Reja: Falsafa atamasining kelib chiqishi. Falsafa shakllanishining asosiy bosqichlari. Dunyoqarashning tuzilishi va tarixiy shakllari. Falsafa fanining predmeti va funksiyalari
falsafaning yangilanishi uchun zarur asoslar
Download 56.21 Kb.
|
Reja Falsafa atamasining kelib chiqishi. Falsafa shakllanishini
falsafaning yangilanishi uchun zarur asoslar shakllandi.
Falsafada milliylik va umuminsoniylik, milliy falsafani rivojlantirish zarurligi. Falsafa umuminsoniy fan sifatida bashariyatga doir umumiy muammolarni qamrab oladi, albatta. Ma'lumki, olam va odam munosabatlari, jamiyat va tabiatni asrash, umrni mazmunli o'tkazish, yaxshilik va yomonlik kabi qadriyatlar bilan bog'liq masalalarning barchasi insoniyat uchun umumiy. Ammo falsafada muayyan milliy xususiyat, maqsad va intilishlar ham o'z ifodasini topadi. Aslida, yuqorida zikr etilgan umuminsoniy mavzu, masala va muammolarning barchasi avval-boshda xususiy, milliy, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar tarzida namoyon bo'ladi. O'z yurti, millati, ota-onasi va yor-birodarlarini sevgan vatanparvar inson, avvalo, ana shularning kamoli uchun qayg'uradi, ularni o'ylaydi, ularga xizmat qilishni oliy saodat deb biladi. Bunday shaxs dunyoqarashida ana shu jihat va xususiyatlar albatta aks etadi. Bu esa, o'z navbatida, umuminsoniy fan bo'lgan falsafada milliylikning aks etishiga asos bo'ladi. Umuminsoniylik — vatansizlik (kosmopolitizm) bo'lmagani singari, milliylik ham — milliy qobiqqa o'ralish, milliy mahdudlik degani emas. Lekin sizning xayolingizda beixtiyor «Milliy falsafa bo'lishi mumkinmi? Axir, yuqorida falsafaga o'z mohiyati bilan umuminsoniy fandir, degan ta'rif berildi-ku?» — degan savollar charx urishi mumkin. Bu — o'ziga xos milliy taraqqiyot yo'lidan ketayotgan barcha xalqlar falsafasi uchun daxldor bo'lgan savollardir. Agar biz yuqorida qayd etilgan muammolarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan qaraydigan bo'lsak, O'zbekistonda bu yo'nalishni rivojlantirish zarurati yetilganini anglaymiz. Biz yashayotgan dunyo so'nggi yillarda nihoyatda o'zgarib ketdi. Xususan, Vatanimiz tarixida XX asrning 90-yillarida olamshumul voqealar yuz berdi: mamlakatimiz mustaqillikka erishib, tub islohotlarni amalga oshirishga kirishdi. Xalqimizning huquqiy demokratik jamiyat barpo etish zarurati dunyoqarashni tubdan o'zgartirish, eski aqidalardan tamoman voz kechish, istiqlol mafkurasini shakllantirish, xalq ma'naviyatini yuksaltirishni taqozo etmoqda. Bunda ijtimoiy fanlar, ayniqsa falsafiy bilimlarni egallash muhim ahamiyat kasb etadi. O'zbek falsafasini yanada taraqqiy ettirish vazifalarini amalga oshirish quyidagi muammolarning yechimini topishga bog'liq: — birinchidan, mustamlakachilik sharoitida soxtalashtirilgan tariximizni haqqoniy yoritish falsafiy g'oyalar, qarashlar tarixini ham xolis ko'rsatib berishni taqozo qiladi. O'z davrida qimmatli tarixiy manbalarning yo'q qilingani yoki ayovsiz talon-taroj etilgani bu ishni qiyinlashtirmoqda; — ikkinchidan, mavjud manbalar arab yoki fors tillarida ekanligi, ularni biladigan faylasuf olimlarning, malakali tarjimonlarning kamligi umuminsoniy ma'naviy merosdan bahramand bo'lish va ulardan ijodiy foydalanishga to'siq bo'lmoqda; — uchinchidan, odamlar ongidan mustabid tuzumning soxta g'oyalarini, ular qoldirgan asoratlarni siqib chiqarish, mafkuraviy bo'shliqni yangi g'oyalar bilan to'ldirish, istiqlol mafkurasini shakllantirish muayyan vaqtni taqozo qiladi. Bunda, avvalo jamiyatning siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy hayotida yuz beradigan ijobiy o'zgarishlar uni harakatlantiruvchi, taraqqiy ettiruvchi asosiy omil — inson tafakkuri, ruhiyati, his-tuyg'ulariga samarali ta'sir etadi. Shu bilan bog'liq ravishda, Vatan va xalq tarixi, ma'naviy-madaniy meros, ona tili, din, milliy turmush tarzi, milliy urf-odatlarni ya ngi davrning mohiyat-mazmunidan kelib chiqqan holda tiklash, boyitish va milliy g'urur-iftixorning yuksalishida juda ulkan o'rin tutadi. Falsafiy dunyoqarashni yangilash zarurati bir qator yo'nalishlarda namoyon bo'ladi. 1. Avvalo bu kelajagi buyuk davlatni barpo etish bilan bog'liq. Bunda ana shu yaratilajak yangi jamiyat haqida, bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o'tish jarayoni, yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning qaror topa borishi, islohotlarning inson manfaatlariga xizmat qilishi, milliy uyg'onish ijtimoiy taraqqiyot taqozosi, komil insonni voyaga yetkazish davr talabi ekani kabi dasturiy vazifalarning hayotiyligi to'g'risidagi g'oyalarni odamlar dunyoqarashida qaror toptirish zarur. 2. Falsafiy ongning yangilanishi mohiyat e'tibori bilan fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish borasida iqtisodiy mustaqillikka erishish orqali siyosiy mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro nufuzi va aloqalarining o'sib borishi, tinchlik, osoyishtalik, milliy totuvlik, bahamjihatlikka xizmat qiluvchi g'oyalarga tayanadi. Uning hayotiyligi xalq irodasiga, ruhiyatiga, milliy tuyg'ulari, orzu-intilishlariga mosligi bilan belgilanadi. 3. Albatta, falsafadagi yangilanish millat va Vatan manfaatlari, istiqbol rejalari, milliy qadriyatlarimiz ruhiga mos holda kechadi. Bu esa, o'z navbatida, yurtimizda kechayotgan islohotlar jarayoni, davlatimizning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy hayotidagi ijobiy o'zgarishlar to'g'risida xalqimizda to'g'ri tasavvur va tushunchalarni hosil qilib borish lozimligini ko'rsatadi. 4. Falsafiy tafakkur yangilanishi taqozo etadigan eng muhim vazifa poklanish jarayoni odamlar ruhiyati va tafakkurida amaliy tus olishi uchun O'zbekiston Konstitutsiyasida mujassam etilgan maqsad va g'oyalarni amalga oshirish yo'lida xizmat qilishdir. Bu maqsad va g'oyalar omma manfaatlarini aks ettirgani bois ularni ma'naviy hayot tarzining tarkibiy qismiga aylantirish muhim ahamiyatga ega. 5. Mamlakatimiz mustaqilligi, tinchligi, uning fuqarolari totuvligi, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlikning qadriga yetish, jamiyatimiz hayot tarziga xavf solishi mumkin bo'lgan tahdidlarga qarshi ogohlikni kuchaytirishda falsafa va umuman, ijtimoiy fanlaming ahamiyati beqiyos. Shu bois o'z xalqi tarixini, o'z milliy madaniyatini, urf-odat va an'analarini yaxshi biladigan, milliy g'ururi yuksak avlodni tarbiyalash falsafaning muhim vazifasidir. 6. Falsafiy dunyoqarashning yangilanishi, mohiyat e'tiboriga ko'ra, insondan, uning ijtimoiy xususiyatlari takomillashuvidan chetda kechadigan jarayon emas. U nafaqat umumjamiyat miqyosidagi, balki har bir inson kamoloti uchun ham zarur shart-sharoit yaratadigan jarayondir. Shu ma'noda, u ham, jamiyatdagi boshqa o'zgarishlar kabi, avvalo, inson uchun, uning kamoli va hayot farovonligini ta'minlaydigan islohotdir. XXI asrga kelib, insoniyat g'oyat murakkab, olamshumul muammolar qarshisida turganligini anglay boshladi. Xususan, yadro urushi xavfi, keskinlashayotgan ekologik muammolar, xomashyo va energetika resurslari, Yer shari aholisining shiddat bilan o'sib borayotgani, ularni oziq-ovqat bilan ta'minlash, sog'liqni saqlash, maorif va madaniyatni, fan-texnika va texnologiyani rivojlantirish muammolari yangicha tafakkurni taqozo qilmoqda. Bu masalani milliy va umuminsoniy falsafiy g'oyalarni, nazariyalarni ishlab chiqmasdan hal qilish mumkin emasligi esa tobora aniq bo'lib bormoqda. Falsafa ijtimoiy hayotda insonning mohiyati, yashashdan ko'zlagan maqsadi, oliy qadriyat ekani, ma'naviy omillari (ideallari), borliqdagi o'rni, munosabatlari sabablari, ruhiy va moddiy ehtiyojlarini qondirish usul va vositalari — barcha-barchasini ko'rsatib beradi. Jamiyat taraqqiyoti va falsafaning rivojlanishi dialektikasi ana shu xususiyatlarga asoslanib, o'ziga xos tarzda namoyon bo'ladi. Bir tomondan, jamiyatning o'zgarib borish tamoyili falsafiy g'oya, nazariya va ta'limotlar o'zgarishini taqozo qiladi. Ikkinchi tomondan, o'zgarayotgan falsafa jamiyat moddiy-ma'naviy hayot tarzini ilg'ab olib, uning istiqbollarini belgilash, mafkurasini shakllantirishda nazariy, uslubiy asos bo'lib xizmat qiladi. Ayniqsa, mamlakatimiz bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o'tgan bugungi kunda kishilar tafakkuri va ongida saqlanib qolayotgan eskicha fikrlash qoliplarini bartaraf etish, yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni rag'batlantirish, milliy o'zlikni anglash, istiqlol mafkurasini shakllantirishda shoshilmay, behuda his-hayajonlarga berilmasdan, aql-zakovat bilan ish tutishda falsafaning o'rni va hamiyati g'oyatda ulkandir. Falsafa har qanday murakkab ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy vaziyatda ham kishilarni yuksak g'oyaviylik, mustahkam e'tiqod, kelajakka ishonch ruhida tarbiyalash bilan birga, ularga murosa va hamkorlik qilish, chigal muammolarni ham umummilliy, umuminsoniy manfaatlarni nazarda tutgan holda madaniy va ma'rifiy hal etish imkoniyatlarini topishga yordam beradi. Download 56.21 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling