Reja: Foydali nutq va ishontira olish
Download 29.61 Kb.
|
Nutq. 2-mav. Maruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- 4. Siyosatshunoslik va estetikaning nutq madaniyatiga tasiri
- Ishontirish
- Sabai sayyor
- Yaxshilik
- Mantiq qonunlari
- Sintez
- Tushuncha
- Aqliy xulosa
- Tilning shirinligi
- Yaxshi so‘zga kim mast-u behush bo‘lsa, Sharbat ichida zaharni totli qiladi 7
2-mavzu: Nutq madaniyati va boshqa fanlar Reja: 1. Foydali nutq va ishontira olish. 2. Ushbu fanning tilshunoslik va adabiyotshunoslik bilan aloqasi. 3. Nutq madaniyatining mantiq va etika bilan munosabati. 4. Siyosatshunoslik va estetikaning nutq madaniyatiga ta'siri. 5. Pedagogika, psixologiya va sotsiolingvistika belgilarining nutq madaniyatida namoyon bo‘lishi. Nutq madaniyati turli fanlar bilan o‘zaro aloqador bo‘lib, ana shu bog‘liqlik asosida chuqur mantiqiy ildizga ega bo‘lgan foydali nutq shakllanadi. Ritorika (xitoba) esa alohida fanlarga emas, balki barcha fanlar uchun umumiy bo‘lgan, har bir fan uchun zarur bo‘lgan ishontirish usullarini o‘rgatadi1. Nutq madaniyatining asosida ishontirish mezoni yotar ekan, bunga erishish uchun har tomonlama chuqur bilimga ega bo‘lish lozim. Demak, so‘zlovchi yoki notiq o‘z fikrini bayon qilish jarayonida asoslarni o‘rinli keltirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ishontirish quyidagi uchlik, ya'ni usul, asos, dalil bilan yuzaga kelganligi sababli, notiq tinglovchilarni (talabalarni) ishontira olishi uchun aqliy-mantiqiy xulosalar chiqarishga qobiliyatli, odamlarning fe'l-atvorlarini (xarakterlarini), fazilatlarini va ehtirosli mayl-istaklarini va hoyu havasning tabiati qanday ekanligini tadqiq etadigan ruhshunos (psixolog) bo‘lmog‘i kerak. Shu ma'noda ritorika (nutq madaniyati va notiqlik san'ati) ham dialektik fikrlashga, axloqshunoslik va siyosat sohalariga aloqadordir2. Mazkur dalillardan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, nutq madaniyati va notiqlik ayni paytda o‘z mohiyatiga ko‘ra bir qator fanlar bilan ham uzviy bog‘liqdir: 1. Tilshunoslik. Madaniy nutq tilning og‘zaki hamda yozma shaklida namoyon bo‘ladi. Demak, nutq madaniyati va notiqlik birinchi navbatda tilshunoslik bilan aloqadordir. Buyuk so‘z ustasi Alisher Navoiy o‘zining “Sab'ai sayyor” dostonida so‘zga shunday ta'rif bergan: Bu biri so‘zda ko‘rguzur mu'jiz, Kim, qilur elni nuktasi ojiz. Berur ul bir o‘lukka jon so‘zidin, Tan aro kirguzur ravon so‘zidin. Muni derlar: «Muhammadi arabiy», Ul birining «Masih» erur laqabi. Allah, allah, ne so‘zdurur bu so‘z, Mundin ortuq yana bo‘lurmu so‘z. Jism bo‘stonig‘a shajar so‘zdur, Ruh ashjorig‘a samar so‘zdur. Gulshane keldi jismi insoniy, Nutq oning bulbuli xush alhoni, Buyla bulbul navosi so‘zduru bas, Nag‘mai jonfizosi so‘zduru bas3. Shoir Abdulla Oripov “Ona tilimga” she'rida tilning millat buyuk ne'mat ekanligi e'tirof etgan: Ming yillarkim, bulbul kalomi, O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha. Ammo sho‘rlik to‘tining holi, O‘zgalarga taqlid hamisha. Ona tilim, sen borsan, shaksiz, Bulbul tilin she'rga solaman. Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz, Men ham to‘ti bo‘lib qolaman. Ushbu misralarda til va nutq munosabati ham o‘z aksini topgan. Tilshunoslikning barcha sathlarining umumiy qonuniyatlariga asoslanib ish ko‘rish nutq madaniyati va notiqlikning asosiy vazifasi hisoblanadi. Nutq madaniyati tilshunoslikning fonetika, orfoepiya, orfografiya, leksikologiya, leksikografiya, morfologiya, sintaksis, semantika va uslubiyat kabi bo‘limlari mazmun-mohiyati asosida shakllanib boradi. 2. Adabiyotshunoslik. Madaniy nutq adabiy til vositalarisiz, ularning jozibador ifodasisiz yuzaga chiqmaydi. Badiiy til vositalarni o‘z o‘rnida mohirlik bilan qo‘llash nutqning ta'sirli bo‘lishini ta'minlaydi. Badiiy vositalar uzoq davrlar mobaynida ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan ijod qilingan. Har bir alloma o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ularning ifoda ko‘lamini boyitib borganlar. Ana shunday vositalardan o‘z o‘rnida foydalanish ham so‘zlovchidan yuqori mas'uliyat talab etadi. “Amir Arslon Rumiy” dostonida shunday baytlar bor: Tog‘ ortidan quyosh chiqdi sepin yoyib, Yulduzlar-chi, asta-sekin bo‘ldi g‘oyib. Sharqda Yusuf ul quduqdan chiqib keldi, Tongni ko‘ring, Zulayhodek yoqa yirtdi. So‘zlarni o‘z o‘rnida mohirlik bilan ishlatish tasvirdagi beqiyoslikni ta'minlaydi. Navoiy hazratlarining ustozi Abdurahmon Jomiy yaxshilik va yomonlikni, kamtarlik va manmanlikni qiyoslab shunday izoh berganlar: Yaxshiliklar bir xonaga jam, Kamtarlikdir uning kaliti. Yomonliklar boshqa xonada, Uni ochar manmanlik iti, Ehtiyot bo‘l toyib ketmagil, Shundan kelar yuzing shuviti4. Albatta, yomonlik va manmanlik inson zotini o‘zligidan uzoqlashtiradi, asliyatini yo‘qotishga sabab bo‘ladi. Mavlono Jomiy mansab odamni ulug‘lamaydi, balki ilmli odam mansabni ulug‘laydi, degan aqidani ilgari surganlar: Baland mansab tepasida ham, Ilm oshirmoq fikrini qil har dam, Mansab bilan balandmas odam, Mansab odam bilan muhtaram5. Bu xulosadan shunga amin bo‘lishimiz joizki, inson o‘zi ulug‘ qilib yaratilgan, ilm olish bilan yanada muhtaram bo‘ladi. Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlaridan biri adabiyot nazariyasi bo‘lib, uchta mustaqil sohaga bo‘linadi: 1) ilmi aruz she'rdagi vaznlar va ularning qonun-qoidalari haqida bahs yuritadi; 2) ilmi qofiya qofiya qonuniyatlari hamda turlari to‘g‘risida ma'lumot beradi; 3) ilmi bade' fikrni ravon va nafis ifodalash yo‘llari va vositalari, badiiy san'atlarning turlari va xususiyatlarini o‘z ichiga oladi6. Mazkur sohalar o‘zaro uyg‘unlikda nazariyani shakllantiradi. Nazariya esa adabiyotshunoslikni nutq madaniyati bilan chambarchas bog‘laydi va madaniy nutqqa mustahkam poydevor qo‘yadi. 3. Mantiq. Madaniy nutqning asosini mantiqiy fikrlash tashkil etadi. Shu bois nutq madaniyati mantiqning asosiy mezonlarisiz yuzaga chiqmaydi. Al-Forobiyning shunday fikri bor: “Mantiq tafakkurni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun aqlni peshlab turadi”. Mantiq qonunlari to‘g‘ri tafakkurning majburiy shartidir. 1. E'tirof qonuniga ko‘ra biror narsa-hodisa haqidagi har qanday fikr o‘z ma'nosida ishlatilishi lozim. 2. Qarama-qarshilik qonuniga ko‘ra ayni bir narsa-hodisa haqidagi ikki qarama-qarshi fikr birdaniga chin bo‘lishi ham mumkin. 3. Inkor etish qonuniga ko‘ra bir-biriga zid bo‘lgan ikki hukmdan biri hamisha chin bo‘ladi, ikkinchisi esa xatodir. Uchinchisi esa bo‘lishi mumkin emas. 4. yetarli asos qonuniga ko‘ra har qanday fikr chin, mantiqan asoslangan bo‘lishi shart. Mantiqiy fikrlash usullari, ya'ni solishtirish, analiz, sentiz, abstraktlash va umumlashtirishning nutq faoliyatidagi o‘rni muhimdir. Solishtirish usulida narsa-hodisalarning bir-biriga o‘xshashligi va bir-biridan farqi aniqlab olinadi. Analiz yordamida narsa-hodisalarni fikran qismlarga bo‘lib, ularning ayrim qismlarini, belgilarini, xususiyatlarini ajratamiz. Sintezda narsa-hodisaning analiz bilan bo‘lingan ayrim qismlarini shu usul yordamida fikran birlashtirilib, bir butun holiga keltiriladi. Abstraktlashda narsa-hodisalarning muhim xususiyatlari fikran ajratiladi va ikkinchi darajali xususiyatlaridan chetlashtiriladi. Umumlashtirishda jinsdosh narsa-hodisalarning umumiy xususiyatlari fikran birlashtiriladi. Fikrlashning asosiy shakllari: tushuncha, muhokama va aqliy xulosadir. Tushuncha narsa-hodisalarning umumiy va asosiy belgilarini aks ettiradi. Tushuncha so‘z bilan ifodalanadi. Kengaygan tushuncha so‘z birikmasi orqali yuzaga chiqariladi. Muhokama esa narsa-hodisalarning belgilari haqida biron narsani tasdiqlab yoki inkor etib aytilgan fikrdir. Muhokamaning ifodalanish shakli gapdir. Aqliy xulosada u yoki bu xildagi muhokamalardan yangi muhokama chiqariladi. 4. Etika (axloq). Madaniy nutq axloq qonuniyatlari chuqur aloqadordir. Shuning uchun nutq madaniyatida axloqning turli shakllari o‘z aksini topadi. Har bir millatga tegishli axloqiy qonun va qoidalar mavjud. Alisher Navoiy o‘zining “Mahbub ul – qulub” asaridagi 48-49-tanbehlarida til va so‘zga tegishli purma'no fikrlarni bayon qilgan: Tilga ixtiyorsiz – elga e'tiborsiz. Ko‘p, bemaza so‘zlaydigan odam tong otguncha huradigan itga o‘xshaydi. Nodonning vahshiylarcha baqirig‘i – eshakning bemahal hangrashiga o‘xshaydi. Xushsuxan odam yumshoqlik bilan do‘stona so‘z aytadi, uning so‘zi bilan g‘am daf bo‘ladi. Aytadilarki: “nafasning joni bor…” O‘zi xunuk, gapi bema'ni, ovozi yoqimsiz odam qurbaqaga o‘xshaydi. Baxt bag‘ishlovchi narsa ham, yomonlik keltiruvchi narsa ham til. Tilini tiyolgan odam donishmand oqil, so‘zga erk bergan odam beandisha, pastkash. Til bilan dil bir bo‘lsa yana ham yaxshi. Bo‘stonda – gulsafsar, gulg‘uncha, rayhonlar eng yoqimli gullardir. Odam tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir. U tili bilan boshqa odamlardan afzal, nutq noma'qul bo‘lsa tilning ofati. Tilning shirinligi – ko‘ngilga yoqimlidir, muloyimligi esa foydali. Chuchuk til achchiqqa aylansa, ko‘pchilikka zarari tegadi, qanddan may tayyorlansa harom bo‘ladi. Shirin so‘z asal kabi totli, bolalar uchun muloyim tabiatli odam – halvofurush kabi sevimlidir. Bayt: Yaxshi so‘zga kim mast-u behush bo‘lsa, Sharbat ichida zaharni totli qiladi7. Navoiy hazatlarining tilga e'tiborli bo‘lish, xushsuxanlik, tilni tiyish, til bilan dil bir bo‘lishi kerakligi, odamning tili bilan hayvonlardan imtiyozli ekanligi, tilning shirinligi, shirin so‘z va yaxshi so‘z haqidagi fikrlari barchaning diqqatini tortish bilan birga ushbu mezonlarga amal qilishga chorlaydi. Alisher Navoiyda “Chin so‘z – mo‘tabar, yaxshi so‘z – muxtasar”8 hikmati bor. Ular so‘zlovchi va notiqning fikrida o‘z aksini topadi. Biror masala haqida fikr bayon qilayotgan shaxs axloqiy mezonlar va qoidalarga asoslangan holda yoki ularga tayanib masalani yoritadi. Axloqqa aloqador mezonlar madaniy nutq uchun doimo zarur shartlardan biridir. 5. Siyosatshunoslik. Nutq madaniyati siyosatshunoslik fani bilan ham bog‘liqdir. U ichki va tashqi davlat siyosatining ravnaqiga xizmat qiladi. Chunki har bir chuqur mushohada qilib aytilgan fikr o‘sha mamlakat olib borayotgan siyosatning adolatli ekanligini tasdiqlab turadi. Adolatli siyosat mamlakatni yuksaltiradi va jahonga mashhur qiladi. Buyuk davlat arbobi, jahongir Amir Temur hazratlarining “Kuch adolatdadir” deb ta'kidlashining boisi ham shundadir. Arastu “Nikomax etikasi” (“Katta axloq kitobi”) da siyosatshunoslik ilmi bilan ritorika, mahorat san'ti, iqtisod yaqinligini aytgan edi va “bularni bilganlar eng qobiliyatli odamlardir”, deb ta'kidlagan edi9. 6. Estetika (nafosat). Madaniy nutq insondagi nafosatning yorqin shakllarini namoyon etadi. Ushbu nafosat turli millatlarda har xil ekanligi ko‘zga tashlanadi. O‘zbekona nafosat o‘zgacha bo‘lib, uni his qilish uchun, albatta, tanasidagi qoni, yuragidagi shuuri shu millatga tegishli bo‘lishi shart. O‘zbek milliy romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy o‘zining “O‘tkan kunlar” asarida o‘zbekona nafosatni milliy tilining jozibasi orqali kitobxonlarga ko‘rsatib bera olgan: 1264-inchi hijriy, dalv oyining o‘n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir... Darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilg‘an bu dong‘dor saroyni Toshkand, Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila to‘la. Saroy ahli kunduzgi ish kuchlaridan bo‘shab hujralariga qaytqanlar, ko‘b hujralar kechlik osh pishirish ila mashg‘ul, shuning uchun kunduzgiga qarag‘anda saroy jonliq: kishilarning shaqillashib so‘zlashishlari, xoxolab kulishishlari saroyni ko‘kka ko‘targudek10. Nutq madaniyatida ham turli xil estetik qarashlar o‘z aksini topadi. Bularning asosini milliy qadriyatlar tashkil etadi. Mazkur urf-odat million yillar asnosida yuzaga kelgan va o‘sha qavmning qon-qoniga singib qadriyat darajasiga erishgandir. 7. Pedagogika. Madaniy nutq lingvodidaktika bilan chambarchas bog‘liqdir. Nutq madaniyati tarbiyaga xos barcha jabhalarni qamrab oladi. Pedagoglik, ya'ni o‘qituvchilik kasbi juda qadimdan buyon inson faoliyatining alohida turi sifatida mavjud. Tamaddunning Misr, Turon, Hindiston, Xitoy, Ossuriya, Bobil, Yunoniston singari o‘choqlaridan topilgan tarixiy-madaniy obidalar bu o‘lkalarda o‘qituvchilik kasbi juda qadim zamonlarda shakllanganligini ko‘rsatadi. Yunonistonda faqat ozod kishilargina o‘qituvchilik bilan shug‘ullanishgan. Boy oilalarda esa bilimli va savodli kishilar ta'lim-tarbiya ishini bajarishgan. Ular “paydagog” (bola yetaklovchi) lar deb atalgan. Rim imperiyasida o‘qituvchilar imperator nomidan tayinlanadigan davlat amaldori sanalgan. Qadimda o‘qituvchilarning dindor, yollanma, uy o‘qituvchilari kabi tabaqalari bo‘lgan. Sharq mamlakatlarida o‘qituvchilik eng nufuzli kasb hisoblangani shuning uchun ular “ustoz” deb ulug‘langan. 8. Psixologiya (ruhshunoslik). Madaniy nutqda insonning ruhiyati aks etadi. Til ruhiyat bilan chuqur aloqador shu bois uning jozibasi ham ruhiyatga bog‘liqdir. Inson ruhiyatidagi har qanday o‘zgarish fikrlarning serma'no va ta'sirli chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Nutq madaniyati insonning mizoj (temperament)i ham bog‘liq bo‘lganligi uchun turli dunyoqarashlarni namoyon etadi. Kishilar nutq, tinglovchilarga ta'sir o‘tkaza olishiga ko‘ra ham farqlanadi. Bu esa nutq madaniyati va notiqlikning ruhshunoslik bilan aloqasi chuqur ekanligini tasdiqlaydi. Nutqning hosil bo‘lishi, uni idrok etish, nutqiy ma'lumotlarni talabgor tomonga tez va oson yetkazib berish ham psixologiya bilan bog‘liqdir. 9. Sotsiolingvistika. Nutq madaniyati sotsiolingvistika fani bilan ham aloqador bo‘lib bu holat ijtimoiy munosabatlarda ko‘zga tashlanadi. Nutqiy aloqada uch unsur mavjud: 1) so‘zlovchi; 2) tinglovchi; 3) axborot. Mazkur unsurlarning o‘zaro aloqasida turli harakatlar (mimika, kiyinish, ovozning yoqimliligi, ijtimoiy maqom) ham o‘ziga xos muhim vazifani bajaradi. Shu jihatdan qaraganda notiq tashqi qiyofasi va o‘z jamoasidagi maqomi bilan ham bir qadar tinglovchiga ta'sir o‘tkaza oladi. Biroq har qanday notiqni bilim darajasi, tiniq fikrlashi va asosli dalillar keltira olishi tinglovchi bilan mustahkam bog‘lay oladigan ko‘prikdir. Ijtimoiy munosabatlarda nutqiy ta'sir muhim amallardan sanaladi. Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, nutq madaniyati juda ko‘p fanlar bilan uzviy bog‘liq. Bu fanlar qaysidir tomondan nutq madaniyatini to‘ldirib mukammallashtirib turadi. Demak, nutq madaniyati va notiqlik mazkur fanlar beradigan xulosalarsiz mavjud bo‘la olmaydi. Ularning foydali jihatisiz nutq madaniyatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Download 29.61 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling