Qayd raqami
-MAVZU: BАХT PSIХОLОGIK MUАMMО
Download 1.35 Mb. Pdf ko'rish
|
8-MAVZU: BАХT PSIХОLОGIK MUАMMО
REJA: 1. Bахt psiхоlоgik muаmmо sifаtidа. Bахt to`g’risidа nаzаriyalаr. Bахtning nisbiy mоhiyati. Bахt tushunshаsining etnik, gеndеr vа yosh хususiyatlаri. Uning diаgnоstikаsi vа dinаmikаsini o`rgаnish. 2. Sun’iy miya vа uning psiхоlоgik tаlqini. Intuitsiya, insаyt muаmmоlаrining ijоdiyotdаgi аhаmiyati. Idrоk mаydоni nаzаriyasi vа аqliy fаоliyat mаhsulаsi munоsаbаti. Miya vа sun’iy miya uzviyligi, uzluksizligi mаsаlаlаri tаlqini. 3. Оmаd vа оmаdsizlik muаmmоsining psiхоlоgik tаlqini. Muvаffаqiyat vа muvаffаqiyatsizlik. Оnglilik vа оngsizlik, оngоstlilik. Tа’sirlаnish vа tа’sirgа bеrilish: tаsоdifiy, оmmаviy, rеklаmа, nufuz. Ishоntirishning sаmаrаli jаbhаlаri: mаqsаdgа yo`nаlgаnlik, оb’еktning аniqligi, ахbоrоtlаrning nоtаnqidiy idrоk qilish, хulq-аtvоr ijrоsining yaqqоlligi. Baxt muammosiga oid izlanishlar o‘zining ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotiga ega bo‘lib, ularda ilmiylikka qaraganda,badiiylik ustuvorlik qilar edi. Badiiy xotirotlar majmuasi qadimgi nodir, noyob qo‘lyozmalar, og‘zaki nutq namunasida o‘z ifodasini topgan. Ular o‘zlarining salohiyati, mukammalligi bilan insoniyat uchun xulq-atvor qoidalari sifatida odamlarning turli-tuman nuqsonlardan asrash, ko‘ngil qolish (sovish) his-tuyg‘ularning xalokatli holatlarning oldini olishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Qadimgi dunyo allomalari, mutafakkirlari aksariyat hollarda baxt tushunchasini insonni ma’naviy va tabiiy jihatdan qoniqish holati sifatida tushunganlar. Ularning mulohazalarida mazkur holatga erishishning aniq yo‘llarini belgilash jarayonida birlik, umumiylik mavjud bo‘lsa-da, lekin nima bilan qoniqtirish va nimani qoniqtirish bo‘yicha o‘xshashliklar bor. Baxt muammosi insonshunoslik fanlarining predmetiga kirganligi tufayli turlicha yondashuvlar yordami bilan tushuntirishga va unga erishish vositalarini ishlab chiqishga harakat qilingan. Insonshunoslik fanlari tarixida baxt muammosini o‘rganishning asketik (yunoncha “asket” –“harakatga keltiruvchi” degan ma’no anglatadi, his-tuyg‘u, mayl va havasni paymol qiluvchi tamoyilga asoslanadi) va idonik (ichki rohatlanish, tana lazzati) o‘zaro bir-biriga zid nazariyalar vujudga kelgan. Asketik yo‘nalishning vakillari inson tanasiga, uning xohishlariga nisbatan loqayd va mensimay munosabatda bo‘lishlikni dalillashga urinadilar (qon, balg‘am, buyrak, ko‘z yoshi, ilik kabilardan iborat isqirt tanada xohish ijobatidan rohatlanish to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas). Ularning fikricha, xastalik, ochko‘zlik, g‘azab, hasad, judolik va hokazolarga limmo-lim tanada rohatlanish bo‘lishi mumkin emasdir. Baxt muammosiga “idonik” yondashuv qadimgi hind falsafa maktabiga xos bo‘lib, italiyalik gumanist faylasuf Lorando Vallo uning yaqqol vakilidir. Olimning fikricha, hayotning yuksak qadriyati- bu orombaxsh qo‘zg‘atuvchi ta’siridan tananing rohatlanishini sezishdir. Muallif mulohazalariga ko‘ra, baxtning atributlari- bu dang‘illama uy, kiyimning serobligi, jamiyki narsalarning muhayyoligi va go‘zal ayollardir. Eramizdan avvalgi VI asrda shu soha talqiniga oid uchinchi yo‘nalish vujudga kelgan va u “oltin o‘rtalik” degan nom bilan yuritiladi. Shu davr yirik allomasi Lyas Izining yozishicha, me’yorni bilgan odamda omadsizlik, muvaffaqiyatsizlik bo‘lmaydi. “Oltin o‘rtalik”ning ikkinchi vakili Konfutsiydir. Aristotel davridan boshlab antik dunyo falsafasida mazkur yo‘nalish ustuvorlikka erishadi. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqich vakili I.Kant mulohazasicha, azob tuyg‘usining ildizi qurigani yo‘q, tabiat uni inson faoliyatining stimuli sifatida yaratdi. Uning talqinicha, hamisha yaxshilikka yo‘nalgan,turmushdan shodlik tuyg‘usi harakatsiz xotirjamlik belgisidir. Bunday holat insonning turmushdagi aqliy harakati bilan mutanosib, go‘yo tirik organizmda yurak faoliyati to‘xtaganga o‘xshaydi, agar uning ketidan yangi turtki, qo‘zg‘ovchi vujudga kelmasa, u holda o‘lim sodir bo‘ladi. Sotsial psixologiya fanining tasdiqlashicha, baxt bu alohida individning hissiy holati, yuksak darajadagi kishilik jamiyatining guruhlarida uzluksiz ravishda farog‘at tuyg‘usi hukm sursa-da, lekin ko‘pchilik ro‘y-rost uni o‘zida aks ettira olmaydi. Psixolog I.Argayl mulohazasicha, baxt bu: a) umuman, turmushdan qoniqish kechinmasi, inson tomonidan o‘tmishi va hozirning umumreflektor bahosi; b) ijobiy his-tuyg‘ularning chastotasi va jadalligi (intensivligi)dir. Falsafada baxt aksariyat hollarda ideal sifatida qaraladi. XX asrda falsafa psixologiyalashib borishi natijasida insonning kechinmalari, uning ruhiy dunyosi ko‘proq hisobga olinmoqda. Baxt ideal sifatida insonning turmushidan doimo, to‘liq qoniqish hissiday namoyon bo‘ladi, agar sharoit vujudga kelsa, unda imkoniyatlar ro‘yobga chiqishi, maqsadga erishuv istagi aks etadi. Shuning uchun individual-psixologik baxt borliqdan va turmushdan qoniqish kechinmalari sifatida namoyon bo‘ladi. Baxtning ob’yektiv va sub’yektiv fenomenida (noyob jihatida) ikki xil shartlanganlik bilan tavsiflanadi: a) inson turmush sharoitlari, ruhiy holatlari bilan bog‘liqligi ob’yektiv borliq taqozosi; b) inson ruhiyati, hayotining idrok qilishi, unga munosabati, ularni ma’naviy qabul etishga aloqador sub’yektiv kechinmalar majmuasi ekanligi. Xorij sotsial psixologiyasida baxt muammosi turmushdan qoniqish ma’nosida tadqiqotchilar diqqatini o‘ziga jalb qiladi. Amerikalik psixolog, bixeviorizmning asoschilaridan biri J. Uotson tomonidan XX asrning boshlarida baxt manbalarini aniqlashga mo‘ljallangan anketa so‘rovnomasi o‘tkazilgan. XX asrning 40-yillarida Uotsonning safdoshi va izdoshi E. Torndayk turmushdan, yashashdan qoniqish omillarini tartibga keltirgan va ularni “yaxshi turmush sharoitlari” deb nomlagan. Ma’lumki, odamzod qay darajada baxtga erishishi mumkin degan masala barchani qiziqtirib kelgan. Ayrim odamlar o‘z baxtlarini qoniqish hissida, xotirjamlikda, o‘zining foydaliligini sezishda, moddiy ta’minlanganlikda ko‘radilar, boshqalari esa ko‘ngil xushlashda, rohatlanishda, vaqtni xush o‘tkazishda deb tushunadilar. Sotsial-psixologik tadqiqotlarida baxt va farovonlik (boylik, mo‘l-ko‘lchilik) tarkiblarini aniqlash yotganligi tufayli o‘zaro bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan emotsional (his-tuyg‘ular) va kognitiv (bilishga oid) yo‘nalishlar yotadi. Izlanishlarda qoniqishning umumiy omillari topilgan va ular quyidagi tarkiblarga ajratilgan: yaqqol holatlardan, vaziyatlardan qoniqish (ishdan, sog‘liqdan, qadr-qiymatdan, turmush yo‘ldoshidan va hokazolar). Baxt ruhiy va jismoniy salomatlik singari individning muayyan ijtimoiy aloqalari ko‘payishi tufayli ko‘lamini kengaytiradi. Ijtimoiy hislarning kamayishi va stress (zo‘riqish) vaziyatlarning paydo bo‘lishi sababli depressiya (ruhiy majruhlik) holati vujudga keladi. Qoniqish to‘g‘risidagi psixologik mulohazalar nisbiy xususiyatga ega, chunki ko‘pincha ular insonning hozirgi turmush vaziyatlarini o‘tmish davrlari bilan taqqoslash natijalariga bog‘liq, odatda, shaxsning farovonlik haqidagi tasavvurlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Do‘st va o‘rtoqlari, qarindosh- urug‘lari behisob odamlar o‘zlarini baxtiyor his etadilar. Do‘stlik baxtning shartlangan ustuvor kalitidan biri hisoblanadi. Aksariyat hollarda do‘stlik o‘smirlikdan tortib to turmush qurgunga qadar yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega. Nima uchun odamlarga do‘stlar kerak degan savol tug‘ilishi tabiiy. Birinchidan, moddiy yordam, qo‘shimcha axborot olish, hatto do‘stlar ularni kam darajada ta’minlashga ega bo‘lsalar ham. Ikkinchidan, maslahat tarzidagi ijtimoiy himoya, hamdardlik, ishonchli muloqot (muomala), borliqqa nisbatan qarashlardagi umumiylik. Uchinchidan, qiziqishlar birligi, hamkorlikdagi mashg‘ulotlar, o‘yinlar umumiyligi mavjudligi uchun va hokazo. Ish joyidagi o‘zaro munosabatlar inson uchun muhim ahamiyatga ega. Ishdan qoniqish- umumiy qoniqishning asosiy manbalaridan biridir: o‘z navbatida uning negizida ishxonadagi shaxslararo munosabat yotadi. Chunki rahbar faoliyatining ma’lum uslubida xodimlar o‘zlarini yaxshi his etadilar, binobarin, “ular bilan hisoblashish”, “muammolar yuzasidan qaror qabul qilishdagi qatnashuvchi e’tiborga olinishi”, ayniqsa, ijobiy sermahsul ta’sir qiladi. Turmush tashvishlarini hal qilishda amaliy va kundalik qoniqish sifatida rahbarlar yuksak ahamiyat kasb etuvchi manba tarzida namoyon bo‘ladi, chunki hamkasb o‘rtoqlariga nisbatan amaldorlar moddiy mukofotni oshirish imkoniyatiga egadirlar. Bu o`rinda ayollar bilan erkaklar o`rtasida farqlar yuzaga keladi vabu holat mana bunday ko`rinishga ega: erkaklar ayollarga nisbatan yuqori lavozimlarda o`zlarini baxtiyorroq, baxtliroq his etadilar,uncha katta bo`lmagan guruh ichida tenglik hukm surishni ustun ko‘rishadi. Ishxonadagi “o‘zaro munosabatdan qoniqish, bizningcha, ma’lum darajada kasbiy xususiyatlarga ega, bu narsa hamkorlik faoliyatida muammolarni yechish, qarorga kelish daqiqalari majmuasidan tashkil topadi. Yaxshi, barqaror kayfiyat evaziga ham bevosita, ham bilvosita ish yuzasidan aloqaga kirishiladi. Puxta ijtimoiy aloqalar baxt bilan uzviy bog‘liq ravishda kechadi. Shaxslararo aloqalar qanday qilib baxtga ta’sir etishi mumkin degan savolga javob berish oson emas. Jahon psixologlarining tajribalariga ko‘ra, ijtimoiy muloqotlar miqdorining ortishi baxt ko‘lamini kengaytiradi, shu bilan bir davrda o‘zaro munosabatlarning kamayishi baxtsizlikni keltirib chiqaradi. Psixologik tadqiqotlarda ijtimoiy quvvatlanishning umumiy ta’sirini tahlil qilish (oila, do‘stlar va boshqa kishilar ta’siri majmuasi) natijasida mana bunday omil yaqqol ko‘zga tashlangan: shunchaki manbalar mavjudligiga qaraganda, ularning intensivligi (jadalligi) katta ahamiyatga molik. Oilaviy turmushda o‘ta ahamiyatliroq ta’sir manbai – bu er yoki xotin, balkim oilaning biror a’zosi muhim rol o‘ynashidir. Har qanday ko‘rinishdagi aloqalar, munosabatlar stressning kamayishiga ta’sir etadi. Ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, eng kam stressga va depressiyaga uchraydigan ayollarning aksariyati oilali, ishli va farzandlidirlar. Oilaviy turmushdagi o‘zaro munosabatlar: turmush yo‘ldoshiga ega bo‘lgan ayollar hayotiy vaziyatlarda ko‘pgina stress holatlarni boshidan kechirganligiga qaramay, ular depressiya holatiga kamroq beriluvchanligi aniqlandi. Chunki ular o‘z muammolarini muhokama qilishda turmush o‘rtog‘I yordamiga tayanadilar, o‘zaro fikr almashadilar. Amerikalik psixologlarning fikricha, ishxonadagi xodimlar tomonidan insonni quvvatlash o‘ta ta’sirchandir, rahbarning, oilaning, do‘stlarning qo‘llashi alohida ahamiyat kasb etib depressiyaga etaklovchi stressning kamayishiga olib keladi. Rahbar muammoni hal qilishda o‘z hukmiga ega, agar u yaqqol ta’sirchan bo‘lsa, yordam manbai sifatida xizmat qiladi va stress darajasini pasaytiradi. Ishxonadagi hamkasblari uni jamoaviy quvvatlay oladilar. Ba’zan hamkasblari rahbar bilan xodimlar qaroriga qarama-qarshi tarzda hamkorlik ishtirokchisi sifatida stressning manbai rolini ham bajaradilar ( nizoli vaziyatlar, raqobat, raqiblik va hokazo). Ishdan qoniqish baxtli damlarni keltirish mumkin. Jahon psixologlari va bizning shaxsiy kuzatishimizcha, ishdan qoniqish nikoh, oiladan qoniqishga qaraganda, umumiy qoniqish ko‘rsatkichiga kichik hissa qo‘shadi, xolos. Baxtning eng qimmatli manbalaridan biri – oilaviy baxtdir, baxtsizlik esa ishdan qoniqmaslik. Ishdan qoniqish bir qator omillar, alomatlardan tashkil topadi, unda eng muhimi – bu mehnatdan bevosita lazzatlanish (lot. praksik) hislar majmuasi hisoblanadi. Mehnat o‘zining mustaqilligi, rang- barangligi bilan alohida tavsiflansa, inson o‘z ishining turmushiga ta’sirini seza olsa yoki o‘z mehnatini boshqa odamlar tomonidan tan olinishini his qila bilsa, mazkur hissiyot yuksak baholanishi mumkin. Ishdan qoniqish jismoniy va ruhiy salomatlikka, shuningdek, umumiy hayotdan qoniqishga ham ta’sir o‘tkazadi. Odamlar ishdan qoniqsalar, ish kuchlari ko‘rimsizligi kamayadi, ishga kelmay qolish keskin kamayadi, ish esa sifatli bajariladi. Ayollar o‘rtasidagi ishdan qoniqish muammosi alohida talqin va tahlil qilishga loyiq. Chunki ayollar erkaklarga qaraganda, ish o‘rnini yo‘qotganliklarini unchalik iztirob tuyg‘usi bilan qabul qilmaydilar. Istisno tariqasida oilaning yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan-da, bu holat og‘ir kechishi kuzatiladi. Ular erkaklarga qaraganda, sabr-bardosh bilan ish yo‘qotganligini boshdan kechiradilar, aksariyat hollarda unga loqaytlik bilan munosabatda bo‘ladilar. Ko‘pchilik odamlar uchun ishsizlik go‘yoki baxtsizlik keltiradi, xuddi shu bois insonda kayfiyat yomonlashadi, ruhiy holati buziladi. Bularning barchasi depressiyaga olib keladi, ayrim hollarda esa o‘zini o‘zi o‘ldirishgacha borib etishi mumkin. Sotsial psixologiyada ishsizlik omadsizlik sifatida talqin qilinadi. Shuning uchun bo‘sh vaqtni maroqli o‘tkazish baxtga ulanib ketadi. Bu qisqa davr insonlar nimalarni xohlashadi va qaysi narsalar ularni baxtli qila olishi mumkin degan muammoga javob topishga imkon tug‘diradi. Inson faqat uyqu va ish bilan cheklanishi mumkinmi yoki u o‘z hayotidan do‘stlar bilan muloqot, sport bilan shug‘ullanishni mutlaqo chiqarib yuborishi kerakmi degan savol tug‘ilishi tabiiy. O‘zga odamlar bilan muomalaga kirishish va unda o‘z individualligini namoyon qilishdan olingan qoniqish bevosita mazkur faoliyatda shaxs yuksak yutuqqa erishgan darajasiga bog‘liq. Bu holat qobiliyatlarning rivojlanishiga yordam beradi, natijada shaxs o‘sishining modelini yaratish ishtiyog‘I vujudga keladi. Bu narsa psixolog Maslouning mativatsiya nazariyasining asosi hisoblanadi. Uning mohiyati shundan iboratki, zarur ehtiyojlarning, hatto ijtimoiylarni qondirilishi jarayonida o‘sishga va o‘zini o‘zi faollashtirishga kuchsiz motivatsiya ta’sir qila boshlaydi. O‘tkazilgan bo‘sh vaqt motivatsiyasi tadqiqotida ijtimoiy motivatsiya bilan bir qatorda muhim tarkib tariqasida relaksatsiya ham aniqlangan. Organizmni bo‘shashtirish va hordiq chiqarish mehnat ta’tilini o‘tkazish usulini tanlash bilan tavsiflanadi. Ishdan holi vaqtning qoniqish manbai sifatidagi roli shu bilan izohlanadiki, u ichki motivatsiya bilan bog‘liq faoliyat uchun tanlov imkoniyatini yaratadi, muloqotdan qoniqish olishga yordamlashadi, dam olishga sharoit vujudga keltiradi. Boylik, pul sinfiy xususiyatga ega va baxt bilan uzviy bog‘lanib ketadi. AQSh tadqiqotchilarida baxt va xotirjamlik dastavval daromad, ma’lumot va kasb- kor bilan bog‘liq olib qaralgan bo‘lsa, xuddi shu masalaga Britaniya psixologlari esa ijtimoiy kelib chiqishga asosiy omil sifatida yondashadilar, daromad yordami bilan tuzatishlar kiritiladi, aslida esa uning negizi kasb- korga bog‘liqdir. Ma’lumotlarning tasdiqlashicha, pulning mavjudligi diskomfort keskinlik pasayishiga yordam beradi, shuningdek, bo‘sh vaqtni xush o‘tkazishning mazkur omiliga murojaat qilish evaziga kayfiyat ko‘tariladi. Kam daromad odamlarga qaraganda, serdaromadlilar qariyb sezilarsiz darajada qoniqish hissiga ega bo‘lganlar, xolos. Natijalarni umumlashtirish shuni ko‘rsatadiki, pul insonlarni tub ma’noda baxtli qila olmaydi, ya’ni u hech qachon qoniqish darajasini ko‘tarishning asosiy omili bo‘lib hisoblanmaydi. Aksariyat hollarda badavlat kishilargina pulga manba sifatida butun fikri va zikrini qaratish xususiyatiga egadirlar. Ularga berilgan savollarga bergan javoblari ushbu fikrimizni dalillay oladi. “Sizni hayotingizda pul qanday rol o‘ynaydi?” savoliga aksariyat shu toifadagi kishilar mana bunday javob qaytardilar: “Iymonim komilki, pul har qanday muammoni hal qilish qudratiga ega. U o‘ta qo‘rqinchli quroldan ham kuchlidir…”. Ushbu javobdan ko‘rinib turibdiki, pul ularni qurshab turgan odamlar ko‘z o‘ngida obro‘sini ko‘tarish vositasi sifatida qarash hukmrondir. Muayyan sinfga, tabaqaga dahldorlik, shuningdek, daromadlar ko‘rsatkichi baxtga hal qiluvchi bo`lmasada,lekin muayyan darajada ta`sir ko`rsatish qurbiga ega.Ammo shunday an`ana ham uchrab turadiki,pul, ma`lumoti past moddiy farovonlikka ega odamlar uchun muhim baxt omili sanaladi,yuqori daromadli fuqarolar esa ma`lumotlilik darajasini baxt va farovonlik omili deb atamaydilar.Moddiy ta`minlash darajasi unchalik yuqori bo`lmagan odamlar fikricha, yaxshi ma`lumotga va kasbiy imkoniyatga ega bo`lishligi ularni ma`lum ma`noda moddiy tashvishlardan forig ` qiladi,butun fikri qadriyatga qaratiladi,natijada shaxslararo munosabatlar takomillashadi,shaxsning kamol topishiga yordam beradi. Jahon psixologlari ma`lumotlariga qaraganda,eng xotirjam va baxtli odamlar Shimoliy Amerikada,yevropada avstraliyada yashaydilar.Yevropa qit`asida esa belgiya,daniya,golandiya,Angliya xalqlari germaniya,Italiya,fransiya fuqarolaridan o`zlarini baxtliroq hisoblaydilar. Kimni baxtli deb hisoblash mumkin degan savolga javob berishga loyiq materiallar mavjud.Odatda,ekstravertlar ko`p vaqtni muloqotga, yoqtirgan mashg`ulotiga, maroqli jismoniy mashgulotga ajratadilar.Kimda shaxslararo munosabat,muomala malakasi yo`q bo`lsa,unday odamlarda bezovtalanish, tashvishlanish darajasi yuqori, shu sababdan odatiy ijtimoiy vaziyatlardan,ya`ni uchrashuvlar, kechalr,yig`inlardan o`zlarini chetga oladilar. Shunday toifadagi kishilar ham borki, ularda doimo depressiv holatga moyillk seziladi,ammo boshqa bir xususiyatli odamlar ham mavjudkim, ularga amaliy jihatdan uzluksiz ravishda omad kulib boqadi, ishlari hamisha baroridan keladi, umuman, omadli insonlar baxtiyor chehralidirlar. Xo‘sh, bunday omadli, baxtli odamlar kimlar? Bular jamiki narsalarning ijobiy tomonini ko‘radigan, borliqqa optimistik yondashadigan insonlardirlar. Barcha ko‘rinish va holatlarni unday kayfiyatdagilar faqat yaxshilikka ravo ko‘radilar, ulardan ibratli, go‘zal jihatlarni ajrata oladilar va boshqalarni bunga ishontirishga intiladilar. Shunday xususiyatli shaxslar ham borki,ularni baxtli damlar tark etmaydi, olam bunday kishilar uchun har bir narsa cho‘g‘day tovlanadi, jilolanadi, go‘yoki borliq go‘zal va charog‘on. Borliqdagi hodisalar,vaziyatlar, holatlarni ular faqat xush kechinmalar, xabarlar sifatida talqin qiladilar, atrofdagilarga xayrixoh munosabatda bo‘ladilar. Bunday odamlar dilkash, dilbar, odamshinavanda, ochiq ko‘ngil fazilatlari bilan yoqimli assotsiatsiyalar (o‘xshash hollar, mos xush kechinmalar) vujudga keltiradilar. Ular tabiat va jamiyatda yuz beradigan har qanday vaziyatlarga ijobiy javob qaytarishga moyildirlar. Ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, o‘zini o‘zi baholash sub’yektiv xotirjamlik, farovonlik bilan barqaror munosabatga ega. Depressiv holat tazyiqiga uchragan odamlar o‘z xatti- harakatlarini salbiy baholaydilar, ko‘pincha o‘z fazilati, xislatini etarli darajada baholay olmaydilar. Butun hayoti davomidagi limmo-lim baxtsiz hodisalar natijasida o‘zini o‘zi baholash keskin pasayishi kuzatiladi. Jismoniy joziba, go‘zallik, qaddi-qomat, umuman, muhim omil bo‘lmasa-da, lekin xotin- qizlar baxti uchun katta ahamiyatga ega. Tashqi ko‘rinish ijtimoiy mavqeda aks etadi, bunday odamlar yuksak muomala maromlarini egallagan bo‘ladilar, xuddi shu bois ijtimoiy muhitga oson kira oladilar. Bo‘y-bast erkaklar uchun ham ahamiyat kasb etadi, ayniqsa qarama-qarshi jins uchun attraktsiya (lot. Ichdan mahliyolik) tuyg‘usini o‘yg‘otadi, peshqadamlik (liderlik) sersavlat bo‘ydor kishilarga xosdir. Psixologiya fanining ko‘rsatishicha, hayot va faoliyatning uch sohasi, ya’ni muomala, ish, hordiq qoniqish olishning asosiy ko‘rinishlari hisoblanadi. Qoniqish darajasi turmush tarzining yaqqol tavsiflariga bog‘liq (nikohdami yoki yo‘q, ish joyi bormi yoki yo‘q, do‘stlarichi? Va hokazo). Inson kayfiyatini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlab turish turmushdan qoniqish hissini vujudga keltiradi. Germaniya psixologlari ushbu fenomenni (noyob holatni) aniqlash uchun sinaluvchilarda sun’iy ravishda yaxshi kayfiyat uyg‘otish maqsadida hayotida yuz bergan yoqimli holatlarni eslash iltimos qilinadi, “osmondan tanga yog‘ish” imkonini yodga tushirish sharoiti yaratiladi. Sinov shinam xonada, quyosh charaqlagan kunda o‘tkaziladi. Natijalarning ko‘rsatishicha, qisqa muddatli kayfiyat qoniqish to‘g‘risidagi mulohazaga muayyan ta’sirini o‘tkaza olgan. Ma’lumotlarga binoan, o‘tmishdagi baxtli daqiqalar to‘g‘risida mulohaza yuritish qoniqish hissini kuchaytiradi, noxush kechinmalarni eslash esa ma’naviy tuyg‘uni susaytiradi. Da’vogarlik bilan maqsadga erishuv o‘rtasidagi uzilish faol ehtiyojlarni qondirish samarasiga tuzatish kiritadi, vaholanki, u amaliy jihatdan biologic ehtiyojlarni qondirishga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Yosh ulg‘ayishiga qarab quvonch hissi jadalligi (intensivligi), ya’ni ijobiy his- tuyg‘lar ketma- ketligi pasayib boradi. Shuningdek, maroqli mashg‘ulotlarga xavas, mayl jadalligi ham tushib ketadi. Shunday ma’lumotlar ham mavjudkim, bunda yosh o‘tishi balan erkaklarga baxtni his qilish kuchayadi, ayollarda esa susayadi. Ayollar yoshligida, bola tug‘ilguncha o‘zlarini haddan ziyod baxtiyor his qiladilar. Keksaygan odamlarda qoniqish hissi baxt tuyg‘usidan yuksakroq, agar ularning ma’lumoti past bo‘lsa, bu ko‘rsatkich yanada ko‘tariladi. Keksa odamlar hayotiy vaziyatlarga va qurshovdagi odamlarga tez moslashadilar, ular o‘z xatti-harakatlari bilan moslanuvchandirlar. Keksalikda da’vogarlik darajasi bilan kutilma pasayadi, xohish imkoniyat bilan mos tusha boshlaydi. Psixologiya fanida bir qator ham milliy, ham umumbashariy xususiyat kasb etuvchi tushunchalar, terminlar, atamalar, kategoriyalar, so‘z birikmalari mavjud, odatda, ular o‘zlarining xislat va vazifalari bilan muayyan darajada nazariy hamda metodologik ahamiyatga ega. Ana shunday muhim ilmiy tushunchalar qatoriga qariyb o‘rganilmagan psixologiyaning tadqiqot predmetiga aylangan armonni kiritish mumkin. Armonning psixologik mohiyati yuzasidan biz tomonimizdan ayrim mulohazalar bildirilgan, mushohadalar esa amalga oshirilgan bo‘lsada, lekin uning tuzilishi, insonning hayoti va faoliyatidagi roli, kamolotdagi ahamiyati to‘g‘risida fundamental, fenomenologik fikrlar, g‘oyalar ilgari surilmagan edi. Oldingi gipotetik xususiyatga molik fikrlarimizda “Armon” tushunchasining tarkiblari quyidagicha ekanligi bo‘yicha mulohazani muhokama qilish uchun insonshunoslik sohalarining mutaxassislari e’tiboriga havola etgan edik: 1. Ehtiyojiy (biologik turtkisidan ma’naviy xususiyatga o‘sib o‘tuvchi). 2. Motivasion (uzluksiz, uzviylik uyg‘unligi, chambarchas bog‘liqligi munosabatlarining ichki va turtkisi, harakatlantiruvchisi sifatida). 3. Emotsional- hissiy (inson emotsional holatlaridan qoniqish yoki qoniqmaslik, yuksak tuyg‘ulari, hislar kechinmalar ushalganligi, ezgu niyat tariqasida behalovatlik, yangi intilishlarga shaxsni safarbar etuvchi bezovtalanish, hadiksirash tuyg‘ularida gavdalanadi ). 4. Irodaviy (xavotirga solayotgan muammoni amalda ro‘yobga chiqarish uchun irodaviy holatlarni idrok qilish,tasavvur etish ob’ektiga yo‘naltiruvchi, harakatlantiruvchi). 5. Kognitiv (o‘tmishdagi bilish jarayonidan qoniqmaslik, o‘z izlanishi, imkoniyati voqelikka aylanishi qiyin kechishi tufayli kelajakda ro‘yobga chiquvchi tushunish, anglash darajasini ko‘tarishga yo‘naltiruvchi mobilizasion funksiya ). 6. Regulyativ (borliqni aks ettiruvchi, shaxslararo munosabatlarni omilkirona, odilona, oqilona tarzda uzluksiz boshqarish imkoniyati). 7. Xulqiy (fe’l atvordagi hatti harakat, muomalani maqsadga muvofiq kechishi, ijobiy yoki salbiy tomonlaridan qoniqish yoki qoniqmaslik, shaxsni tekshirish orqali bartaraf etishga, takomillashtirishga yo‘naltiruvchi hatti harakat majmuasi). 8. Ijtimoiy psixologik (muayyan davrni iliq eslash jarayoni, shaxslararo munosabatdagi birlik, o‘xshashlik, ta’sirlanish, ta’sir o‘tkazish kabilarni ro‘yobga chiqishning ijtimoiy psixologik mexanizmlari, unda muomalaning individual tipologik o‘ziga xosligi harakatga chorlovchi ekanligi). 9. Milliy (ham milliy, ham etnik xususiyatlar voqelikda sodir bo‘lishining o‘ziga xosligini hisobga olib turishdan iborat qiyoslashga takomillashtirishga undovchi tariqasida). Armon psixologik voqelik sifatida insonning hayoti va faoliyatida uning faollikka yetaklovchi barqaror sub’ektiv ichki turtki tariqasida muhim o‘rin egallaydi. Insoniyatning ijtimoiy tarixiy taraqqiyotida yakka shaxsni goh anglanilgan, goh anglanilmagan tarzda muayyan sa’y harakatlarga undovchi, sub’ektiv omillar tarkibidan ajralib chiquvchi, uning halovatini uzluksiz ravishda buzuvchi, hamisha intilishlarga chorlovchi murakkab ierarxik tuzilishga ega bo‘lgan, vaqt va fazo mezonlarini o‘zaro uyg‘unlashtiruvchi o‘chmas, ezgu niyatlar ushalishini ta’minlovchi hissiy tuyg‘ular(afsus, g‘urur, faxr, o‘kinch tushunchalarida mujassamlanuvchi) xulq atvor kechishini ijobiy yoki salbiy baholovchi, nuqson va orttirma ko‘rinishlarini muvofiqlashtiruvchi, bilish jarayonlarining yuksak va zaif unsurlariga (elementlariga) nisbatan munosabat bildiruvchi, o‘rnatuvchi omixta psixologik hodisa armon deb ataladi. Ayrim xalqlar, elatlar va etnoslar leksikonida qo‘llanuvchi “armon” atamasi o‘zining kelib chiqishi jihatidan ushalmagan orzular, ezgu niyatlar, o‘tmishning kemtik, noto‘kis tomonlari to‘g‘risida yaxlit obrazlar, tasavvurlar, achinish tuyg‘usi, pessimistik shakldagi hislarning majmuasi tarzida gavdalanadi. Bu ma’noda armon insonda murakkab kechinmalar tarzida vujudga kelishi, kechishi, rivojlanishi, takomillashuvi yoki so‘nib borishi(o‘kinch xis sifatida), umidsizlik tuyg‘usining kuchayishi ko‘rinishida mujassamlashuvi mumkin. Chunki ezgu niyat ushalishi bilan realiya o‘zaro birlik xususiyatiga ega emasligi, ularning ro‘yobga chiqishini ta’minlovchi mexanizm funksiyasini bajarishga nisbatan to‘la ishonch yoki versiya ham yo‘q ekanligi tufayli armonni keltirib chikarishi shak shubhasiz. Shaxsning imkoniyati bilan izzattalabligini bosqichma bosqich ro‘yobga chiqishi mobaynida uzluksiz bilan uzviylikning mutanosibligi buzilishi oqibatida unda (insonda) qoniqmaslik (umumiy ko‘rinishda) tuyg‘usi tug‘iladi va bu xodisaning takrorlanishi natijasida u armonga aylanadi. Munosabatlar, voqeliklar va hodisalar baholanishi bilan shaxsning intilishi, talabchanligi o‘rtasidagi nomutanosiblik hissini pasaytiradi, shuningdek, jismoniy harakatlar, aqliy operatsiyalar sustlashishini yuzaga keltiradi. Shu narsani ta’kidlash joizki, armon xotira kategoriyasidagi eydetik obrazlar (eydetizm) ga o‘xshash o‘chmas iz qoldiruvchi, hodisalarni eslashga, unga erishishga shaxsni undovchi omil sifatida ham ma’naviy, ham jismoniy harakatni amalga oshirishga uni yetaklaydi. Uzluksiz o‘chib yonib turuvchi svetoforga uni qiyos qilsak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, albatta. Eydetik obrazlar ham, odatda, ikki xil kechinmani o‘zida mujassamlashtirishi bilan boshqa psixologik vositalar (qurollar) dan ajralib turadi. Bu esa inson uchun eng ahamiyatli sanalar to‘g‘risidagi tasavvur obrazlari uning xotirasidan sira o‘chmaydi, o‘qtin o‘qtin ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz, goho assotsiativ tarzda namoyon bo‘lishga odatlangan. Birinchi kitob bilan tanishash, sirk tomoshalarini kuzatish, zooparkga tashrif buyurish, tug‘ilgan kunni dastlabki nishonlashuvi boshqa quvonchli daqiqalar tiklanib turishi bilan o‘ziga xoslikni kasb etadi. Shu bilan birga noxush holatlar, kechinmalar, ushalmagan tilaklar, jazo choralari, aldanishning alamli lahzalari chorasizlik tuyg‘ulari ham tiklanuvchi obrazlar, jonlanuvchi tasavvurlar tarzida tiklanishi yoki o‘chib borishi mumkin. Bu psixologik voqelik assotsiatsiyasi yordami bilan analitik tahlil natijasida. Xayolparishonlik, xukmdorlik, ustvorlik qilganida ularning negizida vujudga keladi. Armon kategoriyasi ham shunga o‘xshash omillar, mexanizmlar ko‘rinishida namoyon bo‘lishi kuzatiladi. Armon ommaviy xususiyat kasb etib, individual,guruhiy, milliy, umumbashariy, jamoaviy hatti harakatlardan qoniqish yoki qoniqmaslik his tuyg‘ularini o‘zida gavdalantiradi. Armon muammosini ushalmagan orzu sifatida emotsional hissiy xush yoki noxush kechinmalar orqali ifodalanishi turlicha ko‘rinishga ega bo‘lishini faraz qilgan holda uni muayyan tarkiblarga, turlarga ajratish maqsadga muvofiq: 1. O‘tmishni o‘zida aks ettiruvchi armon. 2. Hozirgi kecha kunduzni o‘zida mujassamlashtiruvchi armon. 3. O‘tmishni bo‘lg‘usi zamonga,kelajakka ko‘chiruvchi armon. 4. Ideal va komfort hissiga yondosh armon. 5. Uzluksiz harakatga undovchi, dinamik xususiyat kasb etuvchi, shaxsni ma’naviy, jismoniy hatti harakatga yetaklovchi armon. Armon inson ehtiyojini qondirishga qaratilgan, yo‘naltirilgan sa’y harakatlarning yig‘indisi, majmuasi sifatida ro‘yobga chiqishi mumkin. Ehtiyojlarning qaysi ko‘rinishi yoki turi bo‘lishidan qat’iy nazar (xoh biologik, xoh ma’naviy) ularni qondirishga nisbatan jismoniy, aqliy harakatlarni yo‘naltirishning real yoki xayoliy (fikriy) rejalarni tuzish jarayoni yuzaga keladi. Shaxsning xulq atvorini amalga oshirish jarayondagi nuqsonlar, ularni tuzatish(korreksiyalash) imkoniyati bo‘lmaganligidan afsuslanish tuyg‘usi negizida armon tug‘ilishi mumkin. Favqulotda xulqni boshqarish imkoniyatining zaifligi, o‘ng‘aysiz, qo‘pol xulqiy kamchiliklar, shaxsning mavqeiga, obro‘siga xalal berganligi tufayli uning halovatini buzishda, bezovtalanishni yuzaga keltirishda davom etaveradi. Xulq atvordagi oldingi nuqson armonga aylanadi, inson undan afsuslanadi, kelajakda bunday noxushlikning oldini olish intilishini uyg‘otadi. Shuningdek, nafaqat o‘zga, balki o‘zgalarga sodir etilgan voqelikdan o‘z vaqtida ogoh etmaganlikning oqibati ham afsuslanish hissiga aylanib, armonni shakllantiradi. Yiqilgan inson kulish emas, balki hamdardlik bildirish (empatiya) lozim ekanligini, o‘rinsiz, ortiqcha harakatlarning mavrudi emasligini o‘z vaqtida baholay olmaganligini afsus, nadomat bilan eslash(esga tushirish) armondan dalolat beradi. Armon muammosining psixologik tuzilishi motivasion, irodaviy, hissiy, kognitiv, regulyativ kabi tarkiblardan iborat bo‘lganligi uchun o‘tmishga, hozirgi zamonda, kelajakka taaluqli turtkilar, irodaviy zo‘r berishlik, ijodiy fikrlash, o‘zini o‘zi boshqarish (nazorat qilish, baholash, rejalashtirish) ni amalga oshirishni, ro‘yobga chiqarishni taqozo etadi. Talabalarda fan asoslarini egallashdagi qiyinchiliklar, kasbiy tayyorgarlikdagi murakkab jarayonlar, ta’lim tizimidagi ob’ektiv va sub’ektiv to‘siqlar o‘zlashtirmaslikni keltirib chiqaradi. O‘qituvchi bilan talabalar hamda talabalararo munosabatlardagi o‘zaro tushunish va o‘zaro yordamining zaifligi, hamkorlikning bo‘shlig‘i o‘quv faoliyati samaradorligini pasaytiradi. Bunday noxush hodisalarning uzluksiz takrorlanishi armonni vujudga keltiradi. Bu odatiy holatning oldini olish uchun, uni kamaytirish uchun o‘tkazilgan tajriba natijalari bo‘yicha qilingan tavsiyalardan namunalar keltiramiz. Talabalarni ijodiy fikrlash, mustaqil ravishda bilimlarni egallash imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish to‘g‘risidagi hozirgi zamon psixologik ilmiy nazariyalar qonun xususiyatiga ega bo‘lgan uch omilni yoki uch manba (shart sharoit) ni ta’kidlab o‘tishni taqozo etadi. Mazkur shart sharoitlarni izchillikda (uzluksiz va uzviylik prinsiplariga asoslangan holda) bajarish talabalarda o‘zlashtirishning yuqori ko‘rsatkichini taminlaydi. Endi ularning har birini psixologik tavsiyalashga harakat qilamiz, chunki noan’anaviy vositalar, usullar yordami bilan ma’lumotlarni o‘zlashtirish ijodiy, samarali fikr yuritishni talabalarda shakllantiradi. Talabalar tomonidan o‘tilgan mavzular bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarni, mutaxassislikka oid bilimlarni anglagan holda mantiqiy jihatdan mustahkam (puxta ) egallash birinchi shartni o‘zida mujassamlashtiradi. Bu omil shaxsni fikr yuritish yo‘nalishining mantiqiyligi, izchilligi, uyg‘unligi, teranligi prinsiplari bilan mos tushishi mumkin. Biroq talabalar bundan keyin ham muvaffaqiyatli mustaqil o‘qishlari uchun yuqoridagi mulohazalar yetarli emas, albatta. Bundan tashqari, kasbiy ko‘nikmalar va bilimlarni puxta va mantiqiy ketma ketlikda o‘zlashtirish bilan qanoat hosil qilish bilan cheklanib qolmasdan, balki ularning mazmunan to‘la, shaklan invariant ko‘rinishlarini egallashga intilishi bilan ajralib turadi. Talabalikning dastlabki yillarida fanga, muhitga motivatsiyasining zaifligi, oliy ta’lim tizimi talab va sharoitlariga moslashuvning qiyin kechishi kasbiy tayyorgarlikka salbiy ta’sirini o‘tkazadi, keyinchalik shaxslararo munosabatlar ijobiylashuvi natijasida hamkorlik faoliyatidagi nuqsonlar kamayib boradi. Shuni ta’kidlash joizki, o‘rtacha o‘zlashtirish darajalari bilan keyingi kursga ko‘chirilgan talabalar o‘qituvchilarni homiylik qilish, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish predmetiga aylanib qolishi ehtimoli mavjud, hatto ularning orasidan o‘zlashtirmovchilar guruhi vujudga kelishi ham mumkin. Agarda ularda o‘quv motivatsiyalari shakllanmasa, faoliyatni mustaqil tashkil eta olmasa, shaxslararo hamkorlikka erishmasa, u holda bu omil yanada murakkablashib boradi, natijada ob’ektiv va sub’ektiv xususiyatga ega bo‘lgan nizolar (nizoli vaziyatlar) ko‘lami kengayadi. O‘z o‘zini boshqarish, o‘z o‘zini nazorat qilish, o‘z o‘zini baholash o‘quv faoliyatining tarkibiy qismiga o‘sib o‘tmagunga qadar o‘qituvchi bilan talabalar va talabalararo munosabatlarda negativ(salbiy) holatlar yuzaga kelishi davom etaveradi. Talabalarni mustaqil ta’lim olishga uquvchanligi (qobiliyati) rivojlanishining (tarkib topishining) ikkinchi omili ta’lim qonuni sifatida quyidagi vositalar yordami bilan amalga oshirilishi mumkin: A. O‘qishga nisbatan uquvchanligining talabalarda shakllanishi ularda mas’uliyat, javobgarlik tuyg‘ulari barqarorlashuvi bilan bir davrning o‘zida kechadi; B. Bo‘lg‘usi mutaxassis kasbiy tayyorgarlikni chuqur his qilgan holda shaxsiy hamda ijtimoiy burch, vatanparvarlik, mehnatsevarlik hislarini o‘zida mujassamlashtirishga intilishni anglab yondashish tufayli egasining o‘rni, mavqei, taraqqiyot uchun ahamiyatini tushuna boshlaydi. Talabalarda o‘quv motivatsiyasining vujudga kelishi, rivojlanishi, takomillashuvi, ma’ruza, seminar, amaliy mashg‘ulotlar va laboratoriya ishlariga kasbiy tayyorgarlik (kamolot,maxorat) yuzasidan yondashuv, auditoriya (laboratoriya)ga ongli munosabat ularda diqqatni, ijodiy, sermahsul fikrlashni, irodaviy xislatlarni, kognitiv imkoniyatlarni, yuksak his tuyg‘ularni, o‘z o‘zini boshqarishni, hamkorlikni muayyan ob’ektga to‘planishni ro‘yobga chiqaradi. Talabalar tomonidan kognitiv jarayonlarni to‘g‘ri tashkil etish, oqilona reja tuzish, aqliy hatti harakat va usullardan unumli foydalanish, o‘zini kasbiy faoliyatga dahldor mashg‘ulotlarga ongli yo‘naltirish (majbur etish, ya’ni irodaviy zo‘r berish), muammo yechimini modifikatsiyalari, invariantlari yuzasidan mulohaza yuritishga o‘z shaxsini ruhan tayyorlab borish muvaffaqiyatlar negiz bo‘lib xizmat qiladi. O‘quv faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish natijasida (ya’ni o‘qituvchi bilan talaba hamkorligi) talabalarda o‘quv motivatsiyasi tarkib topadi, uquvchanlik qobiliyati rivojlanadi, mustaqil ijodiy fikr yuritishga odatlana boradi. Buning uchun auditoriya hamkorlik faoliyati negiziga aylangandagina ta’lim sub’ektlarida empatiya, simpatiya, attraksiya, refleksiya singari yuksak xislatlar, his tuyg‘ular, umumlashgan fikrlash vositalari asta sekin, bosqichma bosqich shakllanadi. Hamkorlik tuzilmasi, tarkib topishi bosqichlari, hatti harakat turlari, o‘zaro ta’sir o‘tkazish me’yori, shaxslararo munosabat maromlari to‘g‘risidagi psixologik texnologiya bilan tanishish(egallash) orqaligina o‘zini boshqarishga erishish mumkin. Oldingi ta’lim qonunlaridan qolishmaydigan sharoitlardan, manbalardan biri bu mustaqil bilim olish ko‘nikmalarini talabalar tomonidan egallashdir. Talabalar maktabda, kasb hunar kollejida, akademik litseylarda mustaqil faoliyatni tashkil etish ko‘nikmasiga muayyan darajada o‘rgatilsada, lekin oliy ta’lim tizimi ularning oldiga murakkab vazifalarni yuklaydi. Odatda, ta’lim taraqqiyotni yetaklaydi degan tezisga (tendensiyaga) talabalarni kasbiy materiallarni va malakalarni egallashning yo‘l hamda vositalariga ta’lim jarayonida o‘rgatish orqali armon tuyg‘usi tonusini pasaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Lekin armon muammosi o‘zining psixologik tuzilishi jihatidan murakkabligi uchun uni motivasion, emotsional hissiy, kognitiv, irodaviy, regulyativ nuqtai nazardan tadqiq etish shaxsning faolligini oshirishga, ijodiy, yangicha fikrlash qobiliyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Download 1.35 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling