3.12-rasm. Kremniy quyosh elementining turlari
m-Si Cell –monokristall kremniy; p-Si Cell-polikristall kremniy;
a-Si Cell-amorf kremniy
Quyosh fotoelektrik batareyalari ketma-ket yoki parallel ulangan QE dan tashkil topadi. Standart holda individual foydalanish uchun mo‘ljallangan quyosh batareyalarini 36 ta ketma-ket yoki 72 ta aralash holda ulangan QE hosil qiladi (3.13-rasm).
3.13-rasm. Standart 36 ta QE dan tashkil topgan fotoelektrik batareya
QE yorug‘likni yig‘ish intensivligiga, kimyoviy tarkibi, qalinligi, qatlamlarning kristallik strukturasi, bitta taglikda biriktirilgan elementlar miqdoriga ko‘ra sinflanadi. Qe kristallik tarkibiga ko‘ra monokristall, multikristall, polikristall, mikrokristall va nanokristallarga bo‘linadi. Monokristall QE yarimo‘tkazgich kristall ko‘rinishida yutuvchi QE dan tashkil topadi. Multi-, poli-, mikro- va nanokristallik QE o‘lchamlari, strukturasi, har xil orientatsiyasiga ko‘ra yarimo‘tkazgichli kristall yutuvchi modda aralashmasi sifatiga ega, ularning o‘lchamlari QE turlarini aniqlaydi. Masalan, o‘lchamlari 1 dan 100 mm gacha – multikristall, 1 dan 1000 mkm- polikristall, 1 mkmdan kichik bo‘lsa – mikrokristall, 1 nm dan- kichik bo‘lsa nanokristall deb nomlanadi.
QE yutuvchi material tarkibiga ko‘ra kremniyli, AΙΙΙBV asosidagi yarimo‘tkazgichlar, AΙΙBVΙ asosidagi yarimo‘tkazgichlar, AΙBΙΙΙCVΙ2 asosidagi yarimo‘tkazgich va aralash turlarga bo‘linadi. Qoidaga muvofiq, konstruksiyasining qulayligi va QE FIK oshirish uchun uning qatlamlarining birida yorug‘lik yutilishini ta’minlash lozim. Bu yutuvchi qatlam (yutuvchi) deb nomlanadi. Ikkinchi yarimo‘tkazgich yorug‘lik bilan generatsiya qilingan zaryad tashuvchilarni yig‘ish va potensial to‘siqni yaratish uchun xizmat qiladi.
QE yorug‘lik yutuvchi material qalinligiga ko‘ra yupqa plenkali (bir necha mkm) va qalin plenkali (o‘n va yuz mkm) turlarga bo‘linadi. Yorug‘likni yig‘ish intensivligiga ko‘ra QE birlik va konsentratorli turlarga bo‘linadi. Birlik QE faqat egallab turgan yuzaga tushayotgan Quyosh nurlanishi oqim zichligi uchun mo‘ljallangan bo‘lib yorug‘lik yig‘ish uchun hech qanday maxsus jihozlar bilan ta’minlanmaydi. Konsentratorli QE yorug‘lik oqim zichligini element yuzasida bir necha marta oshirishga imkon beradigan konsentratsiyalovchi qurilmalar (linzalar yoki ko‘zgular) bilan ta’minlanadi. Qoidaga muvofiq, konsentratorli QE yorug‘likni yuqori fotoelektrik o‘zgartirish ko‘rsatkichlariga ega qimmat yorug‘lik yutuvchan materiallardan tayyorlanadi. Bunday QE belgilanishida Quyoshlarda (Suns) o‘lchanadigan yorug‘lik yig‘ish koeffitsientlari ko‘rsatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |