmagan. 
Negaki, “shayxlar uyqu va uyg‘oqlik orasidagi tushni qadrlaganlar, chunki bunda kishi ruhining 
g‘ayb olamiga ulanishi muqarrar, – deb qaralgan” [Komilov 2009:61]. 
Mazkur bobda shoh Bahrom tilidan “Sab’ai sayyor” dostoniga, Navoiy va Husayn 
Boyqaro shaxsiga baho berishda, Husayn Boyqaroning davlat ishlarida hushyorlik bilan ish 
ko‘rishi kerakligi haqidagi didaktik fikrlarni yetkazishda tush epizodi beqiyos vazifa bajaradi.
Ikkinchi, asar qahramonlarining tushlari haqida. “Sab’ai sayyor”da ijodkorning 
g‘oyaviy-badiiy pozitsiyasida yetti hikoya nihoyatda keng va katta o‘rin tutadi. Shunga ko‘ra, 
muallif asarning so‘nggi bobida: “bu dostonning nazmlari orasida so‘z o‘yinlari juda ko‘p 
bo‘lib, bularning barchasi shu yetti hikoyani tasvirlash uchun ishlatildi” – deydi [Navoiy 
2011:637]. 
Shunday ekan, yetti hikoyaning birinchisidayoq tushga murojaat qilinishida bu 
epizodning doston syujetida qanchalik muhim o‘rin tutganligini bilish mumkin. 
Hikoya bosh qahramoni Hind podshohi Jasratning o‘g‘li Farrux hamma ilmlarda va 
husnda tengsiz edi. Farrux bir kechasi ibodat bilan mashg‘ul ekan, saodatga boshlovchi ilk nur 
tarala boshlaganda u tong namoziga sajda qilar ekan, ko‘zi uyquga ketib, bir tush ko‘ribdi 
[Navoiy 2011:397]. 
Tushida qora parda bilan o‘ralgan taxtiravon ustidagi bir go‘zalni ko‘rgach, notavon 
jismiga o‘t tushgan Farrux otasidan ijozat olib safarga ravona bo‘ladi. Shu tariqa hikoya 
voqealari rivojlanadi hamda tush safar, uylanish, qaytish motivlari bilan bog‘liqlikda keladi. 
Xuddi shunday dostonning XXV bobida uchinchi iqlim yo‘lidan keltirilgan musofirning aytgan 
hikoyasida ham tugun hosil qilishda tush epizodidan foydalaniladi. Tush asosida qurilgan ushbu 
hikoyada tush epizodi xabar, safar, shart, uylanish kabi motivlar bilan ketma-ketlikda keladi. 
Misrdagi boy bir xojaning baxtiyor o‘g‘li Sa’d shahrisabzlik mehmonlardan Kitvar xalqining 
tush g‘aroyiboti bilan bog‘liq butxonasi haqida eshitib safarga otlanadi. U butxonaga borib 
tunaydi va tongga yaqin tush ko‘radi. Tushida ikkita ko‘k rangli qush uning yelkasiga qo‘nib 
tilga kiradi. Ularning birinchisi yoqimli ovoz bilan sayrab shunday bashorat qiladi: “Senga bir 
pari nasib bo‘lar emish, uning yuzi xuddi Sharq quyoshidek nurafshon va go‘zal emish”. 
Ikkinchi qush esa, dahshatli ovoz bilan sayrab: “bir kun sen dev qo‘liga asir tushasan va u 
sening oyoq-qo‘llaringga kishan solib zanjirband qilib qo‘yadi”, – deydi [Navoiy 2011:459]. 
Sa’d taqdirining ushbu tush bilan bog‘lanishi uning tushini ta’bir qilgan Faylaqus 
hakimning o‘sha butxonada ko‘rgan tushi bilan chambarchas bog‘liq. 


47 
Ikki afsonadagi tushning ham subhidam, ya’ni tong-saharda jilva qilgani bejizga emas. 
Ushbu tasvirda insoniyatning tush hodisasiga nisbatan ming yillar davomida shakllangan 
munosabatlari aks etganini ko‘rish mumkin. Manbalarda tong – sahar tun hamda kun, yaxshilik 
va yomonlik kuchlari o‘rin almashayotgan payt, yaxshilik pallasi bosib kelganda ko‘rilgan 
tushlarning rahmoniy – bashoratli bo‘lishi aytiladi. “Sahar payti kishilarning toza, tiniq tushlar 
ko‘rishi fanda ham ilmiy jihatdan o‘z isbotini topgan. Tun, qorong‘ulik, zulmat inson ruhiyatiga 
tinimsiz ta’sir qilib turadi va bu ta’sir ko‘proq salbiy xususiyat kasb etadi. Sahar paytiga 
yaqinlashavergach, esa koinotdagi o‘zgarishlar inson tanasiga ko‘proq ijobiy ta’sir eta 
boshlaydi” [Eshonqulov 2011:24]. 
Dostonda tush epizodining muallif va hikoya qahramonlari ruhiyatini ochib berishda 
ham mohirona qo‘llanganligi diqqatga sazovor. Chunki bu epizod G‘arbda ayni maqsadni 
amalga oshirishda XIX asr so‘nggi choragidan, ya’ni tushni maxsus va mukammal o‘rgangan 
olim Zigmund Freyd va uning izdoshlari Karl Gustav Yung, Erix Fromm “tush – inson 
ruhiyatining ko‘zgusi” deya tadqiq etganlaridan keyingina qo‘llana boshlangan. Mana shuning 
o‘ziyoq Navoiy dahosining qanchalik buyukligi hamda tush epizodining “Sab’ai sayyor”da 
qanchalik muhim ahamiyat kasb etganligini namoyon qiladi. 

Download 1.73 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   54




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling