Keldi ul vaqtki boshimni olib ketgaymen
Download 27.36 Kb.
|
Документ Microsoft Word (2)
Mana bu g‘azalga e’tibor beraylik. Butun vujudi bilan Amir Temur saltanatini tiklashni maqsad etgan Bobur shahzoda-yu sultonlarga birlashish , g‘anim bilan kurashda ahillikka sodiq qolishga chorlaydi, biroq o‘z maqsadiga erisha olmaydi. Oqibatda Mavorounnahrni tark etarkan, bu ketish uning maqsadi emasligini, nochorligi ekanligini aytadi. “Tengrining xosti mundoq esa men netgaymen?” degan shoir el, ulusdan ozurda, hech kimning yuzini ko‘rishga toqati yo‘q holda”: Keldi ul vaqtki boshimni olib ketgaymen, Olam ichra ayog‘im yetganicha yetgaymen, Istaram o‘zni aziz elga ko‘runmasliktin, Necha o‘zumni ulus ko’zida xor etgaymen. Xalq yuz javr ila ishlar buyurur kosh elning Ne yuzin ko‘rgaymenu ne so‘zin eshitgaymen. Zahiriddin Bobur o‘zining qisqa hayotida shu ikki o‘t orasida ko‘p aziyat chekkan ko‘rinadi. Nobakor, sotqin, yaxshilikni bilmagan ko‘rnamaklarni uzoqlashtirib, ularsiz davlatkorlik qilay desa, biri tog‘a, biri sobiq temuriy bekzoda. Buning ustiga, vafo qilganlari ham asossiz jafolarga ro‘baro‘ etishdi uni. Baribir, Boburda shohlik mas’uliyati ustun keldi. Qabih kimsalarni o‘zidan qanchalik uzoqlashtirishni istamasin, ular bilan murosada kun kechirdi, yaxshi-yomonligini Allohga topshirdi, oqibatda esa ular o‘z jazosiga mustahiq bo’ldilar. Bobur fikricha, shoh kechirimli, ayniqsa, qo‘lostidagilarga mehribon bo‘lishi kerak. Chunki mamlakat rivoji, atrofdagi kishilarning kayfiyati, qolaversa, yurt tinchligi va butunligi ham “shah nazari”ga bog‘liq: Yotlarni kerakki, oshno kam qilsang, Har kimki vafo qilsa , jafo kam qilsang, Noumid bo‘lur barcha vafodorlaring, Gar shah nazaring birla vafo kam qilsang. Temuriylar avlodiga baho berarkan, Bobur, avvalo, ularning harbiy qobiliyatiga, yurt saqlash, viloyat olishiga, raiyatparvarligi va insoniyligiga alohida e’tibor qaratadi. Otasi Umarshayxga ham shu mezon bilan yondashadi. U Umarshayx haqida “hamisha mulkgirlik dag‘dag‘asi bore di”, deydi. Bobur “dag‘dag‘a” so‘zini , odatda , o‘z xohish-istagini amalda bajarolmaydigan, shu bois istagini tilida, nojoyiz harakatida zohir etgan kishiga nisbatan ishlatgan. “Boburnoma”da muallif Ustod Aliquli obraziga qayta-qayta murojaat etgan. Uning ixtirosi Bobur nazaridan chetda qolmagan. Chunki Hindistonni zabt etishda , Ibrohim Lo‘diyning fillar bilan qurollangan yuz ming kishilik armiyasini yanchib tashlashda aynan Ustod Aliquli tomonidan yaratilgan shu qurol ko‘p qo‘l kelgan. Mazkur qurol qusurlarini topgach , usta Boburni yana to‘potar namoyishiga taklif qiladi : “Ustod Aliquli o‘shul uluq qazoni bilakim, quyarda tosh uyi benuqson edi, doruxonasini ham so‘ngra quyub, tayyor qilibedi, tosh otarida tafarrujig‘a bordim. Namozi digar bore di, tosh otti. Ming olti yuz qadam bordi. Ustodg‘a kamar xanjar va xil’at va tupchoq ot in’om bo‘ldi”. Parchadan ayonki, shoh Boburning sabri, kasb ahlini qadrlashi, mulohazakorligi, yangi harbiy sinovlarsiz darhol mukammallik kasbetmasligini tushungani bois, mutlaqo yangi yangi qurol yuzaga kelgan. Mazkur harbiy qurol va Ustod Aliquli obrazi asar davomida, vaqti-vaqti bilan qisqa matnlarda tasvirlab berilgan. Quyidagi tasvirda Ustod Aliquli yasagan to‘p o‘zining aniq samarasini bergani va Bobur bu ishdan mamnun bo‘lganini ko‘ramiz: “Seshanba kuni suv kechgan yerdin ko‘chub, urush yeri qotilishig‘a bir kuro‘h yovuq kelib tushuldi. O‘zum borib, Ustod Aliqulining farangiy va zabrzan otmog‘ini tafarruj qildim. Ushbu kun Ustod Aliquli farangiy toshi bila ikki kemani urub sindurub, g‘arq qildi. Mustafo ham ul yuzdin farangiy toshi bila kema urub sindurub, g‘arq qildi”. “Boburnoma”dagi Ustod Aliquli obrazi tasviri muallifning obraz yaratishda izchillikka amal qilganini , bir obrazni asarning turli joy, turli yillar voqealariga bog‘liq holda tasvirlab, takomiliga yetkazganini ko'rsatadi. Bundan tashqari, Ustod Aliquli bilan bog‘liq tasvirlarda teran ruhiy holat, shaxs psixologiyasidagi nozik jihatdan tahlili ham borki, bu Boburning poetik mahoratidan dalolatdir. Boburning yoshlik yillari Mavorounnahrda toj-taxt talashish voqealari bilan o‘tgan. Sulton Mahmud amirlaridan Xisravshoh hokimlik davri ham shu vaqtga to‘g‘ri keladi. “Boburnoma”da bu shaxs haqida anchagina fikrlar bildirilgan. Mavorounnahr va Xurosonda Amir Temur saltanatining inqirozga uchrashida Xisravshohdek kishilarning davlat tepasiga chiqishi, adovat urug‘ini sochishlari ham sabab bo‘lgan. Ular mansab va amal ilinjida avlod-ajdodlari, o‘z o‘g‘illarini qatl etishdan ham tap tortmaganlar, hukmronlikka ega bo'lish uchun iymon va vijdonlaridan voz kechganlar. Bobur Xisravshoh siymosida o‘zida qabih illatlarni mujassam etgan kimsa portretini yaratadi. Uning tasavvuricha, davlat orttirish uchun ham kishida muayyan ezgu niyat, yaxshi maqsad bo‘lishi kerak, mol-mulk, boylik inson uchun xizmat qilishi lozim. U Xisravshohni shuncha boylik orttirgani bilan, “bir mokiyon bila ham tutushmadi” deb, hayotida halovat topmaganiga, o‘z oromini o‘zi buzganiga ishora qiladi: “Navkari yigirma mingga yovushubedi. Agarchi namozi qilur edi va taomda parhiz qilur edi, vale tiyra va fosiq edi, gavdan va befahm va bevafo va haromnamak kishi edi. Besh kun o‘tar dunyo uchun bir o‘zi o‘sturg‘on valine’matzodasini ko'r qildi. Yana birini o'lturdi. Tengri qoshida osiy va xalq oldida mardud bo‘lubtur. Domani qiyomatgacha la’nat va nafrin sazovori bo'ldi. Bu o‘tar dunyo uchun mundoq yomon ishlar qildi. Mundoq bisyor ma’mur viloyat va muncha qalin yaroqlik navkar bila bir mokiyon bila ham tutushmadi”. ‹‹Boburnoma››da jamiyat tartib-intizomlari, islom dini qoidalariga amal etmaganlar qattiq tanqid qilingan. Xisravshoh shaxsiyatiga xos qabihlikni tasvirlagan muallif faqat o‘sha davr amiri yoki davlat arbobining obrazinigina emas, balki eng past, razil, insoniy qiyofasini yo‘qotgan kimsaning portretini nafrat vilan chizgan. Bobur “ besh kun o‘tar dunyo” ifodasini aynan Xisravshoh kabi kishilarga qarata ishlatgan. Masalan, Ulug‘bek o‘ldirilganda Boburning Abdullatif haqida aytgan fikrida ham Xisravshohdagi razillikni ochishda ishlatilgan ta’rif va iboralar ko‘zga tashlanadi: “Bu besh kunluk o‘tar dunyo uchun andoq donishmand va qari otasini shahid qildi”. Boburning Abdullatifga bergan bahosi Navoiyning Ulug‘bek va Abdullatifga bergan bahosi bilan hamohangdir. Xisravshoh obrazi Bobur dunyoqarashini ochib berishga ham ko‘maklashadi. Bobur komil musulmon sifatida insof bilan yashash, insoniy fazilatlarni, kim bo‘lishdan qat’i nazar, yo‘qotmaslik zarurligini alohida uqtiradi. Biz Boburning Shayboniyxon haqidagi yakunlovchi so‘zini 1507-1508-yillar voqealari bayonida, Shayboniyxonning Hirotni bosib olishi va ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan beboshliklari tasvirida ko‘ramiz. Bunda san’atkor adib Shayboniyxonning nochor kishilardan o‘ch olishi, qasos uning yagona shiori ekani, kin-u adovati, adabiyot va san’at ahlini xor qilishini jonli tasvirlar bilan ko‘rsatib beradi. Shu qatori, shoir bo‘lishiga qaramay Shayboniyxonning adabiyot va san’atdan uzoqligini, garchi islom tartiblaridan namoz, tilovatga rioya qilsa-da, unda “go‘lona va ablahona va kofirona” xislatlar mujassam deydi. “Boburnoma”dagi turli voqealar tasvirida shayboniyxon shaxsiga doir zarur ma’lumot bor. Bobur bu obrazni yanada yorqinroq tasvirlash uchun Umarshayx obrazi talqinidagidek, uning atrofidagi kishilar xususiyati ta’rifidan foydalanmaydi, aksincha, Shayboniyxonga dushman bo‘lgan temuriyzodalar obrazlari orqali uning xarakterini ochishga intiladi. Hirotni bosib olishga kirishgan Shayboniyxon, avvalo, temuriylar orasidagi, ayniqsa, Husayn Boyqaroning farzandlari o‘rtasidagi noahillikdan, raqobatdan ustalik bilan foydalanadi. “Boburnoma”ning bosh qismida muallif Shayboniyxon haqida so‘z yuritib, uni hali quvvatga to‘lmagan paytida birgalashib mahv etishni taklif etadi. (“Shayboniyxondek g‘anim paydo bo‘lubtur, muning zarari turkka va mo‘g‘ulga musovidur. Muning fikrini hololiqtakim, ulusni hanuz yaxshi bosmaydur va ko‘p ulg‘aymaydur, qilmoqlik vojibdur”.) Bobur temuriylar saltanati yemirilayotganini ko‘rib ich-ichidan ezilar ekan,Shayboniyxondek kuchli, qudratli va dahshatli g‘anim tobora kuchayib borayotganidan tashvishga tushadi: “Turk va chig‘atoydin har go‘sha va kanorda ham kim qolibedilar, ba’zi rag‘bat bila, ba’zi qahr bila o‘zbakka payvasta bo‘ldilar. Bir men Kobulda qolib edim. Dushman bisyor qaviy, biz ko‘p zaif, ne maslahat qilmoqqa ehtimol, ne muqovamat qilmoqqa majol… Men va ba’zi ichki beklar Hindiston tarafi bormoqni tarjih qilib, Lamg‘ong‘a mutavajjih bo‘lduk”. Ana shunday murakkab vaziyatda toj-taxt, mamlakatni temuriylar dushmani Shayboniyxonga qoldirib, Hindiston tomon yuzlanish Boburga juda og‘ir otgan. U o‘zining aksariyat g‘azallarida bu safarga mutlaqo o‘z ixtiyori bilan bormagani, taqdir uni shu ko‘yga solganini bayon etadi. Tushkunlik va beqarorlik , noaniqlik hamda gohida o‘ziga ishonmaslik kabi ruhiy tug‘yonlar Boburni qattiq iztirobga solgan. Unda atrofdagilardan uzoqlashish, yolg‘iz qolish kayfiyati paydo bo‘lgan. Dunyoni ezgu niyat va maqsadlarni amalga oshirish maydoni deb bilgan, shu yo‘lda tinimsiz kurashgan bobur niyati sarobga aylanib, o‘z yurtiga sig‘may dard, armon yuki ostida qolganidan eziladi. Bobur shoh sifatida o‘z qo‘li ostidagilarni imkoni boricha ranjitmaslikka, ulardan o‘ch olmaslikka , behuda jazolamaslikka intilgan. Bu jihat, birinchidan, muallifning insoniy xislatlarini ochib bersa, ikkinchidan, “Boburnoma”da nomlari zikr etilgan, tasvirlangan shaxslarga xos xususiyatlarni yoritishga imkon tug‘dirgan. Vatanidan uzoqda, Hindistonda hokimiyat o‘rnatgan Bobur qo‘l ostidagi kishilarga ehtiyotkorona muomala qilgan. Buning yorqin misolini biz Xoja Kalon obrazida ham ko‘ramiz. Bu bek garchi Boburning iltimosiga zid borib Hindistonni tashlab ketsa-da, himmatli Bobur jazo berish, yo‘lini to‘sish o‘rniga , uning sha’niga atab gina ohangidagi bir badiha-ruboiy aytish bilan chegaralangan. Yoki yana bir misol. Boburning Hindistonda urushga tayyorlanayotib, lashkari va beklariga qanchalik inoyat ko‘rsatib boylik ulushmasin, kerakli asbob-anjom bilan ta’minlanmasin, ular Hindiston ob-havosining noqulayligini ro‘kach qilishib, unit ark etishga tayyor turadilar. Faqat bu emas. Gap shundaki, bu galgi urushgacha hali Bobur hind eli to‘la zab etilmagan, Ustod Aliqulining toshotar to‘pi ixtiro qilinmagan, boz ustiga Bobur lashkarlarning orasiga Ibrohim Lo‘diyning yuz mingdan ortiq lashkari, ikki mingdan ortiq fillari borligi haqidagi gap-so‘zlar g‘ulg‘ula solgan edi. Shunday vazuyatda Bobur shaharni bosib olishi zarurligini anglab, rejasini amalga oshirishga kirishadi. Bu paytda uning munajjimi Muhammad Sharif urushga borish xavfli, sayyoralarning noo‘rin joylashuvi shundan dalolat berayotur degan va boshqa shu kabi mish-mishlarni tarqatgandi. Bobur munajjim bashoratiga, sayyorlar harakati va ularning inson faoliyatiga o‘tkazadigan ta’siriga ishonib, imkoni boricha shunga amal qilsa-da(aks holda saroyida munajjim saqlamasdi), bu gal munajjim Muhammad Sharifning bashoratini tan olmaydi, uni “shumnafas” deb, xunuk xabar tarqatuvchi, el orasiga vahima soluvchi kishi sifatida qoralaydi. “Boburnoma”da turli-tuman shaxslarning qisqacha tarjimai holi, xarakteri, o‘ziga xos xususiyatlarini kuzatar ekanmiz, ularning aksariyatida asar muallifning shaxsiy qarashidan ko‘ra, umuminsoniy axloq mezonlariga tayanib davlat va jamiyat qurilishi , yaxlit, mustaqil imperiya manfaati nuqtai nazaridan yondashish ustunligini ko‘ramiz. Download 27.36 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling