Qur'on qissalari odam va idris alayhimassalom


Download 17.3 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi17.3 Kb.
#231607
Bog'liq
ODAM va IDRIS alayhimassalom


Qur'on qissalari

ODAM va IDRIS alayhimassalom

Bolajonlarim, bugundan boshlab, har kuni uyquga yotishdan oldin hammamiz birgalashib, payg‘ambarlar alayhissalomlarning hayotidan qiziq va ibratli qissalarni o‘qiymiz. Chunki ularning so‘zlari va qilgan ishlarini o‘rganib, yurish-turishimizda, gaplashimizda ularga ergashsak, inshaalloh, ikki dunyoda ham baxtli bo‘lamiz.

Qani, bolajonlar, bismillah deb qissalarni o‘rganishni boshladik. Birinchi bo‘lib barcha insonlarning otasi – Odam ismli payg‘ambar alayhissalomning Qur'oni karimdagi qissasini o‘qib o‘rganamiz.

Ha, aytgancha, qaysi bir payg‘ambarning nomi tilga olinsa, albatta, har birimiz “alayhissalom” deb o‘sha payg‘ambarga salom berishimiz kerak bo‘ladi. Buni unutmang. Demak, hozir Odam alayhissalom haqidagi qissani o‘qiymiz.


  1. BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

ODAM alayhissalom

Alloh taolo farishtalariga loydan bir insonni, ya'ni barchamizning otamiz Odam alayhissalomni yaratib, uni yer yuzida Alloh taoloning hukmini yurituvchi qilishini aytibdi. Shunda ular: «...Unda (ya'ni yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz", dedilar. Shunda(Alloh taolo)ularga «Albatta, Men sizlar bilmagan narsalarni bilurman»(Baqara surasi, 30-oyat). deyishibdi

Shunday qilib Alloh taolo Odamni juma kuni yaratdi va unga ruh, ya'ni jon kiritibdi.

2. Keyin (Alloh) Odamga barcha (yaratilgan va endi yaratiladigan narsalar) nomlarni o‘rgatdi. So‘ngra ularni farishtalarga (birma-bir) ko‘rsatib dedi: «Agar (e'tirozingizda) rostgo‘y bo‘lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!», - debdi.

(Hamma narsaning nomini aytib berishdan ojiz qolgan) Farishtalar: «Zoti poking haqqi, bizda O‘zing bildirganingdan o‘zga ilm yo‘qdir. Albatta, Sen Dono va Hakimdirsan»(Baqara surasi, 31-32-oyatlar). - debdilar

3. Shunda Alloh taolo Odamga farishtalar aytib bera olmagan narsalarning nomlarini birma-bir aytib berishni buyuribdi. Odam o‘ziga ko‘rsatilgan barcha narsaning nomini farishtalarga aytib beribdi. So‘ng Alloh taolo farishtalarga Odamni e'zozlash hamda uni yaratgan Alloh taoloning qudratini ulug‘lash uchun Odamga sajda qilishni buyuribdi. Barcha farishtalar buyruqqa bo‘ysunib, Odamga alayhissalomga sajda qilibdilar.

4. Qarangki, bolajonlar, farishtalar orasida Iblis ham yasharkan. Aslida u farishta emas, jinlardan ekan. Shuning uchun manmanlik qilib, Alloh taoloning buyrug‘iga bo‘ysunmabdi, Odamga sajda qilishdan bosh tortibdi. Bu itoatsizlikdan g‘azablangan Alloh taolo la'nati shaytonni O‘zining marhamatidan uzoqlashtiribdi va uni Jannatdan chiqarib yuboribdi. Bundan ma'yus bo‘lgan iblis Odamni yana ham qattiq yomon ko‘rib qolibdi. Allohga qasam ichib, endi Odam va uning farzandlariga dushmanlik qilishga, ularga barcha yomon ishlarni chiroyli ko‘rsatishga, ularni ham o‘zidek g‘azabga yo‘liqtirishga ahd qilibdi.

5. Alloh taolo Odam alayhissalom va uning xotini Havvoni jannatga kirgazibdi. Ikkalasiga Jannatdagi birgina mevadan tashqari barcha mevalarni xohlagancha yeyishga ruxsat beribdi. Ularni iblisdan ehtiyot bo‘lishga buyurib shunday debdi:

«Ey, Odam! Aniqki, bu (iblis) senga ham, xotiningga ham dushmandir. Bas, u ikkovingni jannatdan zinhor chiqarmasinki, baxtsiz bo‘lib qolursan»(Toha surasi, 117-oyat).

6. La'nati iblis esa endi bu Jannatda mazza qilib yashab turgan Odam va Havvoni qanday qilib Allohning to‘g‘ri yo‘lidan adashtirsam, ularga gunoh ish qildirsam, ularni ham o‘zimga o‘xshatib Jannatdan quvg‘in qildirsam ekan, deb rosa o‘ylanibdi. O‘ylay-o‘ylay, oxiri o‘zining shaytoniy rejasini tuzibdi va Odamning oldiga kelib: "Ey, Odam! Men seni abadiyat daraxti va chirimas (yo‘q bo‘lmas) mulkka boshlab boraymi?", debdi (Toha surasi, 120-oyat).

Odam va Havvoni o‘zining yolg‘on so‘ziga ishontirish uchun gapining orasida "Men sizlarga yaxshilikni ilinyapman", – deb yolg‘on qasam ham ichibdi. Afsuski, u la'nati shaytonning yolg‘on qasamiga Odam va Havvo ishonishibdi.

7. Ular shaytonning hiylasiga uchib taqiqlangan mevadan yeb qo‘yishibdi. Shayton o‘zining yovuz niyatiga yetibdi. Odam va Havvo qilgan bu xato ishlari tufayli yalang‘och holga tushib qolishibdi. Darrov o‘zlarini jannatdagi daraxtlarning yaproqlari bilan to‘sa boshlabdilar. “Shunda ularga Alloh taolo: «Sizlarni o‘sha daraxt (mevasini yeyish) dan man etmaganmidim va shayton sizlarning yaqqol dushmaningiz, demaganmidim?!» – debdi. (A'rof surasi, 22-oyat).

8. Shaytonni so‘ziga kirib, Allohning buyrug‘ini unutib gunoh qilib qo‘yganlari uchun Odam va Havvo jannatdan chiqarilib, yerga tushishga majbur etilibdilar. Ular qilgan gunohlariga pushaymon bo‘lishibdi. Alloh taologa tavba qilib, gunohlarini kechirishini so‘rabdilar va Robbimiz esa ularning gunohlarini kechiribdi.

O‘sha vaqtdan buyon mana shu yashab turgan yerimizda insonlar hayot kechirishni boshlabdi. Odam va Havvo ko‘plab farzandlar ko‘rishibdi. Odam alayhissalom qarib vafot etibdi. Farishtalar uning farzandlariga qanday dafn etishni o‘rgatibdilar. Farzandlar Odam alayhissalomni yerdan qabr qazib, u yerga ko‘mibdilar va uning haqqiga Alloh taolodan rahmat tilabdilar...

9. Qissadan hissa shuki, asli tuproq, ya'ni loydan yaratilgan Odam bolalari umr bo‘yi shu tuproq yuzida yashab, bir kun kelib vafot etib yana o‘sha tuproqqa qaytar ekan. Agar u yerning ustida yaxshi ishlar qilib yashagan bo‘lsa, Alloh taoloning buyurganini qilib, pokiza yursa, namoz o‘qisa, ro‘za tutsa, har bir kishiga yaxshilik qilsa, hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmasa, ota-onasini rozi qilsa, vafot etib yerning ostiga tushganda Jannat ismli eng yoqimli, shirin taomlari va ichimliklari bor bo‘lgan eng go‘zal manzarali bog‘ga tushadi. U yerda xohlagan narsalarini yeb-ichadi va doim rohatlanib yashaydi.

Agar odamlar yaramas shaytonning so‘ziga kirib, yomonlik qilsalar, vafot etgach Do‘zax nomli azob va qiynoqlar koni, turli zaharli ilonlar makoni bo‘lgan eng yomon va badbo‘y joyga tushib, u yerda jazolanadilar. Ha, ana shunaqa, bolajonlar, bu dunyodan keyin yana boshqa dunyo ham bor ekan. U yerda ham sizu bizlar yashar ekanmiz...

Quyidagi she'rni esa birgalikda takrorlaymiz va yodlab olamiz:

Dunyoda eng birinchi

Odam Ato yaralgan.

Uning uchun jannatning

Xush bo‘ylari taralgan.

Alloh u va Havvoga,

Har narsani bergandi.

Faqat bitta mevani

Yemaysizlar, degandi.

Shayton qilib dushmanlik,

Mevadan bir tottirdi.

Hiyla bilan ikkovin

Gunohlarga bottirdi.

Robbimiz g‘azablanib,

Jannatidan chiqardi.

Odam bilan Havvoni

Yer yuziga yubordi.

Tavba qildilar darrov,

Kechir, Alloh, dedilar.

Ojiz inson ekanin

Ular bilgan edilar.

Robbimiz rahmati keng,

Ikkalasin afv etdi.

Shunday qilib yer uzra

Hayot boshlanib ketdi.

Endi savollarimga javob berishga harakat qiling:

• Aytingchi shirintoylar, Odam alayhissalom qissasidan nimani o‘rgandingiz? Biz nimalar qilishimiz kerak ekan?

• Aslida nimadan yaratilgan ekanmiz?

Idris alayhissalom

Bugun Idris alayhissalom haqida Qur'oni karimda kelgan oyatlarni o‘rganamiz, xo‘pmi bolajonlar?

Alloh taolo O‘z payg‘ambari Idris alayhissalomni Qur'oni

karimda ikki marta zikr qilgan.

Birinchisi "Anbiyo" surasining 85-oyatida Ismoil va Zul-kifl alayhissalomlar qatorida eslab: “barchalari sabr qiluvchilardandir” degan.

Shuningdek, "Maryam" surasi 56-57-oyatlarida "(ushbu) Kitobda Idris (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u sadoqatli payg‘ambar edi. Biz uni yuksak maqomga ko‘tardik", degan.

10. Alloh taolo Qur'onda Idris alayhissalomni qavmi bilan bo‘lib o‘tgan qissalarni zikr qilmagan. Hadis kitoblarida esa Idris alayhissalom tikuvchi bo‘lganlari aytilgan. U zot matoga har safar ignani qadaganlarida albatta, "Subhanalloh" der ekanlar. Idris alayhissalom yashagan davrda yer yuzida undan afzal va yaxshi amal qiluvchi biror kishi bo‘lmagan ekan, ya'ni u kishi eng yaxshi amal qiluvchi zot bo‘lgan ekanlar.

11. Isro va Me'roj kechasida payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom to‘rtinchi osmondan o‘tayotib Idris alayhissalom bilan uchrashib, u zot bilan salomlashganlar. (Isro va Me'roj kechasi haqida esa Muhammad alayhissalom ya'ni payg‘ambarimiz qissalarini o‘rganayotganimizda to‘liq so‘zlab beraman. Chunki o‘shanda u haqidagi oyatlar va hadislarni o‘rganamiz. Xo‘pmi bolajonlar?). Olim bobolarimiz Idris alayhissalomning vafot etgani haqida ikki xil gap aytganlar.

Ba'zi olimlar, Idris alayhissalom o‘lmagan, tirikligicha Allohning qudrati bilan osmonga ko‘tarilgan, degan bo‘lsalar, ba'zilari: u zot ham boshqa payg‘ambarlar kabi vafot etgan, deyishgan.

Idris alayhissalom

Tikuvchi nabiy ekan.

Alloh uni sabrli,

Sadoqatli ham degan.

“Subhannalloh”ni aytib,

Yurgizar ekan igna.

Ayting bunday chevarlik

Nasib etibdi kimga?

Me'roj kuni u zotni

Payg‘ambarimiz ko‘rgan.

Yana bilmoq istasang,

Kitoblardan ko‘p o‘rgan.

12.


• Savol-javoblar:

• Bolajonlar, aytinglar-chi, Idris alayhissalom haqida nimalarni o‘rgandik?

• Idris alayhissalom matoga igna suqqanda nima der ekanlar?

• Idris alayhissalom matoga ignani qadaganida "Subhanalloh" der ekan, ayting-chi, o‘zi ignani qo‘lga olishda nima deyish kerak bo‘ladi? Siz har bir yaxshi inshi boshlashda, yeb-ichishni boshlashda nima deb boshlar edingiz?

• Xo‘sh, qani, menga kim yotishdan oldin aytiladigan zikrni aytib beradi?

• Uyqudan turganda o‘qiladigan zikrni kim aytadi?



• Mashaalloh, barakalla, mening bilag‘onlarim.
Download 17.3 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling