Qayd etish kerakki, ushbu qonun normalari mamlakatimiz qonunchiligida ilgari mavjud bo‘lmagan va yangilik hisoblanadi


Download 30.12 Kb.
Sana10.11.2020
Hajmi30.12 Kb.
#142973
Bog'liq
Маъмурий ҳуқуқ ва процесс жавоби


31-savol

Ma’muriy ish yuritishda arizachi tomonidan xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish tartibini yoritib bering.

Ma’muriy organlarga manfaatdor shaxslar tomonidan ushbu organlarning vakolatiga kiruvchi turli masalalarda kelib tushgan talablar bo‘yicha ish yuritish O‘zbekiston Respublikasining 08.01.2018 yilda qabul qilingan “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.

Qayd etish kerakki, ushbu qonun normalari mamlakatimiz qonunchiligida ilgari mavjud bo‘lmagan va yangilik hisoblanadi.

Ushbu qonunda Ma’muriy ish yuritishda arizachi tomonidan xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish tartibiga oid alohida modda mavjud.

Qonunning 45-moddasiga ko‘ra, agar arizada to‘g‘rilash mumkin bo‘lgan xatolar mavjud bo‘lsa, ma’muriy organ ularni to‘g‘rilash uchun arizachiga imkoniyat va muddat beradi.

Agar arizaga doir ilovada qonun hujjatlariga binoan talab qilinadigan yoki arizachi havola qilayotgan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, ularsiz ma’muriy hujjatni qabul qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ma’muriy organ arizachiga yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini, buning uchun muddat belgilagan holda, berishi kerak.

Xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun ma’muriy organ tomonidan belgilanadigan muddat, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, besh ish kunidan kam bo‘lmasligi lozim. Ma’muriy organ arizachining iltimosnomasiga binoan ushbu muddatni besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddatga uzaytirishi kerak.

Ma’muriy ish yuritish muddatining o‘tishi xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida to‘xtatib turiladi.

Shu o‘rinda ushbu normani batafsil sharhlash orqali, uning mazmun mohiyatini yanada aniqroq tushunishga harakat qilamiz.

Qonunning 36-moddasida ma’muriy ish yuritish muddatlariga oid norma belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy organ mumkin qadar qisqa muddatlarda, ammo ariza ma’muriy organda ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran, ma’muriy hujjat ma’muriy organ tashabbusi bilan qabul qilinadigan taqdirda esa, adresat ma’muriy ish yuritish boshlanganligi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz ish kunidan kechiktirmay ma’muriy ishni ko‘rib chiqadi va ma’muriy hujjatni qabul qiladi.

Bizga berilgan masalada ma’muriy organning tashabbusi bilan emas, balki shaxsning arizasi bilan yuzaga keladigan ma’muriy ish haqida gap ketmoqda. Shunday ekan, ushbu tahlilda faqat shaxsning arizasi bo‘yicha ma’muriy ishga to‘xtalib o‘tamiz.

Ma’muriy ish yuritish muddatining o‘tishi ariza ma’muriy organda ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi.

Mazkur Qonunning 37-moddasi 1-qismi 3-xatboshisi hamda 45-moddaning 4-qismida xatolarni to‘g‘rilash va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyati berilganda ma’muriy organ ma’muriy ish yuritishni to‘xtatib turishi ko‘rsatilgan.

Demak yuqoridagi 30 kunlik ma’muriy ish yuritish muddatiga xatolarni to‘g‘rilash va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyati berilgan vaqt kirmaydi.

Xo‘sh, Qonunda qanday xatolarni to‘g‘rilash yoki qanday yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun imkoniyat berish haqida so‘z bormoqda?

Qonunga ko‘ra, manfaatdor shaxsning arizasi (shikoyati) ma’muriy ishni boshlash uchun asos bo‘ladi.

Ma’muriy ish yuritish ariza ma’muriy organda ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi.

Ma’muriy organga beriladigan arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

1) ariza berilayotgan ma’muriy organning nomi;

2) arizachi — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning yashash joyi, agar arizachi yuridik shaxs bo‘lsa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va manzili;

3) arizachining talabi;

4) arizaga ilova qilinadigan hujjatlarning ro‘yxati (agar bunday hujjatlar mavjud bo‘lsa);

5) ariza berilgan sana.

Ariza arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi kerak.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab berilgan arizada ushbu moddada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari o‘z manfaati himoya qilinayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning manzili (pochta manzili) va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa axborot ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarga nisbatan qonun hujjatlarida boshqa talablar ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

Agar arizada yuqorida ko‘rsatilgan ma’lumotlardan birortasi bo‘lmasa va bu ma’muriy organni ma’muriy ish yuritishiga to‘sqinlik qilsa, ma’muriy organ xatolarni bartaraf etish uchun imkoniyat beradi va ariza bergan shaxs tomonidan xatolarni bartaraf etgunga qadar bo‘lgan muddat arizani ko‘rib chiqish muddatiga kiritilmaydi.

Misol uchun, berilgan arizada ariza berilgan sana ko‘rsatilmagan bo‘lsa yoki hujjatlar ilova qilingan bo‘lsa-yu, bu haqida arizada bayon etilmagan bo‘lsa, ushbu kichik kamchiliklarni bartaraf etish uchun arizachiga oqilona muddat beriladi.

Agar arizaga doir ilovada qonun hujjatlariga binoan talab qilinadigan yoki arizachi havola qilayotgan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, ularsiz ma’muriy hujjatni qabul qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ma’muriy organ arizachiga yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini, buning uchun muddat belgilagan holda, berishi kerak.

Misol uchun, farzand tug‘ilganda bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa (“suyunchi” puli) puli olish uchun budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga ariza bergan ota (ona) tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatni ilova qilmagan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat zaruriy ahamiyatga ega bo‘lib, u bo‘lmasa, bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa berish imkoni bo‘lmasligi inobatga olinib, ma’muriy organ tomonidan ushbu kamchilikni to‘g‘rilash, ya’ni hujjatni taqdim etish uchun besh kundan kam bo‘lmagan muddat belgilanadi.

Agar arizachi sabablarini ko‘rsatgan holda ushbu muddatni uzaytirishni so‘rab, ma’muriy ish yuritayotgan organga murojaat qilsa, ushbu muddat yana besh kunga uzaytirilishi lozim.

Bunda ma’muriy ish yuritayotgan organ tomonidan qo‘shimcha muddat belgilanganligi va muddat uzaytirilganligini albatta rasimylashtirish lozim. Aks holda, ma’muriy ish yuritish muddatiga kirmaydigan ushbu muddatlar rasmiylashtirilmagan taqdirda, Qonunning 36-moddasida belgilangan ma’muriy ish yuritish muddati buzilishiga olib kelishi mumkin.

Amaliyotda ushbu tartib og‘zaki tushuntirish va kelishuv tarzida amalga oshirilsada, hujjatda qayd etilishi uchun xatoliklarni tuzatish yoki zarur hujjatlarni taqdim etish haqida ma’muriy ish yuritayotgan organ arizachiga xabarnoma (arizaning kelib tushish shakliga mos ravishda yozma yoki elektron) yuborishi va uni yetkazilganligini tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya, elektron pochta hisoboti) ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yishi kerak.

Shuni nazarda tutish kerakki, ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari doimo manfaatdor shaxslarning huquqlari ustunligini tan oladi va butun qonunning mohiyatida ushbu prinsip ustunlik qiladi.

Qonunning asosiy prinsiplaridan yana biri byurokratik rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yilmasligi bo‘lib, unga ko‘ra, manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlanadi.

Agar manfaatdor shaxs vijdonan harakat qilgan, o‘z majburiyatlarini mazmunan bajargan bo‘lsa hamda rasmiy qoidalar va talablarning yo‘l qo‘yilgan buzilishlari ma’muriy ishni mazmunan to‘g‘ri hal qilishga to‘sqinlik qilmasa, manfaatdor shaxs tomonidan rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilmaganligi nomuvofiq ma’muriy hujjatni qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qila olmaydi.

Yuqoridagilarga asosan, arizadagi xatolarni to‘g‘rilash va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun muddat berishning shakli va rasimylashtirilishi usulidan qat’i nazar, ma’muriy ish yuritayotgan organ rasmiyatchilikka berilmasligi, qonun va imkoniyat doirasida arizadagi talablarni qonuniy ko‘rib chiqishi lozim.

Ayrim qonun hujjatlarida ma’muriy ish yuritishning alohida masalalari bo‘yicha tartib-taomillar belgilangan va ularning qoidalari mazkur qonun bilan doim ham mos kelavermaydi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 12-bandiga ko‘ra, Yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga 17 turdagi hujjatlarni ilova qilishi kerak.

O‘z navbatida, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunining 45-moddasida pensiya tayinlash to‘g‘risidagi hujjatlar ular tushgan kundan e’tiboran 10 kundan kechiktirmasdan qarab chiqilishi, 46-moddasida esa, ariza barcha zarur hujjatlar bilan qabul qilib olingan kun pensiya uchun murojaat etilgan kun deb hisoblanishi belgilangan.

Bu esa, ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun talablariga zid hisoblanadi.

Shu boisdan, ma’muriy ish yuritayotgan davlat organlari imkon qadar arizachiga har tomonlama ko‘maklashishi, undan zarur hujjatlarni tezroq olishi va ma’muriy ishni haqqoniy ko‘rib chiqishi lozim.

61. Ma’muriy organning mansabdor shaxsi yoki kollegial organ ma’muriy ishni majlisda ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ma’muriy hujjat qabul qiladi. Ma’muriy hujjatning shakli va asosliligini tahlil qiling.


O‘zbekiston Respublikasining 08.01.2018 yilda qabul qilingan “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunining 4-bobi ma’muriy hujjatga oid qoidalarni belgilaydi.

Xo‘sh, ma’muriy hujjat o‘zi nima?

Qonunning 51-moddasiga ko‘ra, ma’muriy organning mansabdor shaxsi yoki kollegial organ ma’muriy ishni majlisda ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ma’muriy hujjat qabul qiladi.

Ma’muriy hujjatni qabul qilish boshqa organlar va mansabdor shaxslarning ko‘rib chiqish natijalari asosida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bunday ko‘rib chiqish ushbu Qonun talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

Qonunning 53-moddasida ma’muriy hujjatga 5 ta asosiy talablar belgilangan bo‘lib, ular quyidagilar:

- qonuniy;

- asoslangan;

- adolatli;

- aniq;

- tushunarli.



Ushbu talablarga javob bermagan ma’muriy hujjat bekor qilinishi mumkin.

Muhokamaga berilgan masalada ma’muriy hujjatning shakli va asosliligini tahlil qilish so‘ralgan.

Qonunning 52-moddasiga ko‘ra, ma’muriy hujjat yozma shaklda qabul qilinadi. Qonun hujjatlarida ma’muriy hujjat boshqa shaklda, shu jumladan boshqa tegishli hujjatni berish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirish yo‘li bilan qabul qilinishi mumkinligi hollari nazarda tutilishi mumkin.

Yozma ma’muriy hujjat ma’muriy organning vakolatli mansabdor shaxsi yoki kollegial organ a’zolari tomonidan imzolanadi va ma’muriy organning muhri bilan tasdiqlanadi.

Ma’muriy hujjatning yozma shakli tushunarli bo‘lishi mumkin. Ammo muayyan harakatni amalga oshirish yoki hujjatni berish tartibi bo‘yicha qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Misol uchun, davlat xizmati ko‘rinishida biron-bir litsenziya olish bo‘yicha ma’muriy organga ariza berilganda, ushbu organ ma’muriy ish yakuni bo‘yicha ma’muriy hujjat sifatida ushbu arizachiga tegishli litsenziyani berishi, yoki, doimiy ro‘yxatga qo‘yish bo‘yicha ichki ishlar idoralariga qilingan murojaat bo‘yicha organ muayyan harakatni amalga oshirishi (pasportga doimiy ro‘yxatdan o‘tkazilganlik haqida muhr bosish) shaklida ham ma’muriy ish yakuni ma’muriy hujjat bo‘lishi mumkin.

Endi ma’muriy hujjatning asosliligi masalasga to‘xtalsak.

Qonunning 54-moddasida ma’muriy hujjatning asosliligiga oid norma bo‘lib, unga ko‘ra, ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida qabul qilingan ma’muriy hujjatning barcha haqiqiy va yuridik asoslari keltirilishi kerak.

Ma’muriy hujjatni asoslantirish chog‘ida ma’muriy organ tekshirilmagan yoki ma’muriy ish yuritish jarayonida ma’muriy ishga qo‘shib qo‘yilmagan yoxud ma’muriy ish yuritish ishtirokchilariga tanishish imkoniyati berilmagan dalillarga tayanishga haqli emas. Agar ma’muriy hujjatni qabul qilishda ma’muriy organga ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) berilgan bo‘lsa, ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida u yoki bu ma’muriy ixtiyoriylikka (diskretsion vakolatga) yoxud undan voz kechishga sabab bo‘lgan barcha baholar, vajlar va mulohazalar bayon etiladi. Bunda ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjatning ma’muriy tartib-taomillar prinsiplariga muvofiqligini asoslab berishi kerak.

81. Namangan viloyatida yashovchi fuqaro S.Tojiboyeva Qozog‘iston Respublikasi Kostanay gumanitar institutining “Qozoq tili va adabiyoti” mutaxassisligini 2008-2010 yillarda 2 yil muddatda bakalavr bosqichini tugatdi hamda Namangan viloyati davlat xizmatlari markazi orqali Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga xorijda olingan diplomlarini tan olinishi uchun murojaat qildi. Mazkur murojaat asosida test topshirishga muvofiq bo‘ldi.

Test natijalaridan ijobiy baholar bilan o‘tgach diplomni olish uchun qayta murojaat qildi. Oradan bir oy o‘tgach Inspeksiyaning bo‘lim boshlig‘i mazkur fuqaroga diplom berishni rad etgan hamda imtihon topshirish uchun to‘lagan BXMning 2 baravari summasi qaytarib berilmasligi chunki imtihon va boshqa tashkiliy ishlar uchun muassasa mazkur mablag‘larni sarflaganini bildirdi.

Vaziyatga huquqiy baho bering. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining faoliyatini huquqiy tahlil qiling.

Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi 1992 yil 1 yanvardan so‘ng berilgan hujjatlarni tan olish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi Nizom bilan belgilanadi.

Berilgan masalada, Inchpeksiyaning 2 ta harakatiga baho berish lozim. Birinchidan, inspeksiya hujjatni tan olishni asosli rad etganmi?

Ikkinchidan, to‘langan yig‘imni qaytarmasligi qonuniymi?

Nizomning 36-bandi “g” kichik bandida xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish oliy ta’lim bosqichlarida bakalavriat bo‘yicha o‘qish muddati uch yildan kam bo‘lsa yoki Yevropa ta’lim tizimi asosida o‘qish davomida 240 dan kam kredit to‘plagan bo‘lsa rad etilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, birinchi masala bo‘yicha Inspeksiyaning rad etishi qonuniy.

Ikkinchi masala bo‘yicha, Nizomning 6-bandiga asosan, xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda yig‘im davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘imning 90 foizi miqdorida undiriladi.

Qonunning 40-moddasiga ko‘ra, ma’muriy organlarga beriladigan arizalardan qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji yoki yig‘im undirilishi mumkin.

Yuqoridagi Nizomning 14-moddasida faqatgina talabgorga bog‘liq bo‘lmagan holatlar (talabgorning vafot etishi, mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishi va talabgorga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar tufayli davlat xizmatidan foydalanish zarurati mavjud emasligi) sababli davlat xizmatidan foydalanilmagan taqdirda, to‘langan yig‘im talabgorga yoki uning qonuniy vakiliga, qonuniy vakili bo‘lmagan hollarda huquqiy vorisiga qaytarilishi belgilangan.



Shunga ko‘ra, Inchpeksiyaning mazkur harakatida ham qonun buzilishi yo‘q.
Download 30.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling