35-modda. Investitsiyaga oid soliq krediti
Investorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga investitsiyaga oid soliq krediti berilishi mumkin va ushbu kredit soliq majburiyatini bajarish muddatini oʻzgartirish shakli boʻlib, bunda soliq toʻlovchi boʻlgan investorga belgilangan muddat ichida ushbu investor toʻlashi kerak boʻlgan soliq toʻlovlarini kredit summasini va hisoblangan foizlarni Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq keyinchalik bosqichma-bosqich toʻlagan holda kamaytirish imkoniyati beriladi.
36-modda. Investitsiya subsidiyasi
Zarur muhandislik-kommunikatsiya sharoitlarini taʼminlash, shuningdek imtiyozlar berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha investitsiya preferensiyasi tarzida taqdim etiladigan moliyaviy koʻmak sifatida investitsiya subsidiyasini berishi mumkin.
Investorga zarur muhandislik-kommunikatsiya sharoitlari shaklidagi investitsiya subsidiyasi investitsiya faoliyati obyektiga olib boriladigan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qurish yoʻli bilan taʼminlanadi.
Investitsiya subsidiyasi soliq va bojxona imtiyozlari sifatida ham berilishi mumkin.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda investorning investitsiya subsidiyasi berish toʻgʻrisidagi arizasini Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartib va muddatlarda koʻrib chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga taklif kiritadi.
7-bob. Markazlashtirilmagan investitsiyalar
37-modda. Markazlashtirilmagan investitsiyalarning manbalari
Markazlashtirilmagan investitsiyalarning manbalari quyidagilardan iborat:
investorning shaxsiy mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasining kafolatisiz olingan, shu jumladan
chet el banklaridan olingan bank kreditlari;
toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalardan ham amalga oshirilishi mumkin.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni boshqarish investor tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |