Reja: Kirish I. Bob. Cho`lponning kichik nasriy asarlari poetikasi


I.2. Ijodkor yaratgan ocherk janrining o`ziga xos kompozitsiyasi


Download 455 Kb.
bet5/11
Sana23.03.2023
Hajmi455 Kb.
#1289631
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
Cho`lpon nasri poetikasi

I.2. Ijodkor yaratgan ocherk janrining o`ziga xos kompozitsiyasi.

Cho`lpon hikoyalarida kuzatganimiz janr xususiyatlarining rang-barangligi uning ocherklariga ham xosdir. Cho`lpon ijodida ocherk janrida yozilgan asarlar salmoqli о`rin tutadiki, bu bejiz emas, albatta. Mutaxassislar fikricha, milliy adabiyotlar tarixida ocherk janrining gullab-yashnashi mavjud ijtimoiy munosabatlarning yemirilishi va ularning о`rnida yangilarining shakllanishi davrlariga tо`g`ri kelar ekan. Ma`lumingizki, Cho`lpon ijodiy faoliyati — xoh inqilobgacha va xoh undan keyingi davrni oling — ayni shunday davrlarga tо`g`ri keladi. Bezovta qalbning tinchiy olmagani, о`zini о`rtagan muammolarni anglash, ularni omma bilan о`rtoqlashish ehtiyojini har dam tuyub yashagani ham shundandir, ehtimol.


Cho`lponning matbuot yuzini kо`rgan ilk asarlaridan biri —"Bahor avvallari" nomli etyud (badiiy-publitsistik lavha) uning ocherk janridagi ilk mashqlaridan sanalishi mumkin. О`n yetti yoshli muallif voqelikka bir qur nazar tashlaydi-da, nigohiga ilingan narsalarni shoshib qalamga oladi: gо`yo u rassomu ijtimoiy hayotning muayyan lahzasini matoda qotirib qо`yishga shoshilayotgandek. Muallif nigohi tabiatdan dehqonlarga, ulardan mahalliy boylarga, keyin tolibu mudarrislarga, nihoyat, "xushyoqmas xalq"qa kо`chadi — ularning birontasida uzoqroq tо`xtalmaydi. Shu bois ham "Bahor avvallari" parchalardan tarkib topgan mozaikadek taassurot qoldiradi kishida: parchalar orasidagi choklar aniq ravshan kо`zga tashlanadi-yu, lekin bir butunlik yuzaga kelaveradi. Butunlikni ta`minlovchi unsur esa — muallif nigohi, uning voqelikka munosabati. Darvoqe, muallif munosabati ham qо`sh qirrali — lirik va kinoyaviy. Tabiatdagi jonlanish haqida gap ketganida liriklikka yо`g`rilgan ifoda jamiyat hayoti haqida sо`z yuritilganida kinoyaviylik kasb etadi:
Iching choy, о`lturung behuda g`iybat sotub, ey xalq,
Kelur qish bir vaqt, qolmas sizga bu davru davronlar.
Avvalo, teskari ma`nodagi chaqiriq(kinoyaning bir turi — antifrazis) nafaqat tabiat bahori, ijtimoiy hayot bahorini-da g`aflatda о`tkazmaslikka undayotganini qayd etish lozim Zero, davr kontekstida ayni shu ma`no muallif uchun birlamchidir. Ikkinchidan, "Bahor avvallari"ning har bir kompozitsion bо`lagi she`riy misralar bilan yakunlanadiki, bu Cho`lpon an`anaviy nasrimiz, xususan, didaktik asarlarga xos usuldan foydalanganini kо`rsatadi. Aytish kerakki, an`anaviy shakldan foydalangan adib unga yangicha mazmun bag`ishlaydi: she`riy parchalarning g`oyaviy-badiiy funksiyasini tubdan о`zgartiradi. Agar didaktik nasrchiligimizda she`riy parchalar aytilgan fikrlarni jamlashu lо`nda ifodalashga xizmat qilgan bо`lsa, Cho`lpon ulardan о`zi tasvirlayotgan narsaga g`oyaviy-hissiy munosabatini ifodalash uchun foydalanadi.
"Bahor avvallari"da kuzatganimiz kinoyaviy ifoda yо`sini о`ziga maxsus nuqtai nazar poetikasini taqozo qiladi. Ya`ni, bu holda muallifning chetdan kuzatuvchi mavqeida turishi kamlik qiladi, voqelikdan har tomonlama "yuqori" turishi taqozo qilinadi. Shunga kо`ra, Cho`lpon ijtimoiy hayotni "yuqori"dan kuzatadiki, shu tufayligina uning nigohi lahzalar mobaynida u ijtimoiy qatlamdan bunisiga kо`cha oladi, shu mо`jaz parcha orqali butunga — Turkiston ijtimoiy voqeligiga yaxlit munosabatini ifodalash imkoniga ega bо`ladi.
Cho`lponning yо`l ocherklaridan biri — "Vayronalar orasidan" nomli safarnomasida esa о`zgacha holga duch kelamiz: bunda muallif voqelikni "ichdan" kuzatadi. Andijondan О`sh va Jalolobodga qilingan safar davomida muallif о`zi guvoh bо`lgan eng xarakterli voqealarni, kо`zi tushgan narsalarni qayd etib boradi. Biroq safarnomani faktlarning oddiygina qaydi deya olmaymiz, zero, unda faktografik va tahliliy qatlamlar yonma-yon boradi. Asar markazida turuvchi sayyoh-muallif obrazi ikki qatlamning uyg`un birikuvini ta`minlaydi. Cho`lpon keltirayotgan faktlar reallikdan olingani ayon, biroq buni naturalistik qaydlar ma`nosida tushunmaslik lozim. Faol ijodkor shaxs sifatida Cho`lponning о`z qarashlari, orzu-intilishlari, bir sо`z bilan, ijtimoiy-estetik ideali mavjud edi. Demakki, tanlanayotgan faktlar ham о`sha idealga mos, birinchi galda adibning qarashlariyu xulosalarini ifodalashga xizmat qiladilar. Shu ma`noda ularning aksariyatini publitsistik-illyustrativ obrazlar sirasiga qо`shishimiz mumkin.
"Vayronalar orasidan"ning kompozitsion qurilishi, bir tomondan, safarnoma janri talabi bilan, ikkinchi tomondan, undagi tahliliy qatlamning о`ziga xosligi bilan belgilanadi. Safarnoma janri talabidan kelib chiqqan holda makon va zamon о`zgarishlarining qat`iy tartibi saqlangan. Biroq bu yо`llardan ilgari ham kо`p bor yurgan sayyoh mushohadasi hozirgi mavjud faktlar bilangina qanoatlanmaydi: u о`zi bilgan о`tmishga bot-bot qaytadi, chog`ishtirishga intiladi. Yurt qayg`usida yashayotgan adib tafakkuri vaqt chegaralarini buzib yuboradi. Adib biron faktni keltirar ekan о`tmishni eslaydi, muqoyasa qiladi, uning о`ylari qatida esa doimo kelajak tashvishi botin bо`ladi. Fikrimizni asoslash uchun sayyohning birgina faktni qay tarzda mushohada etishiga e`tibor beraylik. Xо`jaobod qishlog`i yaqinida "Farg`onaning mashhur qorunlaridan yahudiy simxoyevlar"ning pu-liyu hiyla-nayranglari bilan barpo etilgan bog` haqida quyi-dagilarni о`qiymiz: "Kо`p mevali daraxtdan iborat bо`lg`on ul keng bog`ni juda kо`p, hadsiz-hisobsiz kerak kо`chatlari bor ekan, g`alati ovrupovoriy imoratlar, gulshanlar yasalgan. Necha yuzlab qо`y, necha о`nlab mol-siyirlar, yaxshi hо`kuzlar necha juft otlar turg`onlar, dehqonchilik asboblarining ham har xili bо`lg`on.
Bu, albatta, ilgari vaqtda, mana bu kichik urushlar vaqtida bog`cha tamom ishdan chiqib, bir chakalakzor bо`lib qolg`on. Imoratlarini istehkom yasab olib bosmachilar bilan askarlarimiz, askarlarimiz bilan bosmachilar otishqonlar. Hisobsiz miltiq teshiklari yaqin zamondagi dahshatlik damlarni esga solub, masxara qilib turadurlar...
Ilgari tubjoy xalqidan bir necha kishi bog`ni hukumatdan ijaraga olg`on ekanlar. Keyingi vaqtda hukumat ul ijarachilardan qaytarib olub, "qishloq soyuzi" degan tashkilotga bergan. Bu tashkilot ziroat muhandislari yuborg`on, xо`jaobodliklardan mardikor yollab, ishlatub turadur. Biz о`tub ketayotqonda bir necha kishi zambar tо`kub turar edi. Yiqilg`on, buzulg`on uylar tuzatilmakga boshlag`on, bog`chaga ham chinakam bel bog`lab ishlagan kо`rinadilar".
Yurtining kecha va bugunini qiyoslarkan, adib urush keltirgan vayronaliklarni kо`rib eziladi, urush asoratlari bartaraf etilayotganini, yaratish davri boshlanayotganini kо`rib dili taskin topadi. Biroq yо`l davomida duch kelgani ayrim faktlar uni chinakam tashvishga soladiki, ularni keltirish bilan о`quvchini yurtining ertasi haqida jiddiyroq mushohada qilishga undaydi. Cho`lpon Xо`jaobod paxta punktida "bir Zubov degan hazinachi bor ekan, uning eng shirin gapi kо`cha sо`kishlarining о`rtacharog`i ekan" deya alamli istehzo bilan yozadi. Muallif Zubovning mahalliy aholiga haqoratomuz muomalasi haqida xabar berarkan, qiziq bir faktni gazetxon e`tiboriga havola qiladi. Gap shundaki, mahalliy aholi shikoyatlariga asosan О`sh hukumati (ya`ni, о`sha paytdagi uezd hukumati) Zubovni chaqirtirganida, u "ish vaqti borolmayman" deydi-da, bormay qо`yaqoladi. Qizig`i shundaki, "paxta ma`rakasiga zarar qilmasin, deb О`sh hukumati ham о`zicha bir narsa qilmasdan, muzofot mahkamalariga havola qilibdur". Kо`ramizki, bu о`rinda Cho`lponni oddiy bir kassirning mahalliy hukumatni mensimasligi emas, о`sha hukumatning kassir "ulug` og`a"lardan bо`lganligi uchun-da hech bir ta`sir qilolmasligi hayratga soladi. Boz ustiga, uezd hukumati paxta kampaniyasiga zarar yetishidan qо`rqib masalani yuqoriga oshirar ekan, demak, yuqori idoralar avvalo paxtani talab qiladi, uni yetishtirayotgan xalq sha`ni esa ikkinchi darajali masala. Shu о`rinda satr orasida Cho`lponning "bu mustamlakachilik siyosatining ayni о`zi emasmi?!" degan tashvishli savoli kо`zga tashlanadi. Zero, muallifning umidi ham shu aslida: u о`zi aytmagan, aytolmagan gaplarni ziyrak gazetxon uqib olishiga ishonadi. Qizig`i shundaki, adib bunga о`xshash faktlarni keltirganida, bog` misolida kо`rganimiz "о`tmish — hozir — kelajak" silsilasidan faqat "hozir"ni oladi. Yuqoridagicha sxema asosida mushohada yuritib kelayotgan gazetxon beixtiyor yana о`sha yо`sinda о`ylay boshlaydi, yetishmayotgan xalqalarni о`zi topib, tо`ldiradi. Kо`ramizki, asarning kompozitsion qurilishidagi о`ziga xoslik muallif kо`zlagan g`oyaviy-badiiy niyat bilan izohlanar ekan.
Cho`lponning "Yо`l estaligi" nomli safarnomasi borki, uning janrini bu xil belgilashimizda shartlilik ulushi kо`proq. Sababi, asarda yо`l ocherkiga xos asosiy jihat — kо`rilgan narsa-hodisalarni makoniy о`zgarishlarga muvofiq tarzda tasvirlab borishlik yо`q. "Yо`l estaligi"da yо`lda kо`rilgan narsa-hodisalar tasviri yoki tavsifi emas, sayyoh ruhiyatidagi his-tuyg`ularu о`y-fikrlar kurashining tasviri birlamchidir. Shu bois ham muallif yо`lda kо`rilgan narsa-hodisalar, manzillarni konkretlashtirmaydi — ular kechinmalarga turtki berishu о`zni anglash va ifodalash uchungina kerak. Shuni e`tiborga olgan holda "Yо`l estaligi"ni lirik turga mansub, deyish mumkin(fikrimizcha, asar о`zining janr e`tibori bilan kо`proq "lirik poema"ga yaqin. Shunday bо`lsa-da, bir tomondan, uning tashqi shakliy xususiyatlari yо`l ocherkiga xosligi, ikkinchi tomondan, muomalada qulaylikni kо`zlab "safarnoma" tarzida nomlab turamiz). Asarning yana bir о`ziga xos jihati shundaki, unda ramziy-majoziy ifoda yо`lidan borilgan. Deylik, tabiat tasviri lirik-romantik ruhga yug`rilgangina emas: unda goh sayyoh qalbi suratlanadi, goho bezovta qalb bilan uyg`unlik, goh esa zidlashuv kuzatiladi. Aytmoqchimizki, "Yо`l estaligi"da tasvirlanayotgan narsa bilan ifodalanayotgan narsa orasida bevosita aloqa mavjud emas (bu haqda tо`rtinchi bobda maxsus tо`xtalamiz). Ya`ni, ifodalanayotgan narsa bevosita tasvirdan о`sib chiqmaydi, u ramzlar qatida botindir. Aniqrog`i, bevosita tasvirdan о`sib chiqayotgan mazmun ifodalash kо`zlangan mazmunni pardalab turadi, har ikkisi mustaqil holda yashaydi. Yuqoridagi mulohazalarimizdan kо`rinadiki, janr ramkalari Cho`lponning ijodiy izlanishlariga rahna sololmaydi, u janr doirasida tamomila erkin sezadi о`zini. Ayni shu ma`nodagi ichki ijodiy erkinlik sabab bu asarlar bir-biridan muallif tutgan mavqe, tafakkur tarzi, voqelikka munosabat turi, ifoda va tasvir yо`sini kabi muhim kо`rsatkichlar bо`yicha jiddiy farqlanadi, ularning har biri betakror originallik kasb etadi.
Cho`lpon nasri bilan ozmi-kо`pmi tanishgan kishi uning chin ma`noda shoir prozasi ekaniga amin bо`ladi. Zero, bu asarlarning qat-qatiga singib ketgan lirizm, lirik tafakkur har lahza she`r iforini taratib turadi. Bugina emas, Cho`lpon merosida "Ayriliq yо`li", "Chopon va paranji", "Qurbon", "Salom senga" kabi qator asarlar ham borki, ular tom ma`nodagi lirik hodisa — nasriy she`rlardir.
Kezi kelganda yana bir narsaga diqqatni jalb etish joiz. Cho`lponning vaqtli nashrlarda e`lon qilingan aksar she`rlari uning о`zi tartib bergan tо`plamlariga kiritilmagan. Diqqat qilinsa, tо`plamlarga kiritilmagan she`rlarning kо`pchiligida ochiq-oshkor publitsistika, deklarativlik ustunligini sezish qiyin emas. О`ylashimizcha, hassos shoirimiz she`riyatga yuksak talablar bilan yondoshgani uchun ham publitsistik ruh-la yо`g`rilgan she`rlar bilan she`riy shakldagi publitsistikani farqlagan. Adibning nasriy she`rlarida ham publitsistik ruh ustivor, biroq ularni lirik hodisa deb ataymiz. Negaki, ularning lirik qahramoni — zamonasining dolzarb muammolari haqida о`ylayotgan Cho`lpon uchun shaxsiylik va ijtimoiylik chegarasi mavjud emas: millat, yurt qayg`usi uning qalbida obdon qaynab, dil qoniga tо`yingachgina bо`g`ziga bir fig`on, hayqiriq bо`lib chiqadi. Tabiiyki, bu qaynoq tuyg`ularni taftini ketkazmay ifodalash uchun о`ziga maxsus shakl zarurdirki, Cho`lpon buning-da eng optimal yо`llarini izlaydi.
20-yillarning avvalida Farg`onada yuz bermish dahshatli ochlik munosabati bilan yozilgan "qurbon" nomli nasriy she`r yuqoridagi fikrlarimizni asoslashga xizmat qila oladi. Cho`lpon she`rni kompozitsion jihatdan uch qism(shartli ravishda "band")ga ajratgan. Uning birinchi qismida Arabiston manzaralari chiziladi:
"Qon, qon, qon!
Bechora qо`y qassobning omonsiz panjasiga tushgandir.
Qayroqqa tilini surkagan о`tkur pichoq qо`yning bо`g`uziga taqalmishdir.
Allohu Akbar!"
Adib olis Arabistonning muqaddas zaminida, haj mavsumida yuz berayotgan qurbonlik keltirish marosimini tasvirlash maqsadini kо`zlamaydi — bu tafsilotlar uning uchun meditativ mushohada vositasi, xolos. Xuddi shuningdek, ikkinchi "band"da berilgan "Issiq Arabistondan minglarcha chaqirim uzoqda" — Turkistonda sodir bо`layotgan xunrezliklar tafsiloti ham — vosita. Mazkur tafsilotlar uning mushohada kо`lamini kengaytiradi, Farg`onadagi ochlik muammosini kengroq doirada olib qarash imkonini yaratdi. Dastlabki ikki "band"ning meditativ xulosasi sifatida uchinchisi tug`iladi:
"Arabistonning yuksak tog`larida, qizg`in toshlarining ustida minglarcha qо`ylar kesilalar, sо`yilalar, bо`g`izlanalar-da... chuqurg`a tashlanalar!
Shuncha qurbon, shuncha oling`on jon, shuncha sо`yulg`on hayvon bir mо`min-musulmonni ochlikdan qutqara olmaydir.
Bir yoqda nimagadir, nima uchundir qо`y sо`yalar, qо`yning gо`shtini, yog`ini yerlarga tashlaylar.
Bir yoqda nimagadir, nima uchundir shu dinga ishongan bechoralar ochlikdan qо`y kabi qirilalar, kо`chalar, tolalar va chо`llarga tashlanalar ..."
Kо`rinib turibdiki, "Qurbon" mazmun mohiyati bilan Cho`lponning mazlum Sharq mavzusida yozgan dardli she`rlariga esh bо`lib ketadi. Sharq xalqlarining ayanch holati sabablarini sho-ir avvalo jaholatda, noahillikda kо`radi. Shuni ham aytish lozimki, "Qurbon"dan dahriyona kayfiyat izlagan xato qiladi, zero, shoir musulmonlarning о`zaro hamjihat emasligi, bir-biriga yordam berishdan ojizligini keskin tarzda ifodalaydi, xolos.
"Qurbon"ning uch "band"dan tashkil topishini aytdik. Shunisi ham borki, har bir "band" о`z ichida yanada kichikroq kompozitsion bо`lak — har biri alohida abzats bilan ajratilgan gaplarga bо`linadi. Nasriy she`rdagi har bir gapning bu tartibda alohida ajratilgani unga о`ziga xos xushohanglik baxsh etadi. Albatta, she`rning ritmik-intonatsion tarxini belgilashda Cho`lpon yana bir qator stilistik usullarga ham tayanadi. Shu jihatdan bittagina gapni kо`zdan kechiraylik:
"Minglarcha, yuz minglarcha kishilar bu yoqda
issiq Arabistondan minglarcha chaqirim uzoqda
yana bir-birlarining bо`g`izlariga pichoq taqag`onlar,
kо`kraklariga о`q yuboralar,
boshlarini qilich bilan chopalar".
Gap shaklini aslidagidan о`zgartirib keltirdikki, bu tahlilni ancha osonlashtiradi. Mazkur gap qurilishida kuzatayotganimiz ta`kidli takrorlar ("minglarcha, yuz minglarcha"), gradatsiya ("hanjar taqag`onlar... о`q yuboralar... qilich bilan kesalar") va sintaktik parallelizm kabi stilistik figuralar she`rning butun matniga xosdir. Agar biz yuqorida bir satrga joylagan bо`laklarni kolon deb olsak, u holda har bir kolonning tugallanishiga ham e`tibor berish lozim. Chunki bir qarashdayoq ularning о`zaro ohangdoshligi — qofiyalanayotganini kо`rish mumkin. Shu о`rinda "band" masalasiga qaytish lozim. Ma`lumki, band mazmun va ritmik-intonatsion jihatdan nisbiy tugallik, yaxlit bir butunlik kasb etishi lozim. Xо`sh, "Qurbon"da bandlarning bu xil butunligi qanday ta`minlanadi? Cho`lpon "band"larni tarkib toptirishida ham muayyan tartibga rioya qiladi, albatta. Birinchi "band"ni olib kо`raylik. Uning birinchi jumlasi:
"Qon, qon, qon!" – bо`lsa, oxirgisi:
"Bu-da bir falsafai diniy..."
Kо`ramizki, birinchi va sо`nggi jumlalar о`zaro qofiyalanmasdan ochiq qolgani holda, oradagi jumlalarning bari ohangdosh tu-gallanadi (tushgandir – taqalmishdir – Allohu Akbar – qurbon etiladir – bо`g`izlaylar – tashlaylar). Ayni shu xil tartib she`rning boshqa bandlarida ham saqlanganki, bu bandlarning ritmik-intonatsion butunligini ta`minlaydi. Cho`lpon о`zining boshqa nasriy she`rlarida ham xushohanglikni ta`minlovchi qator usul va vositalardan unumli foydalangan. Demakki, shoir janrning о`ziga xosligini doimo yodda tutgan, ritm va intona- siyaning asarning ifoda va ta`sir kuchini oshirishda nechog`li muhim ekanligini chuqur his qilgan.
Cho`lpon "Ulug` hindi" nomli maqolasida: "eski adabiyot bilan yangi adabiyot о`rtasida qolg`on sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir", – deb yozadi. Uning fikricha, о`zbeklar "yangilikka endigina suqulub kirmoqda. U adabiyot maydonidagi yangilikka nisbatan: yosh bola, gо`dak, chaqaloq; eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz, besprizornо`y, о`zboshli". Ijodining avvalidayoq shu xil "chuchmal vaziyat"ga tushgan Cho`lpon о`zining butun faoliyati davomida kо`ngil mayliga quloq tutdi: "Kо`ngil boshqa narsa — yangilik qidiradir!" Kо`ngilning ushbu mayli adibning chinakam ijodiy kredosi bо`lib qoldiki, uning kichik nasriy asarlarini kuzatganimizda bunga yana bir karradan amin bо`lamiz. Adibning kichik nasriy asarlari bir-biridan adabiy turga mansubligi (epik hikoya, "pyesa-hikoya", nasriy doston, nasriy she`r), hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari (didaktik realizm, romantik, realistik), syujet-kompozitsion xususiyatlari (tavsifiy-rivoyaviy, novellistik, sintetik), tasvir va ifoda qatlamlari munosabati (avtologik, majoziy, ramziy), reallikka g`oyaviy-hissiy munosabat turi (sentimental, kinoyaviy, yumoristik, satirik) kabi qator muhim jihatlardan farqlanadiki, bu ularning poetik rang-barangligini ta`min etadi. Cho`lpon butun ijodi davomida yangilikka intilib, izlanib yashadi. Adib uchun tayyor qoliplar mavjud emas, uning har bir asarida yangi bir usul yoki vosita sinab kо`rilgan, shu bois ham har bir asari — о`ziga xos hodisa. Cho`lpon о`ziga zamondosh yevropa nasrchiligida mavjud hikoya, ocherk, nasriy poema, nasriy she`r kabi janrlarda qalam tebratarkan, ularning turli imkoniyatlarini namoyish etishga intildi. Adib asarlarida kuzatilgan tasvirning yetakchiligi, "nuqtai nazar"ning g`oyaviy-estetik maqsadga muvofiq siljishi, mazmunni ifodalashda kompozitsiya rolining kuchayishi, syujet qurilishida "kutilmaganlik effekti"dan mohirona foydalanish kabi qator poetik xususiyatlar nasrimiz takomilida muhim ahamiyatga molik edi. Tajriba qilishdan, bu yо`lda muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan chо`chimagani uchun ham Cho`lpon adabiyotimizning "chuchmal vaziyat"dan chiqib, rivojlanishning yangi yо`liga kirishida beqiyos xizmat qila oldi. Shu jihatdan yondoshilsa, Cho`lpon ijodi nafaqat g`oyaviy, balki birinchi navbatda badiiy xususiyatlari bilan katta ahamiyatga molik ekani anglashiladi.


Download 455 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling