Referat: Mavzu: Prezident maktablari – zamonaviy bilimlar ochog’i


Download 31.78 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi31.78 Kb.
#230258
TuriReferat
Bog'liq
Prezident maktabi


Referat:

Mavzu: Prezident maktablari – zamonaviy bilimlar ochog’i.

Bajardi: 100-R guruh talabasi Ismoilova Marjona.

Men ishonaman, bu maskanlar jonajon O‘zbekistonimizning ertangi taqdirini o‘z qo‘liga olishga, globallashuv davrida keskin bellashuv va raqobatlarda g‘olib bo‘lishga qodir shaxslarni — yangi Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniylar, Ulug‘beklarni tarbiyalab ­yetishtiradi”.



Shavkat MIRZIYOYEV

Yurtimiz ulug‘ allomalar, olim-u mutafakkirlarga beshik bo‘lgan. Bu zamin farzandlarining ota-bobolarga munosib avlod bo‘lishi, ilmli va zukko etib tarbiyalanishi yo‘lida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident maktablari, buyuk ajdodlarimiz nomi bilan ataladigan iqtidorli bolalar maktablari, “Temurbeklar maktabi”, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun ta’lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochib berayotir.

Prezidentimiz farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi mamlakat taraq­qiyotiga ulkan turtki beradigan zamonaviy kadrlarni tayyorlashga jiddiy kirishilgani dalilidir. Mazkur agentlik Prezident maktablari, Xalq ta’limi vazirligi­ning hududiy organlari huzuridagi Abdulla Oripov, Hamid Olimjon va Zulfiya, Muhammad Yusuf, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy, Halima Xudoyberdiyeva hamda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktablari, shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda Innovatsion rivojlantirish vazirligi huzuridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisos­lashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati va Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kim­yogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tasarrufiga oladi. Mazkur maktablarda yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilandi. Bu o‘quv maskanlari yangi avlod kadrlarini yetish­tirishda muhim poydevor bo‘lishi shubhasiz. Chunki ushbu maktablar iqtidorli bolalarni aniqlash, ularga ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda saboq berish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizimga birlashmoqda.

Qisqa muddatda Toshkent shahrida dastlabki Prezident maktabi ixtisos­lashtirilgan ta’lim muassasasi shaklida faoliyat boshladi. Bu maktabga o‘quvchilar mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra qabul qilindi. Nukus, Namangan va Xiva shaharlaridagi shunday maktablar qurilishi jadal davom etmoqda. 2020-yilda Buxo­ro, Jizzax,

Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021-yili Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan. Prezident maktabi yangi toifadagi bilim maskanlari uchun lokomotiv bo‘ladi. Mazkur o‘quv maskani tuzilishi jihatidan an’anaviy maktablardan farqli ravishda ixcham va bilim olish uchun qulay. Maktab­da 17 ta sinfxona, informatika va ing­liz­ tili xonalari, fizika, kimyo, biologiya laboratoriyalari, yotoqxona, oshxona, xorijlik o‘qituvchilar uchun 15 o‘rinli mehmonxona mavjud. Barcha xonalar zamo­naviy o‘quv uskunalari va innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan. Sport zali, su­zish havzasi, futbol maydoni qurilishiga ham innovatsion yondashilgan. Ayniqsa, o‘zida zamonaviy qulayliklarni mujassam etgan yotoqxona o‘quvchilarga oila muhitidagidek yashash va dars qilish imkonini beradi. O‘quvchilar haftaning 5 kuni maktabda o‘qib, yashaydi. Dam ­olish kunlari ota-onalar farzandlari­ni uyiga olib ketishi mumkin.

— Maktabning umumiy sig‘imi 168 nafar bolaga mo‘ljallangan bo‘lib, kelasi yili 5-sinfga 24 nafar bola qabul qilinadi, — deydi Toshkent shahridagi Prezident maktabi direktori To‘raboy Shermatov. — Maktabda o‘quv jarayoni STEAM dasturi asosida olib boriladi. Bu iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati va ijodiy salohiyatini oshirishga yordam beradi. Ushbu fanlar yo‘nalishidagi darslar ­in­g­liz tilida olib borilmoqda. Tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar bilan birga o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga milliy o‘zlikni tanitish uchun ona tili va adabiyot, tarix fanlariga ham alohida ahamiyat qaratildi. Bu fanlar taj­ribali pedagoglar tomonidan o‘zbek tilida olib borilmoqda. Biologiya, kimyo, fizika kabi fanlardan mashg‘ulotlar ikki nafar o‘qituvchi (mahalliy va chet eldan kelgan pedagog) yordamida tashkil etil­yapti, sinfdagi 12 nafar o‘quvchining yetarli bilim olishi uchun hamkorlikda ishlanyapti.

Joriy yilda maktabning 5—10-sinf­lariga hujjat topshirgan 7 mingga yaqin o‘quvchidan 144 nafari o‘qishga qabul qilindi. Kanadaning “Teach Away” va Buyuk Britaniyaning “TIC Recruitment” rekruting kompaniyalari bilan hamkor­likda Prezident maktablari uchun 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi, 72 nafar malakali va tajribali mahalliy o‘qituvchi jalb qilindi. Barcha o‘qituv­chilar uchun Cambridge STEAM ta’lim dasturini tatbiq qilishga qaratilgan maxsus trening tashkil etildi, bu dasturga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari olib kelindi. E’tiborlisi, 17 ta o‘quv va 3 ta laboratoriya uskunalari saqlanadigan xona mashg‘ulot metodologiyasiga xos dizayn asosida jihozlangan. O‘quvchilar ikki guruhga bo‘linib o‘qitiladigan fan xonalarida stol-stullar jamoaviy holatda o‘tirishga mos va kompyuterlar oltitadan joylashtirilgan. Iqtidorli bolalar­ning innovatsion loyihalar yaratishi uchun barcha elektron jihozlar, kompyuterlar va 3D formatli printer mavjud. O‘quv binosi markazidagi kutubxona ham zamo­naviy qurilgan va jihozlangan bo‘lib, uch qism — kutubxona, onlayn kutub­xona (O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron bazasiga ulangan) va o‘quv zalidan ibo­rat. Bu yerda bolalar o‘qigan asarlari yuzasidan debat usulida bilimini mustahkamlashadi.

— Janubiy Afrikadan O‘zbekistonga xalqaro trener sifatida keldim, — deydi Prezident maktabi xalqaro o‘qituvchisi, tajribali biolog-mutaxassis Anvar Simji. — Biologiya fani o‘qituvchisi sifatida faoliyatim mobaynida mamlakatingiz o‘quvchilariga dunyo eshiklari ochilishi uchun bor tajriba va kuch-g‘ayratimni ishga solishga, bu yerda innovatsiya yaratuvchilarni tarbiyalashga kirish­ganman. To‘g‘ri, o‘zbek ta’lim moduli “Cambridge” dasturiga mos kelmaydi. Shuning uchun ham 8-sinf o‘quvchisi bilgan ayrim ma’lumotlardan 10-sinf o‘quvchisi xabardor emasligi ko‘zga tashlandi. O‘tgan oy davomida bolalar bilan ishlab, ularga global miqyosda bi­lim berilishi lozim degan xulosaga keldim, bunga “Cambridge” dasturi imkon yaratadi, albatta. Ushbu dastur xalqaro miqyosda tan olingan STEAM (Science — ta’lim, Technology — texnologiyalar, Engineering — muhandislik, Art — san’at, Mathematic — matematika) yo‘nalishida amalga oshiriladi. Standart o‘quv dasturi bolaga shunday ilm egallashga sharoit tug‘diradiki, o‘quvchi nafaqat davlat miqyosidagi masalalar, balki global miqyosdagi muammolarga ham yechim topa oladigan bo‘lib yetishadi. Masalan, O‘zbekistonda suvning tozalik darajasini oshirish muammosi­ni oladigan bo‘lsak, STEAM fanlari bunga yordam beradi. Bunda biologiya va kimyo fani suvni tozalash, zavod qurish kabi ishlar uchun, texnologiya fani unga qan­day texnologiya kerakligi, muhandislar unga qanday yondashishi zarurligi, Art esa dizayn qanday bo‘lishini, matematika hisob-kitobni o‘rgatadi. Natijaga bir jamoa bo‘lib erishiladi. Biz bolalarni muammoni boshdan oxirigacha o‘rganib, yechim topishga o‘rgatamiz. Har bir bola o‘zi uchun kerakli bo‘lgan barcha bilimga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqni to‘ldirib boryapmiz. O‘quvchi darsda boshini partaga qo‘yib tinglashi yoki ikki qo‘lini qimirlatib diqqatini jamlashi ham mumkin. Bu har bir bolaning o‘qish va qabul qilish usulidan kelib chiqadi. U qo‘l, quloq yoki ko‘z orqali o‘qib-o‘rganadi. Biz bolaning mashg‘ulotda qanday o‘tirganini tahlil etmaymiz, unga o‘zi istagan usulda(musiqa, rasm va video orqali) o‘rgatishga intilamiz. Misol uchun, mozaika, pazol, labirint usullarida biologiyaga oid mavzularni eslab qolish nisbatan oson. Bu o‘yinlarni fanga bog‘lab o‘tamiz. Hujayralar bo‘yicha mavzu o‘tdik, bolalar hujayrani avval mikroskopda tekshirishdi. Keyin turli qismlarini chizib olib, birlashtirishdi. Shu tarzda bolaning miyasi va qalbi tomon yo‘l izlaymiz. Chunki avval ular­ning mana shu jihatlari bilan tanishish shart.

Yangi dars va yangicha yondashuv

Prezident maktabidagi do‘stona hamda sifatli bilim olishga qaratilgan maqsadli muhitni sezish mumkin. Bu yerda bolalarning zerikishga vaqti bo‘lmaydi. Ular uchun zamonaviy texnologiyalar, televizor, mobil aloqa vositalari, ko‘p metodli multimedia resurslari, interaktiv buyumlar va barcha shart-sharoit muhayyo. Muhtasham o‘quv binosi zamo­naviy texnologiyaga asoslanib barpo etilgan, barcha fanlarni oson o‘zlashtirish imkoni bor. Jumladan, biologiya xonasida har bir o‘quvchi uchun mikroskop mavjud. Bolalar darsda o‘tilgan mavzuga oid kuzatuvlarni mikroskopda boshqari­shadi, ularni elektron yaratishadi, Power Pointda chizishadi.

Anvar Simji bilan hamkorlikda o‘quvchilarga ta’lim berayotgan kimyo fani o‘qituvchisi Ra’no Nuriddinova­ning ta’kidlashicha, har bir sinfda 12 nafar bolaga mashg‘ulot o‘tilishi o‘quvchilar­ning qiziqishi, qobiliyati va intellektual salohiyatini inobatga olgan holda individual shug‘ullanishga imkon yaratyapti. Sinfdan tashqari amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil qilinmoqda. Mashg‘ulotlarda jamoa bo‘lib ishlash, raqobat tarzida turli metodlar yordamida dars o‘tilishi o‘quvchining sinfga kirgandan chiqib ketgunga qadar e’tiborsiz qolishiga fursat ham qoldirmaydi.

“Skramble” va “aktivity”ga asoslangan metodika

Maktabda darslar “skramble”(mashq) va “aktivity”(faoliyat, o‘yinli mashg‘ulot) usuliga asoslanib o‘tiladi. Masalan, har bir “skramble”da bir necha faoliyat turi mavjud. Mavzu yuzasidan o‘tilgan notanish so‘zlarni izohlash usullari yoki “smart board”(aqlli doska) yordamida qisqa vaqt ichida ijobiy natijani qo‘lga kiri­tish mumkin.

— Ota-onam yangi maktabning rasmlarini ko‘rsatishganidayoq bu maktabda o‘qish ishtiyoqi tug‘ilgandi, — deydi maktabning 9-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Abdurahmonova. — Imtihonlardan o‘tib, dars boshlanganida o‘zimning maktabimdan farqli tomonlari ko‘p ekanini ko‘ryapman. Umumta’lim maktabida barcha fanlarni birdek o‘qishga, a’lo baho olishga intilardik. Shunda o‘zimiz qiziqqan yo‘nalishda ma’lumotlarni o‘zlashtirishga vaqtimiz ham oz bo‘lardi. Ayniqsa, bu 10-11-sinf o‘quvchilari uchun ancha qiyin, sababi, ulardan 19 tagacha fanni o‘qish talab etiladi. Bu yerda asosiy fanlarni kreativ usullarda o‘rganyapmiz. Har bir fan yo‘nalishida sinf o‘quvchilari va o‘qituvchilarining “Telegram” ijtimoiy tarmog‘ida guruh­lari bo‘lib, unda o‘tilgan mavzu bo‘yicha topshiriqlar berib boriladi. Bugun biologiya darsida o‘tilgan nomenklatura turlarining nomini eslab qolish biroz murakkablik qildi. Shuning uchun biz mashg‘ulot chog‘i atamalarni yozib ol­dik, ana shu so‘zlar — o‘simlik va hayvonlarning murakkab turlari nomi rep ashula tarzida berilgach, yodlash qiyinchilik tug‘dirmadi.

Ingliz tili fani xonasi. Bu yerda 7-sinf o‘quvchilariga mashg‘ulot o‘tilmoqda. Unda o‘tgan darsni yangi mavzuga bog‘lash(warm up activities) harakatli o‘yin turi — koptok otish usulida boshlandi. 12 o‘quvchi oltita stol atrofida qarama-qarshi joylashib, tanlangan mavzu bo‘yicha savol-javob qildi. Ular­ning erkin, ijodiy va do‘stona muhitda tuza­yotgan dialoglarida mantiqiy muloha­zalar o‘rin olgani ahamiyatlidir. Ushbu “speaking (so‘zlashuv) mashg‘ulotida “aktivity”(faoliyat, o‘yinli mashg‘ulot)lar qizg‘in davom etdi, ya’ni bolalar o‘zlari tanlagan mavzu bo‘yicha suhbat tayyorlashdi. Kimdir mobil telefoni, boshqasi internet tizimi, yana birov sun’iy intellekt haqida gapirib, asosiysi, o‘zining nutq ko‘nikmasini oshirdi. Bu jarayonda ingliz tili o‘qituvchisi Barno Yunusova hamda angliyalik o‘qituv­chi Anna Beilining do‘stona munosabati ko‘mak berayotgani yaqqol seziladi.

Prezident maktablarida ta’lim-tarbiya olgan bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, attestat) bilan birga, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imkonini beruvchi xalqaro darajadagi

tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) beriladi.

Zamonaviy binolarda ta’lim olib, imkoniyat va imtiyozlarga munosib ko‘rilgan o‘quvchi-yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi har bir sa’y-harakat buyuk kelajak uchun tashlangan muhim qa­damdir. Zero, bu o‘zgarishlar iste’dodli o‘g‘il-qiz­larni qo‘llab-quvvatlash, ma’nan yetuk va intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirishga xizmat qilayotir.
Download 31.78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling