Reja: Islom mintaqa madaniyati doirasida milliy ma’naviyatimiz takomili


Download 26.19 Kb.
bet2/2
Sana31.01.2024
Hajmi26.19 Kb.
#1819082
1   2
Bog'liq
Islom dini mintaqa madaniyati doirasida milliy ma\'navuyatimiz tamoili

Islom ma’rifatchiligi haqidagapirishdan oldin yana bir masalaga oydinlik kiritib olish lozim. Nega islom mintaqa ma’naviyati rivojining birinchi qismini Sunna bosqichi deymiz va uni IX asr bilan yakunlaymiz? Chunki ushbu asrda yashab, faoliyat ko’rsatgan 6 buyuk muhaddisning bajargan ishlari nihoyasiga etmay turib, keying bosqichga o’tib ketish ma’naviy takomil mantiqiga to’g’ri kelmas edi. Qur’oni karimning qonunlashtirilgan matni tayyor bo’lib, undan nusxalar ko’chirilgach, Rasululloh hadislarini to’plash, tartibga keltirib, ularning ishonchli to’plamlarini («Jome’ as-Sahih») tuzish imkoni paydo bo’ldi va keyingi 2 asr shunga sarf bo’ldi. Shunga qiyosan aytish mumkinki, 6 buyuk muhaddis imomlarning ishonchli hadis to’plamlari hozirgi mavjud holatida tartib berilmay turib, Tavhid ta’limotining aqlga, mantiqiy tafakkurga tayanuvchi talqinlariga urinish nomukammal xulosalarga olib kelishi mumkin edi. Mu’tazila yo’nalishining yanglishuvlari bunga misol bo’la oladi. Ammo hayot murakkab, inson izlanishlari nazariy mukammalliklarni kutib turmaydi. Yangi bosqichdagi etakchi yo’nalishlarning deyarli barchasi buyuk muhaddislar faoliyati bilan bir zamonda, ya’ni IX asrda paydo bo’la boshladi.
Islom ma’rifatchiligi davrining eng buyuk allomalaridan bo’lmish Imom Abu Hamid Muhammad bin Muhammad al-G’azzoliy haqida uning muxlislari «Agar Muhammaddan keyin payg’ambar bo’lishi mumkin bo’lganda, albatta G’azzoliy bo’lur edi», deb mubolag’a qilishlari bejiz emas. Ushbu muhtaram zot islom mintaqa ma’naviyatining o’zidan oldingi 5 asrlik takomilini o’z asarlarida

teran xulosalab, yangi yo’nalishlarni belgilab bera olgan buyuk ustozdir. «AlMunqiz min ad-dalal» («Adashuvlardan qutqaruvchi») asarida imom al-G’azzoliy yozadi: «Menda shunday tasavvur shakllandiki, Haqiqatni izlovchilar toifasi to’rt guruhga bo’linadilar:


1.Mutakallimlar...
2.Botiniylar...
3.Faylasuflar...
4.Sufiylar...».
Umar Xayyom ham o’zining «Darxostnoma» («So’ralgan narsa haqida kitob») risolasida ushbu yo’nalishlarni o’zgarishsiz qaytaradi, ya’ni mutakallimlar, faylasuflar, ismoiliylar (ya’ni botiniylar) va sufiylarni u ham sanab o’tadi.
Albatta, har bir yo’nalishning ta’rifi har ikki allomada bir xil emas, chunki ularning dunyoqarashida o’zaro jiddiy farqlar mavjud edi. Har ikki olimning tasnifi o’zaro mos tushganligi avvalo islom ma’rifatchiligi davriga xos bir ma’naviy fazilatni muayyan aks ettiradi: bu davrga kelib islom mintaqa ma’naviyatida nafaqat shariat ahkomlari talqinida turlicha qarashlar, balki yanada kengroq ma’noda, ya’ni Borliqning oliy haqiqatini izlashda bir-biridan jiddiy farq etuvchi turlicha yo’nalishlar vujudga kelgan va ular ziyoli davralarda o’zaro rasman tan olingan edi. Hozirgi zamon tiliga o’girib aytganda, Sunna davrida islom e’tiqodi aqidalari majmui bo’lmish shariat doirasi bilan cheklangan talqinlar plyuralizmi (islom dinining besh mazhabi) shakllangan bo’lsa, endi ikkinchi bosqichda Haqiqatni anglab etishda turli oqim va yo’nalishlar (Tavhid ta’limoti doirasidagi turlicha qarashlar) plyuralizmi vujudga keldi. Ushbu hodisa hurfikrlik an’analariislom mintaqa ma’naviyatida X-XI asrlardan yanada keng rivoj ola boshlaganini anglatar edi.
Asli islom ma’rifatchiligi bosqichida keng rivoj olgan ko’pchilik oqimlar Ummaviylar davridayoq mustaqil bo’lib, ajralib chiqqan mo’’tazila diniy falsafasining ma’naviy ta’siri ostida yuzaga keldi desak, mubolag’a bo’lmaydi. O’z davrida Basra qozisi bo’lmish yirik va mashhur din arbobi Hasan al-Basriy (642- 728)ning salohiyatli shogirdi Vosil ibn Ato (699-748) bir masalada ustozi bilan bahslashib qolib, tarafdorlari bilan uning suhbatini tark etadi va yangi mustaqil yo’nalishga asos soladi. I’tazala (tark etish) so’zidan kelib chiqqan holda bu oqim mo’’tazila degan nom oladi. Vosil ibn Atoga tegishli deb hisoblanuvchi kitoblarning biri «At-Tavhid va-l-Adl»deb nom olgan. Keyingi asrda uning izdoshlari Muammar b. Abbod (vafoti 830 yil), Abu Ishoq an-Nazzom (vafoti 845), Abu Xuzayl al-Allof (749-849) va boshqalar mo’’tazilaning 5 asosiy qoidasini ishlab chiqdilar. Ularning birinchisi Al-Adl (Allohning adolati) va ikkinchisi At-Tavhid (Allohning yagonaligi) bo’lib, bu ikki tushuncha islom mintaqa ma’naviyatining keyingi rivojida etakchi g’oyalarga aylandi. Mo’’tazila ta’limoti Alloh adolati deganda mavjud voqelikning muayyan qonuniyatlar asosida rivojlanishi va inson irodasining erkinligi kabi o’ta muhim qoidalarni nazarda tutardi. Allohning mutlaq yagonaligi (At-Tavhid) qoidasi esa, mo’’tazila talqinida Yagona ilohiy zotni tasavvur etishda asotir tafakkurning butun qoldiq unsurlari, ayniqsa, Alloh taolo zotiga insonga xos sifatlar (ko’z bilan ko’rish, quloq vositasida eshitish, qo’l bilan yaratish yoki tutib turish, aql bilan bilish kabilar) nisbat berilishini (ya’ni antropomorfizmni) to’liq inkor qilardi. Mo’’tazilaga shuhrat keltirgan va uni bid’at sifatida qoralanishining bosh sabablaridan bo’lgan «Qur’onning yaratilganligi» («Hudus al-Qur’on») haqidagi o’ziga xos nuqtai nazar ham bu yo’nalishning mantiqiy tafakkurga tayanganligiga ishora qiladi. Kalom yo’nalishining dastlabki yirik oqimi bo’lgan mo’’tazila shaksiz diniy falsafa edi, ya’ni din aqidalarini aql tarozisida o’lchab talqin etishga asoslangan edi, ammo bu oqim vakillari islomning eng muhim ikki masalasi - Adolat va Tavhid tushunchalari talqinida shu darajada ilgari ketdilarki, ular izidan islom ma’rifatchiligining buyuk to’lqini kelishi davrning mantiqiy taqozosi bo’lib qoldi. Xalifa Ma’mun (813-833) davrida islomning mo’’tazila talqini rasmiy ta’limotga aylandi va hatto Qur’onning yaratilganligi haqidagi qarashga qo’shilmagan ruhoniylar tazyiq ostiga olina boshlandi. Bu holat chorak asr davom etdi. Nihoyat 849 yilda xalifa Mutavakkil (847-866) Qur’onning yaratilganligi haqidagi bahslarni taqiqlash haqida farmon chiqardi. Endi mo’’tazila oqimi vakillarining o’zlari quvg’in etildilar.
Islom ma’rifatchiligi bosqichining ikkinchi yirik yo’nalishi botiniya bo’lib, uning asosida ismoiliya bid’ati yotadi. Shia mazhabidan ajralib chiqqan bu bid’at namoyandalari boshqa shialar kabi oltinchi imom Ja’far as-Sodiq (700-765) ning kichik o’g’li Muso al-Kozim (vafoti 799 yil) ni emas, katta o’g’li Ismoilni imomlikdagi vorisi deb tan oladilar (Ismoil bin Ja’far otasi hayot chog’ida 762 yilda vafot etgan) va imomatni shu 7-imomda yakunlanadi deb hisoblaydilar.
Misrda Fotimiylar davlat tepasiga kelgach (909 yil), ismoiliylarning mintaqah bo’ylab faoliyati avj oldi va ta’siri ham kuchaydi. Davr aql va mantiqiy tafakkur davri edi. Shunga munosib ravishda ismoiliya bid’ati targ’ibotchilari o’zlarining murakkab falsafiy tizimini ishlab chiqdilar. Ular bilimni zohiriy (tashqi) va botiniy (ichki) darajaga ajratdilar. Zohiriy bilim avom uchun mo’ljallangan bo’lib, asosan shia mazhabi shariat ahkomlariga mos kelardi. Botiniy bilim esa faqat tanlangan tor doira - xoslar orasidagina tarqalishi nazarda tutilar va borliqni idrok etishning murakkab falsafiy tizimidan iborat edi. Botiniy bilimlar qomusi sifatida shuhrat qozongan buyuk meros - X asrda yaratilgan 52 risoladan iborat «Rasoili ihvon-us-safo va xullon ul-vafo» («Pok birodarlar va vafodor do’stlar risolalari») majmuasi bo’lib, bu majmuada 14 risola riyoziyot matematika)ga, 17 risola tabiiy fanlarga, 11 kitob Oliy haqiqat sirlari va yana 10 kitob diniy masalalarning mantiqiy tahliliga bag’ishlangan edi.
Insonning baxt-saodatga erishuvi, fozil jamiyat va uning hukmdori haqidagi Forobiy olg’a surgan g’oyalar keyingi asr allomalari tomonidan yanada rivojlantirilib, insoniyat tarixini to’g’ri tushunish va talqin qilishda yangicha yondoshuvlarga asos soldi. Forobiy merosi XII-XIII asrlardayoq lotin, qadimiy yahudiy va boshqa tillarga tarjima qilinib, Evropa xalqlari ma’naviyatini boyitishga xizmat qildi. Forobiy va uning ijodiy faoliyati haqida katta monografik risolalar o’zbek tilida bosilib chiqqanligi uchun bu haqda ortiqcha ta’rif shart bo’lmasa kerak. Faqat bir narsaga e’tibor berishni bugungi kun taqozo qiladi. Allomaning borliq haqidagi yaxlit tasavvuri va talqinlari sovet davri hukmron mafkurasi talablaridan kelib chiqib ko’p jihatlardan chalkash talqin etilgan. Forobiy sof falsafiy Tavhid ta’limotini yaratishni niyat qilgan, desak to’g’riroq bo’lar. Uning mulohazalari islomdan tashqarida emas, balki ilohiy kitobda ta’kid etilgan Tavhid ta’limotini to’g’ri talqin etishga tomon yana bir pog’ona yuqoriroq ko’tarilish, deyish ma’qulroq ko’rinadi. Shu o’rinda Aristotel va Forobiy, kengroq olsak, qadim Yunon mumtoz falsafasi va islom ma’rifatchiligi davri bilan Tavhid falsafasi orasidagi nisbat haqida ba’zi mulohazalarga ehtiyoj seziladi. Nega islom ma’rifatchilari Homerning badiiy ijodiga yoki Esxil va Sofokl tragediyalariga kamroq e’tibor berib, Aflotun va Arastu falsafasiga ayricha diqqat qaratdilar? Avval musulmon mutafakkirlari yunon badiiy adabiyotidan xabardor bo’lmaganlar deb faraz qilindi, ammo bu noto’g’ri bo’lib chiqdi. Bizning nazarimizda, masalaning mohiyati boshqacharoq. Ma’lumki, qadim yunon madaniyati asotir tafakkur bosqichida (fikrlash tarziga ko’ra olganda «Avesto» madaniyatining mantiqiy davomi sifatida) shakllangan. Shu sababli u davr badiiy adabiyoti ham xalqqa yaxshi ma’lum bo’lgan asotir timsollarga tayanib yaratilgandir. To Aflotun falsafasiga qadar biz shu holatni mushohada qilamiz. Aflotun falsafasida asotir timsoliy qobiq yoki po’stloqqa aylangan. Asl idealizm - bu Aflotun falsafasidir. Undagi ideyalar olami haqidagi tasavvur asotir tafakkur qobig’ida yangi bir dunyoqarash - borliqning falsafiy talqini yaralib kelayotganidan darak berardi.
Forobiy timsolida milliy tafakkurimiz umumbashariy miqyosga ko’tarildi,ya’ni Forobiy falsafasi o’zidan oldingi umumbashariyat mantiqiy tafakkurining cho’qqisi - Aristotelning borliqni idrok etish darajasiga etishib, undan ilgarilab ketdi. Islom Tavhid falsafasining Forobiydan keyingi taraqqiyoti butun bashariyatni tafakkur taraqqiyotida yangi pillapoyalardan yuqori olib chiqib keta boshladi. Abu Abdulloh Xorazmiy (vafoti 997 yil), Abu Ali ibn Sino (980-1037), Abu Rayhon Beruniy (973-1048) kabi yurtdoshlarimiz merosi ushbu yuksalish pillapoyalarining ayrim bo’g’inlarini tashkil etadi, deb bemalol aytish mumkin. Forobiydan boshlab Ibn Sinogacha barcha faylasuflarimiz qomusiy bilim egasi edilar. Beruniy umumfalsafiy mulohazalar bilan kamroq shug’ullanib, ko’proq turli muayyan ilm sohalariga ahamiyat bergan bo’lsa, Ibn Sino ham aniq va amaliy bilimlar sohasida, ham sof falsafiy mushohadalarda yuksak cho’qqilarni zabt etdi.
Shu o’rinda Forobiy va Ibn Sino falsafasi orasidagi aniq ko’rinib turgan farqni qayd etib o’tish mintaqa ma’naviyati taraqqiyotidagi o’zgarishlarga e’tiborimizni jalb etishi mumkin. Forobiy X asr birinchi yarmida ijod etdi. Uning falsafiy tafakkuriga tasavvuf ta’limotining jiddiy ta’siri sezilmaydi. Ammo Ibn Sino merosidagi «Hayy ibn Yaqzon», «Solomon va Ibsol», «Qush risolasi», «Ishq haqida risola» kabi qator asarlarda tasavvufga oid muammolar ko’tariladi va ularga falsafiy javoblar izlanadi. Masalaning jiddiy muhokamasiga kirishmagan holda aytish mumkinki, bu o’zgarish bejiz emas edi.
Foydalanilgan adabiyotlar:


  • Buxoro davlat universiteti elektron kutubxonasi.


  • O’zbekiston islom akademiyasi electron kutubxonasi.




http://fayllar.org
Download 26.19 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling