Qozoqboy Yo‘ldosh uzun yo‘l boshi yoki erkin so‘z umri


Download 32.75 Kb.
bet2/2
Sana16.06.2023
Hajmi32.75 Kb.
#1516988
1   2
Bog'liq
26-mavzu

YOLG‘IZLIK
Alohida talant egalari alohida ruhiyat va alohida taqdir egalari hamdir. Ularning boshqa alohidaliklari tabiatlaridagi alohidalikdan kelib chiqadi. Aksariyat katta iste’dod egalari tabiatan yolg‘iz, atrofidagi eng yaqin kishilarga ham begona bo‘lishadi. Ularni yuzlab odamlar o‘rab turishi, tinimsiz olqishlashi, qarsaklar chalishi, qoyil qolganliklarini bildirishi mumkin, lekin bu narsalarning birortasi ham talant egasini yolg‘izlikdan qutqara olmaydi. Chunki ular hamma qatori odamlar emas!
Hamma qatori o‘ylay olmaydi. Hamma qatori bo‘lmaydi uning tuyg‘ulari ham. Dunyoni boshqacha ko‘radigan, atrofni odamlardan boshqacharoq sezadigan qilib yaratgan uni qodir Egam. Ko‘proq bila boshlaganim sari menga Shukur aka butunlay yolg‘iz odam bo‘lib tuyulaverdi. Bunday qaraganda, uning o‘tboshisi butun, shogirdlari ko‘p. Qo‘li ochiqligi, ichishni qotirgani, suhbati yoqimli bo‘lgani uchun ulfatlardan ham xudo qismagan. Lekin u, baribir, yolg‘iz. Dahshatlisi shundaki, bu yolg‘izlikdan odamlar orasiga kirib qutulib bo‘lmaydi. El qatori odamga odamlarning orasi kifoya qiladi. Talantli odam odamlar orasiga emas, odamning ichiga kirmoqchi bo‘ladi. Ko‘pchilik odamning ichi esa bo‘m—bo‘sh! Har holda mehr yo‘q! Shu bois ba’zan Shukur akani o‘rab turgan odamlar uning yolg‘izligini toqat qilib bo‘lmaydigan jismoniy og‘riq darajasiga chiqarib yuborishadi. Va bu og‘riqni bosish uchun unga bang – aroq kerak bo‘ladi.
Aslida u kishi tabiatan yolg‘izlikni sevadigan, shunga intiladigan, odamlardan ko‘ra o‘t—o‘lanu parranda—darrandalar bilan tuzukroq tillasha oladigan odam. Chunki odamdan boshqa narsalarda g‘irromlik yo‘q. Shukur aka uzoq vaqt yolg‘iz ishlaydi. Ishlayotganda to‘y—tomosha, maishat, uchrashuv u yoqda tursin, odam bilan ko‘rishmasam deydi. Ko‘rishmaydi ham. Mabodo, ko‘rishib qolganda ham tanimaydi yoki o‘zini tanimaganga oladi. Chunki shu paytda u o‘zi yaratgan olamda, o‘zi yaratib tasvirlayotgan odamlar davrasida bo‘ladi. Adibning xayoloti yaratgan olam to‘kis, undagi odamlar pokiza. Chinniday nafis, gulday nozik bu olamni yer bandasining bir og‘iz nojoiz gapi chilparchin qilishi mumkin. Evohki, Alloh yaratgan bandalar adib yaratgan bandalarga qaraganda ne qadar g‘arib, ne qadar mayda! Shukur akaning qahramonlari qanchalar yuksak o‘ylaydilar, mardona so‘ylaydilar, ulkan ishlar qiladilar! Shunday olamu odamni atrofidagi mayda kimsalarga qarab yaratib bo‘ladimi?
Yolg‘iz o‘zi uzoq vaqt mobaynida mo‘ljaldagi biror ishni bitirgach, Shukur aka dam oladi. U odamlar orasiga kirmoqchi, ular qatori bo‘lmoqchi bo‘lardi. Odamlar orasiga kirib, odamlar qatori bo‘lib dam olish yozuvchiga ham, unga ro‘para kelganlarga ham qimmatga tushadi. U bir necha kun mobaynida tinimsiz ichadi. Ichganda ham uyqudan, ovqatdan kechib astoydil ichadi. O‘shandan keyin u «odamlar qatori« bo‘la boshlaydi: to‘xtovsiz so‘kinadi, hammaga dag‘al va keskin baho bera boshlaydi. Kishining ko‘nglini og‘ritgisi keladi. Shu tariqa xayolotning beg‘ubor osmonidan reallikning chirk bosgan zaminiga tusha boshlaydi va unga o‘zicha «moslashadi«.
Shukur aka icha boshlagan vaqtda yonida hamisha kimdir bo‘lishini istaydi. Deyarli hamisha yonida birov bo‘ladi. Va achinarlisi shundaki, adib baribir yolg‘izligicha qolaveradi. Chunki yer yuzidagi barcha mastlar singari u ham kim bilandir dardlashmoqchi bo‘ladiyu, lekin uning dardini tushunishmaydi. Chunki u qalbining qat-qatida qatlanib, yetmish ikki tomirida gupirib yotgan dardlarini aytib berolmaydi. Uning dardlari birovga aytib bo‘ladigan anov-manov dardlar emas! Buning ustiga u o‘z dardini aytib o‘rganmagan. Ifodalash boshqa masala! Xayolidagi odamlar bilan dardlashaverib yerdagi odamlar bilan gaplashishnida unutayozgan adibni sog‘ligida tushunmagan odamlar mastligida ham tushunishmaydi, albatta. Yozuvchi mastligida ham jo‘n odamlardan uzoqni ko‘radi, uning xayoli shu holda ham yuksaklarga parvoz qila oladi.
Mo‘ljallangan ish bitgan, ya’ni xayolot olami tugagan. Bu olam o‘zining butun nafosatiyu go‘zalligi, nozikligiyu musiqasi bilan chil—chil singan, vayron etilgan. Shu bois mastlik og‘ir kechadi juda. Rostlik—ku hamisha ham og‘ir.
Shukur aka dardlashmoqchi bo‘ladi. Kim bilan bo‘lsa—da, gaplashish, yuragidagi tuyg‘ular bilan o‘rtoqlashish yengib bo‘lmas istakka aylanadi.Qaynab yotgan tuyg‘ularni ichkilikdan karaxt bo‘lgan til ifodalay olarmidi-yu, tinimsiz so‘kishlaru adoqsiz chekishlar tufayli kallasi g‘ovlagan «suhbatdosh« tushunarmidi?! Suhbatdosh yerda yurgan hamma qatori hashaki bir odam. Yozuvchiga boshqacha odam kerak. Gapirmasa—yu, tushunaversa. Qarabgina qo‘yish kifoya bo‘lsa! Bunday odam yo‘q! Shundan bo‘lsa kerak, ma’lum bosqichga yetgach, Shukur aka so‘kinishga tushadi. Keyin to‘xtovsiz gapiraveradi. Ko‘zlar g‘azabli chaqchayadi, qoshlar miltiqdan nishonga olayotganiday chimiriladi, hatto qo‘li bilan kimlarnidir «otadi» ham. Gapining ko‘p qismi tog‘, miltiq, ov haqida, o‘zining zo‘r ovchiligi xususida bo‘ladi. Lekin zo‘r yozuvchi ekani bilan hatto mastligida ham maqtanmaydi. Ichkilik juda ham maromiga yetgach, quloqlargacha to‘zg‘ib yotgan uzun siyrak sochlari ustiga poxol shlyapasini bostirib olib ashulasini boshlaydi.
Shukur akaning ashulasi! U haqda gapirish befoyda. Faqat tinglagan tushunadi. Yo‘q! Tinglagan ham tushunmaydi. Chunki tushunadigan narsaning o‘zi yo‘q. Qandaydir tuyg‘u, ezgin, ammo bepoyon va mardonavor ruhgina bor. Uni his etish mumkin, xolos!
Uning bir boshlangandan keyin sira tugamaydigan qo‘shig‘ida bir nechtagina so‘z bo‘ladi, xolos. Undagi asosiy unsur tomoqdan xirqirab chiqadigan, shirali, dardli un. Shukur aka kuylay boshlaydi: ―Ne eeyy, ne eeyyy, ne eeyyyy. Zarur ohang tezgina topila qolmaydi. Har qanday ovoz ham ijrochining tuyg‘ularini ifodalay olmaydi shekilli, Shukur aka tinimsiz takrorlayveradi. Zo‘riqqanidan yuzlari bo‘g‘riqib ketadi, qo‘llar g‘alati tarzda oldinga cho‘zilib, qandaydir muloyim—keskin harakatlar qila boshlaydi, ko‘zlar g‘alati yumiladi. To‘xtovsiz tutatilayotgan sigaretdan xona tutunga, atrofdagi barcha narsa kulu qoldiqlarga to‘lib ketadi. Xonadagi hamma narsa ayqash—uyqash, ovqat va sigaret qoldiqlari, yuvilmagan idishlar, qaymoq bog‘lagan sovuq choy. Hamma joyda shisha: yotgan, singan, tik turgan, to‘la, bo‘sh. Stol usti to‘la qog‘oz, qog‘oz, qog‘oz.
Shukur aka hamon kuylaydi. Nihoyat, zarur ohang topiladi! Shunda uning uyqusizlikdan qizargan ko‘zlari bir zum jonlanib, yuzlari yorishib ketadi. Zo‘riqib, og‘zining bir cheti bilan salgina jilmayganday bo‘ladi.
Bechora suhbatdoshiga xursand bo‘lib qarab qo‘yadi. So‘ng birdan: ―Eh, baribir, hyech narsani tushunmaysan. Chunki savodsizsan,— deya iddao qiladida, kuylashda davom etaveradi. O‘z ovoziga mahliyo bo‘layotgani shundoqqina sezilib turadi. Sel bo‘lib kuylaydi. Sel bo‘lib tinglaydi. Kuylab tinglaydi, tinglab kuylaydi. Shu holatga kelganda qo‘shiqqa bir— ikkita so‘z ham kirib kela boshlaydi: «Kelibb holimni ko‘rgineeyyy«, «Keliiibb ahvolimmni ko‘rgiineeyyyy…«
Uning qo‘shig‘i Surxon baxshilarining ataylab bo‘g‘izdan ohang berishiga o‘xshamaydi. Shukur akaning qo‘shig‘i ohanglari baxshilar tovushidan ham qadimiyroq va salobatliroqday tuyuladi. Uning xirgoyisi ko‘z o‘ngimda, hyech qachon ko‘rmaganim Oltoy tog‘larini, Subyer kengliklarini, poyonsiz Dashti Qipchoqni gavdalantiradi. Yaxshi ko‘rib qolaman qo‘shiqchini. Mehr bilan yuziga qarayman. Ko‘zlar yumuq, yoqavayron, sochlar parishon, yuziga kullar surkalgan, oyoq beo‘xshov chalishtirilgan, o‘zi bu dunyoni unutgan. Go‘yo u bu dunyoda ming yillar oldin ham yashagan. Abut—turk bo‘lib! Oltoydan Hindikushgacha bo‘lgan bepoyon hududda yovlarga dahshat solib javlon urgan, sara farzandlar o‘stirgan, qudratli xalqni bunyod etgan. Qutlug‘ umrini shonu shavkatla yashab o‘tgach, ming yillardan so‘ng dunyoga qayta kelgan. Keyingi kelishida yurtni xarob, odamlarni pachaq va mayda ko‘rib o‘tmishini, avvalgi umrida qilgan ishlarini eslamoqchiyu xotira pand berayotir. Shundan u ozurdajon.
Uning ko‘shig‘i ulug‘ yoshli buyuk mo‘ysafidning silqib oqayotgan qudratli armonlari! Bugungi kun omonat, yasama. Haqiqiy hayot boshqacha! Haqiqiy odamlar — boshqalar! Lekin qani ular? Qayerdaligini bilardi, lekin ming yillab yashash osonmi, qarilikda unutib qo‘ygan! Eslash og‘ir! Shu sabab qo‘shiq ham og‘ir. Chunki u to‘xtovsiz oqib, uzoqlashib borayotgan xotira…
1991 yil 25 noyabr.
* * *
Shukur aka o‘ziga, shaxsiyatiga, iste’dodiga xiyonat qilmay, hech kimdan marhamat kutmay, o‘zi bilganicha va o‘zi istaganicha yashadi. Yozuvchining o‘zi erkin bo‘lgani uchun uning so‘zi ham erkin edi. Erkin so‘zning umri uzoq, parvozi baland bo‘ladi. Negaki, erkin so‘zning nazari olislarga qaratilgan, manfaat otliq chirkin yuk pastga tortmaydi. O‘ylaymanki, ulug‘ yozuvchining ulug‘ va uzun hayot yo‘li endi boshlanadi.
2009 yil 3 yanvar-27 oktyabr
1 So‘z qudrati. «Mohiyat‖ gazetasi. 2002 yil 15 noyabr.
Download 32.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling