2.Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.
Xalqimiz tilida kitob o‘qib bilim va munosib tarbiya olish, kasb-hunar o‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko‘p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Bilim – aql chirog‘i”, “Go‘zallik – ilmu ma’rifatda”. Bunday hikmatli naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Necha ming yillardan buyon insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan, ularning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, va kitob o‘qishni kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi. Kitobga oshno kishidan hech vaqt yomonlik chiqmaydi. Farzandlarimizga kitob o‘qishni targ‘ib etishimiz emas, balki ularga o‘rnak bo‘lishimiz lozim.
Prezident Islom Karimov «Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» asarida shunday ta’kidlaydi: «Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz adabiyotni muqaddas va ulug‘ bir dargoh deb biladi. Ana shunday bahoning o‘zi el-yurtimiz hayotida bu soha namoyandalariga, ularning haqqoniy so‘zi, chuqur ma’noli asarlariga ishonch, hurmat-e’tibor va ehtirom azaldan yuksak darajaga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatib turibdi».
Ta’kidlash joizki, o‘zbek milliy adabiyoti chinakamiga rang-barangdir. Uning bag‘rida turli-tuman ijodiy tajribalar kechadi, ijodiy yo‘nalish va oqimlar kesishadi va shu orqali cheksiz olam bag‘rida kechayotgan insonning murakkab dunyosi kashf etiladi. Adabiyot inson istiqboli, ruhan poklanishida ijobiy ta’sir etishiga Prezident Islom Karimovning: «Hech shubhasiz, ziyolilarning ilg‘or qismi bo‘lmish badiiy adabiyot vakillarining xalqimiz qalbini, uning oliy maqsadlari, bugungi hayoti, taqdiri va kelajagini yaqindan biladigan insonlar sifatida jamiyatimizdagi o‘rni va ta’siri beqiyosdir».
Do'stlaringiz bilan baham: |