28-modda. Investitsiyalar jalb etishni amalga oshiruvchi davlat organlarining funksiyalari
Investitsiyalarni jalb etish, amalga oshirish va himoya qilish maqsadida investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi, boshqa davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari:
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatining imkoniyatlari va shart-sharoitlari haqidagi axborotni tayyorlaydi hamda tarqatadi;
salohiyatli investorlarga faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va boshqa masalalari boʻyicha maslahat beradi hamda ularga yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur yordam va koʻmak koʻrsatadi;
chet el investitsiyalari masalalari boʻyicha xalqaro munosabatlarda
oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish yuritadi.
29-modda. Investorlar faoliyatini nazorat qilish boʻyicha davlat organlarining vakolatlari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga investorlar va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Nazorat funksiyalarini amalga oshirishda davlat organi tijorat siri saqlanishini taʼminlashi shart.
5-bob. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
30-modda. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning maqsad va usullari
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash qulay investitsiya muhitini yaratish, yangi raqobatbardosh hamda innovatsion, eksportga yoʻnaltirilgan va (yoki) import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga doir investitsiyalarni ragʻbatlantirish, mavjud ishlab chiqarishlarni zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan hamda zamonaviy boshqaruv tajribasini joriy etgan holda kengaytirish va yangilash maqsadida amalga oshiriladi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
imtiyozlar va preferensiyalar qoʻllash;
investitsiya loyihasini birgalikda moliyalashtirish uchun markazlashtirilgan investitsiyalar ajratish;
moliyaviy, maslahat berish va axborot jihatidan qoʻllab-quvvatlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |