Moliyalanadigan (uzoq muddatli) lizing shartnomasi bo’yicha olingan asosiy vositalar auditining xususiyatlari. Mulkni keyinchalik sotib olish huquqini beruvchi moliyalanadigan lizing shartnomasi bo’yicha olingan asosiy vositalar, birinchidan, lizing oluvchi korxonada 0310-«Uzoq muddatli ijara shartnomasi bo’yicha olingan asosiy vositalar» degan schyotda hisobga olinadi. Ikkinchidan, asosiy vositalarni moliyalanadigan lizing shartnomasi bo’yicha oluvchi korxonalar ularga har oyda belgilangan umumiy tartibda eskirish hisoblab, 0299 schyotda aks ettirib boradi, (Debet 2010, 2310, 2510, 2710 schyotlar va kredit 0299 schyot). Uchinchidan, ijaraga beruvchi bilan asosiy vositalar lizingi uchun hisob-kitoblar lizing oluvchi korxonada shu maqsadda maxsus belgilangan 6910- «To’lanadigan qisqa muddatli ijara haqi» va 7910-«To’lanadigan uzoq muddatli ijara haqi» schyotlarida hisobga olinadi. Shunday qilib, auditor faqat korxonada moliyalanadigan lizing shartnomasi bo’yicha olingan yoki berilgan asosiy vositalar hisobini tashkil etishning to’g’riligini tekshirmasdan, balki lizing oluvchi bilan lizing beruvchi o’rtasidagi hisob-kitoblarning holatini ham tekshirishi lozim. Lizing oluvchi bilan lizing beruvchining o’zaro hisob-kitoblarini tekshirish (solishtirish) dalolatnomasini ham tekshirishi zarur.
Jismoniy shaxslardan ijaraga olingan asosiy vositalar auditi ham ayrim xususiyatlarga ega. Ko’pchilik firmalar, qo’shma korxonalar, vakolatxonalar avtomobillarni sotib olinganidan ko’ra foydaliroq bo’lgani uchun ijaraga oladilar. Bunda auditor avtomashinani ishlatish va ta’mirlash xarajatlarini koplash, hisoblashishlar tartibi kelishilgan ijara shartnomasi bilan tanishishi lozim.
Jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomaga ko’ra ijara to’lovlari ijarachi tomonidan uning xarajatlariga qo’shilsa (2010, 2310, 2510, 2710 schyotlar debet va 6910 schyot kredit). Hisoblangan ijara to’lovi summasidan daromad solig’i undiriladi (Debet 6910 schyot Kredit 6410 schyot). Ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga ulardan ijaraga olingan asosiy vositalar uchun hisoblangan ijara to’lovi summasidan byudjetdan tashqari fondlarga to’lovlar hisoblanmaydi.
Agar asosiy vositalar ob’ektlari tadbirkor bo’lgan jismoniy shaxslardan ijaraga olinsa, hisoblangan ijara to’lovi summasidan daromad solig’i ushlanmaydi. Korxona bunday to’lovlarning barcha turlari bo’yicha soliq inspektsiyasi har choraklikda bildirib turishi lozim. Auditor korxonaning ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qoidalari va soliq qonunchiligiga rioya qilinayotganligiga ishonch hosil qilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |