Reja: I. Kirish II. Asosiy qism


Tizim asli falsafiy tushuncha bo‘lib, olimlar asosan uning 3 ko‘rinishini ta’kidlab o‘tadilar


Download 133.5 Kb.
bet3/5
Sana13.12.2021
Hajmi133.5 Kb.
#180553
1   2   3   4   5
Bog'liq
Huquq tizimi

Tizim asli falsafiy tushuncha bo‘lib, olimlar asosan uning 3 ko‘rinishini ta’kidlab o‘tadilar:

1) organik;

2) noorganik;

3) nojips yig‘indilar.



E’tiborimiz markazida bo‘lgan huquq deb atalmish hodisa organik tizimlar tipiga mansubdir. Shu boisdan ham organik tizimlarga xos bo‘lgan olimlar tomonidan tavsiflangan ayrim jihatlarni sanab o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ular quyidagilardir:

  • Tizim ichida nafaqat tuzilmaviy, balki genetik aloqalarning ham mavjudligi. Genetik aloqalar faqatgina tirik mavjudotlargagina xos bo‘lib qolmay, balki ularni huquq tizimida ham kuzatish mumkin;

  • Tizim ichida koordinatsiya aloqalari bilan birga subordinatsiya aloqalarining ham mavjudligi. Koordinatsiya aloqalari tizim ichki unsurlarining o‘zaro ta’sirini ifodalasa, subordinatsiya aloqalari esa bir unsurning boshqasidan kelib chiqishida ko‘rinadi. Huquq tizimining tarkibiy unsurlarida ushbu holatni ayniqsa, yaqqol kuzatish mumkin. Masalan, 2001 yil 29 avgustda qabul qilingan «Jinoiy jazolarning liberallashuvi munosabati bilan Jinoyat kodeksi, Jionyat protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun normalari ta’sirini tahlil etib ko‘raylik. Unga ko‘ra, jinoyat huquqidagi javobgarlikdan ozod qilish instituti yangi mazmundagi normalar bilan boyitildi. YA’ni Jinoyat kodeksining 661-moddasi bilan to‘ldirilishi endilikda taraflarning yarashishi munosabati bilan muayyan shartlar asosida jinoiy javobgalikdan ozod qilish mukinligini qonuniy mustahkamladi. Ushbu norma asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi masalasi jinoyat protsessual huquqida yangi institutni vujudga keltirdi: yarashuv to‘g‘risidagi ishlarni yuritish tartibi instituti.

Har qanday tizim tarkibiy qismlarining xususiyatlari yaxlit qonuniyatlardan kelib chiqadi. Tizim va uning unsurlari o‘zaro bog‘liqligi shunchalik uzviyki, ularning yakka o‘zi mustaqil mavjud bo‘lish imkoniga ega emas. Ushbu jihatni ham jinoyat huquqi sohasi misolida tahlil etishga urinib ko‘ramiz. Jinoyat kodeksinig 2- moddasi mazmuniga ko‘ra, jinoyat huquqi sohasining asosiy vazifasi shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qo‘riqlashdan iboratdir. Endi jinoyat huquqining dastlabki va birlamchi unsuri bo‘lmish biron-bir jinoyat huquqi normasini olaylik. Jinoyat kodeksining 169-moddasida ifodalangan huquq normasi mazmuniga muvofiq, o‘zgalar mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish o‘g‘rilik jinoyati hisoblanib, ta’qiqlanadi va muayyan jinoiy javobgarlikni qo‘llash uchun asos bo‘luvchi qilmishlar toifasiga kiradi. Biroq biz ushbu normani mustaqil holatda tasavvur eta olamizmi? Ushbu savolga hech qo‘rqmasdan yo‘q deb javob berish mumkin. Zero, birinchidan, ushbu normani hayotga tatbiq etish uchun jinoyat huquqining boshqa norma va institutlariga murojaat etish zarur bo‘ladi; ikkinchidan esa jinoyat huquqi oldiga qo‘yilgan vazifalar ham aynan ushbu ehtiyojni, ya’ni jinoyat huquqi va uning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni talab etadi. Shunga ko‘ra o‘g‘rilik to‘g‘risidagi birgina huquq normasi bilan barcha vazifalarni hal etish huquqiy mantiqqa zid bir xulosa bo‘lar edi.

Dastlabki xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, organik tizim bu muayyan vazifalarni bajaradigan har qanday unsurlarning oddiy yig‘indisi emas. U o‘zida yaxlit bir tuzilmani ifoda etishi, o‘z ichki tuzilishini tashqi muhit ta’sirida o‘zgartirib borishga qodir ham bo‘lishligi kerak. Yuqorida huquq tizimining organik tizimlar guruhidagi o‘rni asosida eng umumiy belgilarini ko‘rib chiqdik. Endi esa huquq tizimining yuridik tushunchasi haqida to‘xtalib o‘tsak.

Yuiridik adabiyotlarda huquq tizimini tushunish turlicha yondashuvlar, munozaralar bilan kechadi. Ilk bor huquq tizimini tushunish muammolariga bag‘ishlangan urinishlar 1938-1940 yillarda bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha vaqtlarda 10 ga yaqin huquq sohalari mavjudligi haqida fikrlar yuritilgan edi. 2- hamda 3-ilmiy munozaralar esa 1956-1959, 1982 yillarda bo‘lib o‘tgan. Ularda huquq tizimini rivojlantirishning yo‘nalishlari, tendensiyalari beligilab olingan edi. Masalan, 2-ilmiy munozaralarda quyidagi xulosalarga kelingan edi: 1) huquqni sohalarga ajratish uchun asos vazifasini o‘tovchi mezonlar huquqiy tartibga solish predmeti va metodi ekanligi tan olindi; 2) huquqning 3 tarkibiy qismlari ajratib ko‘rsatildi: davlat huquqi, moddiy va protsessual huquq. Albatta ushbu munozaralar va ular samarasi bo‘lgan ilmiy xulosalar sovet huquqi mazmunidan kelib chiqadi va hozirda O‘zbekiston sotsialistik tusdagi davlat ham emas. Biroq bu shu kungacha huquqshunos olimlar tomonidan yaratilgan barcha ilmiy holatlarni bir chetga surib qo‘yish kerak degani ham emas. Shu boisdan ham barcha ilmiy holat va xulosalar, ayniqsa, kommunistik mafkura ta’sirisiz yaratilganlari hali ham o‘z ilmiy-amaliy ahamiyatini saqlab qolgan.

Huquq tizimi asosan mustaqil huquqiy kategoriya sifatida talqin etilib, uning qator belgilari adabiyotlarda chuqur tahlil etiladi. Ayrim nazariyotchilar esa huquq tizimini qonunchilik tizimi tushunchasi bilan taqqoslash asosida tavsiflaydilar. Dastlab huquq tizimini mustaqil kategoriya sifatida ko‘rib chiqsak. Bunda huquq tizimi deganda huquqning qanday qismlar, unsurlardan iborat ekanligi va ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tavsifi tushuniladi. Prof. Z.M.Islomovning fikriga ko‘ra, huquq tizimi bu mavjud ijtimoiy munosabatlar tizimi bilan obyektiv mutanosib huquqning ichki tuzilishi bo‘lib, u normativ materialning muayyan ketma-ketlikda joylashuvi va birlashuvi asosida namoyon bo‘ladi. Huquq tizimi – milliy huquq tuzilishi bo‘lib, jamiyatdagi mavjud huquq normalarining ma’lum qismlarga bo‘linishidir. Huquq tizimini ilmiy kategoriya sifatida ta’riflash barcha yuridik normalarning tuzilmaviy qurilish shaklini ifodalash bilan belgilanadi. Huquq tizimiga nisbatan ilmiy kategoriya sifatida yondashish huquq normalarini tartiblashtirish, alohida soha va institutlarga biriktirish va shu yo‘l bilan huquq nazariyasi va amaliyotini o‘rganish jarayonini osonlashtirish imkonini beradi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, na Konstitutsiyada va na normativ-huquqiy hujjatlarda huquq tizimi tushunchasi haqida hech nima deyilmagan, ushbu terminni qonunchilik hujjatlari matnida umuman uchratmaymiz. Bizningcha, bu mutlaqo to‘g‘ri ta’kid. Ushbu fakt ham huquq tizimi qonunchilikni takomillashtirishda foydalaniladigan ilmiy kategoriya(konstruksiya) ekanligidan dalolat beradi. Qonunchilik yo‘q ekan o‘z-o‘zidan «huquq tizimi» kategoriyasiga bo‘lgan talab va ehtiyoj ham yo‘q.

Yuqorida huquq tizimining organik tizimlar toifasiga xos umumiy belgilarini tadqiq etdik. Huquq tizimi murakkab tushuncha sifatida alohida belgi va xususiyatlarga ham ega bo‘lib, yuqoridagi umumiy belgilarni aniqlashtirish maqsadalarida ularni tahlil etish zarur bo‘ladi. Ular quyidagilardir:



  • Huquq tizimini tashkil etuvchi normalarning o‘zaro mutanosibligi va birligi;

  • Huquq tizimining o‘zaro bog‘liq soha va institutlarga ajralishi;

  • Iyerarxiyaviylik va obyektivlik;

  • Ichki o‘zaro mantiqiy zidlikning mavjud emasligi.

Huquqni qo‘llash jarayonida huquqning tizimliligini inobatga olish fuqarolik huquqiy nizoni hal etish yoki jinoiy ishni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan aniq bir normani topish va qo‘llash imkoniyati demakdir. O‘z-o‘zidan bunday normalar tizimlashtirilgan bo‘lib, huquqning muayyan tuzilmalariga joylashtirilgan va bu ularni qidirib topish, amalga oshirish, bir so‘z bilan aytganda harakatga keltirish imkonini beradi.

Shunday qilib, huquq tizimi – huquqning obyektiv ravishda shakllangan ichki tuzilishi bo‘lib, u harakatdagi, o‘zaro bir-biri bilan bog‘langan barcha yuridik unsurlarni o‘z ichiga oladi, ichki uzviylik hamda ayni paytda umumiylik va alohidalik, mustaqillik va bog‘liqlik, o‘xshashlik va farqlanish kabi xususiyatlarni umumlashtiradi. Huquq tizimi tushunchasini tarixiy va tizimli-tuzilmaviy yondashuvlar asosida tahlil etish, shuningdek, huquq tizimining xulosaviy ahamiyat kasb etuvchi quyidagi xususiyatlarini keltirib o‘tish imkonini beradi:



  • Huquq tizimi – muayyan jamiyatda amalda bo‘lgan huquqning obyektiv sifatidir, uni avvaldan belgilangan reja asosida barpo etish mumkin emas;

  • Huquq tizimi to‘laligicha huquq bilan mustahkamalanadigan va tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar tizimiga muvofiq keladi, huquq ijtimoiy hodisa sifatida nafaqat o‘zida, balki ichki tuzilishi orqali ham jamiyat xususiyatlarini ifoda etadi;

  • Huquq tizimi tarixiy o‘zgaruvchan, u jamiyat taraqqiyoti bilan mutanosib ravishda evolyutsion jarayonlarni bosib o‘tadi;

  • Huquq tizimi tarkibiga kiruvchi o‘zaro aloqada bo‘lgan sohalar bir-birini qaytarmaydi va aksincha o‘zaro bir-birini istisno etadi. Buni quyidagi fikrlar bilan tushuntirish mumkin: bitta normaning o‘zi bir vaqtning o‘zida 2 ta turli ko‘rinishdagi ijtimoiy munosabatni tartibga solishning 2 turli metodini qamrab olishi mumkin emas.

Huquq tizimi, qonunchilik tizimi va huquqiy tizim tushunchalari nisbati

Yuqorida huquq tizimini mustaqil kategoriya sifatida tushunish bilan bog‘liq fikr-mulohazalarni bayon etdik. Huquq tizimini tushunish borasidagi muhim yo‘nalishlardan biri ushbu terminning boshqa huquqiy tushunchalar bilan o‘zaro nisbatini bayon etish asosida amalga oshiriladi. YA’ni qator olimlar huquq tizimi haqida so‘z yuritar ekanlar, qonunchilik tizimi va huquq tizimi tushunchalarining umumiy qiyosini keltirib o‘tish bilangina chegaralanadilar. Bunda ular ushbu ikki huquqiy kategoriyalarning o‘zaro mutanosib va farqli jihatlariga asosiy e’tiborni qaratadilar. Bizningcha, ushbu yo‘nalish mezonlari asosida huquq tizimi tushunchasini tadqiq etish nisbatan samaraliroq. Zero, huquq tizimi va qonunchilik tizimi huquqiy hodisalarini bir vaqtning o‘zida tadqiq etilishi asosida ularning umumiy tahlili, o‘zaro nisbati o‘rganiladi, ular har birining alohida unsurlari, ularni rivojlantirish yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi. Natijada esa ularning umumiy, ya’ni o‘xshash tomonlari, shuningdek, farqli jihatlari belgilanib, muayyan belgilar asosida tavsiflanadi. Bunda prof. Z.M.Islomovning quyidagi fikrlari diqqatga sazovorligini ta’kidlab o‘tish zarur: « Huquq tizimi va qonunchilik tizimini ko‘rib chiqishda ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib yoki ularni bir-biridan butunlay ayirib ko‘rsatib bo‘lmaydi(biroq ularni o‘zaro ajrata bilish kerak), zero, ular huquqiy hayot va yuridik fanning o‘zaro uzviy bog‘liq bir-biriga yaqin hodisalari, tushunchalaridir»

Huquq tizimi va qonunchilik tizimi tushunchalarini o‘zaro taqqoslash asosida ko‘rib chiqish zaruratini quyidagi ilmiy holatlar taqozo etadi:


  • Birinchidan, huquq tizimi ham, qonunchilik tizimi ham bitta fenomen, ya’ni huquqni ifodalaydi; biri ichki, ikkinchisi esa tashqi tomondan;

  • Ikkinchidan, huquq tizimi va qonunchilik tizimi shakl va mazmun jihatdan o‘zaro bog‘liq;

  • Uchinchidan, huquq tizimi qonunchilikni tizimlashtirishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, qonunchilikni tizimlashtirishning oliy shakli bo‘lmish kodekslashtirish sohaviy asoslarda amalga oshiriladi. Aksariyat ko‘pchilik kodekslashtirilgan huquqiy hujjatlar huquqning muayyan sohalariga muvofiq keladi;

  • to‘rtinchidan, huquq tizimi va qonunchilik tizimi har qanday demokratik davlat huquqiy tizimining mazmun-mohiyatini ifoda etadi;

  • beshinchidan, huquq tizimi va qonunchilik tizimining o‘zaro aloqadorligi ijtimoiy munosabatlar tizimini huquqiy tartibga solishning yanada sifatli hamda samarali amalga oshirilishiga imkon yaratadi.

Qonunchilik huquqni ifoda etishning tashqi shakli sifatida tizimlashtirilishi lozim bo‘lgan hodisadir. Tizimlashtirish qonunchilikdan foydalanishni sezilarli darajada yengillashtiradi, aholi uchun muayyan qulayliklar yaratadi. Qonunchilik hujjatlarini batartiblashtirish, bir tizimga keltirish huquqiy tartibotni mustahkamlashda ham katta ahamiyatga ega. Qonunchilik tizimi huquqning tashqi ifodasi sifatida uning ichki tuzilishini ifodalovchi huquq tizimi bilan o‘zaro bog‘liq. Biroq ularning o‘zaro ta’siri doim ham to‘g‘ri baholanavermaydi. Masalan, ko‘pchilik olimlar huquqning sohalarga ajratilishini qonunchilikning tizimlashtirilishi darajasiga bog‘liq hisoblamay, uning obyektiv omillar ta’sirida amlaga oshishini ta’kidlaydilar. Haqiqatan ham, qonunchilikning tizimlashtirilishi yoki kodekslashtirilishi yangi huquq sohasini yaratmaydi. Masalan, Havo kodeksi, Shaharsozlik kodekslarining mavjudligi hali ularga mutanosib huquq sohalarining ham mavjudligidan dalolat bermaydi. Yoki aksincha huquqning hamma sohalari ham «o‘z» kodekslariga ega emas.

Huquq va qonunchilik tizimlari o‘zaro uzviy bog‘liq tushuncha va hodisalar hisoblansa-da, ularning har biri muayyan jihatlarda o‘z mustaqilligini saqlab qoladi. Bunday mustaqillik darajasi har ikki tushunchaning belgilarini o‘zaro taqqoslash asosida aniqlanadi. Har ikki hodisa ham davlat va huquq nazariyasining tadqiqot obyekti ekanligini inobatga olsak, ularni o‘rganishda keng tarqalgan usllardan biri qiyosiy-huquqiy metoddan foydalanish ahamiyatga molikdir. Zero, ushbu metod tushunchalar, hodisalar va jarayonlarni solishtirish hamda ular o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlashni ko‘zda tutadi. Davlat va huquq nazariyasida ushbu metodni qo‘llashning muhim sharti sifatida qiyoslanadigan obyektlarning haqiqatan ham taqqoslanadigan bo‘lishi zarurligi takidlanadi

Qonunchilik tizimi nafaqat huquqiy hujjatlarni batartiblashtirish, ular barqarorligini ta’minlash, balki ijtimoiy boshqaruv ehtiyojlari uchun ham shakllantiriladi. YA’ni tegishli boshqaruv subyektlarining huquq normalaridan samarali foydalana olishlari, ularni topa bilishlari, bajarishlari, qo‘llay olishlari uchun ham ushbu tizimga zarurat tug‘iladi. Xuddi ana shu amaliy-pragmatik, axborot(informatsion) aspekt ham huquq va qonunchilik tizimlarini farqlantirib turadi. Biroq qonunchilik tizimi huquq tizimining chuqur nazariy asoslariga tayanilgan holatda shakllantirilishi darkor.

Huquq va qonunchilik tizimlarining o‘zaro nisbati murakkab ilmiy-amaliy muammolardan biri. Agar normativlik nazariyasi tomonidan asoslab berilgan fikr-mulohazalarga tayanadigan bo‘lsak, qonun huquqning bir shakli, xolos. Tabiiy huquq nazariyasiga asoslanib, huquq va qonunni bir-biridan ajratsak, huquq termini ostida mavhum axloqiy qadriyatlar tushuniladi. Huquqni bunday tushunish esa qonunchilikni huquqdan mustaqil, alohida huquqiy hodisa deb hisoblashga imkon beradi.

Huquq normasi huquq tizimining dastlabki tarkibiy unsuri sifatida

Huquq tizimi tushunchasini uning muayyan tarkibiy qismlardan ekanligi bilan izohlashga ushbu ishning ilk bobida imkon qadar harakat qilingan edi. Dastlab huquq tizimining tarkibiy qismlari o‘zaro bog‘liqlikda tadqiq etilgan bo‘lsa, endilikda ularning har birini alohida-alohida tarzda ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi.



Prof. S.S.Alekseyev butun huquqni, huquq tizimini qandaydir bir binoga, huquq normalarini esa uning g‘isht bo‘lakchalariga qiyoslaydi. Ushbu o‘xshatishdan ham ko‘rinib turibdiki, huquq normasi huquq tizimining eng kichik, birlamchi unsuridir. Huquq normasining yaxlit bir tizimning bo‘lakchasi ekanligi unda, birinchidan, huquqqa xos bulgan muhim umumiy belgilar, ikkinchidan alohida o‘ziga xos jihatlar jamlanganligini anglatadi. Huquq normasining birlamchi xususiyati shundaki, u huquq tuzilmasi ichida birinchi bo‘lib, yaxlit huquqda bo‘ladigan o‘zgarishlarni o‘zidan o‘tkazadi. Norma so‘zi lotinchadan olingan bo‘lib, «qoida», »namuna» degan ma’nolarni anglatadi. Haqiqatan ham har bir norma o‘zida biron-bir harakatni, yurish-turish qoidasini, modelini ifodalaydi. Huquq normasi – davlat tomonidan belgilanadigan, kafolatlanadigan va barcha uchun majburiy xulq-atvor qoidalaridir.

Huquq normasi – barcha huquq subyektlari uchun majburiy bo‘lgan, davlat tomonidan o‘rnatiladigan yoki sanksiyalanadigan hatti-harakat qoidasi, xulq-atvor namunasi bo‘lib, unda ijtimoiy munosabat qatnashchilarining huquq va majburiyatlari mustahkamlanadi. Muayyan bir huquq normasida mustahkamlangan yurish-turish qoidasida jamiyat, xalq hayotining moddiy sharoitlari bilan belgilanadigan xohish-irodasi, erki, manfaatlari ifodalanadi. Huquq normasi insonlarning bir-birlari bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarida qanday hatti-harakat modeliga, namunasiga rioya etishlari lozimligini, boshqacha qilib aytganda, qaysi harakatlarni sodir etish mumkinligi yoki mumkin emasligini ko‘rsatadi. Shu ma’noda huquq normasi huquq tizimining xuquqiy xulq-atvor mezoni sifatida namoyon bo‘luvchi dastlabki tarkibiy unsuridir.



Huquq normasi prof. Z.M.Islomovning yozishicha, quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega:

  • Huquq normasi jamiyat, davlat va shaxs uchun qadr-qimmatli bo‘lgan, ahamiyatga molik bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni o‘zida aks ettiradi. Bunda adolat va erkinlik g‘oyalari bilan belgilanadigan ijtimoiy munosabatlar huquq(qonun) yo‘li bilan tartibga solish predmetiga aylanadi. Shuni aytib o‘tish joizki, huquq normalarida ijtimoiy voqe’lik, uning yo‘nalishlari va rivojlanish istiqbollarini ifodalashning o‘ziga xosligi va murakkabligi e’tibor markazida bo‘lmog‘i darkor. Zero, ilmiylik tamoyilidan chekinish xato, nobop huquq normalarining qabul qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Huquq normalarida aks ettirilgan ijtimoiy munosabatlar muhimlik, dolzarblik darajasidan kelib chiqib, ularning huquq tizimida tutgan o‘rnini belgilab beruvchi omil vazifasini o‘taydi. Eng muhim munosabatlarni tartibga soluvchi huquq normalari huquq tizimida yetakchi ahamiyatga ega bo‘lib, yuridik jihatdan yuqori salohiyatli normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z ifodasini topadi.

  • Huquq normasi – o‘zi tartibga soladigan munosabatlarning modeli, namunasi sifatida. Modellashtirish bu ongda ijtimoiy borliqning o‘z ifodasini tiklash yo‘li bilan tabiiy va ijtimoiy hodisalarni idrok etish jarayonidir. Shunga ko‘ra, qonun chiqaruvchi ongida idrok etilgan hatti-harakat, yurish-turishning namunaviy variantlari haqidagi tasavvurlar model shaklida ifodalanadi. O‘zida muayyan ma’lumotlarni va ijtimoiy munosabatlar modelini ifodalagan huquq normasi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish xossasiga egadir. Huquq normasi nafaqat xulq-atvor, yurish-turishni modellashtiradi, balki u ijtimoiy munosabatlarning holati, ularning xususiyatlari, obyektiv va subyektiv jihatlarini ham modellashtiradi.

  • Huquq normalari ijtimoiy jarayonlar, aloqalar takrorlanishi natijasida muayyan barqarorlikni, an’anani ifodalaydi va mustahkamlaydi.

  • Huquq nomalarining umummajburiy xarakaterga ega ekanligi. Ushbu xususiyat huquq normasiga aniq, og‘ishmay rioya etish va ijro etish hamda inson yurish-turishiga davlat va jamiyatning ta’siri bo‘lishligini ifoda etadi. Agar subyektning yurish-turishi huquq normasi talablariga mos bo‘lsa, davlat va jamiyatning unga ta’siri ijobiy bo‘ladi, aksincha bo‘lib mos kelmaganda esa, ya’ni norma talablari buzilsa, oqibatda salbiy ta’sir amalga oshiriladi.

Yuridik normalarning tasniflanishi nazariya va amaliyotda muhim o‘rin tutuvchi tadqiqot obyekti bo‘lgan masalalardandir. Zero, huquq normalarini ilmiy asoslangan holda tasniflash prof. Z.M.Islomovning fikriga ko‘ra, birinchidan, har bir huquq normasining huquq tizimida tutgan o‘rnini aniqlashga; ikkinchidan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi huquq normalarining vazifalari va rolini yanada aniqlashtirishga; uchinchidan, ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta’sir etishning chegara va imkoniyatlarini aniqroq belgilashga; to‘rtinchidan, huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash faoliyatini takomillashtirishga imkon beradi.

Bunday yuridik tasniflarning to‘g‘ri va to‘liqligi birinchi navbatda tegishli belgi hamda mezonlarga bog‘liqdir. Huquq normalari turli mezonlar asosida tasniflanib, bu yerda ayrim jihatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu–huquq funksiyalari va ijtimoiy munosabatlarning alohida (individual) tartibga solinishi. Bunda huquq normalari mazmuni bo‘yicha tartibga soluvchi, qo‘riqlovchi va ixtisoslashgan normalarga bo‘linadi.

Tartibga soluvchi (regulyativ) normalar ijtimoiy munosabatlarni ular ishtirokchilariga huquqlar berish va majburiyatlar yuklash yo‘li bilan tartibga solishga yo‘naltirilgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 11-12-moddalarida soliq to‘lovchilarning huquq va majburiyatlari mustahkamlangan. Aynan ana shu moddalarda ifodalangan soliq huquqiy normalar soliq to‘lovchilarga muayyan huquqlarni berayotganligi va o‘z o‘rnida tegishli majburiyatlar yuklayotganligi bois ular tartibga soluvchi huquq normalari hisoblanadi.

Qo‘riqlovchi normalar yuridik javobgarlik choralari, shuningdek, maxsus davlat majburlov choralarini tartibga solishga yo‘naltirilgan. Ma’muriy huquq, jinoyat huquqi normalari shular jumlasidandir. Masalan, Jinoyat kodeksining 97-103-moddalarida ifodalangan huquq normalari insonlarning hayotidan mahrum etishga yo‘naltirilgan ijtimoiy xavfli qilmishlarni jazo qo‘llash tahdidi ostida jinoyat deb topadi, ta’qiqlaydi va tegishli javobgarlik choralarini ko‘zda tutadi. Shu asosda esa Konstitutsiyamizning 13-moddasida oliy qadriyat sifatida tan olingan inson hayoti va sog‘lig‘ini qo‘riqlaydi, muhofaza etadi.

Regulyativ normalar o‘z funksiyalariga ko‘ra (statik va dinamik) vakolat beruvchi, man etuvchi va majburiyat yuklovchi normalarga bo‘linadi. Vakolat(huquq) beruvchi normalar – ya’ni huquq subyektiga qanday harakatlar sodir etish mumkinligini ko‘rsatuvchi normalar. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasiga ko‘ra, tergovchi jinoyat ishini qo‘zg‘atish va tugatishga, ishni qo‘zg‘atishni rad etishga, gumondor shaxslarni ushlash va so‘roq qilishga, Jinoyat protsesual kodeksida nazarda tutilgan tergov harakatlarini olib borishga, shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish to‘g‘risida va unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash to‘g‘risida qaror chiqarish va qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirishga haqlidir.

Majburiyat yuklovchi huquq normalari - qanday harakatlarni sodir etish lozimligini ko‘rsatuvchi normalar. Masalan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘g‘risidagi» gi qonunning 28-moddasida aks etgan huquq normalari mazmuniga ko‘ra, Prezident imzolashni rad etib, qayta ko‘rib chiqish uchun yuborgan qonun Senat a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, uni Prezident 14 kun ichida imzolashga va e’lon qilishga majbur.

Man qiluvchi normalar – huquq subyektiga muayyan hatti-harakatlarni sodir etishni man qilib qo‘yuvchi normalar. Masalan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi qonunning 34-moddasida ifodalangan huquq normalari Prezidentga palatani tarqatib yuborish vakolatini taqdim etmoqda. Biroq ushbu huquq normalariga ko‘ra, palatani favqulodda holat joriy etilgan davrda tarqatib yuborish mumkin emas.

Ixtisoslashgan normalar esa tartibga soluvchi va qo‘riqlovchi normalardan farqli o‘laroq muayyan munosabatlarning vujudga kelishi uchun asos bo‘lolmaydi. YA’ni ular qo‘shimcha xususiyatga ega. Ixtisoslashgan normalarning quyidagi asosiy ko‘rinishlarini keltirib o‘tish mumkin:



  • Definitiv normalar – muayyan huquqiy kategoriyalarning belgilarini umumlashtirilgan holda mustahkamlashga yo‘naltirilgan normalar. Ular asosan huquqiy ta’rif va tushunchalardan iborat bo‘ladi. Masalan, jinoyat kodeksining 14-moddasida jinoyat tushunchasiga ta’rif berilgan. «Turizm to‘g‘risida» gi qonunning 3-moddasida turizm, tur, turist, turizm obyektlari kabi bir necha tushunchalarga ta’rif berib o‘tilishi ham definitiv normalarning qo‘llanilishiga misol bo‘la oladi. Prof. Z.M.Islomov bunday normalarni norma-ta’rif deya tavsiflab o‘tadi.

  • Deklarativ normalar. Bu normalarda huquqiy tamoyillar, vazifa va maqsadlar belgilanadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga binoan, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir.

  • Tezkor (operativ) normalar. Ular yordamida huquq tizimining eskirgan, mavjud ijtimoiy hayot talablariga javob bermay qolgan normalari chiqarib tashlanib, yangilari joriy qilinadi yoki tegishli qo‘shimchalar bilan to‘ldiriladi. Masalan, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar to‘g‘risida»gi 2003 yil maydagi Qonun normalari shular jumlasidandir.

  • Kollizion normalar. Ularda biron-bir holat bir emas, bir necha huquqiy normalar ta’siriga tushib qolishi mumkin va bu holda o‘sha normalar o‘rtasidagi nizo-«to‘qnashuv» sodir bo‘ladi, bu holatni hal etish uchun kollizion nomalar qabul qilinadi. Mohiyatan olganda, kollizion norma chet el huquqini muayyan milliy yurisdiksiya doirasida qo‘llanishiga ruxsat beradi. Shunga ko‘ra, kollizion normalar «bir tarafdan davlatlarning huquq-tartibotidagi mavjud tafovutlar va xilma-xillikni, ikkinchi tarafdan esa davlatlarning milliy huquqiy tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni aks ettiradi». Masalan, Fuqarolik kodeksining 71-bobidagi ko‘pchilik huquq normalari kollizion xarakterga ega.

Huquqiy tartibga solish metodi bo‘yicha huquq normalari quyidagi turlarga bo‘linadi: imperativ normalar; dispozitiv normalar; rag‘batlantiruvchi normalar; tavsiya etuvchi normalar.

Imperativ normalar qat’iy amr xarakteriga ega bo‘lib, hatti-harakat subyektiga belgilangan harakat modelidan chetga chiqishni man etadi. Masalan, Jinoyat kodeksining 44-moddasida mustahkamlangan huquq normasi mazmuniga muvofiq, jinoiy jarimaning eng minimal miqdori eng kam oylik ish haqining 5 baravarini, maksimal miqdori esa 600 baravarini tashkil etadi. Sudya jarima jazosini tayinlashda ushbu imperativ norma asosida belgilangan miqdorlar doirasidan chetga chiqolmaydi.

Dispozitiv normalar, imperativ normalardan farqli o‘laroq, munosabat qatnashchilariga o‘z hatti-harakatlari variantlarini, subyektiv huquq va majburiyatlar hajmi to‘g‘risida kelishib olish imkonini beradi. Dispozitiv normalar ko‘proq fuqarolik-huquqiy munosabatlarda uchraydi. Masalan, Oila kodeksining 73- moddasida ifodalangan huquq normasi mazmuniga e’tibor bersak, u ota-onalarning o‘z farzandlari tarbiyasi, kamoloti haqida qayg‘urishi zarurligini belgilaydi, ya’ni ota-onalar farzand voyaga yetgunga qadar ular haqda g‘amxo‘rlik qilishlari, ulraga ta’lim-tarbiya berishlari shart. Biroq ushbu huquq normasi ta’lim-tarbiyaning qandaydir usullaridan foydalanishlikni ota-onalar ixtiyoriga topshirmoqda. Bunda ota-onalar o‘z farzandlari uchun ma’qul topgan ta’lim-tarbiyaning muayyan usullaridan foydalanishlari mumkin.

Rag‘batlantiruvchi normalar ijobiy xulq-atvor subyektlarining jamiyat va davlat oldidagi o‘z ijtimoiy va yuridik majburiyatlarini vijdonan bajarishga muvaffaq bo‘lishligi hamda mehnat va jangovor xizmatlari, samarali, davlat, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun ularni taqdirlash bilan bog‘liq tegishli huquqiy qoidalardir. Masalan, 1995 yil 22 dekabrda qabul qilingan «Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi Qonunning aksariyat moddalari rag‘batlantiruvchi huquq normalarini o‘zida aks ettirgan.

Tavsiya etuvchi normalar huquqiy tartibga solishning davlat nuqtai nazaridan eng maqbul bo‘lgan variantlarini o‘zida ifoda etadi. Misol tariqasida ayrim qonunosti normativ-huquqiy hujjatlari normalarini keltirib o‘tish mumkin. jumladan, o‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Qishloq xo‘jaligida ijara munosabatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2003 yil 5 noyabrdagi 486-sonli qaror. Unda hukumat shu sohadagi munosabatlarning davlat nuqtai nazaridan maqbul variantlarda tashkili etilishidan manfaatdor subyekt sifatida shirkat xo‘jaligining namunaviy ustavi, shirkat xo‘jaligi tomonidan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olishning namunaviy shartnomasi kabilarni tegishli shaxslar uchun tavsiya sifatida ilova qilib o‘tgan.

Bulardan tashqari huquq normalari boshqa qator mezonlar asosida ham tasniflanadi. Bunda eng avvalo, huquq normalari huquq sohalari bo‘yicha bo‘linadi va bunday tasnif huquq normalarini bir tizimga keltirish, zarur hollarda kodifikatsiya qilish uchun zarur. Huquq normalarini moddiy va protsessual huquq normalariga bo‘lish keng tarqalgan bo‘lib, bunda huquq subyektlarining huquq va majburiyatlari mazmunini aniqlab beruvchi normalar moddiy huquq normalari guruhiga mansub bo‘ladi, huquqlarni amalga oshirish va majburiyatlarni bajarish ijro etishning tartibini belgilovchi normalarni esa protsessual normalar deb hisoblash to‘g‘ri bo‘ladi.

Huquq normalarida hatti-harakat shakllantirilishi mavhumligiga qarab, ular abstrakt(mavhum) va kazuistik normalarga ajratiladi. Konkret bir munosabat turini yaxlit holda tartibga soladigan normalarni abstrakt normalar deymiz. Bir munosabat turining konkret bir qismini tartibga soladigan normalar esa kazuistik normalar hisoblanadi.

Huquq normalarini yana asosiy va hosila normalarga bo‘lish keng tarqalgan, birinchisida umumiy xarakterga ega bo‘lgan qoidalar mustahkamlansa, ikkinchisida esa umumiy qoidalarni rivojlantiruvchi, aniqlashtiruvchi normalar mustahkamlanadi. Masalan, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning 26–moddasida ta’lim sohasidagi maxsus davlat organlarining umumiy vakolatlari keltirib o‘tilgan bo‘lib, ushbu vakolatlar doirasi va mazmuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ta’lim sohasidagi maxsus davlat boshqaruvi organ( Xalq ta’limi vazirligi, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi va b.)lari to‘g‘risidagi alohida Nizomlarda yanada konkretlashtiriladi, rivojlantiriladi.

Huquq normalari harakatlanish hududiga qarab, umumiy harakat qiluvchi, mahalliy miqyosda harakat qiluvchi normalarga bo‘linadi. Bunda umumdavlat normalar butun mamlakat hududida amal qiladi. Mahalliy miqyosdagi normalar ma’lum hududlarda amal qilishi mumkin, masalan, ekologik inqiroz yuz bergan hududlarda. Huquq normalari subyektlarga qarab, umumiy va maxsus normalarga bo‘linadi. Umumiy normalar barcha huquq subyektlari uchun taalluqli bo‘lsa, maxsus normalar esa aholining muayyan guruhi uchun yoki aniq belgilangan doiradagi subyektlarga tegishli bo‘ladi. Masalan, mehnat qonunchiligidagi imtiyozlarni belgilovchi ko‘pchilik huquq normalari asosan voyaga yetmaganlar, ayollar va nogironlarga talluqli.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, huquq normalarining tuzilishi va uning tarkibiy unsurlari o‘rtasidagi munosabat huquq normasi mazmunini tashkil etuvchi jihatlardandir. Shunga ko‘ra huquq normasi mazmunining chuqur tahlili uning tuzilishini qanchalik darajada tadqiq eitilishiga ham bog‘liq. Huquq normasining tuzilishi – bu normada ifodalangan xulq-atvor qoidasining mazmunini tashil etish vositasidir. Bunday qoidalarni huquq normasining mazmunini ketma-ketlikda ochib beruvchi tuzilmaviy unsurlar ko‘rinishida tasavvur qilish mumkin. Ular quyidagilardir:


  • Gipoteza – huquq normasining amal qilish shart-sharoitlari, ya’ni muayyan holatlarning mavjudligi yoki mavjud emasligini ko‘rsatuvchi unsur. Gipoteza huquq normasi tuzilishining muhim unsuri bo‘lib, dispozitsiya mavjudligining asosiy shartidir.

Huquq normalarining amal qilishi bog‘liq bo‘lgan bitta shart-sharoit aks etgan gipoteza oddiy gipoteza hisoblanadi. Fuqarolik protsessual kodeksining –moddasida mustahkamlangan huquq normasi mazmuniga ko‘ra, javobgarning turar-joyi noma’lum bo‘lgan hollarda da’vo arizasi da’vogar yashab turgan manzildagi sudga taqdim etilishi mumkin. YA’ni da’vogar o‘zi yashab turgan manzildagi sudga murojaat qilishi uchun javobgarning yashash joyi noma’lum bo‘lishi talab etiladi.

Murakkab gipotezada esa huquq normasining amal qilishi ikki yoki undan ortiq holatlarning mavjud yoki mavjud emasligiga bog‘liq ekanligi ko‘rsatiladi. Masalan jinoiy jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod etish to‘g‘risidagi normalarni qo‘llash uchun quyidagi shart-sharoitlar talab etiladi: 1) jazoni o‘tash rejimi talablarini bajarganlik va mehnatga halol munosabatda bo‘lish; 2) jazoning muayyan miqdorlarini o‘tab bo‘lganlik

Alternativ (muqobil) gipoteza esa huquq normalarining amal qilishi sanab o‘tilgan shart-sharoitlardan biriga bog‘liq ekanligini bayon etadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 322–moddasiga jinoyat ishini qo‘zg‘atish asos va sabablari bayon qilingan bo‘lib, jinoyat ishini qo‘zg‘atishining muqarrarligi to‘g‘risidagi majburiyatni bajarish sanab o‘tilgan sabab va asoslardan birining mavjudligi bilan amalga oshirilishi mumkin.


  • Dispozitsiya – bu huquqiy munosabat ishtirokchilari rioya etishlari zarur bo‘lgan xulq-atvor qoidasini ko‘rsatuvchi huquq normasining unsuridir. Bu yuridik normaning sterjeni, uning o‘zagi, huquqqa muvofiq hulq-atvor namunasi, modelidir. Biroq dispozitsiya tartibga solish xususiyatlarini gipoteza va sanksiya bilan birgalikdagina namoyon eta oladi, harakatda bo‘ladi. Yurish-turish qoidasining ifodalanishiga qarab dispozitsiyalar oddiy, murakkab va muqobil holatlarda bo‘lishi mumkin.

Oddiy xulq-atvor, yurish-turishning konkret variantini uning mazmunini to‘la ochib bermagan holda ko‘rsatib o‘tadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 10-moddasi mazmuniga binoan, O‘zbekiston Respublikasi xalqi nomidan faqat Oliy Majlis va Prezidentgina ish olib borishi mumkin.

Murakkab dispozitsiya esa yurish-turishning barcha asosiy belgilarini ko‘rsatadi va sanab o‘tadi. Masalan, «Ijara to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasida ifodalangan huquq normasi dispozitsiyasi ijaraga olingan mulkni yaxshilash yuzasidan ijarachining ushbu mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan o‘zgartirishlarni mustaqil ravishda kiritish, mol-mulkni rekonstruksiyalash, kengaytirish, texnik jihatdan qayta qurollantirishga haqli ekanligini ko‘rsatib o‘tadi.

Muqobil dispozitsiyada xulq-atvor, yurish-turishning bir nechta variantlari ko‘rsatib o‘tiladi va munosabat ishtirokchilari ulardan biriga amal qilishlari mumkin yoki shart. Masalan, Jinoyat protsessual kodeksining 385-moddasiga binoan, prokuror yoki uning o‘rinbosari ayblov xulosasi bilan kelgan jinoiy ishni ko‘rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini chiqarishi mumkin: 1) ayblov xulosasini tasdiqlash va sudga yuborish to‘g‘risida; 2) ayblov xulosasini jiddiy bo‘lmagan o‘zgartirishlar bilan to‘ldirib, tasdiqlash va sudga yuborish to‘g‘risida; 3) qo‘shimcha tergovga qaytarish haqida; 4) ish yuritishni to‘xtatish haqida; 5) ishni tugatish haqida


  • Sanksiya – huquq normasi tuzilishiing mantiqiy xotimasi sifatida dispozitsiya buzilishi hollarida vujudga keladigan salbiy oqibatlarni ifodalovchi tarkibiy unsurdir.

Sanksiyalarda ifodalangan salbiy oqibatlarning aniqligiga qarab, mutlaq aniq, nisbatan aniq va kumulyativ sanksiyali normalar ajratiladi. Mutlaq aniq sanksiyali huquq normalarida davlatning aniq bitta majburlov chorasi ko‘rsatiladi. Masalan, Jinoyat huquqi normasining transport vositalarini olib qochish to‘g‘risidagi ta’qiqdan iborat dispozitsiyasi buzilganda, 3 yildan 5 yilga qadar ozodlikdan mahrum etish jazo chorasida ifodalanadigan mutlaq aniq sanksiya qo‘llaniladi. Nisbatan aniq sanksiyali huquq normalari esa turli xil jazo turlaridan birini yoki huquqiy ta’sir choralaridan birini qo‘llashni nazarda tutadi. Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasida ifodalangan huquq normasining mast holatda avtomobil vositasini boshqarish to‘g‘risidagi ta’qiqidan iborat dispozitsiyasi buzilganda ma’muriy jarima yoki transportni boshqarish huquqidan mahrum qilish kabi jazolarning birini qo‘llashni nazarda tutuvchi sanksiyasiga murojaat etiladi. Kumulyativ sanksiyali huquq normalari o‘zida asosiy jazodan tashqari qo‘shimcha jazo berilishini ham nazarda tutadi.

Huquq normalarining gipoteza, dispozitsiya va sanksiyaga bo‘linishi mantiqiy norma deb ta’riflanadi. Chunki mantiqiy norma unsurlari o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq va normativ hujjatlar matnlarida quyidagi shartli sxemada ifodalanadi: « agar . . ., bunday taqdirda . . ., aks holda . . .». Huquq normalari ichki tarkibiy unsurlari o‘rtasidagi uzviy mantiqiy bog‘liqlikka erishish o‘z o‘rnida ushbu huquq normalarining hayotiyligini, barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bunday natijalarni qo‘lga kiritish uchun esa huquq normasi tuzilishi muammolarini chuqur tadqiq etish va ularni hal etishning tegishli takliflari ishlab chiqilishi lozim bo‘ladi. Biroq bu masala alohida tadqiqot obyekti bo‘lib, ushbu malakaviy-bitiruv ishi doirasida uni butunlay ko‘rib chiqishning imkoni yo‘q. Zero, bitiruv-malakaviy ishi mavzusining aniqligi va ayni vaqtda torligi bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Huquq instituti va huquq sohasi

Biz yuqorida huquqni, huquq tizimini bir binoga, huquq normasini esa uning eng kichik, birlamchi unsuri sifatida huquq «bino»sining bir g‘isht bo‘lagiga o‘xshatilganligi haqida gapirgandik. Aynan ana shu «g‘isht» bo‘laklaridan huquq instituti tarkib topadi. YA’ni u yoki bu masalalar bo‘yicha birlashgan huquq normalari – huquq «bino»sida turli xil bloklarni tashkil etadi. Masalan, davlat xizmati instituti, garov, shartnoma institutlari, zaruriy mudofaa instituti, nikoh instituti va hok.

Huquq instituti huquq normalarining alohida guruhi bo‘lib, u ijtimoiy munosabatlarning muayyan turini tartibga soladi. Huquq instituti - bir turdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi va huquqning tegishil sohasiga kiruvchi yuridik normalarning alohida guruhi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, ayrim hollarda bir xil ijtimoiy munosabatlar huquqning turli sohalari bilan tartibga solinadi. Huquq instituti huquq normalarining uncha katta bo‘lmagan barqaror go‘ruhi hisoblanadi. Huquq normasi huquqiy borliqning birlamchi unsuri bo‘lsa, huquq instituti esa aynan ana shu unsurlarning dastlabki umumlashmasi hisoblanadi. Har bir huquq tarmog‘i xuddi shunday umumlashmalar majmuidan tashkil topadi. YA’ni huquq instituti huquq sohasining tarkibiy qismi, bo‘g‘ini sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq ayni paytda huquq instituti muayyan mustaqillik xususiyatiga ham ega, zero, u ma’lum darajada mustaqil masalalarni tartibga soladi.

Yuridik adabiyotlarda huquq institutining mustaqilligini ta’minlovchi belgilar sifatida quyidagilar keltirib o‘tiladi:



  • Huquq instituti tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar faktik mazmunining bir-biriga yaqinligi;

  • Huquq instituti umumlashtirgan huquq normalarining yuridik jihatdan yaxlitligi, kompleksligi, ya’ni huquq institutini tashkil etuvchi huquq normalari yaxlit bir majmuani hosil qiladi, ular umumiy tamoyillar, maxsus huquqiy tushunchalar orqali ifodalanadi;

  • Qonunchilik nuqtai nazaridan alohidalik, ya’ni huquq normalarining qonunlar yoki normativ-huquqiy hujjatlarning muayyan bo‘lim, bob yoki boshqa tarkibiy qismlarida aks etishi;

  • Huquq institutlari tomonidan tartibga solinadigan munosabatlarining to‘laligi. YA’ni ular shunday huquq normalaridan tarkib topadiki(definitiv, vakolat beruvchi, man etuvchi va b.), natijada ular yordamida huquqiy tartibga solish jarayonining uzluksizligi hamda unda huquqiy bo‘shliqlar yuzaga kelmasligi ta’minlanadi.


Xulosa

Demak, huquq institutining muhim belgilaridan biri u tartibga soladigan ijtimoiy munosabatlarning o‘ziga xosligi, bir-biriga yaqinligi bo‘lib, ularning yig‘indisi huquq institutining tartibga solish predmetini tashkil etadi. Huquq institutining o‘z huquqiy tartibga solish predmetining mavjudligi ko‘pchilik huquqshunoslar tomonidan tan olingan, ammo uning huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos metodi mavjud yoki mavjud emasligi borasida olimlarning qarashlarida yakdillik yo‘q. Bu esa huquq institutining huquq sohasichalik yuqori darajada mustaqil bo‘g‘in hisoblanmaganligi bilan izohlanadi. Ayrim huquq institutlari tomonidan qo‘llaniladigan tartibga solish metodi butun bir huquq sohasining asosiy metodi maqomiga teng bo‘lishi mumkin. Masalan, fuqarolik huquqining institutlaridan biri shartnoma instituti bo‘lib, fuqarolik huquqining huquqiy tartibga solish metodi - tenglik, ruxsat berish va erkinlik usullari to‘liq hajmda ushbu institut birlashtirgan huquq normalari orqali hayotga tatbiq etiladi. Jinoyat huquqidagi jazo va javobgarlik institutlari ham xuddi shunday xarakterga ega. Va aksincha, shunday huquq institutlari ham borki, ularning roli bir soha doirasida unchalik birlamchi ahamiyatga ega emas.

Yuridik adabiyotlarda huquq institutlari muayyan belgi va mezonlar asosida tasnif etiladi va tadqiq etiladi. Huquq institutlarining ilmiy asoslangan tasniflanishi ularning mazmunini to‘liq yoritishga imkon beradi. Eng avvalo, huquq institutlari huquq sohalariga qarab tasniflanadi. Masalan, konstitutsiyaviy huquq institutlari, jinoyat huquqi institutlari va b. Zero, huquq sohalari huquq institutlarini tasniflashda bosh mezon vazifasini o‘tovchi huquq tizimining mustaqil tarkibiy unsuridir.

Yuridik adabiyotlarda har bir huquq sohasi o‘zining huquqiy tartibga solish metodiga ega ekanligi haqida fikr yuritiladi. Masalan, ma’muriy huquq uchun – bu davlat-hokimiyat buyruq berish metodi, fuqarolik huquqi uchun – tenglik, ruxsat berish metodi, mehnat huquqi uchun - adolatli taqdirlash va rag‘batlantirish metodi, jinoyat huquqi uchun – jazo tahdidi bilan man etish metodi va hokazo. Agar ushbu fikrlarni ma’qullaydigan va O‘zbekiston huquq tizimida 20 dan ortiq huquq sohalari mavjudligini inobatga oladigan bo‘lsak, shuncha miqdorda huquqiy tartibga solish metodlarining ham mavjudligini tan olishga to‘g‘ri keladi.




Download 133.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling