Qlichev u., Mamatov sh. Jadidcilik harakati tarixi


Download 0.82 Mb.
bet34/55
Sana14.02.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1196994
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   55
Bog'liq
portal.guldu.uz-JADIDCILIK HARAKATI TARIXI

Nazorat savollari:
1.
2.
3.


3- asosiy savol:
Jadidchilik harakatining siyosiy kuch va rahbarlikka aylanishi.
Dars maqsadi:
IDENTIV O’QUV MAQSADLARI:
1.
2.
3.
3-savol bayoni:
Sovet davrida yaratilgan tarixiy adabiyotda Turkiston ziyolilari, ayniqsa, ularning sarvari bo'lmish jadidlar 1916-yilgi qo'zg'olonda ishtirok etmaganlar. Ular chor hukumati tarafida turib, qo'zg'olonga salbiy munosabatda bo'lganlar, degan fikr chuqur o'rin olgandi. Aslida esa Turkiston yerli aholisining 1916-yilgi shonli milliy ozodlik harakatida o'lka ziyolilari, munavvarlari bo'lgan jadidlar faol rol o'ynagandilar.
Jadidlar Nikolay II ning 1916-yil 25-iyundagi farmonini bekor qilish va butun o'lka bo'ylab birdaniga isyon harakatini boshlash uchun kurash olib bordilar. Yosh buxoroliklar sardorlaridan Usmonxo'ja Po'latxo'jayev, Yosh xivaliklar rahbari Pahlavon Ni-yozhoji, Turkiston jadidlari Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvar Qori Abdurashidxonovlar xalq ommasmi o'lka qo'zg'oloniga da'vat etganlar, joylarda aholining yig'inlarini o'tkazdilar, o'sha mudhish farmonni bekor qilishni qat'iyan talab qilib chiqdilar.
SamarqanddanMuftiy Mahmudxo'ja Behbudiy,Toshkentdan Munavvar Qori, Xivadan Polvonniyoz Yusupov, Buxorodan Usmonxo'ja, Jizzaxdan Qori Komil, Qo'qondan Obidjon Mahmudov. Andijondan Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev, Sa'dul­laxo'ja Tursunxo'jayev, Haqqul Husanboyev, Akbar O'rozaliyev beklar va boshqalarning ishtirokida bo'lgan yig'inlarda mardikorlikka olish haqidagi farmonga qarshi kurash tadbirlari ishlab chiqilgandi. Turkistonda mardikor olish xususidagi farmoyishning qonuniy shakl olishiga monelik qilish uchun tadbir ko'rdilar, bu farmon qo­nuniy shakl olgan taqdirda norozilik mohiyatidagi isyonlar chiqarishni ko'zda tutdilar.
Andijon shahridagi eng yi­rik millioner, milliy burjuaziyaning tipik vakillaridan biri, jadidchilik harakatining homiylaridan biri Mirkomil Mirmo'minboyevning Qo'qon va Marg'ilon shaharlari mingboshilari nomiga yo'llagan xatida shunday yozgan edi: «Shahringizdagi aholi va boylarga mardikorlikka qarshi chiqishlarini ayting, Rossiya­ning ahvoli juda tang, shu­ning uchun hech narsadan qo'rqmanglar. Hammangiz bir yoqadan bosh chiqarib ish yuritingizlar, mardikor olinishiga qarshi qo'zg'olon ko'tarilishi oson. Hozirgi vaziyatda hukumat amaldorlariga pul bo'lsa bas, hamma ishni bitiradilar. Mening xaloyiqni qo'zg'olonga undash harakatim bilinib, tekshiruv o'tkazilganda 150 ming so'm berib o'zimni saqlab qoldim. Shu boisdan sizlar ham xavotirlanmay harakat qilaveringlar».
Andijon taraqqiyparvarlar jamiyati sardorlaridan biri, keyiinchalik Turkiston milliy muxtoriyati tashkilotchilaridan biri, hukumat a'zosi bo'lgan Ubaydulla Asadullaxo'jayev o'sha 1916-yil A.N.Kuropatkinga tutqazgan arizasida ham Andijon uyezdi boshlig'i polkovnik Brjezitskiy davrida, avvallari ham mavjud bo'lgan poraxo'rlik, tovlamachilik, zo'ravonlik nihoyatda kuchayib ketgani va bu qoidaga aylangani, tizimga tushganini bayon etgandi. Aholidan o'lpon olish va poraxo'rlikka mahalliy amaldorlarni, ellikboshi, mingboshilar, shahar bosh oqsoqo­li Shermat Alimqulov kabi ma'muriyatni jalb qilganini, soliq, o'lpon undirish, pora olish ma'muriyat vakillari tomonidan bevosita emas, balki bilvosita, o'rtadagi odamlar orqali amalga oshirilayotgani ham aytilgandi o'sha shikoyatda. Uyezd boshlig'i tilmochi Yusufhoji Chorishev hamda pristavlar tarjimonlari pora olishda mustamlakachi ma'murlarga vositachilik qilayotganliklari, natijada aholining amaldorlarning noqonuniy ishlari yuzasidan shikoyatlari hech qachon adolatli hal qilinmayotgani ham Ubaydulla Xo'jayev arizasida ko'rsatilgandi.
Chor ma'murlari, bosqinchilarning poraxo'rlikka mukkasidan ketganligi, bunday og'ir yukning mahalliy aholi yelkasiga tushgani Zakiy Validiy To'g'on esdaliklarida ham o'z ifodasini topgan. Chor hukumatining Peterburg va Turkistondagi amaldorlari, Buxoro va Xiva xonlaridan, Turkiston mahalliy aholisidan katta poralar olgani haqida to'xtalib, Zakiy Validiy To'g'on mana bu dalillarni keltirgan:«Amudaryo uyezdi boshlig'i polkovnik Gulasovskiy, ma'lum muddatda Turkiston general-gubernatori bo'lgan general Galkin, harbiy vazir Suxominov, Rusiya harbiy shtabining Osiyo bo'limi boshlig'i general Seel va uning muovini Abdulaziz Davlatshin juda katta pora oldilar... Turkiston general-gubernatori Kuropatkin urush ehtiyojlari uchun aholidan 2 million 400 ming rubl «sovg'a» to'plagan edi. Bu pullarning ko'p miqdori generalning cho'ntagida qolar edi».
1916-yil iyulida Andijon mahalliy jamoatchiligi nomidan jadid Ubaydulla Xo'jaev, millioner boy Mirkomil Mirmo'minboyev, jadidlarga xayrixoh bo'lgan sotsialist-revolyutsioner Vadim Chaykinlar Peterburgga borib davlat dumasiga Turkistonda ro'y bergan dahshatli, fojiali voqealarni izohlab, Andijonga duma a'zolaridan kelib, mustamlakachi ma'murlarning bu yerdagi jinoyatlarini tekshirib, aybdorlarni jazolashni talab qiladilar. davlat dumasi a'zolari Rayevskiy, Vinogradov, P.B.Tevkeleyevlar andijonlik vakillar xatiga, talablanga ko'ra Oliy bosh qo'mondonlik qarorgohiga borib, bor ahvolni bayon etishib, zudlik bilan chora ko'rmaslik, kelajakda og'ir oqibatlarga olib keli­shini bildirishdi. Bunga muvofiq podsho Nikolay II Turkistonda mardikorlikka olish muddatini 1916-yil 15-sentabrgacha kechiktirish haqida farmon berdi. G'arbiy front qo'mondoni A.N.Kuropatkin Toshkentga Turkiston general-gubernatori qi­lib jo'natildi. A.N. Kuropatkin bilan birga Turkistonga IV davlat dumasi a'zolari A.F.Kerenskiy, K.B. Tevkeleyevlar keldilar, ularga Sh.Z.Muhammadyorov, Mustafo Cho'qayevlar hamroh bo'lishgandi.
Ular Toshkent, Qo`qon, Marg'ilon va boshqa shaharlarda bo'ldilar. 24-avgust kuni Duma a'zolari A.F.Kerenskiy, K.B.Tevkeleyev, Mustafo Cho'qayevlar Andijondagi «Slava Rossii» mehmonxonasida tunaydilar. Ertasiga ertalab mehmonlar qo'zg'olon ko'tarilgan Jome' masjidiga keladilar, bu yerda to`plangan aholi bilan uchrashadilar. Xaloyiq Andijondagi unutilmas iyul kunlarida nimaiki fojia yuz bergan bo'lsa, uni Peterburgdan kelgan duma vakillariga bayon qiladi.
Andijonda chiqayotgan «Turkestanskiy golos» gazetasining 26-avgust sonida shunday xabar chop qilgandi: «Davlat dumasi a'zolari Andijonda ikki kun bo'lganlarida ular huzuriga rus, sart va tatar jamiyatlaridan ko`plab vakillar tashrif buyurishdi. Taxminiy hisoblarga ko'ra shu qisqa vaqt ichida deputatlar Andijondagi barcha millatlar va turli xil jamoat vakillaridan yuzga yaqin kishilarni so'roq qilganlar. Bu so'roqlar qisman shikoyat, arznoma, talablar shaklida bo'lib, mahalliy aholining katta qismini o`z og'izlaridan deputatlar va ularning kotiblari yo­zib olganlaridan boy materiallar to'plandi, ularning eng dolzarb masalalari Toshkent sud palatasi prokuroriga xabar qilinadi. Ancha murakkab masalalar esa, davlat dumasi minbaridan, shu­ningdek duma budjet komissiyasida aytiladigan bo'ldi».
Davlat dumasi a'zolarining Turkistonga kelishini va ularni 1916-yilgi mudhish voqealar bilan tanishtirish ishini tashkil qilganlar ham jadidlar ekani yuqoridagilardan ma'lumdir.
TTMB boshlig'i o'rinbosari podpolkovnik Rozalion-Soshalskiyning 1916-yil 24-noyabrda yo'llagan ma'ruzanomasida Andijondagi «Turkestanskiy golos» gazetasi binosida har kuni oqshomda gazeta muharriri Chaykin raisligida o'zlariga «taraqqiyparvar» nomini bergan yo'nalishdagi 20 ga yaqin o'zbek yoshlarining yig'ilishlari o'tkazilayotgani, bularda hozirgi ahvol va boshqa masalalar muhokama etilayotgani aytilgan.
Polkovnik Volkov agenturasi yo'llagan axborotda Andijon «taraqqiyparvarlar»i maslakdoshi rus jurnalisti Vadim Chaykin hokimiyatga qarshi mahalliy yoshlarni uyushtirayotgani qayd etilgan. Turk-yunon urushida millatdosh, dindosh Turkiyaning yunonlar ustidan g'alaba qozonishiga umid bildiruvchi va bu ishga ko'mak beruvchi maxfiy jamiyat bo'lib uning asosiy maqsadi mahalliy rus hokimiyatini yerga urib qoralash orqali yerli aholi o'rtasida obro' qozonishdan iboratligi ham ko'rsatilgan. TTMB maxfiy agenti Mirza Ahmad Qushbegiyev uni to'ldirib, «Agar bu jamiyat jazosiz qolaversa u holda dahshatli kuchga aylanadi. Xalq ularning qaramog'iga ilinib, jilovini ularga berib qo'yadi», deb andijonlik taraqqiyparvarlarning siyosiy kuch ekanini ta'kidlagan.
Taraqqiyparvarlar o'z oldiga siyosiy erkinlikka erishish, rus va mahalliy ma'muriyat zulmidan ozod bo'lishdek maqsadni vazifa qilib qo'yganlar. Ularga ruscha va musulmoncha ma`lumotga ega bo'lgan Andijon yoshlarining ko'pchiligi xayrixoh edi. Andi­jon uyezdi boshlig'i polkovnik Yu.A.Brjezitskiy Farg'ona viloyati harbiy gubernatoriga 1916-yil 13-sentabrdagi bildirgisida «Hozirda aholi ma'muriyat ovoziga emas, balki janob Vadim Chaykin, Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev, Ahmadbek Hoji Temurbekov, Poshshoxo'ja Umarxo'jaevlar va ular to'dasi ovoziga quloq osmoqda. Odamlar arz-shikoyatlar bilan ma'muriyat oldiga emas, balki o'shalar huzuriga adolat istab bormoqda. Ma'murlar Toshkent, Andijon va Qo'qon kabi yirik ma'muriy markazlarda tobora kuchayib borayotgan «taraqqiyparvarlar» firqasidan juda hayiqib qolishdi» deb yozgan.
«Taraqqiyparvarlar» sardori Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayevning «Rus imperator jug'rofiya jamiyati» majlisidagi ma'ro'zasida «Rus xalqi bizlarni o'g'irlik va jinoyatga o'rgatdi» degan fikrni «Turkestanskiy golos» gazetasi o'z sahifalarida yozgan edi. Buni o'qigan mustamlakachi shovinistlar nihoyatda darg'azab bo'lishgan.
Aholi tomonidan advokat Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev nomiga yozilgan arizada shunday yozilgan: «Hozirgi Andijon nohiyasi boshlig'i Brjezitskiy davrida avvallari ham mavjud bo'lgan poraxo'rlik, tovlamachilik va zo'ravonlik nihoyatda kuchayib ketdi. Qonun-qoidaga aylangan bu sistemaning xususiyatlari, birinchidan, aholidan o'lpon olish va poraxo'rlikka mahal­liy amaldorlar: ellikboshi, mingboshi va shahar bosh oqsoqoli Shermat Alimqulov kabi ma'muriyat vakillari jalb etilayotganida, ikkinchidan, soliq, o'lpon undirish va pora olish ma'muriyat vakillari tomonidan bevosita emas, balki bilvosita vositachilar orqali amalga oshirilayotganida namoyon bo'lmoqda. Xususan, nohiya boshlig'ining tilmochi Yusufjon Hoji hamda pristavlarning tarjimonlari vositachilik qilishmoqda. Bu usul shun­day ustalik va izchillik bilan olib borilmoqdaki, natijada aholi amaldorlarning qonunga xilof ishlari yuzasidan qilgan jinoyatlari hech qachon adolatli hal bo'lmaganligiga ko'nikib ketishgan. Bu ahvolni Asadullaxo'jayev general-gubernator Kuropatkinga yetkazgan. U esa Asadullaxo'jayevning talabini qondirib Andi­jon tuman boshisini lavozimidan chetlatadi. Shuningdek mar­dikorlikka olish bo'yicha barcha ishlar jadidlar rahbarlik qiluvchi «Tuzem qo'mitasi» ixtiyoriga topshirilib, uning raisligiga U. Asadullaxo'jayev, muovinligiga esa Munavvarqori Abdurashid­xonov tayinlanadi».
Kuropatkinning «taraqqiyparvarlar»ga ko'rsatgan bun­day ishonchi tagida yotgan yashirin maqsadni fahmlamagan shovinistlar benihoya darg'azab bo'ladi. Polkovnik Brjezitskiy maslakdosh do'sti, Farg'ona viloyati harbiy gubernatori vazifasini bajaruvchi polkovnik Ivanovga yuborgan xatida shunday degan: «Tuzemetslar so'nggi vaqtda surbetlashib ketishdi. Ja­nob Xo'jayevlar va Chaykinlar «Kambag'al tuzem aholini ezayotgan ma'muriyat» ustida yana arzbozlik kompaniyasini boshlamoqda. Fikrimizcha, zudlik bilan ularning faoliyatiga chek qo'yish kerak. A. Chaykin, Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev ukasi Bashirullaxo'ja, Ahmadbek Temirbekov, Poshshoxo'ja Umarxo'jayevlarni mardikorlikka jo'natish tugaguncha o'lkadan chiqarib yuborish zarur. Shaxsan o'zim ko'rgan-kechirganlarim asosida mahalliy aholiga ishonchimni batamom yo'qotdim. Bu xalq iyul oyida rus qizlarini va ayollarini zo'rladi, ko'priklarni yondirdi, himoyasiz amaldorlarni o'ldirdi. Bunday yowoyilar-ga men endi sira ishonmayman. O'lkadagi 27 yillik xizmatimdan kelib chiqib, shunday qat'iy xulosaga keldim: yowoyi tuzemlarga bizning insonparvarligimiz mutlaqo to'g'ri kelmaydi. Faqat miltiq-nayzalargina ularni mardikor berishga majbur qiladi». 1898-yilgi Andijon qo'zg'olonini bostirishda faol qatnashgan Brjezitskiyning bu xulosasi polkovnik Ivanovning o'sha vaqtda xalq orasida mashhur bo'lib ketgan «bir rus soldati etigi poshnasi mingta tuzemets ablahdan afzal», degan iborasiga hamohang edi.
Shovinist Ivanov jadidlarni, ayniqsa, Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayevni o'lgudek yomon ko'rardi. U bor vositalarni ishga solib taraqqiyparvarlar ustidan jinoiy ish qo'zg'adi. Shax­san o'zi ko'zatuv ishlari olib bordi. 162 varaqni tashkil etgan ma'lumotnomasida «taraqqiyparvarlar»ning rus inqilobchilari bilan hamkorligi xunuk oqibatlarga olib kelishi haqida ma'lumot to'plab o'lka hukmdori Kuropatkinni qo'rqitmoqchi bo'ldi. «Xo'jayev o'z ta'sirini kuchaytirish uchun, - deb yozgan edi Ivanov, - Andijondagi Sulaymon Kelginboyev to'dasi bilan bitim tuzib, tayyor tashkilotga bosh bo'lib oldi. Kelginboyevning Asadullaxo'jayev bilan ittifoqiga «Turkestanskiy golos» gazetasi muharriri, faxriy fuqaro A.A.Chaykinning ukasi Vadim Chaykin va o'z xodimi yahudiy II ya Yakovlevich Shapiro bilan jon dili bilan kirishgan va u bilan til biriktirgan».
«Bu o'zbeklar, - deyiladi TTMB boshlig'i o'rinbosari, polkov­nik Rozalion-Soshalskiyning 1916-yil 24-sentabrdagi bildirgisida, - Andijon shahrining eski qismini o'zaro bo'lishib olishgan va har kuni o'z jabhalarini aylanib chiqadilar va aholidan hol-ahvol so'rash ma'nosida qandaydir shikoyatlar yo'qmi degan savollar ham berishadi. Boshqacha qilib aytganda, ularning o'zlari aholi vakillariga biron narsa bo'yicha shikoyat yozishlikka shama qila­dilar. Kechqurun tahririyatda to'planishib Chaykin va uning yordamchilari, jumladan, huquqshunos Shapiro ishtirokida yig'ilish o'tkazadilar».
Chaykinning general-gubernatorga yo'llagan telegrammasi bo'yicha Andijon shahrining katta oqsoqoli ishdan olingan vaqt­dan beri Chaykinning ahamiyati yanada ko'tarilib ketadi. Shun­dan beri Chaykin general-gubernator bizning tomonimizda va u, Chaykin ma'muriyatdagi har qanday amaldorlarni xizmatidan haydashi mumkin, deb yuribdi. Deyarli har kuni «Turkestanskiy golos» gazetasi tahririyatiga kelib, yig'ilishda qatnashayotgan «taraqqiyparvar»chilardan hozircha quyidagilar ma'lum: Olimjon Hoji Mirza Yusupov Asaka volost boshqaruvchisining sobiq mirzasi, Sa'dullaxo'ja Tursunxo'jayev savdogar, Mirkomil passajida o'zining manfaktura (gazlama) do'koniga ega, Mirali Umarboyev shahar noibi, Latifjon Maxsum Qoziyev, Andijon shahri 2-qismidagi hokim tilmochi, Olimjon Hojining qarindoshi, Qo'chqorboy Alimov, Mirali Umarboyevda prikazchik Otaxon Nazarboyev xususiy kitob do'koniga ega, Mirhaydar, Mirkomil Mo'minboyev uyi yonidagi gazmol magazinni egasi.
Nihoyat, Kuropatkin o'ta shovinist generallar va zobitlarning siquviga dosh berolmay, mardikorlikka safarbarlikni uyushtirishda adolatli ish ko'rishni talab qilgan jadidlarni sudga beradi. Ammo Turkiston o'lkasi tarixida kutilmagan voqea yuz beradi. Toshkent okrug sudi raisining o'z kasbdoshi, ishonchli vakil - advokat Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev va uning safdoshlari ustidan farmonining e'lon qilinishi Turkiston xalqini qo'zg'olon ko'tarishga majbur etadi. Jadidchi Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayevning Andijonga kelgan A.F.Kerenskiy va boshqalarga qo'zg'olonni yuzaga keltirgan sabablari haqida aytgan mana bu fikrlariga e'tibor bering: «Podsho farmoni e'lon qilinmasdan oldin Andijonda mustamlakachi ma'murlar xalqni aldab sizlarning o'g'illaringizni frontga olmaymiz, shu bois armiyani qo'llab unga otlar va boshqa kerakli narsalar bilan yordam bersangiz, pul qilsanglar bo'ladi, deb aldagan va bunga ishongan aholi front uchun ko'pdan ko'p moddiy sarf-xarajatlar qilgan edi». U. Asadullaxo'jayevning bu fikrini davlat dumasi minbaridan turib 13-dekabrda noib Jafarov katta achinish bilan aytgan edi.
Xullas, 1917-yil fevral burjua-demokratik inqilobi arafasida Turkistonda murakkab bir ijtimoiy-siyosiy vaziyat vujudga kelgan edi. O'lkada yashab kelayotgan xalq ommasi og'ir ijtimoiy va milliy mustamlakachilik zulmini o'z bo'ynidan uloqtirib tashlash uchun faol kurashga otlanadi. Xususan, 1916-yilgi qo'zg'olon bu mintaqa katta siyosiy larzalar arafasida turganligini ko'rsatardi. Ammo xalq ommasining erk uchun, ozodlik va milliy istiqlol uchun olib borayotgan kurashiga boshchilik va rahbarlik qilishini eplay oladigan siyosiy partiya Turkiston o'lkasida yo'q edi.
Nihoyat, 1917-yil fevralida Rossiyada inqilob yuz berdi, podshohlik Rossiyasi quladi. Butun mamlakat bo'ylab hurriyat, ozodlik keng quloch yoydi. Jadidchi shoir Abdulhamid Cho'lpon bu inqilobni Fransiyadagi XVIII asrdagi buyuk inqilobga tenglashtirdi. Ayni shu fevral inqilobidan keyin O'rta Osiyodagi jadidchilik harakatida, jadidlar faoliyatida tamomila yangi davr boshlandi, yangi sahifa ochildi. Jadidlarning o'z maqsad va istaklarining ro'yobga chiqishi uchun zarur ijtimoiy-siyosiy vaziyat, sharoit yuzaga keldi.
Xullas, jadidchilik harakati o'zining yangi bosqichiga qadam qo'ydi.

Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling