Qurbonmurodova Moxinur va Ochilova Mohigulning “O‘zbek tili tarixi” fanidan amaliy mashg‘ulot matni
Eski turkiy til davriga oid asarlar
Download 152.95 Kb.
|
o\'zbek tili tarixi mmm
Eski turkiy til davriga oid asarlar.
Turkiy qavmlar, jumladan, bizbeklarning adabiy tili tarixidagi eng qadimiy va qadimiy turkiy til deb nomlangan bosqichlar haqida Oʼrxun Enasoy yozma yodgorliklari hamda Mahmud Qoshgʼariyning “Devonu lugʼatit-turk” asarida keltirilgan maʼlumotlar orqali mulohaza yuritiladi. Bu til oʼziga xos boʼlgan xususiyatlariga ega. Uni olimlar d—lovchi til ham deyishadi. Hozirgi “oyoq” soʼzining “odoq”, “qayin” soʼzining “qadin”, “keyin” soʼzining “kedin” kabi aytilishi oʼsha davr tiliga xos xususiyatdir.Biz yodnomalar orqali oʼsha davr tilkda joʼnalish kelishigining —gʼaru,—ra,—ru hamda ularning variantlari mavjud boʼlganligini bilib olamiz. Masalan, Oʼgʼuzgʼaru (oʼgʼizlarga), uygurgʼaru (uygʼurga), yurakra (yurakka), bashra (boshga), tashra (tashqariga) va boshqalar. Tushum kelishigining ig,—igʼ” qoʼshimchasi va uning variantlari ham oʼsha davrlar tiliga xosdir. Masalan, boʼdunug (xalqlarni), savig (soʼzni), begig (begni) va boshqalar. Tilimizning qadimgi davrlarida shart feʼli—sar affiksi bilan yasalgan. Masalan: borsar (borsa), kelsar (kelsa) kabi.Tilimiz tarixining eski turkiy tilga oid bosqichi ham bir qator oʼziga xosliklarga ega. Bu davrda turkiy xalqlar, jumladan, oʼzbek xalqining xalq sifatida va tillarining xalq tili sifatida shakllanish jarayonlariga imkon tugʼildi. Bu davr (yaʼni XI—XIV asrlar)da adabiy tildagi oʼziga xosliklar nimadan iborat? Аgar oʼzbek tilining tasraqqiyoti nuqgai nazardan qarasak, birinchidan, oʼzbek xalqtilining ilk davriga xos shakllar mavjud. Masalan, “Qutadgʼu bilig”da “boʼldilar”, “kim ersa” (kim boʼlsa), “yaxshiroq”, “Bugʼroxon tilincha” (Bugʼroxon tilida) va boshqalar; ikkinchidan, qadimgi turkiy til shakllari ham saqlanib turar edi. Masalan, xotin soʼzi maʼnosida uragʼut, xatun, avrat, ayol, kishi, tishi kabi soʼzlar, “qamugʼ” (hamma), eran (erlar, kishilar, joʼmardlar), bilig (bilim), qagʼar(qor), adugʼ (ayiq) va boshqalar; uchinchidan, forsiy va arabcha til unsurlari kirib qolganligi va amalda ommalasha borgani. Masalan: farishta, ittifoq, ahvol, avlod, navroʼz, ajoyiblar va boshqalar. Yusuf Xos Hojibning “ Qutadgʼu bilig” , Mahmud Qoshgʼariyning “Devonu lugʼatit-turk”, Аhmad Yugnakiyning “Hibat ul -haqoyiq”, Yassaviyning “Hikmatlar”i, “Tafsir”, Oʼgʼuznoma”, Burhoniddin oʼgʼli Nosridtsin Rabgʼoʼziyning “Qissasi Rabgʼoʼziy”i va boshqa asarlar eski turkiy tilni oʼrganish manbalaridir.Ulardan biri “Qutadgʼu bilig” asarining til xususiyatlari koʼpgina tilshunos olimlar tomonidan oʼrganilgan. Аsar ustida ilmiy ishlar hamon davom etmoqtda. Olimlarning kuzatishicha, oʼsha davrda koʼpgina soʼzlar qabilalar tilida turlicha talaffuz etilar edi. Yusuf Xos Hojib (Yusuf Balosogʼuniy) oʼz asari orqali talaffuzdagi umumiylikni mustahkamlashga harakat qilgan, talaffuz hamda imloda bir xillikni yaratgan. Masalan, yangi, uyal. Shuningdek, muallif oʼz asari tilida turli xil morfologik shakllarni yangi soʼzlarda qoʼllagan. Masalan: Ozunchigʼ (alohida qiliqli, ezma odamni:—chi soʼz yasovchi qoʼshimcha,—gʼ tushum kelishigi qoʼshimchasi); tariqchi(don ekuvchilar), agʼichi (idishchi, oshxona boshligʼi), bitikchi (kotib) va boshqalar.Shuningdek, “ Qutadgʼu bilig” tilida—gʼu,—qu,—ku,—gu, affikislari maʼnosi ham ancha kengaygan. Masalan: tushgau (tushovlanadigan—sifatdosh), ichqu (ichiladigan—mavhum ot), borgʼu (borish kerak, zarurlik), bitgu (bitarlik—miqdor), tiragu (tirgovich), koʼzuku (kosov—qurol nomi) kabilar. Shunday qilib, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʼu bilig” asari orqali oʼsha davr adabiy tilida soʼz yasovchi affikislarning vazifasi uslubiy kengayib borganligini koʼramiz . Muallif bu usulni rivojlantirib, uni puxta tartibga tushirish uchun katta xizmat qilgan.Аsar tilida mamlakat, Yusuf, Muhammad, hurmat, odil, adolatlik, zolim, qodir, madrasa, olim, kitob, namoz, davlat kabi arabcha soʼzlar qoʼllangan. Аyrim tadqiqotlarda asar tilida arabcha soʼzlar 94 ta deb koʼrsatiladi. Shuningdek, osmon, bozor, pul, tuxum, guhar, nodon, xon, voha, doʼst, dahan, gul, goʼsh, (quloq), pokiza kabi forscha soʼzlar isteʼfoda etilgan.Аsar tilida qadimgi leksik unsurlar ham qoʼshilib, sinonimik, antonimik, omonimik qatorlar ham yuzaga kelgan. Masalan: arigʼ— iglik (ogʼriq), achigʼ—simeg (toza), qamugʼ—barcha(hamma) kabi sinonimlar, achigʼ (achchiq), achigʼ (toza) kabi omonimlar, achigʼ (achchiqtatig, shirin, beduk), buyum; baland (qodi, quyi) kabilar antonimlar bunga misol boʼladi. Shu bilan birga, bu davr tilida hozirgi oʼzbek tili uchun ham tushunarli boʼlgan at(hayvon,ism) yaruq —yorugʼ, yorugʼ— qaronqu, yaxshi—yomon, alis—yaqin kabi antonim soʼzlar va boshqa leksik-grammatik vositalar ham koʼplab uchraydi.Shuningdek, “Qutadgʼu bilig” tilida bir qator soʼzlarning maʼnosi kengaygani yoki avvalgi maʼnosidan boshqacha maʼnolarda qoʼllanishi ham kuzatiladi. Masalan, “Devonu lugʼatit turk”da qarshi soʼzi shoh qasri maʼnosini bildirishi izohlangan. “Qutadgʼu bilig ”da bu soʼz imorat, uskuna, mol-mulk maʼnolarida kelgan. Yoki “Devonu lugʼatit- turk”da tovar-jonli, jonsiz mol maʼnosida izohlangan. “Qutadgʼu bilig”da bu soʼz boylik maʼnosida, kuch-quvvat soʼzi imkoniyat maʼnosida qoʼllangan. Ushbu soʼzlar maʼnosining bunday kengayishi hozirgi tilimizda ayrim atamalarningoʼziga xosligini taʼminlashga ham xizmat qiloqda. Masalan, mamlakatimizda davlat tili toʼgʼrisidagi qonun amal qila boshlagach koʼpgina atamalar oʼzbekchalashtirildi. Xususan, hujjatchilik sohasida kamchilik koʼp edi. Bir necha hujjatlar rus tilida qanday nomlansa, oʼzbek tilida ham shunday atalib kelingan. Bilasizki, hozir ular asosan oʼzbekcha muqobilini topdi. Shunday hujjat nomlaridan biri “raport” atamasi edi. Uni oʼzbekcha qanday nomlash mumkin? Izlansa, tariximizga, noyob kitoblarimizga murojaat qilinsa, topilar ekan. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʼu bilig” asarida yorliq, noma maʼnosida “bildurguluk” soʼzi ishlatilgan. Shundan kelib chiqib, olimlar bu atamani “bildirgi” , “bildirish ” , “bildirish noma” kabi muqobillarini tavsiya etishadi.Bu davr yozma yodgorliklari tili asosida turkiy tilning oʼziga xos rivojlanish xususiyatlari haqida ham maʼlum xulosalar chiqarishga imkon beradi. Maʼlumki, turkiy til tarixida “d”, “dz” ning “y”ga almashuvi jarayoni uzoq davom etadi. Mahmud Qoshgʼariyning maʼlumotiga qaraganda,“yagʼmo, toʼxsi, qipchoq, yabaqu, tatar, qay, jumul va oʼgʼuzlar har vaqt “z”ni soʼzda “y”ga aylantirganlar va hech mahal “dz” bilan soʼzlashmaganlar. Chunonchi, ulardan boshqalar qayin daraxtini “qadzing”desalar, bu qabilalar “kaying” deganlar. Аyrim qabilalar esa “dz”ni “z” bilan almashtirib qoʼllashgan. Masalan, chigil va boshqa turkiy qabilalar tilida “dz” bilan aytiladigan soʼzlar qipchoq, yaman, suvor, bulgʼorlar hamda ruslaru to Rumga qadar borib taqaladigan boshqa qabilalarda “z”ga almashtirilgan.Chunonchi, turklar oyoqni “adzaq” desa, ular “azaq” deganlar. Mahmud Qoshgʼariyning koʼrsatishicha, chigillarda “dz” bilan aytiladigan soʼzlar yagʼmo, toʼxsi, oʼgʼuz va Chinga qadar choʼzilgan yerlarda yashovchi baʼzi urugʼlarda “y” bilan almashgan.Eski turkiy yodnomalar, xususan, XII asrdan keyingi davrda, ayniqsa, Oltin Oʼrda adabiy tili deb atalgan asarlar tilida “d”ning “y”ga oʼtishi asosiy oʼrninni egallagani koʼrinadi. Shunday qilib, tilimiz tarixida eski turkiy til deb nomlangan davrda ham ulkan va bebaho yodnomalar yaratildi. Ular xalqimiz aql- zakovatining oʼziga xos moʼjizalaridir. “Qutadgʼu bilig”dagi noyob didaktik talqinlar, “Qissasi Rabgʼuziy”dagi fantaziya kengligi, Аhmad Yassaviy “Hikmatlar”dagi adolat, halollik yoʼlidagi oʼgitlar, “Muhabbatnoma”ning hali-hanuz qoʼldan qoʼymay oʼqilishi, bir tomondan, xalqimiz bergan daho ijodkorlarning mohirligini, ikkinchi tomondan, oʼsha davr tilining kuch-qudratini koʼrsatadi. (Bolta Yoriyev.O'zbek tili tarixi.B 36.37.38.) Download 152.95 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling